17–BOB
Goʻliyot Isroil xalqini olishuvga chaqiradi
1 Filistlar, jang qilamiz deb, lashkarini toʻplab, Yahudo hududidagi Soʻxu shahrida yigʻilishdi. Soʻxu bilan Ozikah shaharlari orasidagi Efes–Dammim degan joyda qarorgoh qurishdi. 2 Shoul ham Isroil lashkarini toʻpladi. Elox vodiysida qarorgoh qurib, Filistlarga qarshi jangga tayyorlandi. 3 Bir tepalikni Filistlar, boshqa tepalikni Isroil lashkari egalladi. Ikkala tomonning oʻrtasi vodiy edi.
4 Filistlar safidan Goʻliyot degan bir pahlavon oʻrtaga chiqdi. U Gat shahridan edi. Boʻyi olti tirsagu bir qarich boʻlib, 5 boshiga bronza qalpoq, ustiga bronza sovut kiyib olgan edi. Sovutning ogʻirligi uch yarim pud edi. 6 Boldirlari bronza zirhlar bilan oʻralgan edi. Yelkasida otiladigan bronza nayzani koʻtarib yurardi. 7 Qoʻlidagi nayzaning sopi esa toʻquvchi dastgohining xodasiday kelar, nayza uchidagi temirning ogʻirligi yarim pud edi. Goʻliyotning oldida qurolbardori uning katta qalqonini koʻtarib yurardi.
8 Goʻliyot oʻrnida turganicha, Isroil qarorgohiga qarab hayqirdi:
— Biz bilan urishgani saf tortdingizlarmi?! Men Filistman, sizlar Shoulning qullarimisiz, axir?! Orangizdan birortangizni tanlanglar–chi, u mening oldimga kelsin. 9 Agar u men bilan olishib, meni yengib oʻldira olsa, Filistlar sizlarning qulingiz boʻladi. Bordi–yu, men gʻolib kelib, uni oʻldirsam, sizlar bizning qulimiz boʻlasizlar, bizga boʻysunasizlar.
10 Soʻng oʻsha Filist gapida davom etdi:
— Bugun Isroil lashkarini sharmanda qilaman. Qani, birortasini chiqaring oldimga! Men bilan olishib koʻrsin!
11 Shoul va barcha Isroil lashkari Filistning gaplarini eshitgach, qattiq qoʻrqib, vahimaga tushib qoldilar.
Dovud jang maydonida
12 Dovud Yahudo hududidagi Baytlahm shahridan — Efratlik Essay degan odamning oʻgʻli edi. Essayning sakkizta oʻgʻli bor edi. Shoulning shohligi davrida Essay ancha keksayib qolgan edi. 13 Essayning katta oʻgʻillaridan uchtasi Shoul bilan birga urushga ketgan edi. Urushga ketgan toʻngʻich oʻgʻlining oti Eliyob, oʻrtanchasiniki Abunadav, uchinchisiniki Shammox edi. 14 Dovud kenja oʻgʻil edi. Uning uchta katta akasi esa Shoul bilan birga edi. 15 Shu paytda Dovud vaqti–vaqti bilan Shoulning oldidan Baytlahmga otasining qoʻylarini boqqani kelib turardi. 16 Filist Goʻliyot qirq kun mobaynida ertayu kech oʻrtaga chiqib urushga daʼvat qildi.
17 Essay bir kuni oʻgʻli Dovudga shunday dedi:
— Mana bu qovurilgan bir togʻora bugʻdoy bilan anavi oʻnta nonni olgin–u, tezda qarorgohga, akalaringning oldiga joʻna. 18 Mana bu oʻn boʻlak pishloqni esa mingboshiga olib bor. Akalaringning ahvolini bil va yaxshi yurganlarini bildiradigan birorta nishona olib kel. 19 Akalaring Shoul lashkari bilan birga Elox vodiysida Filistlarga qarshi urishyaptilar.
