14–BOB
Teri kasalligidan forigʻ boʻlgan odamning poklanishi
1 Egamiz Musoga 2 xasta odamning poklanish marosimiga oid quyidagi qoidalarni berdi: teri kasalligidan forigʻ boʻlgan odamni ruhoniyning oldiga olib keling. 3 Ruhoniy uni qarorgohdan tashqarida koʻrsin. Agar oʻsha odam haqiqatan ham kasalligidan forigʻ boʻlgan boʻlsa, 4 ruhoniy uni poklash uchun ikkita halol tirik qushni, sadr yogʻochini, qirmizi ipni va bir tutam issop oʻtini keltirsin. 5 Ruhoniyning amriga binoan qushlarning bittasi yangi buloq suvi solingan sopol idish ustida boʻgʻizlansin. 6 Soʻng ruhoniy tirik qushni, sadr yogʻochini, qirmizi ipni va issopni olib, buloq suvi ustida boʻgʻizlangan qushning qoniga botirsin. 7 Keyin qonni teri kasalligidan poklanadigan odamning ustiga yetti marta sepsin. Ruhoniy oʻsha odamni pok deb eʼlon qilsin va tirik qushni dalaga qoʻyib yuborsin. 8 Poklanadigan odam kiyimlarini yuvsin. Hamma sochini qirib tashlab, yuvinsin, shunda u pok boʻladi. Shundan keyin u qarorgohga kirsin, lekin yetti kun davomida chodirining tashqarisida yashasin. 9 Yettinchi kuni u yana sochini, soqolini, qoshlarini va hamma tuklarini qirsin. Soʻng kiyimlarini yuvib, oʻzi ham yuvinsin, shunda u pok boʻladi.
10 Sakkizinchi kuni u ikkita nuqsonsiz qoʻchqor qoʻzini va bitta bir yoshli nuqsonsiz urgʻochi qoʻzini, don nazri sifatida zaytun moyi qoʻshilgan oʻn ikki kosa sifatli unni va bir kosa zaytun moyini olib kelsin. 11 Poklanish marosimini olib borayotgan ruhoniy poklanadigan odamni va uning olib kelgan qurbonligu nazrlarini Egamizning huzuriga, Uchrashuv chodiri kiraverishiga qoʻysin. 12 Soʻng qoʻzining bittasini bir kosa zaytun moyi bilan birga ayb qurbonligi sifatida keltirsin. Oʻsha narsalarni Egamizga bagʻishlaganini koʻrsatib, yuqoriga koʻtarsin. 13 U qoʻzini muqaddas joyda, gunoh qurbonligi va kuydiriladigan qurbonlik boʻgʻizlanadigan joyda soʻysin. Ayb qurbonligi gunoh qurbonligi singari, ruhoniyga tegishlidir. Bu qurbonlik nihoyatda muqaddasdir. 14 Ruhoniy ayb qurbonligining qonidan olib, poklanayotgan odamning oʻng qulogʻi solinchagiga , oʻng qoʻlining bosh barmogʻiga va oʻng oyogʻining bosh barmogʻiga surtsin. 15 Soʻng kosadagi zaytun moyidan olib, oʻz qoʻlining chap kaftiga quysin. 16 Oʻng qoʻlining barmogʻini chap kaftidagi zaytun moyiga botirib, yetti marta Egamizning huzurida sachratsin. 17 Chap kaftida qolgan zaytun moyidan poklanayotgan odamning oʻng qulogʻi solinchagiga, oʻng qoʻli bosh barmogʻiga va oʻng oyogʻi bosh barmogʻiga — ayb qurbonligining qoni surtilgan joyga surtsin. 18 Ortib qolgan moyni esa poklanayotgan odamning boshiga surtsin. Shu yoʻsin, ruhoniy Egamizning huzurida poklanish marosimini oʻtkazsin.
19 Keyin ruhoniy gunoh qurbonligini keltirib, poklanish marosimini oʻtkazsin. U kuydiriladigan qurbonlikni soʻyib, 20 don nazri bilan birga qurbongoh ustida kuydirsin. Ruhoniy shu yoʻsin poklanish marosimini oʻtkazsin, shunda kasallikdan forigʻ boʻlgan odam pok boʻladi.
