20–BOB
Isroil xalqi urushga tayyorlanadi
1 Dan va Bersheba shaharlarining orasidagi keng hududda va Gilad oʻlkasida yashagan butun Isroil xalqi bir yoqadan bosh chiqarib, Egamiz huzurida Mispaxda toʻplandi. 2 Xudo ahlining yigʻinida jamiki Isroil qabilalarining yoʻlboshchilari va 400.000 qurollangan piyoda sipoh qatnashdi. 3 Mispaxdagi yigʻin haqidagi xabar tez orada Benyamin qabilasiga ham yetib bordi.
Isroil xalqi shunday dedi:
— Bu jinoyat qanday qilib yuz berganini bizga aytib ber.
4 Oʻldirilgan ayolning eri levi javob berdi:
— Men xotinim bilan tunamoq uchun Benyamin qabilasiga qarashli Givo shahriga bordim. 5 Kechasi Givoning baʼzi bir odamlari uyni oʻrab olishdi. Ular meni oʻldirmoqchi boʻlib, mening oʻrnimga xotinimni shu qadar zoʻrlashdiki, bechora jon berdi. 6 Aql bovar qilmaydigan bu razolat Isroilda sodir boʻldi! Shuning uchun men xotinimning jasadini boʻlak–boʻlak qilib, boʻlaklarni Isroil boʻylab joʻnatdim. 7 Endi esa birodarlarim, hammalaringiz shu haqda mulohaza qilib, biron–bir maslahat beringlar.
8 Yigʻinda ishtirok etganlar turib bir ovozdan:
— Birontamiz ham oʻz chodirimizga yoki uyimizga qaytib ketmaymiz, — dedi. 9 — Biz bunday qilamiz: Givoga qarshi jang qilishdan oldin, shaharga kim hujum qilishi kerakligini Xudodan soʻrab, qurʼa tashlaymiz . 10 Isroil xalqining oʻndan bir qismi jangchilarni oziq–ovqat bilan taʼminlab turadi. Qolganlar esa Benyamin yeridagi Givo aholisini Isroilda qilgan sharmandaligi uchun jazolaydi.
11 Shunday qilib, butun Isroil xalqi bir yoqadan bosh chiqarib, shaharga hujum qilish uchun toʻplandi.
12 Isroil qabilalari Benyamin qabilasi boʻylab odamlarni yuborib dedilar: “Ey xaloyiq, orangizdagi ayrim odamlar dahshatli bir jinoyatga qoʻl urdi. 13 Givodagi yaramaslarni hoziroq bu yerga chiqaringlar, biz ularni oʻldirib, Isroil xalqi orasidan yovuzlikni yoʻq qilamiz.” Ammo Benyamin qabilasi Isroil xalqining gaplariga quloq solmadi. 14 Ular shaharlaridan chiqib, Isroil xalqiga qarshi jang qilish uchun Givoga bordilar. 15 Oʻsha kuni Givo shahridan boʻlgan yetti yuzta saralangan jangchidan tashqari Benyamin qabilasining boshqa shaharlaridan kelgan qurollangan sipohlarning soni yigirma olti ming edi. 16 Bularning orasida yetti yuz nafar chapaqay askar bor edi. Ularning hammasi mohir mergan edi. Ularga bir tola sochni nishon qilib qoʻygan taqdirda ham palaxmondan tosh otib, moʻljalga bexato tekkizishardi. 17 Isroil xalqi esa Benyamin qabilasidan ajralgan holda 400.000 qurollangan mohir jangchini toʻpladi.
Benyamin qabilasiga qarshi jang
18 Isroil lashkari Baytil shahridagi sajdagohga chiqib: “Oramizdan kim birinchi boʻlib Benyamin qabilasiga hujum qilishi kerak?” — deya Xudoga iltijo qildi.
“Yahudo qabilasi hujum qilsin”, — deb javob berdi Egamiz.