20 Ertasi kuni Dovud saharda turdi. Suruvni bir choʻponga qoldirdi. Otasi buyurganiday, oziq–ovqatlarni olib yoʻlga chiqdi. Jang maydoniga yetib borgan paytda sipohlar jangga daʼvat qilinib, qarorgohdan urishgani chiqayotgan ekanlar. 21 Isroil lashkari bilan Filistlar bir–birlariga roʻpara boʻlib, saf tortdilar. 22 Dovud keltirgan narsalarini orqadagi qoʻriqchiga qoldirib, safga tomon yugurdi. Akalarining yoniga borib, ular bilan salomlashdi. 23 Dovud ular bilan gaplashib turganda, Gat shahridan boʻlgan Filist — pahlavon Goʻliyot oʻz lashkari safidan oʻrtaga chiqib, oldingi gaplarini takrorladi. Dovud uning gaplarini eshitdi. 24 Isroil lashkari Goʻliyotni koʻrishdi–yu, qattiq qoʻrqib birdaniga qochib qolishdi. 25 Ular bir–birlariga shunday derdilar:
— Anavi odamga qaranglar! U Isroilni haqorat qilyapti. Kim uni oʻldirsa, shoh unga katta boylik hadya qilar ekan, qizini ham berar ekan. Oʻsha odamning ota xonadonini ham Isroilga soliq toʻlashdan ozod qilar ekan.
26 Dovud yonidagilardan soʻradi:
— Bu Filistni oʻldirib, Isroilni sharmandalikdan xalos qilganga shoh nima beradi? Bu sunnatsiz Filist kim boʻlibdiki, barhayot Xudoning qoʻshinini haqorat qiladi?!
27 — Oʻsha odamni kim oʻldirsa, falon–falon narsalar tortiq qilinadi, — deb sipohlar oldingi gaplarini takrorladilar. 28 Toʻngʻich akasi Eliyob Dovudning sipohlar bilan gaplashib turganini koʻrib achchiqlandi:
— Bu yerda nima qilib yuribsan? Oʻsha besh–oltitagina qoʻyimizni choʻlda kimga qoldirib kelding? Sening qanchalik manmanligingni, niyating yomonligini bilaman. Sen faqat urushni tomosha qilgani kelgansan.
29 — Men nima qilibman?! Soʻrab ham boʻlmaydimi?! — dedi Dovud.
30 Soʻngra boshqa sipohga qarab, yana oʻsha gapni soʻradi. Sipohlar avvalgiday bir xil javob berishdi.
31 Sipohlar Dovudning gaplarini eshitib, Shoulga yetkazishdi. Shoul Dovudni chaqirtirdi. 32 Dovud Shoulga dedi:
— Oʻsha Filistni deb hech kimning ruhi tushmasin. Men, qulingiz, borib, u bilan olishaman.
33 — Tentaklik qilma, bu Filistga bas kelolmaysan. Sen juda yoshsan, u esa yoshligidan beri jangchi, — dedi Shoul.
34 — Men otamning suruvini boqardim, — deb javob berdi Dovud. — Sher yoki ayiq kelib, suruvdan birorta qoʻzini olib qochsa, 35 orqasidan quvib, unga hujum qilardim. Qoʻzini oʻsha hayvonning ogʻzidan tortib olardim. Bordi–yu, sher yoki ayiq menga tashlansa, yolidan ushlardim–u, urib oʻldirardim. 36 Men sherni ham, ayiqni ham oʻldirganman. Anavi sunnatsiz Filistning boshiga oʻshanday kunni solaman. Chunki u barhayot Xudoning qoʻshinini haqorat qildi. 37 Meni sher, ayiqning panjasidan xalos qilgan Egamiz oʻsha Filistning qoʻlidan ham xalos qiladi.
— Mayli bor, Xudo yor boʻlsin, — dedi Shoul. 38 Soʻng u oʻzining jang kiyimlarini Dovudga berdi, boshiga bronza qalpoq, egniga sovut kiydirdi. 39 Dovud shohning sovutlarini kiyib, ustidan qilichini bogʻlab, yurmoqchi boʻldi. Lekin u bunaqa kiyimlarga koʻnikmagan edi.
— Bu kiyimlar bilan yura olmayapman, koʻnikmaganman, — dedi Dovud Shoulga. Soʻng kiyimlarni yechib tashladi.
