13–BOB
Teri kasalligi haqida qonun
1 Muso va Horunga Egamiz quyidagi qonunlarni berdi: 2 agar birortasining badanida teri kasalligiga aylanishi mumkin boʻlgan shish, toshma yoki dogʻ paydo boʻlsa, oʻsha odamni ruhoniy Horun yoki uning oʻgʻillaridan biri huzuriga olib keling. 3 Ruhoniy badandagi yarani koʻrsin. Agar yara ustidagi tuklar oqargan va yara teri ostiga oʻtgan boʻlsa, bu teri kasalligidir. Ruhoniy yarani koʻrib boʻlishi bilanoq oʻsha odamni harom deb eʼlon qilsin.
Teridagi oq dogʻ
4 Bordi–yu, odamning badanida oq dogʻ boʻlib, teri ostiga oʻtmagan boʻlsa va dogʻ ustidagi tuklar oqarmagan boʻlsa, ruhoniy kasallangan odamni yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 5 Yettinchi kuni ruhoniy yana oʻsha odamni koʻrsin. Agar yara oʻzgarmagan boʻlsa va atrofidagi teriga yoyilmagan boʻlsa, ruhoniy oʻsha odamni yana yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 6 Yettinchi kuni ruhoniy uni yana koʻrsin. Agar yara tuzala boshlagan boʻlib, atrofidagi teriga yoyilmagan boʻlsa, ruhoniy u odamni pok deb eʼlon qilsin. Bu toshmadir. Oʻsha odam kiyimlarini yuvsin va u pok boʻladi. 7 Bordi–yu, ruhoniy tekshirib, pok deb eʼlon qilgan oʻsha odamning terisidagi toshmasi yoyilib ketsa, u qaytadan ruhoniyga koʻrinsin. 8 Ruhoniy kasalni yana tekshirsin. Agar toshma teriga yoyilgan boʻlsa, ruhoniy u odamni harom deb eʼlon qilsin. Bu teri kasalligidir.
Teridagi shish
9 Agar odam teri kasalligiga chalinsa, uni ruhoniy huzuriga olib keling. 10 Ruhoniy uni tekshirsin. Agar teri ustida oq shish paydo boʻlib, shish ustidagi tuklar oqargan boʻlsa va ochiq yara hosil boʻlgan boʻlsa, 11 bu tuzalmas teri kasalligidir. Ruhoniy u odamni harom deb eʼlon qilsin, uni yolgʻizlatib oʻtirmasin, chunki uning haromligi oydindir. 12 Bordi–yu, teridagi toshma odamning butun tanasini boshdan–oyoq qoplab olsa, 13 ruhoniy uni tekshirsin. Agar toshma butun tanaga yoyilgan boʻlsa, ruhoniy uni pok deb eʼlon qilsin. Hamma teri birday oqargani uchun bunday odam pok hisoblanadi. 14 Bordi–yu, uning badanida ochiq yara hosil boʻlsa, oʻsha odam harom hisoblanadi. 15 Ruhoniy ochiq yarani koʻrsin va u odamni harom deb eʼlon qilsin. Ochiq yara haromdir, bu teri kasalligining belgisidir. 16 Lekin ochiq yara tuzalib, oqarsa oʻsha odam ruhoniyning oldiga kelsin. 17 Ruhoniy uni koʻrsin. Agar yara haqiqatan ham oqargan boʻlsa, ruhoniy kasal odamni pok deb eʼlon qilsin. Shunda u pok boʻladi.
Chipqon
18 Agar birortasining badaniga chipqon chiqib, bitgan boʻlsa–yu, 19 lekin chipqon oʻrnida oq shish yoki qizgʻish–oq dogʻ paydo boʻlsa, u odam ruhoniyga koʻrinsin. 20 Ruhoniy uni koʻrsin. Agar dogʻ teri ostiga oʻtgan boʻlsa va tuklari oqarib qolgan boʻlsa, ruhoniy oʻsha odamni harom deb eʼlon qilsin. Demak, chipqon oʻrnida teri kasalligi hosil boʻlgan. 21 Lekin ruhoniy uni tekshirganda, dogʻ ustidagi tuklar oqarmagan, dogʻ terining ostiga oʻtmagan va tuzala boshlagan boʻlsa, ruhoniy oʻsha odamni yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 22 Agar dogʻ teriga yoyilib ketsa, ruhoniy u odamni harom deb eʼlon qilsin. Bu teri kasalligidir. 23 Bordi–yu, dogʻ oʻzgarmasa va yoyilmasa, bu dogʻ chipqonning chandigʻi, xolos. Ruhoniy bu odamni pok deb eʼlon qilsin.