19 Keyingi kuni ertalab Isroil lashkari borib, Givo shahrining yaqinida qarorgoh qurdi. 20 Soʻng ular Benyamin jangchilariga hujum qilish uchun Givo shahrining roʻparasida saf tortishdi. 21 Benyamin jangchilari Givodan chiqib, Isroil lashkari bilan jang qilishdi. Oʻsha kuni yigirma ikki ming Isroil sipohi halok boʻldi. 22-23 Isroil lashkari Egamizning huzuriga borib, kechgacha faryod qildi. Ular Egamizdan: “Benyamin qarindoshimizga qarshi yana jang qilaylikmi?” — deb soʻrashdi. “Ularga hujum qilinglar”, — deb javob berdi Egamiz. Isroil lashkari koʻtarinki ruhda ilgarigiday avvalgi joyda saf tortdi.
24 Ular ikkinchi kuni ham Benyamin jangchilariga qarshi jang qilishdi. 25 Oʻsha kuni Benyamin jangchilari Givodan chiqib, yana oʻn sakkiz ming mohir Isroil sipohini oʻldirishdi. 26 Shunda Isroil lashkari Baytilga qaytib, yigʻi–sigʻi qildi. Ular oʻsha kuni kechgacha Egamizning huzurida oʻtirib roʻza tutishdi. Egamiz huzurida kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini keltirishdi.
27-28 Xudoning Ahd sandigʻi oʻsha yerda — Baytilda turgan edi, Elazar oʻgʻli Finxaz esa Ahd sandigʻi yonida oʻz xizmatini ado etardi. Finxaz Horunning nabirasi edi.
Isroil lashkari Egamizdan: “Qarindoshimiz Benyamin qabilasiga qarshi jang qilaylikmi, yoʻqmi?” — deb soʻradi.
“Jang qilinglar, — deb javob berdi ularga Egamiz. — Ertaga Men ularni sizlarning qoʻlingizga beraman.” 29 Isroil lashkari Givoning tevarak–atrofidagi pistirmalarga odamlarni oʻtirgʻizib qoʻydi. 30 Oʻzlari esa uchinchi marta Benyamin jangchilariga qarshi jang qilish uchun Givo roʻparasida oldingiday saf tortishdi. 31 Benyamin jangchilari urushga chiqishdi. Isroil lashkari ilgarigidek chekina boshladi. Benyamin jangchilari Isroil lashkarini taʼqib qilib, shahardan uzoqlashib qolishdi. Ular Baytil va Givoga ketadigan katta yoʻllarda va ochiq maydonlarda oʻttiztacha Isroil sipohini oʻldirishdi. 32 Benyamin jangchilari: “Bular oldingiday tumtaraqay boʻlishyapti”, deb oʻylashgan edi. Aslida esa Isroil lashkari ularni shahardan uzoqlashtirish niyatida shunday qilayotgan edi.
33 Isroil lashkarining asosiy qismi jang maydonini orqaga — Baal–Tamar shahri tomon tortdi. Shunda birdaniga Gebo tekisligidagi pistirmada yotgan sipohlar chiqishdi. 34 Isroil lashkarining oʻn ming saralangan jangchisi Givoga hujum qildi va u yerda qattiq jang boshlandi. Benyamin jangchilari bunday falokat yuz berishini kutishmagan edi.
35 Egamiz ularni Isroil lashkari oldida magʻlub qildi. Oʻsha kuni Isroil lashkari qurollangan 25.100 Benyamin jangchisini oʻldirdi. 36 Shunda Benyamin jangchilari magʻlubiyatga uchraganlarini tushunishdi.
Isroil lashkarining asosiy qismi Benyamin jangchilari oldida chekingan edi. Shu orqali ular Givo atrofidagi pistirmalarda oʻtirgan Isroil sipohlariga shaharga hujum qilish uchun qulay vaziyat yaratib bergan edilar. 37 Pistirmadagi sipohlar Givo tomon otildilar. Ular shahardagi bor odamni qirib tashladilar. 38 Isroil lashkarining asosiy qismi bilan pistirmadagi sipohlar oʻzaro shunday kelishib olgandilar: shahardan quyuq tutun chiqishi bilanoq, 39 Isroil lashkarining asosiy qismi orqaga qaytib jang qilishi kerak edi.