Dovud Goʻliyotni oʻldiradi
40 Dovud tayogʻini olib, soylikdagi irmoqdan beshta silliq tosh terib oldi. Toshlarni yonidagi choʻpon xaltasiga soldi–da, palaxmonini olib toʻgʻri Goʻliyotga tomon yurdi. 41 Goʻliyot ham Dovudga qarab yurdi. Goʻliyotning oldida qurolbardori qalqonini koʻtarib borardi. 42 Goʻliyot Dovudga boshdan–oyoq razm soldi. Chiroyli, kelishgan yigit ekan, deb yoshgina boʻlgani uchun uni mensimadi.
43 — Men koʻppakmidimki, ustimga tayoq bilan kelyapsan? — dedi–da, oʻz xudolarining nomi bilan Dovudga qargʻish yogʻdirdi. 44 — Kelaver, tanangni koʻkdagi qushlarga, dashtdagi yirtqichlarga yem qilaman, — dedi Filist. 45 Dovud esa shunday javob qaytardi:
— Sen qilich, nayzayu xanjarlar bilan ustimga bostirib kelyapsan. Men esa sen haqoratlagan Isroil lashkarining Xudosi, Sarvari Olamning nomi bilan qurollanib ustingga bostirib boryapman. 46 Bugunning oʻzida Egamiz seni mening qoʻlimga beradi. Seni oʻldirib, boshingni tanangdan judo qilaman. Bugunning oʻzida Filist lashkarining jasadlarini koʻkdagi qushlarga, dashtdagi yirtqichlarga yem qilaman. Shunda Isroilda Xudoning borligini butun yer yuzi bilib oladi. 47 Egamiz qilichu nayza bilan najot bermasligini butun jamoa bilib oladi, chunki bu urushda Egamizning Oʻzi jang qiladi. U sizlarni bizning qoʻlimizga beradi.
48 Goʻliyot Dovudga tashlanmoqchi boʻlib, toʻgʻri unga qarab yurdi. Dovud ham u bilan olishish uchun Filistlar safi tomon tez yugurib ketdi. 49 Qoʻlini xaltasiga solib, bitta toshni oldi–da, palaxmonga solib otdi. Tosh Filistning qoq peshanasiga tegib oʻyib kirdi. Filist yuz tuban yerga yiqildi. 50 Shunday qilib, Dovud Filistni palaxmonu bitta tosh bilan magʻlub qildi. Qoʻlida qilich boʻlmasa ham, uni oʻldirib, yerga choʻziltirib tashladi. 51 Soʻng yugurib bordi–yu, Goʻliyotni bosib oldi. Uning qilichini qinidan sugʻurib oldi–da, boshini kesib tashlab, butunlay bir yoqli qildi.
Filistlar oʻzlarining pahlavoni Goʻliyotning oʻlganini koʻrib, tumtaraqay qocha boshladilar. 52 Isroil bilan Yahudo lashkari qoʻzgʻaldi–yu, naʼra tortib, Filistlarni Gat va Exron ostonalarigacha quvlab bordi. Sharayimdan Gat va Exron shaharlarigacha boradigan yoʻlda Filistlarning jasadlari choʻzilib qoldi. 53 Filistlarni quvib yuborgandan keyin, Isroil lashkari orqaga qaytib Filistlar qarorgohini talon–taroj qildi. 54 Dovud Goʻliyotning boshini olib, Quddusga keltirdi, qurol–aslahasini esa oʻz uyiga qoʻydi.
Dovud Shoulning huzurida
55 Shoul Dovudning Goʻliyot bilan olishuvga chiqqanini koʻrganda, lashkarboshi Abnurdan:
— Abnur, bu yigitcha kim? — deb soʻradi.
— Toʻgʻrisi, shohim, bilmayman, — dedi Abnur.
56 — Boʻlmasa bil–chi, bu yigit kimning oʻgʻli ekan, — deb buyurdi shoh Shoul.
57 Dovud Goʻliyotni oʻldirib, qarorgohga endi kirgan ham ediki, Abnur Dovudni yetaklab Shoulning huzuriga olib keldi. Goʻliyotning kesilgan boshi hali Dovudning qoʻlida edi.