21 Bordi–yu, u odam kambagʻal boʻlib, bularni qurbonlik qilishga qurbi yetmasa, u poklanishi uchun yuqoriga koʻtariladigan ayb qurbonligi sifatida bitta qoʻchqor qoʻzini, don nazri uchun zaytun moyi qoʻshilgan toʻrt kosa sifatli unni va bir kosa zaytun moyini olib kelsin. 22 Bulardan tashqari, imkoniyatiga koʻra, ikkita kaptarni yoki ikkita musichani olib kelsin. Biri gunoh qurbonligi, ikkinchisi kuydiriladigan qurbonlik uchundir. 23 U shu narsalarni sakkizinchi kuni poklanish uchun Uchrashuv chodiri kiraverishiga, Egamizning oldiga olib kelib, ruhoniyga bersin. 24 Ruhoniy ayb qurbonligi uchun keltirilgan qoʻzini va bir kosa zaytun moyini olib, Egamizga bagʻishlaganini koʻrsatish uchun Egamizning huzurida yuqoriga koʻtarsin. 25 Soʻng qoʻzini soʻysin, qonidan olib, poklanayotgan odamning oʻng qulogʻi solinchagiga, oʻng qoʻlining bosh barmogʻiga va oʻng oyogʻining bosh barmogʻiga surtsin. 26 Keyin ruhoniy chap qoʻlining kaftiga zaytun moyidan quysin. 27 Oʻng qoʻlining barmogʻi bilan oʻsha moyni yetti marta Egamizning huzurida sachratsin. 28 Soʻng qoʻlidagi moydan poklanayotgan odamning oʻng qulogʻi solinchagiga, oʻng qoʻlining bosh barmogʻiga va oʻng oyogʻining bosh barmogʻiga — ayb qurbonligining qoni surtilgan joyga surtsin. 29 Qoʻlidagi ortib qolgan moyni poklanayotgan odamning boshiga surtsin. Shu yoʻl bilan ruhoniy poklanish marosimini oʻtkazsin. 30 Soʻng ruhoniy kaptarlarni yoki musichalarni qurbon qilsin. 31 Bittasini gunoh qurbonligi, ikkinchisini kuydiriladigan qurbonlik qilib, don nazri bilan birga keltirsin. Shu yoʻsin, ruhoniy Egamizning huzurida poklanish marosimini oʻtkazsin. 32 Bu qoidalar teri kasalligidan forigʻ boʻlgan, lekin poklanish marosimi uchun kerakli qurbonliklarni keltirishga qurbi yetmagan odam uchundir.
Uylardagi mogʻor
33 Egamiz Muso va Horunga 34 mogʻor bosgan uylarga oid quyidagi qonunlarni berdi: Egamiz sizlarga mulk qilib beradigan Kanʼon yurtiga borganingizdan keyin sizlarga qarashli yurtdagi uyni mogʻor bostirishi mumkin. 35 Shunda xonadon sohibi ruhoniyning oldiga borib: “Uyimni mogʻor bosganga oʻxshaydi”, — deb aytsin. 36 Uydagi narsalar harom deb eʼlon qilinmasligi uchun, ruhoniy mogʻorni koʻrishga kirishdan oldin, uydagi hamma narsalarni chiqartirishni buyursin. Shundan soʻng uyni koʻzdan kechirish uchun ichkariga kirib, 37 mogʻor bosgan devorlarni koʻrsin. Agar mogʻorning koʻkimtir yoki qizgʻish dogʻlari boʻlib, devorga chuqur botib kirgan boʻlsa, 38 ruhoniy tashqariga chiqib, uyni yetti kunga berkitib qoʻysin. 39 Yettinchi kuni ruhoniy qaytib kelib, uyni yana koʻrsin. Agar mogʻor devorga yoyilib ketgan boʻlsa, 40 ruhoniy mogʻor yoyilgan devordagi toshlarni koʻchirtirib, shahar tashqarisidagi harom joyga olib borib tashlashni buyursin. 41 Soʻng uy ichkarisidagi devorlarning suvogʻini koʻchirtirib, shahar tashqarisidagi harom joyga chiqartirib tashlatsin. 42 Koʻchirib olingan toshlar oʻrniga boshqa toshlar qoʻydirib, uyning ichini yangidan suvoq qildirsin. 43 Agar shundan keyin ham uyni mogʻor bossa, 44 ruhoniy kelib uyni koʻrsin. Mogʻor devorlarga yoyilgan boʻlsa, bu yoyiladigan zamburugʻdir. Uy harom hisoblanadi. 45 Uy buzib tashlansin, uning tosh, yogʻoch va suvogʻini shahar tashqarisidagi harom joyga olib chiqib tashlashsin. 46 Uy yopiq paytida u yerga kirgan har qanday odam kechgacha harom hisoblanadi. 47 Oʻsha uyda uxlagan yoki u yerda ovqatlangan har qanday odam kiyimlarini yuvsin.