Teridagi kuyuk
24 Agar birortasi kuyib qolsa va kuygan joyining rangi oʻzgarib, qizgʻish–oq yoki oppoq tusga kirsa, 25 ruhoniy kuygan joyni tekshirsin. Agar kuygan joy ustidagi tuklar oqarib qolgan boʻlsa va dogʻ teri ostiga oʻtgan boʻlsa, demak, kuygan joy oʻrnida teri kasalligi hosil boʻlgan. Ruhoniy bu odamni harom deb eʼlon qilsin. 26 Lekin ruhoniy uni tekshirganda tuklar oqarmagan va dogʻ teri ostiga oʻtmagan boʻlsa, buning ustiga dogʻ tuzala boshlagan boʻlsa, ruhoniy u odamni yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 27 Yettinchi kuni ruhoniy u odamni koʻrsin. Agar dogʻ teriga yoyilgan boʻlsa, ruhoniy u odamni harom deb eʼlon qilsin. Bu teri kasalligidir. 28 Bordi–yu, dogʻ oʻzgarmasa va atrofdagi teriga yoyilmasa, buning ustiga tuzala boshlagan boʻlsa, demak, bu kuyish natijasida paydo boʻlgan shishdir. Ruhoniy u odamni pok deb eʼlon qilsin. Bu kuygan joyning izidir.
Boshdagi yoki jagʻdagi yara
29 Agar erkak yoki ayolning boshiga yo jagʻiga yara chiqsa, 30 ruhoniy yarani tekshirsin. Yara terining ostiga oʻtgan boʻlsa va yara ustidagi tuklar sargʻayib, nimjon boʻlib qolgan boʻlsa, ruhoniy oʻsha erkak yoki ayolni harom deb eʼlon qilsin. Demak, uning boshi yoki jagʻiga qichitma chiqqan, bu teri kasalligidir. 31 Agar ruhoniy qichitmani tekshirganda yara terining ostiga oʻtmagan boʻlsa, lekin yaraning ustida sogʻlom tuklar boʻlmasa, ruhoniy qichitmaga chalingan bu odamni yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 32 Yettinchi kuni ruhoniy qichitmani yana koʻrsin. Agar qichitma yoyilmagan boʻlsa, uning ustida sargʻish tuklar boʻlmasa, yara terining ostiga oʻtmagan boʻlsa, 33 kasal odam hamma sochini qirsin, lekin qichitma bor joyiga tegmasin. Soʻng ruhoniy uni yana yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 34 Yettinchi kuni ruhoniy qichitmani koʻrsin. Agar qichitma yoyilmagan va terining ostiga oʻtmagan boʻlsa, ruhoniy u odamni pok deb eʼlon qilsin. U odam kiyimlarini yuvsin, shunda u pok boʻladi. 35 Bordi–yu, ruhoniy uni pok deb eʼlon qilgandan keyin qichitma yoyilsa, 36 ruhoniy u odamni yana tekshirsin. Agar qichitma haqiqatan ham yoyilgan boʻlsa, sargʻish tukni qidirishning hojati yoʻq. U odam haromdir. 37 Bordi–yu, ruhoniyning nazarida qichitma oʻzgarmagan boʻlsa va uning ustida qora tuklar oʻsa boshlagan boʻlsa, qichitma tuzalgan boʻladi. Ruhoniy u odamni pok deb eʼlon qilsin.
Teridagi oqish dogʻlar
38 Agar erkak yoki ayolning badanida oq dogʻlar paydo boʻlsa, 39 ruhoniy oʻsha odamni tekshirsin. Agar bu dogʻlar koʻrinar–koʻrinmas oqishroq tusda boʻlsa, bu bor–yoʻgʻi toshmadir. Bunday odam pokdir.
Kal boʻlgan bosh
40 Agar odamning sochi toʻkilgan boʻlsa, u odam kal, lekin pok hisoblanadi. 41 Boshning old tomonidagi va chakkalaridagi sochlari toʻkilgan boʻlsa, u odam kal boʻlgani bilan pok hisoblanadi. 42 Bordi–yu, boshning kal joyida qizgʻish–oq dogʻ paydo boʻlsa, bu teri kasalligidir. 43 Ruhoniy uni koʻrsin. Agar shish haqiqatan teri kasalligi singari qizgʻish–oq tusda boʻlsa, 44 demak, odam kasallangan, u haromdir. Boshidagi yarasi tufayli ruhoniy uni harom deb eʼlon qilsin.
Xasta odamning hayot tarzi
45 Bunday yomon teri kasalliklaridan biriga chalingan odam kiyimlarini yirtsin, sochini toʻzitsin , yuzining quyi qismini berkitsin. Soʻng: “Harom! Harom!” deb baqirsin. 46 U odam kasalligi davomida harom hisoblanadi. U alohida, qarorgohdan tashqarida yashasin.