Shu orada Benyamin jangchilari oʻttiztacha Isroil sipohini oʻldirgan edilar. Shu sababdan ular: “Isroil lashkari ilgarigiday chekinishi aniq”, deb oʻylagan edilar. 40 Biroq ortga qaraganlarida shahardan quyuq tutun bulut boʻlib koʻtarilganini va butun shahar yongʻin ostida qolganini koʻrdilar. 41 Shunda Isroil lashkarining asosiy qismi ortiga qaytdi. Benyamin jangchilari esa magʻlubiyatga uchraganlarini anglab, sarosimaga tushdilar. 42 Ular Isroil lashkaridan qochmoqchi boʻlib, sahro tomon yugurdilar, ammo qirgʻindan qochib qutula olmadilar. Chunki shahardan chiqib kelayotgan sipohlar bilan Isroil lashkarining asosiy qismi ularni ikki tomondan siqib kelayotgan edi. 43 Isroil lashkari Benyamin jangchilarini qurshovga olib, Givoning sharq tomonigacha ularni toʻxtamay taʼqib qilib, oʻldirdi. 44 Benyamin qabilasining oʻn sakkiz ming bahodir jangchisi halok boʻldi. 45 Boshqalari esa sahrodagi Rimmon qoyasiga qarab qochishdi. Isroil lashkari ulardan besh mingtasini katta yoʻllarda qirib tashladi, qolganlarini esa Gidoʻmgacha taʼqib qilib, yana ikki mingtasini oʻldirdi. 46 Oʻsha kuni Benyamin qabilasidan jami yigirma besh ming qurollangan dovyurak jangchi halok boʻldi. 47 Ammo olti yuzta sipoh sahrodagi Rimmon qoyasiga qochishga muvaffaq boʻldi. Ular toʻrt oy mobaynida u yerda yashab yurdilar. 48 Isroil lashkari Benyamin shaharlariga qaytib, u yerda qolgan–qutgan odamlarni, mollarni, barcha jonzotni qirib tashladi, atrofdagi shaharlarga oʻt qoʻydi.
20–БОБ
Исроил халқи урушга тайёрланади
1 Дан ва Бершеба шаҳарларининг орасидаги кенг ҳудудда ва Гилад ўлкасида яшаган бутун Исроил халқи бир ёқадан бош чиқариб, Эгамиз ҳузурида Миспахда тўпланди. 2 Худо аҳлининг йиғинида жамики Исроил қабилаларининг йўлбошчилари ва 400.000 қуролланган пиёда сипоҳ қатнашди. 3 Миспахдаги йиғин ҳақидаги хабар тез орада Бенямин қабиласига ҳам етиб борди.
Исроил халқи шундай деди:
— Бу жиноят қандай қилиб юз берганини бизга айтиб бер.
4 Ўлдирилган аёлнинг эри леви жавоб берди:
— Мен хотиним билан тунамоқ учун Бенямин қабиласига қарашли Гиво шаҳрига бордим. 5 Кечаси Гивонинг баъзи бир одамлари уйни ўраб олишди. Улар мени ўлдирмоқчи бўлиб, менинг ўрнимга хотинимни шу қадар зўрлашдики, бечора жон берди. 6 Ақл бовар қилмайдиган бу разолат Исроилда содир бўлди! Шунинг учун мен хотинимнинг жасадини бўлак–бўлак қилиб, бўлакларни Исроил бўйлаб жўнатдим. 7 Энди эса биродарларим, ҳаммаларингиз шу ҳақда мулоҳаза қилиб, бирон–бир маслаҳат беринглар.
8 Йиғинда иштирок этганлар туриб бир овоздан:
— Биронтамиз ҳам ўз чодиримизга ёки уйимизга қайтиб кетмаймиз, — деди. 9 — Биз бундай қиламиз: Гивога қарши жанг қилишдан олдин, шаҳарга ким ҳужум қилиши кераклигини Худодан сўраб, қуръа ташлаймиз . 10 Исроил халқининг ўндан бир қисми жангчиларни озиқ–овқат билан таъминлаб туради. Қолганлар эса Бенямин еридаги Гиво аҳолисини Исроилда қилган шармандалиги учун жазолайди.