48 Bordi–yu, uy yangidan suvoq qilingandan keyin ruhoniy kelib, uyni koʻrganda devorlarni mogʻor bosmagan boʻlsa, ruhoniy uyni pok deb eʼlon qilsin. Mogʻor yoʻq boʻlgan boʻladi. 49 Uyni poklash uchun ruhoniy ikkita qushni, sadr yogʻochini, qirmizi ipni va bir tutam issop oʻtini olsin. 50 Qushning birini sopol idishdagi yangi buloq suvi ustida soʻysin. 51 Soʻng sadr yogʻochini, issop tutamini, qirmizi ipni va tirik qushni olib, ularni buloq suvi ustida boʻgʻizlangan qushning qoniga botirsin–da, uyga yetti marta sepsin. 52 Shu yoʻl bilan uyni poklagandan keyin, 53 tirik qushni shahar chekkasiga olib chiqib, dalaga qoʻyib yuborsin. Shu tariqa ruhoniy uy uchun poklash marosimini oʻtkazsin, shunda uy pok boʻladi.
54 Teri kasalligiga va yoyiladigan zamburugʻlarga oid qoidalar shulardir. Bu qoidalar teridagi qichitmaning, 55 uy va kiyimlardagi mogʻorlarning, teridagi shish, toshma yoki dogʻlarning 56 halol yoki harom ekanligini bilish uchun xizmat qiladi.

Xullas, teri kasalligi va yoyiladigan zamburugʻlarga oid qoidalar shulardan iborat.
14–БОБ
Тери касаллигидан фориғ бўлган одамнинг покланиши
1 Эгамиз Мусога 2 хаста одамнинг покланиш маросимига оид қуйидаги қоидаларни берди: тери касаллигидан фориғ бўлган одамни руҳонийнинг олдига олиб келинг. 3 Руҳоний уни қароргоҳдан ташқарида кўрсин. Агар ўша одам ҳақиқатан ҳам касаллигидан фориғ бўлган бўлса, 4 руҳоний уни поклаш учун иккита ҳалол тирик қушни, садр ёғочини, қирмизи ипни ва бир тутам иссоп ўтини келтирсин. 5 Руҳонийнинг амрига биноан қушларнинг биттаси янги булоқ суви солинган сопол идиш устида бўғизлансин. 6 Сўнг руҳоний тирик қушни, садр ёғочини, қирмизи ипни ва иссопни олиб, булоқ суви устида бўғизланган қушнинг қонига ботирсин. 7 Кейин қонни тери касаллигидан покланадиган одамнинг устига етти марта сепсин. Руҳоний ўша одамни пок деб эълон қилсин ва тирик қушни далага қўйиб юборсин. 8 Покланадиган одам кийимларини ювсин. Ҳамма сочини қириб ташлаб, ювинсин, шунда у пок бўлади. Шундан кейин у қароргоҳга кирсин, лекин етти кун давомида чодирининг ташқарисида яшасин. 9 Еттинчи куни у яна сочини, соқолини, қошларини ва ҳамма тукларини қирсин. Сўнг кийимларини ювиб, ўзи ҳам ювинсин, шунда у пок бўлади.
