2–BOB
Navuxadnazarning tushi
1 Navuxadnazar oʻz hukmronligining ikkinchi yilida bir tush koʻrdi. Bu tush uni shu qadar bezovta qilib yubordiki, koʻziga boshqa uyqu kelmadi. 2 Shoh tushining taʼbirini bilish uchun qoʻli ostidagi barcha folbin, munajjim, sehrgar va afsungarlarni chaqirtirdi. Ular shoh huzurida hozir boʻlganlarida, 3 shoh ularga shunday dedi:
— Men gʻalati bir tush koʻrdim. Yuragimga gʻulgʻula solgan bu tushning taʼbirini bilmoqchiman.
4 Ular shohga oramiy tilida dedilar :
— Shoh hazratlarining umri boqiy boʻlsin! Shoh hazratlari avval tushlarini aytsinlar, bu qullaringiz uni taʼbirlashga tayyordirlar.
5 — Bilib qoʻyinglar, — dedi ularga shoh. — Agar menga tush va uning taʼbirini aytib bermasangiz, men tanalaringizni boʻlak–boʻlak qildirib, sizlarni jazolayman, uylaringizni esa vayron qilib, bir uyum toshga aylantiraman. 6 Bordi–yu, tushimni aytib, uni taʼbirlab bersangiz, sizlarga inʼomu mukofotlar berib, izzat–ikrom koʻrsataman. Qani, endi menga koʻrgan tushimni va uning taʼbirini aytib beringlar!
7 Ular shohga ikkinchi marta dedilar:
— Shoh hazratlari avval tushlarini aytsinlar, kaminalaringiz uni taʼbirlashga tayyordirlar.
8 — Sizlar qarorim qatʼiy ekanini koʻrib, vaqtni choʻzmoqchisizlar, — dedi shoh. — Buni aniq bilib turibman. 9 Agar tushimni aytib bermasangizlar, hammangizga jazo bitta! Sizlar meni laqillatib, vaziyat oʻzgarguncha vaqtni choʻzishga kelishib olgansizlar. Tushni menga aytib beringlar, shunda uni taʼbirlay olishingizni ham bilaman.
10 — Yer yuzida shohning bu talabini qondiradigan bironta jon bormikan?! — deya ajablandilar ular. — Shuhrati roʻyi zaminga yoyilgan shohlarning birontasi ham bunday narsani na folbin, na munajjim, na afsungardan talab qilgan. 11 Shoh hazratlari bizdan imkonsiz bir narsani talab qilyaptilar. Buni shohga foniy bandalar dunyosidan yiroq yashaydigan xudolardan boshqa hech kim ochib berolmaydi.
12 Dargʻazab boʻlgan shoh: “Bobildagi barcha saroy maslahatchilari qatl qilinsin!” — deb farmon berdi. 13 Farmon eʼlon qilindi. Saroy maslahatchilari qatl qilinish arafasida edi. Doniyor va uning oʻrtoqlari ham qatl qilinishlari kerak edi.
Navuxadnazarning tushi Doniyorga oshkor boʻladi
14 Shoh soqchilarining boshligʻi Oriyox saroy maslahatchilarini qatl qilmoq uchun yoʻlga chiqqanda, Doniyor uning oldiga borib, ehtiyotkorlik bilan murojaat qilib: 15 “Ey Oriyox hazratlari, nima bois shoh bunday shoshilinch farmon chiqardilar?” — deb soʻradi. Shunda Oriyox boʻlib oʻtgan voqeani unga birma–bir soʻzlab berdi. 16 Doniyor shosha–pisha shoh huzuriga kirib, tushning taʼbirini topmoq uchun hazratlaridan muhlat soʻradi. 17 Soʻng uyga borib, boʻlib oʻtgan voqeani sheriklari Xanoniyo, Mishail va Ozariyolarga aytib berdi: 18 “Saroy maslahatchilari bilan birga halok boʻlmasligimiz uchun, Samoviy Xudoga iltijo qilinglar. U bizga rahm qilib, bu sirni ochib berishini soʻranglar.”
19 Oʻsha kecha Doniyorga bu sir vahiy orqali oshkor boʻldi va Doniyor Samoviy Xudoga hamdu sanolar aytdi:
20 “Xudoyimiz dono va qudratlidir,
Asrlar osha Uning nomi ulugʻlansin!
21 U zamon va davrlarni oʻzgartirar,
Shohlarni taxtdan tushirib taxtga oʻtqazar.
Donishmandlarga donolik,
Oqilu fozillarga bilim berar.