Mogʻorga oid qonunlar
47 Agar kiyimni mogʻor bossa, jun yoki zigʻir matosidan tikilgan kiyimni, 48 jun yoki zigʻirdan toʻqilgan matoni, charmni yo charmdan yasalgan buyumni 49 bosgan oʻsha mogʻor koʻkimtir yoki qizgʻish rangda boʻlsa, bu yoyiladigan zamburugʻdir, uni ruhoniyga koʻrsatish lozim. 50 Ruhoniy mogʻorni tekshirsin, soʻng zararlangan narsani yetti kunga qadar olib qoʻysin. 51 Yettinchi kuni ruhoniy uni yana koʻrsin. Agar mogʻor kiyimga, toʻqilgan matoga yo charmdan yasalgan har qanday buyumga yoyilgan boʻlsa, bu yoyiladigan zamburugʻdir. Zararlangan narsa harom hisoblanadi. 52 Ruhoniy oʻsha narsani kuydirsin. Buyum yoyiladigan zamburugʻ bilan zararlangani uchun uni kuydirib yuborish kerak.
53 Bordi–yu, mogʻor kiyimga, matoga yoki charmga yoyilmagan boʻlsa, 54 ruhoniy zararlangan oʻsha narsani yuvdirsin. Soʻng uni yana yetti kunga olib qoʻysin. 55 Ruhoniy yuvilgan oʻsha narsani yana tekshirsin. Agar mogʻorlagan joyning rangi oʻzgarmagan boʻlsa, mogʻor yoyilmagan taqdirda ham harom hisoblanadi. Narsaning mogʻorlagan joyi ichki yoki tashqi tomonida boʻlishidan qatʼi nazar, uni kuydirib yuboring.
56 Bordi–yu, ruhoniy yuvilgan narsani tekshirganda mogʻorning rangi oʻchgan boʻlsa, ruhoniy kiyim, mato yoki charmdagi mogʻorlagan joyni yulib olsin. 57 Agar mogʻor oʻsha narsada yana paydo boʻlsa, zamburugʻ yana koʻpayishni boshlagandir, narsaning egasi uni kuydirib yuborsin. 58 Bordi–yu, yuvilgandan keyin narsadagi mogʻor ketsa, uni ikkinchi marta yuving va u pok boʻladi.
59 Jun yoki zigʻir matosidan tikilgan kiyimda, jun yoki zigʻirdan toʻqilgan matoda va charmdan yasalgan har qanday buyumda hosil boʻlgan zamburuqqa oid qoidalar shulardan iboratdir. Bular sizlarga halolni haromdan ajrata olishingiz uchun xizmat qiladi.
13–БОБ
Тери касаллиги ҳақида қонун
1 Мусо ва Ҳорунга Эгамиз қуйидаги қонунларни берди: 2 агар бирортасининг баданида тери касаллигига айланиши мумкин бўлган шиш, тошма ёки доғ пайдо бўлса, ўша одамни руҳоний Ҳорун ёки унинг ўғилларидан бири ҳузурига олиб келинг. 3 Руҳоний бадандаги ярани кўрсин. Агар яра устидаги туклар оқарган ва яра тери остига ўтган бўлса, бу тери касаллигидир. Руҳоний ярани кўриб бўлиши биланоқ ўша одамни ҳаром деб эълон қилсин.
Теридаги оқ доғ
4 Борди–ю, одамнинг баданида оқ доғ бўлиб, тери остига ўтмаган бўлса ва доғ устидаги туклар оқармаган бўлса, руҳоний касалланган одамни етти кунга ёлғизлатиб қўйсин. 5 Еттинчи куни руҳоний яна ўша одамни кўрсин. Агар яра ўзгармаган бўлса ва атрофидаги терига ёйилмаган бўлса, руҳоний ўша одамни яна етти кунга ёлғизлатиб қўйсин. 6 Еттинчи куни руҳоний уни яна кўрсин. Агар яра тузала бошлаган бўлиб, атрофидаги терига ёйилмаган бўлса, руҳоний у одамни пок деб эълон қилсин. Бу тошмадир. Ўша одам кийимларини ювсин ва у пок бўлади. 7 Борди–ю, руҳоний текшириб, пок деб эълон қилган ўша одамнинг терисидаги тошмаси ёйилиб кетса, у қайтадан руҳонийга кўринсин. 8 Руҳоний касални яна текширсин. Агар тошма терига ёйилган бўлса, руҳоний у одамни ҳаром деб эълон қилсин. Бу тери касаллигидир.