10 Саккизинчи куни у иккита нуқсонсиз қўчқор қўзини ва битта бир ёшли нуқсонсиз урғочи қўзини, дон назри сифатида зайтун мойи қўшилган ўн икки коса сифатли унни ва бир коса зайтун мойини олиб келсин. 11 Покланиш маросимини олиб бораётган руҳоний покланадиган одамни ва унинг олиб келган қурбонлигу назрларини Эгамизнинг ҳузурига, Учрашув чодири кираверишига қўйсин. 12 Сўнг қўзининг биттасини бир коса зайтун мойи билан бирга айб қурбонлиги сифатида келтирсин. Ўша нарсаларни Эгамизга бағишлаганини кўрсатиб, юқорига кўтарсин. 13 У қўзини муқаддас жойда, гуноҳ қурбонлиги ва куйдириладиган қурбонлик бўғизланадиган жойда сўйсин. Айб қурбонлиги гуноҳ қурбонлиги сингари, руҳонийга тегишлидир. Бу қурбонлик ниҳоятда муқаддасдир. 14 Руҳоний айб қурбонлигининг қонидан олиб, покланаётган одамнинг ўнг қулоғи солинчагига , ўнг қўлининг бош бармоғига ва ўнг оёғининг бош бармоғига суртсин. 15 Сўнг косадаги зайтун мойидан олиб, ўз қўлининг чап кафтига қуйсин. 16 Ўнг қўлининг бармоғини чап кафтидаги зайтун мойига ботириб, етти марта Эгамизнинг ҳузурида сачратсин. 17 Чап кафтида қолган зайтун мойидан покланаётган одамнинг ўнг қулоғи солинчагига, ўнг қўли бош бармоғига ва ўнг оёғи бош бармоғига — айб қурбонлигининг қони суртилган жойга суртсин. 18 Ортиб қолган мойни эса покланаётган одамнинг бошига суртсин. Шу йўсин, руҳоний Эгамизнинг ҳузурида покланиш маросимини ўтказсин.
19 Кейин руҳоний гуноҳ қурбонлигини келтириб, покланиш маросимини ўтказсин. У куйдириладиган қурбонликни сўйиб, 20 дон назри билан бирга қурбонгоҳ устида куйдирсин. Руҳоний шу йўсин покланиш маросимини ўтказсин, шунда касалликдан фориғ бўлган одам пок бўлади.
21 Борди–ю, у одам камбағал бўлиб, буларни қурбонлик қилишга қурби етмаса, у покланиши учун юқорига кўтариладиган айб қурбонлиги сифатида битта қўчқор қўзини, дон назри учун зайтун мойи қўшилган тўрт коса сифатли унни ва бир коса зайтун мойини олиб келсин. 22 Булардан ташқари, имкониятига кўра, иккита каптарни ёки иккита мусичани олиб келсин. Бири гуноҳ қурбонлиги, иккинчиси куйдириладиган қурбонлик учундир. 23 У шу нарсаларни саккизинчи куни покланиш учун Учрашув чодири кираверишига, Эгамизнинг олдига олиб келиб, руҳонийга берсин. 24 Руҳоний айб қурбонлиги учун келтирилган қўзини ва бир коса зайтун мойини олиб, Эгамизга бағишлаганини кўрсатиш учун Эгамизнинг ҳузурида юқорига кўтарсин. 25 Сўнг қўзини сўйсин, қонидан олиб, покланаётган одамнинг ўнг қулоғи солинчагига, ўнг қўлининг бош бармоғига ва ўнг оёғининг бош бармоғига суртсин. 26 Кейин руҳоний чап қўлининг кафтига зайтун мойидан қуйсин. 27 Ўнг қўлининг бармоғи билан ўша мойни етти марта Эгамизнинг ҳузурида сачратсин. 28 Сўнг қўлидаги мойдан покланаётган одамнинг ўнг қулоғи солинчагига, ўнг қўлининг бош бармоғига ва ўнг оёғининг бош бармоғига — айб қурбонлигининг қони суртилган жойга суртсин. 29 Қўлидаги ортиб қолган мойни покланаётган одамнинг бошига суртсин. Шу йўл билан руҳоний покланиш маросимини ўтказсин. 30 Сўнг руҳоний каптарларни ёки мусичаларни қурбон қилсин. 31 Биттасини гуноҳ қурбонлиги, иккинчисини куйдириладиган қурбонлик қилиб, дон назри билан бирга келтирсин. Шу йўсин, руҳоний Эгамизнинг ҳузурида покланиш маросимини ўтказсин. 32 Бу қоидалар тери касаллигидан фориғ бўлган, лекин покланиш маросими учун керакли қурбонликларни келтиришга қурби етмаган одам учундир.