58 — Kimning oʻgʻlisan, yigitcha? — deb soʻradi Shoul.
— Baytlahmlik qulingiz Essayning oʻgʻliman, — deb javob berdi Dovud.
17–БОБ
Гўлиёт Исроил халқини олишувга чақиради
1 Филистлар, жанг қиламиз деб, лашкарини тўплаб, Яҳудо ҳудудидаги Сўху шаҳрида йиғилишди. Сўху билан Озикаҳ шаҳарлари орасидаги Эфес–Даммим деган жойда қароргоҳ қуришди. 2 Шоул ҳам Исроил лашкарини тўплади. Элох водийсида қароргоҳ қуриб, Филистларга қарши жангга тайёрланди. 3 Бир тепаликни Филистлар, бошқа тепаликни Исроил лашкари эгаллади. Иккала томоннинг ўртаси водий эди.
4 Филистлар сафидан Гўлиёт деган бир паҳлавон ўртага чиқди. У Гат шаҳридан эди. Бўйи олти тирсагу бир қарич бўлиб, 5 бошига бронза қалпоқ, устига бронза совут кийиб олган эди. Совутнинг оғирлиги уч ярим пуд эди. 6 Болдирлари бронза зирҳлар билан ўралган эди. Елкасида отиладиган бронза найзани кўтариб юрарди. 7 Қўлидаги найзанинг сопи эса тўқувчи дастгоҳининг ходасидай келар, найза учидаги темирнинг оғирлиги ярим пуд эди. Гўлиётнинг олдида қуролбардори унинг катта қалқонини кўтариб юрарди.
8 Гўлиёт ўрнида турганича, Исроил қароргоҳига қараб ҳайқирди:
— Биз билан уришгани саф тортдингизларми?! Мен Филистман, сизлар Шоулнинг қулларимисиз, ахир?! Орангиздан бирортангизни танланглар–чи, у менинг олдимга келсин. 9 Агар у мен билан олишиб, мени енгиб ўлдира олса, Филистлар сизларнинг қулингиз бўлади. Борди–ю, мен ғолиб келиб, уни ўлдирсам, сизлар бизнинг қулимиз бўласизлар, бизга бўйсунасизлар.
10 Сўнг ўша Филист гапида давом этди:
— Бугун Исроил лашкарини шарманда қиламан. Қани, бирортасини чиқаринг олдимга! Мен билан олишиб кўрсин!
11 Шоул ва барча Исроил лашкари Филистнинг гапларини эшитгач, қаттиқ қўрқиб, ваҳимага тушиб қолдилар.
Довуд жанг майдонида
12 Довуд Яҳудо ҳудудидаги Байтлаҳм шаҳридан — Эфратлик Эссай деган одамнинг ўғли эди. Эссайнинг саккизта ўғли бор эди. Шоулнинг шоҳлиги даврида Эссай анча кексайиб қолган эди. 13 Эссайнинг катта ўғилларидан учтаси Шоул билан бирга урушга кетган эди. Урушга кетган тўнғич ўғлининг оти Элиёб, ўртанчасиники Абунадав, учинчисиники Шаммох эди. 14 Довуд кенжа ўғил эди. Унинг учта катта акаси эса Шоул билан бирга эди. 15 Шу пайтда Довуд вақти–вақти билан Шоулнинг олдидан Байтлаҳмга отасининг қўйларини боққани келиб турарди. 16 Филист Гўлиёт қирқ кун мобайнида эртаю кеч ўртага чиқиб урушга даъват қилди.
17 Эссай бир куни ўғли Довудга шундай деди:
— Мана бу қовурилган бир тоғора буғдой билан анави ўнта нонни олгин–у, тезда қароргоҳга, акаларингнинг олдига жўна. 18 Мана бу ўн бўлак пишлоқни эса мингбошига олиб бор. Акаларингнинг аҳволини бил ва яхши юрганларини билдирадиган бирорта нишона олиб кел. 19 Акаларинг Шоул лашкари билан бирга Элох водийсида Филистларга қарши уришяптилар.