11 Шундай қилиб, бутун Исроил халқи бир ёқадан бош чиқариб, шаҳарга ҳужум қилиш учун тўпланди.
12 Исроил қабилалари Бенямин қабиласи бўйлаб одамларни юбориб дедилар: “Эй халойиқ, орангиздаги айрим одамлар даҳшатли бир жиноятга қўл урди. 13 Гиводаги ярамасларни ҳозироқ бу ерга чиқаринглар, биз уларни ўлдириб, Исроил халқи орасидан ёвузликни йўқ қиламиз.” Аммо Бенямин қабиласи Исроил халқининг гапларига қулоқ солмади. 14 Улар шаҳарларидан чиқиб, Исроил халқига қарши жанг қилиш учун Гивога бордилар. 15 Ўша куни Гиво шаҳридан бўлган етти юзта сараланган жангчидан ташқари Бенямин қабиласининг бошқа шаҳарларидан келган қуролланган сипоҳларнинг сони йигирма олти минг эди. 16 Буларнинг орасида етти юз нафар чапақай аскар бор эди. Уларнинг ҳаммаси моҳир мерган эди. Уларга бир тола сочни нишон қилиб қўйган тақдирда ҳам палахмондан тош отиб, мўлжалга бехато теккизишарди. 17 Исроил халқи эса Бенямин қабиласидан ажралган ҳолда 400.000 қуролланган моҳир жангчини тўплади.
Бенямин қабиласига қарши жанг
18 Исроил лашкари Байтил шаҳридаги саждагоҳга чиқиб: “Орамиздан ким биринчи бўлиб Бенямин қабиласига ҳужум қилиши керак?” — дея Худога илтижо қилди.
“Яҳудо қабиласи ҳужум қилсин”, — деб жавоб берди Эгамиз.
19 Кейинги куни эрталаб Исроил лашкари бориб, Гиво шаҳрининг яқинида қароргоҳ қурди. 20 Сўнг улар Бенямин жангчиларига ҳужум қилиш учун Гиво шаҳрининг рўпарасида саф тортишди. 21 Бенямин жангчилари Гиводан чиқиб, Исроил лашкари билан жанг қилишди. Ўша куни йигирма икки минг Исроил сипоҳи ҳалок бўлди. 22-23 Исроил лашкари Эгамизнинг ҳузурига бориб, кечгача фарёд қилди. Улар Эгамиздан: “Бенямин қариндошимизга қарши яна жанг қилайликми?” — деб сўрашди. “Уларга ҳужум қилинглар”, — деб жавоб берди Эгамиз. Исроил лашкари кўтаринки руҳда илгаригидай аввалги жойда саф тортди.
24 Улар иккинчи куни ҳам Бенямин жангчиларига қарши жанг қилишди. 25 Ўша куни Бенямин жангчилари Гиводан чиқиб, яна ўн саккиз минг моҳир Исроил сипоҳини ўлдиришди. 26 Шунда Исроил лашкари Байтилга қайтиб, йиғи–сиғи қилди. Улар ўша куни кечгача Эгамизнинг ҳузурида ўтириб рўза тутишди. Эгамиз ҳузурида куйдириладиган қурбонликлар ва тинчлик қурбонликларини келтиришди.
27-28 Худонинг Аҳд сандиғи ўша ерда — Байтилда турган эди, Элазар ўғли Финхаз эса Аҳд сандиғи ёнида ўз хизматини адо этарди. Финхаз Ҳоруннинг набираси эди.
Исроил лашкари Эгамиздан: “Қариндошимиз Бенямин қабиласига қарши жанг қилайликми, йўқми?” — деб сўради.