22 Pinhon saqlangan sirlarni ochar,
Zulmatda yashiringan narsalarni bilar,
Yorugʻlik Uning dargohida maskan topar.
23 Ey ota–bobolarimning Xudosi,
Senga shukurlar aytaman, madhlar kuylayman,
Zero, donoligu qudratni menga bergan Sensan,
Istagan narsamni menga ochgan Sensan,
Shoh tushini bizga oshkor qilgan Sensan.”
Doniyor shohga tush bilan uning taʼbirini aytadi
24 Doniyor saroy maslahatchilarini qatl qilish uchun shoh tomonidan tayinlangan Oriyoxning oldiga borib:
— Hazratim, saroy maslahatchilarining jonlariga zinhor qasd qilmang, — dedi. — Meni darhol shoh huzuriga olib kiring, men shoh hazratlari koʻrgan tushni taʼbirlab beraman.
25 Oriyox zudlik bilan Doniyorni shoh huzuriga olib kirib:
— Ey olampanoh, kaminangiz Yahudo asirlari orasidan tushingizni taʼbirlab beradigan bir odamni topib keldi, — dedi.
26 Shoh Doniyorga yuzlanib (Doniyorning boshqa ismi Beltashazar edi ):
— Sen menga koʻrgan tushimni hamda uning taʼbirini aytib bera olasanmi? — dedi.
27 Doniyor shohga shunday javob berdi: “Ey hazrati oliylari, na saroy maslahatchisi, na munajjim, na folbin, na rammol buning uddasidan chiqa oladi. 28 Lekin samoda shu kabi, sirlarni oshkor qila oladigan bir Xudo bordir. U sizga, ey shoh hazratlari, oxiratda boʻladigan narsalarni ayon qilmoqchi. Siz tushingizda koʻrgan vahiy quyidagicha edi:
29 Ey olampanoh, siz uxlab, kelajak haqida bir tush koʻrdingiz. Bu tush orqali sirlarni oshkor qiluvchi Xudo sizga kelajakda roʻy beradigan narsalarni ayon qildi. 30 Bu sirning menga ochilganligi esa donoligim boshqalarnikidan ziyoda boʻlgani uchun emas, balki shohanshohim koʻrgan tushining taʼbirini bilib, uning maʼnosini tushunishlari uchundir.
31 Ey shoh hazratlari, tushingizda siz bahaybat bir haykal koʻrdingiz. Oldingizda turgan oʻsha ulkan haykalning koʻrinishi nihoyatda yarqiroq va qoʻrqinchli edi. 32 Haykalning boshi toza oltindan, koʻkrak va qoʻllari kumushdan, beli va sonlari bronzadan, 33 boldirlari temirdan, oyoqlarining bir qismi loydan, bir qismi temirdan edi. 34 Unga qarab turganingizda, togʻdan oʻz–oʻzidan uzilgan bir tosh dumalab kelib, haykalning loy va temirdan boʻlgan oyoqlariga urildi–da, ularni parcha–parcha qildi. 35 Temir, loy, bronza, kumush va oltin parchalanib, yozgi xirmonlardagi toʻponday boʻldi. Shamol ularni uchirib ketib, hech bir asar qoldirmadi. Haykalga urilgan tosh esa katta togʻ boʻlib, butun yer yuzini qopladi.
36 Bu siz koʻrgan tush edi. Endi esa shoh hazratlari tushining taʼbirini eshitsinlar. 37 Ey shoh hazratlari, siz kabi buyuk hukmdorni dunyo hali koʻrmagan. Samoviy Xudo sizga saltanat, kuch–qudrat va shon–shuhrat ato qilgandir. 38 U sizga yerda yashovchi barcha insonlarni, hatto dashtdagi yovvoyi hayvonlaru osmonda uchuvchi qushlarni tobe qilgan, ular ustidan hukmronligingizni mustahkam oʻrnatgan. Tilla bosh — sizsiz. 39 Ammo sizdan keyin jahon sahnasiga boshqa buyuk bir shohlik chiqadi. Bu shohlik siznikidan zaifroq boʻladi. Soʻng haykalning bronza beli va sonlari bilan ifodalangan uchinchi shohlik hukmronlik qiladi. 40 Undan keyin temirday qattiq toʻrtinchi shohlik boʻladi. Temir hamma narsani sindirib yoʻq qilganiday, oʻsha shohlik ham undan oldingi shohliklarni buzib, yoʻq qiladi. 41 Siz haykalning oyoqlari va oyoq barmoqlarining bir qismi loydan, bir qismi temirdan ekanligini koʻrdingiz, bu boʻlingan shohlik boʻladi. Loy bilan temir birga qorilgani uchun bu shohlikda bir oz temirning kuchi boʻladi. 42 Shohlik ayrim jihatdan kuchli, ayrim jihatdan zaif boʻladi. 43 Temir bilan loyning qorishmasi yana shundan dalolat beradiki, oʻsha zamon hukmdorlari quda–andachilik yoʻli bilan shohliklarini mustahkam qilmoqchi boʻladilar, ammo temir loy bilan qovushmagani kabi, ular ham bir–biri bilan qovusha olmaydilar. 44 Oʻsha shohlarning davrida Samoviy Xudo bitmas–tuganmas bir shohlik oʻrnatadi. Hech kim uni yenga olmaydi. Bu shohlik boshqa barcha shohliklarni yer bilan yakson qilib, oʻzi abadiy turadi. 45 Togʻdan oʻz–oʻzidan dumalab tushib, temir, bronza, loy, kumush va oltinni parchalab tashlagan tosh oʻsha shohlikning ifodasidir. Buyuk Xudo sizga, ey shoh hazratlari, kelajakda sodir boʻladigan narsalarni ayon qildi. Siz koʻrgan tushingiz haqiqatan ham karomatli, taʼbiri esa roʻyirostdir .”