20 Эртаси куни Довуд саҳарда турди. Сурувни бир чўпонга қолдирди. Отаси буюрганидай, озиқ–овқатларни олиб йўлга чиқди. Жанг майдонига етиб борган пайтда сипоҳлар жангга даъват қилиниб, қароргоҳдан уришгани чиқаётган эканлар. 21 Исроил лашкари билан Филистлар бир–бирларига рўпара бўлиб, саф тортдилар. 22 Довуд келтирган нарсаларини орқадаги қўриқчига қолдириб, сафга томон югурди. Акаларининг ёнига бориб, улар билан саломлашди. 23 Довуд улар билан гаплашиб турганда, Гат шаҳридан бўлган Филист — паҳлавон Гўлиёт ўз лашкари сафидан ўртага чиқиб, олдинги гапларини такрорлади. Довуд унинг гапларини эшитди. 24 Исроил лашкари Гўлиётни кўришди–ю, қаттиқ қўрқиб бирданига қочиб қолишди. 25 Улар бир–бирларига шундай дердилар:
— Анави одамга қаранглар! У Исроилни ҳақорат қиляпти. Ким уни ўлдирса, шоҳ унга катта бойлик ҳадя қилар экан, қизини ҳам берар экан. Ўша одамнинг ота хонадонини ҳам Исроилга солиқ тўлашдан озод қилар экан.
26 Довуд ёнидагилардан сўради:
— Бу Филистни ўлдириб, Исроилни шармандаликдан халос қилганга шоҳ нима беради? Бу суннатсиз Филист ким бўлибдики, барҳаёт Худонинг қўшинини ҳақорат қилади?!
27 — Ўша одамни ким ўлдирса, фалон–фалон нарсалар тортиқ қилинади, — деб сипоҳлар олдинги гапларини такрорладилар. 28 Тўнғич акаси Элиёб Довуднинг сипоҳлар билан гаплашиб турганини кўриб аччиқланди:
— Бу ерда нима қилиб юрибсан? Ўша беш–олтитагина қўйимизни чўлда кимга қолдириб келдинг? Сенинг қанчалик манманлигингни, ниятинг ёмонлигини биламан. Сен фақат урушни томоша қилгани келгансан.
29 — Мен нима қилибман?! Сўраб ҳам бўлмайдими?! — деди Довуд.
30 Сўнгра бошқа сипоҳга қараб, яна ўша гапни сўради. Сипоҳлар аввалгидай бир хил жавоб беришди.
31 Сипоҳлар Довуднинг гапларини эшитиб, Шоулга етказишди. Шоул Довудни чақиртирди. 32 Довуд Шоулга деди:
— Ўша Филистни деб ҳеч кимнинг руҳи тушмасин. Мен, қулингиз, бориб, у билан олишаман.
33 — Тентаклик қилма, бу Филистга бас келолмайсан. Сен жуда ёшсан, у эса ёшлигидан бери жангчи, — деди Шоул.
34 — Мен отамнинг сурувини боқардим, — деб жавоб берди Довуд. — Шер ёки айиқ келиб, сурувдан бирорта қўзини олиб қочса, 35 орқасидан қувиб, унга ҳужум қилардим. Қўзини ўша ҳайвоннинг оғзидан тортиб олардим. Борди–ю, шер ёки айиқ менга ташланса, ёлидан ушлардим–у, уриб ўлдирардим. 36 Мен шерни ҳам, айиқни ҳам ўлдирганман. Анави суннатсиз Филистнинг бошига ўшандай кунни соламан. Чунки у барҳаёт Худонинг қўшинини ҳақорат қилди. 37 Мени шер, айиқнинг панжасидан халос қилган Эгамиз ўша Филистнинг қўлидан ҳам халос қилади.
— Майли бор, Худо ёр бўлсин, — деди Шоул. 38 Сўнг у ўзининг жанг кийимларини Довудга берди, бошига бронза қалпоқ, эгнига совут кийдирди. 39 Довуд шоҳнинг совутларини кийиб, устидан қиличини боғлаб, юрмоқчи бўлди. Лекин у бунақа кийимларга кўникмаган эди.
— Бу кийимлар билан юра олмаяпман, кўникмаганман, — деди Довуд Шоулга. Сўнг кийимларни ечиб ташлади.