Уйлардаги моғор
33 Эгамиз Мусо ва Ҳорунга 34 моғор босган уйларга оид қуйидаги қонунларни берди: Эгамиз сизларга мулк қилиб берадиган Канъон юртига борганингиздан кейин сизларга қарашли юртдаги уйни моғор бостириши мумкин. 35 Шунда хонадон соҳиби руҳонийнинг олдига бориб: “Уйимни моғор босганга ўхшайди”, — деб айтсин. 36 Уйдаги нарсалар ҳаром деб эълон қилинмаслиги учун, руҳоний моғорни кўришга киришдан олдин, уйдаги ҳамма нарсаларни чиқартиришни буюрсин. Шундан сўнг уйни кўздан кечириш учун ичкарига кириб, 37 моғор босган деворларни кўрсин. Агар моғорнинг кўкимтир ёки қизғиш доғлари бўлиб, деворга чуқур ботиб кирган бўлса, 38 руҳоний ташқарига чиқиб, уйни етти кунга беркитиб қўйсин. 39 Еттинчи куни руҳоний қайтиб келиб, уйни яна кўрсин. Агар моғор деворга ёйилиб кетган бўлса, 40 руҳоний моғор ёйилган девордаги тошларни кўчиртириб, шаҳар ташқарисидаги ҳаром жойга олиб бориб ташлашни буюрсин. 41 Сўнг уй ичкарисидаги деворларнинг сувоғини кўчиртириб, шаҳар ташқарисидаги ҳаром жойга чиқартириб ташлатсин. 42 Кўчириб олинган тошлар ўрнига бошқа тошлар қўйдириб, уйнинг ичини янгидан сувоқ қилдирсин. 43 Агар шундан кейин ҳам уйни моғор босса, 44 руҳоний келиб уйни кўрсин. Моғор деворларга ёйилган бўлса, бу ёйиладиган замбуруғдир. Уй ҳаром ҳисобланади. 45 Уй бузиб ташлансин, унинг тош, ёғоч ва сувоғини шаҳар ташқарисидаги ҳаром жойга олиб чиқиб ташлашсин. 46 Уй ёпиқ пайтида у ерга кирган ҳар қандай одам кечгача ҳаром ҳисобланади. 47 Ўша уйда ухлаган ёки у ерда овқатланган ҳар қандай одам кийимларини ювсин.
48 Борди–ю, уй янгидан сувоқ қилингандан кейин руҳоний келиб, уйни кўрганда деворларни моғор босмаган бўлса, руҳоний уйни пок деб эълон қилсин. Моғор йўқ бўлган бўлади. 49 Уйни поклаш учун руҳоний иккита қушни, садр ёғочини, қирмизи ипни ва бир тутам иссоп ўтини олсин. 50 Қушнинг бирини сопол идишдаги янги булоқ суви устида сўйсин. 51 Сўнг садр ёғочини, иссоп тутамини, қирмизи ипни ва тирик қушни олиб, уларни булоқ суви устида бўғизланган қушнинг қонига ботирсин–да, уйга етти марта сепсин. 52 Шу йўл билан уйни поклагандан кейин, 53 тирик қушни шаҳар чеккасига олиб чиқиб, далага қўйиб юборсин. Шу тариқа руҳоний уй учун поклаш маросимини ўтказсин, шунда уй пок бўлади.
54 Тери касаллигига ва ёйиладиган замбуруғларга оид қоидалар шулардир. Бу қоидалар теридаги қичитманинг, 55 уй ва кийимлардаги моғорларнинг, теридаги шиш, тошма ёки доғларнинг 56 ҳалол ёки ҳаром эканлигини билиш учун хизмат қилади.

Хуллас, тери касаллиги ва ёйиладиган замбуруғларга оид қоидалар шулардан иборат.