Shoh Navuxadnazar Doniyorni taqdirlaydi
46 Shoh Navuxadnazar muk tushib Doniyorga sajda qildi. Soʻng odamlariga Doniyor oldida nazrlar keltirib, xushboʻy tutatqilar tutatishni buyurdi. 47 Shoh Doniyorga dedi:
— Chindan ham sening Xudoying sirlarni oshkor qiluvchi eng buyuk Xudodir, U shohlarning haqiqiy Egasidir, chunki bu sirni menga faqat sen oshkor qila olding!
48 Shoh Doniyorni yuqori mansabga koʻtarib, koʻpdan–koʻp inʼomlar taqdim qildi, uni Bobil viloyatining hokimi va saroy maslahatchilarining boshligʻi qilib tayinladi. 49 Doniyorning iltimosiga binoan shoh Bobil viloyatining boshqaruvini Shadrax, Meshax va Abednaxuga topshirdi. Doniyorning oʻzi esa shoh saroyida xizmat qilib qoldi.
2–БОБ
Навухадназарнинг туши
1 Навухадназар ўз ҳукмронлигининг иккинчи йилида бир туш кўрди. Бу туш уни шу қадар безовта қилиб юбордики, кўзига бошқа уйқу келмади. 2 Шоҳ тушининг таъбирини билиш учун қўли остидаги барча фолбин, мунажжим, сеҳргар ва афсунгарларни чақиртирди. Улар шоҳ ҳузурида ҳозир бўлганларида, 3 шоҳ уларга шундай деди:
— Мен ғалати бир туш кўрдим. Юрагимга ғулғула солган бу тушнинг таъбирини билмоқчиман.
4 Улар шоҳга орамий тилида дедилар :
— Шоҳ ҳазратларининг умри боқий бўлсин! Шоҳ ҳазратлари аввал тушларини айтсинлар, бу қулларингиз уни таъбирлашга тайёрдирлар.
5 — Билиб қўйинглар, — деди уларга шоҳ. — Агар менга туш ва унинг таъбирини айтиб бермасангиз, мен таналарингизни бўлак–бўлак қилдириб, сизларни жазолайман, уйларингизни эса вайрон қилиб, бир уюм тошга айлантираман. 6 Борди–ю, тушимни айтиб, уни таъбирлаб берсангиз, сизларга инъому мукофотлар бериб, иззат–икром кўрсатаман. Қани, энди менга кўрган тушимни ва унинг таъбирини айтиб беринглар!
7 Улар шоҳга иккинчи марта дедилар:
— Шоҳ ҳазратлари аввал тушларини айтсинлар, каминаларингиз уни таъбирлашга тайёрдирлар.
8 — Сизлар қарорим қатъий эканини кўриб, вақтни чўзмоқчисизлар, — деди шоҳ. — Буни аниқ билиб турибман. 9 Агар тушимни айтиб бермасангизлар, ҳаммангизга жазо битта! Сизлар мени лақиллатиб, вазият ўзгаргунча вақтни чўзишга келишиб олгансизлар. Тушни менга айтиб беринглар, шунда уни таъбирлай олишингизни ҳам биламан.
10 — Ер юзида шоҳнинг бу талабини қондирадиган биронта жон бормикан?! — дея ажабландилар улар. — Шуҳрати рўйи заминга ёйилган шоҳларнинг биронтаси ҳам бундай нарсани на фолбин, на мунажжим, на афсунгардан талаб қилган. 11 Шоҳ ҳазратлари биздан имконсиз бир нарсани талаб қиляптилар. Буни шоҳга фоний бандалар дунёсидан йироқ яшайдиган худолардан бошқа ҳеч ким очиб беролмайди.