Довуд Гўлиётни ўлдиради
40 Довуд таёғини олиб, сойликдаги ирмоқдан бешта силлиқ тош териб олди. Тошларни ёнидаги чўпон халтасига солди–да, палахмонини олиб тўғри Гўлиётга томон юрди. 41 Гўлиёт ҳам Довудга қараб юрди. Гўлиётнинг олдида қуролбардори қалқонини кўтариб борарди. 42 Гўлиёт Довудга бошдан–оёқ разм солди. Чиройли, келишган йигит экан, деб ёшгина бўлгани учун уни менсимади.
43 — Мен кўппакмидимки, устимга таёқ билан келяпсан? — деди–да, ўз худоларининг номи билан Довудга қарғиш ёғдирди. 44 — Келавер, танангни кўкдаги қушларга, даштдаги йиртқичларга ем қиламан, — деди Филист. 45 Довуд эса шундай жавоб қайтарди:
— Сен қилич, найзаю ханжарлар билан устимга бостириб келяпсан. Мен эса сен ҳақоратлаган Исроил лашкарининг Худоси, Сарвари Оламнинг номи билан қуролланиб устингга бостириб боряпман. 46 Бугуннинг ўзида Эгамиз сени менинг қўлимга беради. Сени ўлдириб, бошингни танангдан жудо қиламан. Бугуннинг ўзида Филист лашкарининг жасадларини кўкдаги қушларга, даштдаги йиртқичларга ем қиламан. Шунда Исроилда Худонинг борлигини бутун ер юзи билиб олади. 47 Эгамиз қиличу найза билан нажот бермаслигини бутун жамоа билиб олади, чунки бу урушда Эгамизнинг Ўзи жанг қилади. У сизларни бизнинг қўлимизга беради.
48 Гўлиёт Довудга ташланмоқчи бўлиб, тўғри унга қараб юрди. Довуд ҳам у билан олишиш учун Филистлар сафи томон тез югуриб кетди. 49 Қўлини халтасига солиб, битта тошни олди–да, палахмонга солиб отди. Тош Филистнинг қоқ пешанасига тегиб ўйиб кирди. Филист юз тубан ерга йиқилди. 50 Шундай қилиб, Довуд Филистни палахмону битта тош билан мағлуб қилди. Қўлида қилич бўлмаса ҳам, уни ўлдириб, ерга чўзилтириб ташлади. 51 Сўнг югуриб борди–ю, Гўлиётни босиб олди. Унинг қиличини қинидан суғуриб олди–да, бошини кесиб ташлаб, бутунлай бир ёқли қилди.
Филистлар ўзларининг паҳлавони Гўлиётнинг ўлганини кўриб, тумтарақай қоча бошладилар. 52 Исроил билан Яҳудо лашкари қўзғалди–ю, наъра тортиб, Филистларни Гат ва Эхрон остоналаригача қувлаб борди. Шарайимдан Гат ва Эхрон шаҳарларигача борадиган йўлда Филистларнинг жасадлари чўзилиб қолди. 53 Филистларни қувиб юборгандан кейин, Исроил лашкари орқага қайтиб Филистлар қароргоҳини талон–тарож қилди. 54 Довуд Гўлиётнинг бошини олиб, Қуддусга келтирди, қурол–аслаҳасини эса ўз уйига қўйди.
Довуд Шоулнинг ҳузурида
55 Шоул Довуднинг Гўлиёт билан олишувга чиққанини кўрганда, лашкарбоши Абнурдан:
— Абнур, бу йигитча ким? — деб сўради.
— Тўғриси, шоҳим, билмайман, — деди Абнур.
56 — Бўлмаса бил–чи, бу йигит кимнинг ўғли экан, — деб буюрди шоҳ Шоул.
57 Довуд Гўлиётни ўлдириб, қароргоҳга энди кирган ҳам эдики, Абнур Довудни етаклаб Шоулнинг ҳузурига олиб келди. Гўлиётнинг кесилган боши ҳали Довуднинг қўлида эди.
58 — Кимнинг ўғлисан, йигитча? — деб сўради Шоул.
— Байтлаҳмлик қулингиз Эссайнинг ўғлиман, — деб жавоб берди Довуд.