“Жанг қилинглар, — деб жавоб берди уларга Эгамиз. — Эртага Мен уларни сизларнинг қўлингизга бераман.” 29 Исроил лашкари Гивонинг теварак–атрофидаги пистирмаларга одамларни ўтирғизиб қўйди. 30 Ўзлари эса учинчи марта Бенямин жангчиларига қарши жанг қилиш учун Гиво рўпарасида олдингидай саф тортишди. 31 Бенямин жангчилари урушга чиқишди. Исроил лашкари илгаригидек чекина бошлади. Бенямин жангчилари Исроил лашкарини таъқиб қилиб, шаҳардан узоқлашиб қолишди. Улар Байтил ва Гивога кетадиган катта йўлларда ва очиқ майдонларда ўттизтача Исроил сипоҳини ўлдиришди. 32 Бенямин жангчилари: “Булар олдингидай тумтарақай бўлишяпти”, деб ўйлашган эди. Аслида эса Исроил лашкари уларни шаҳардан узоқлаштириш ниятида шундай қилаётган эди.
33 Исроил лашкарининг асосий қисми жанг майдонини орқага — Баал–Тамар шаҳри томон тортди. Шунда бирданига Гебо текислигидаги пистирмада ётган сипоҳлар чиқишди. 34 Исроил лашкарининг ўн минг сараланган жангчиси Гивога ҳужум қилди ва у ерда қаттиқ жанг бошланди. Бенямин жангчилари бундай фалокат юз беришини кутишмаган эди.
35 Эгамиз уларни Исроил лашкари олдида мағлуб қилди. Ўша куни Исроил лашкари қуролланган 25.100 Бенямин жангчисини ўлдирди. 36 Шунда Бенямин жангчилари мағлубиятга учраганларини тушунишди.
Исроил лашкарининг асосий қисми Бенямин жангчилари олдида чекинган эди. Шу орқали улар Гиво атрофидаги пистирмаларда ўтирган Исроил сипоҳларига шаҳарга ҳужум қилиш учун қулай вазият яратиб берган эдилар. 37 Пистирмадаги сипоҳлар Гиво томон отилдилар. Улар шаҳардаги бор одамни қириб ташладилар. 38 Исроил лашкарининг асосий қисми билан пистирмадаги сипоҳлар ўзаро шундай келишиб олгандилар: шаҳардан қуюқ тутун чиқиши биланоқ, 39 Исроил лашкарининг асосий қисми орқага қайтиб жанг қилиши керак эди.
Шу орада Бенямин жангчилари ўттизтача Исроил сипоҳини ўлдирган эдилар. Шу сабабдан улар: “Исроил лашкари илгаригидай чекиниши аниқ”, деб ўйлаган эдилар. 40 Бироқ ортга қараганларида шаҳардан қуюқ тутун булут бўлиб кўтарилганини ва бутун шаҳар ёнғин остида қолганини кўрдилар. 41 Шунда Исроил лашкарининг асосий қисми ортига қайтди. Бенямин жангчилари эса мағлубиятга учраганларини англаб, саросимага тушдилар. 42 Улар Исроил лашкаридан қочмоқчи бўлиб, саҳро томон югурдилар, аммо қирғиндан қочиб қутула олмадилар. Чунки шаҳардан чиқиб келаётган сипоҳлар билан Исроил лашкарининг асосий қисми уларни икки томондан сиқиб келаётган эди. 43 Исроил лашкари Бенямин жангчиларини қуршовга олиб, Гивонинг шарқ томонигача уларни тўхтамай таъқиб қилиб, ўлдирди. 44 Бенямин қабиласининг ўн саккиз минг баҳодир жангчиси ҳалок бўлди. 45 Бошқалари эса саҳродаги Риммон қоясига қараб қочишди. Исроил лашкари улардан беш мингтасини катта йўлларда қириб ташлади, қолганларини эса Гидўмгача таъқиб қилиб, яна икки мингтасини ўлдирди. 46 Ўша куни Бенямин қабиласидан жами йигирма беш минг қуролланган довюрак жангчи ҳалок бўлди. 47 Аммо олти юзта сипоҳ саҳродаги Риммон қоясига қочишга муваффақ бўлди. Улар тўрт ой мобайнида у ерда яшаб юрдилар. 48 Исроил лашкари Бенямин шаҳарларига қайтиб, у ерда қолган–қутган одамларни, молларни, барча жонзотни қириб ташлади, атрофдаги шаҳарларга ўт қўйди.