12 Дарғазаб бўлган шоҳ: “Бобилдаги барча сарой маслаҳатчилари қатл қилинсин!” — деб фармон берди. 13 Фармон эълон қилинди. Сарой маслаҳатчилари қатл қилиниш арафасида эди. Дониёр ва унинг ўртоқлари ҳам қатл қилинишлари керак эди.
Навухадназарнинг туши Дониёрга ошкор бўлади
14 Шоҳ соқчиларининг бошлиғи Ориёх сарой маслаҳатчиларини қатл қилмоқ учун йўлга чиққанда, Дониёр унинг олдига бориб, эҳтиёткорлик билан мурожаат қилиб: 15 “Эй Ориёх ҳазратлари, нима боис шоҳ бундай шошилинч фармон чиқардилар?” — деб сўради. Шунда Ориёх бўлиб ўтган воқеани унга бирма–бир сўзлаб берди. 16 Дониёр шоша–пиша шоҳ ҳузурига кириб, тушнинг таъбирини топмоқ учун ҳазратларидан муҳлат сўради. 17 Сўнг уйга бориб, бўлиб ўтган воқеани шериклари Ханониё, Мишаил ва Озариёларга айтиб берди: 18 “Сарой маслаҳатчилари билан бирга ҳалок бўлмаслигимиз учун, Самовий Худога илтижо қилинглар. У бизга раҳм қилиб, бу сирни очиб беришини сўранглар.”
19 Ўша кеча Дониёрга бу сир ваҳий орқали ошкор бўлди ва Дониёр Самовий Худога ҳамду санолар айтди:
20 “Худойимиз доно ва қудратлидир,
Асрлар оша Унинг номи улуғлансин!
21 У замон ва даврларни ўзгартирар,
Шоҳларни тахтдан тушириб тахтга ўтқазар.
Донишмандларга донолик,
Оқилу фозилларга билим берар.
22 Пинҳон сақланган сирларни очар,
Зулматда яширинган нарсаларни билар,
Ёруғлик Унинг даргоҳида маскан топар.
23 Эй ота–боболаримнинг Худоси,
Сенга шукурлар айтаман, мадҳлар куйлайман,
Зеро, донолигу қудратни менга берган Сенсан,
Истаган нарсамни менга очган Сенсан,
Шоҳ тушини бизга ошкор қилган Сенсан.”
Дониёр шоҳга туш билан унинг таъбирини айтади
24 Дониёр сарой маслаҳатчиларини қатл қилиш учун шоҳ томонидан тайинланган Ориёхнинг олдига бориб:
— Ҳазратим, сарой маслаҳатчиларининг жонларига зинҳор қасд қилманг, — деди. — Мени дарҳол шоҳ ҳузурига олиб киринг, мен шоҳ ҳазратлари кўрган тушни таъбирлаб бераман.
25 Ориёх зудлик билан Дониёрни шоҳ ҳузурига олиб кириб:
— Эй олампаноҳ, каминангиз Яҳудо асирлари орасидан тушингизни таъбирлаб берадиган бир одамни топиб келди, — деди.
26 Шоҳ Дониёрга юзланиб (Дониёрнинг бошқа исми Белташазар эди ):
— Сен менга кўрган тушимни ҳамда унинг таъбирини айтиб бера оласанми? — деди.
27 Дониёр шоҳга шундай жавоб берди: “Эй ҳазрати олийлари, на сарой маслаҳатчиси, на мунажжим, на фолбин, на раммол бунинг уддасидан чиқа олади. 28 Лекин самода шу каби, сирларни ошкор қила оладиган бир Худо бордир. У сизга, эй шоҳ ҳазратлари, охиратда бўладиган нарсаларни аён қилмоқчи. Сиз тушингизда кўрган ваҳий қуйидагича эди:
29 Эй олампаноҳ, сиз ухлаб, келажак ҳақида бир туш кўрдингиз. Бу туш орқали сирларни ошкор қилувчи Худо сизга келажакда рўй берадиган нарсаларни аён қилди. 30 Бу сирнинг менга очилганлиги эса донолигим бошқаларникидан зиёда бўлгани учун эмас, балки шоҳаншоҳим кўрган тушининг таъбирини билиб, унинг маъносини тушунишлари учундир.
31 Эй шоҳ ҳазратлари, тушингизда сиз баҳайбат бир ҳайкал кўрдингиз. Олдингизда турган ўша улкан ҳайкалнинг кўриниши ниҳоятда ярқироқ ва қўрқинчли эди. 32 Ҳайкалнинг боши тоза олтиндан, кўкрак ва қўллари кумушдан, бели ва сонлари бронзадан, 33 болдирлари темирдан, оёқларининг бир қисми лойдан, бир қисми темирдан эди. 34 Унга қараб турганингизда, тоғдан ўз–ўзидан узилган бир тош думалаб келиб, ҳайкалнинг лой ва темирдан бўлган оёқларига урилди–да, уларни парча–парча қилди. 35 Темир, лой, бронза, кумуш ва олтин парчаланиб, ёзги хирмонлардаги тўпондай бўлди. Шамол уларни учириб кетиб, ҳеч бир асар қолдирмади. Ҳайкалга урилган тош эса катта тоғ бўлиб, бутун ер юзини қоплади.
36 Бу сиз кўрган туш эди. Энди эса шоҳ ҳазратлари тушининг таъбирини эшитсинлар. 37 Эй шоҳ ҳазратлари, сиз каби буюк ҳукмдорни дунё ҳали кўрмаган. Самовий Худо сизга салтанат, куч–қудрат ва шон–шуҳрат ато қилгандир. 38 У сизга ерда яшовчи барча инсонларни, ҳатто даштдаги ёввойи ҳайвонлару осмонда учувчи қушларни тобе қилган, улар устидан ҳукмронлигингизни мустаҳкам ўрнатган. Тилла бош — сизсиз. 39 Аммо сиздан кейин жаҳон саҳнасига бошқа буюк бир шоҳлик чиқади. Бу шоҳлик сизникидан заифроқ бўлади. Сўнг ҳайкалнинг бронза бели ва сонлари билан ифодаланган учинчи шоҳлик ҳукмронлик қилади. 40 Ундан кейин темирдай қаттиқ тўртинчи шоҳлик бўлади. Темир ҳамма нарсани синдириб йўқ қилганидай, ўша шоҳлик ҳам ундан олдинги шоҳликларни бузиб, йўқ қилади. 41 Сиз ҳайкалнинг оёқлари ва оёқ бармоқларининг бир қисми лойдан, бир қисми темирдан эканлигини кўрдингиз, бу бўлинган шоҳлик бўлади. Лой билан темир бирга қорилгани учун бу шоҳликда бир оз темирнинг кучи бўлади. 42 Шоҳлик айрим жиҳатдан кучли, айрим жиҳатдан заиф бўлади. 43 Темир билан лойнинг қоришмаси яна шундан далолат берадики, ўша замон ҳукмдорлари қуда–андачилик йўли билан шоҳликларини мустаҳкам қилмоқчи бўладилар, аммо темир лой билан қовушмагани каби, улар ҳам бир–бири билан қовуша олмайдилар. 44 Ўша шоҳларнинг даврида Самовий Худо битмас–туганмас бир шоҳлик ўрнатади. Ҳеч ким уни енга олмайди. Бу шоҳлик бошқа барча шоҳликларни ер билан яксон қилиб, ўзи абадий туради. 45 Тоғдан ўз–ўзидан думалаб тушиб, темир, бронза, лой, кумуш ва олтинни парчалаб ташлаган тош ўша шоҳликнинг ифодасидир. Буюк Худо сизга, эй шоҳ ҳазратлари, келажакда содир бўладиган нарсаларни аён қилди. Сиз кўрган тушингиз ҳақиқатан ҳам кароматли, таъбири эса рўйиростдир .”
Шоҳ Навухадназар Дониёрни тақдирлайди
46 Шоҳ Навухадназар мук тушиб Дониёрга сажда қилди. Сўнг одамларига Дониёр олдида назрлар келтириб, хушбўй тутатқилар тутатишни буюрди. 47 Шоҳ Дониёрга деди:
— Чиндан ҳам сенинг Худойинг сирларни ошкор қилувчи энг буюк Худодир, У шоҳларнинг ҳақиқий Эгасидир, чунки бу сирни менга фақат сен ошкор қила олдинг!
48 Шоҳ Дониёрни юқори мансабга кўтариб, кўпдан–кўп инъомлар тақдим қилди, уни Бобил вилоятининг ҳокими ва сарой маслаҳатчиларининг бошлиғи қилиб тайинлади. 49 Дониёрнинг илтимосига биноан шоҳ Бобил вилоятининг бошқарувини Шадрах, Мешах ва Абеднахуга топширди. Дониёрнинг ўзи эса шоҳ саройида хизмат қилиб қолди.