Теридаги шиш
9 Агар одам тери касаллигига чалинса, уни руҳоний ҳузурига олиб келинг. 10 Руҳоний уни текширсин. Агар тери устида оқ шиш пайдо бўлиб, шиш устидаги туклар оқарган бўлса ва очиқ яра ҳосил бўлган бўлса, 11 бу тузалмас тери касаллигидир. Руҳоний у одамни ҳаром деб эълон қилсин, уни ёлғизлатиб ўтирмасин, чунки унинг ҳаромлиги ойдиндир. 12 Борди–ю, теридаги тошма одамнинг бутун танасини бошдан–оёқ қоплаб олса, 13 руҳоний уни текширсин. Агар тошма бутун танага ёйилган бўлса, руҳоний уни пок деб эълон қилсин. Ҳамма тери бирдай оқаргани учун бундай одам пок ҳисобланади. 14 Борди–ю, унинг баданида очиқ яра ҳосил бўлса, ўша одам ҳаром ҳисобланади. 15 Руҳоний очиқ ярани кўрсин ва у одамни ҳаром деб эълон қилсин. Очиқ яра ҳаромдир, бу тери касаллигининг белгисидир. 16 Лекин очиқ яра тузалиб, оқарса ўша одам руҳонийнинг олдига келсин. 17 Руҳоний уни кўрсин. Агар яра ҳақиқатан ҳам оқарган бўлса, руҳоний касал одамни пок деб эълон қилсин. Шунда у пок бўлади.
Чипқон
18 Агар бирортасининг баданига чипқон чиқиб, битган бўлса–ю, 19 лекин чипқон ўрнида оқ шиш ёки қизғиш–оқ доғ пайдо бўлса, у одам руҳонийга кўринсин. 20 Руҳоний уни кўрсин. Агар доғ тери остига ўтган бўлса ва туклари оқариб қолган бўлса, руҳоний ўша одамни ҳаром деб эълон қилсин. Демак, чипқон ўрнида тери касаллиги ҳосил бўлган. 21 Лекин руҳоний уни текширганда, доғ устидаги туклар оқармаган, доғ терининг остига ўтмаган ва тузала бошлаган бўлса, руҳоний ўша одамни етти кунга ёлғизлатиб қўйсин. 22 Агар доғ терига ёйилиб кетса, руҳоний у одамни ҳаром деб эълон қилсин. Бу тери касаллигидир. 23 Борди–ю, доғ ўзгармаса ва ёйилмаса, бу доғ чипқоннинг чандиғи, холос. Руҳоний бу одамни пок деб эълон қилсин.
Теридаги куюк
24 Агар бирортаси куйиб қолса ва куйган жойининг ранги ўзгариб, қизғиш–оқ ёки оппоқ тусга кирса, 25 руҳоний куйган жойни текширсин. Агар куйган жой устидаги туклар оқариб қолган бўлса ва доғ тери остига ўтган бўлса, демак, куйган жой ўрнида тери касаллиги ҳосил бўлган. Руҳоний бу одамни ҳаром деб эълон қилсин. 26 Лекин руҳоний уни текширганда туклар оқармаган ва доғ тери остига ўтмаган бўлса, бунинг устига доғ тузала бошлаган бўлса, руҳоний у одамни етти кунга ёлғизлатиб қўйсин. 27 Еттинчи куни руҳоний у одамни кўрсин. Агар доғ терига ёйилган бўлса, руҳоний у одамни ҳаром деб эълон қилсин. Бу тери касаллигидир. 28 Борди–ю, доғ ўзгармаса ва атрофдаги терига ёйилмаса, бунинг устига тузала бошлаган бўлса, демак, бу куйиш натижасида пайдо бўлган шишдир. Руҳоний у одамни пок деб эълон қилсин. Бу куйган жойнинг изидир.
Бошдаги ёки жағдаги яра
29 Агар эркак ёки аёлнинг бошига ё жағига яра чиқса, 30 руҳоний ярани текширсин. Яра терининг остига ўтган бўлса ва яра устидаги туклар сарғайиб, нимжон бўлиб қолган бўлса, руҳоний ўша эркак ёки аёлни ҳаром деб эълон қилсин. Демак, унинг боши ёки жағига қичитма чиққан, бу тери касаллигидир. 31 Агар руҳоний қичитмани текширганда яра терининг остига ўтмаган бўлса, лекин яранинг устида соғлом туклар бўлмаса, руҳоний қичитмага чалинган бу одамни етти кунга ёлғизлатиб қўйсин. 32 Еттинчи куни руҳоний қичитмани яна кўрсин. Агар қичитма ёйилмаган бўлса, унинг устида сарғиш туклар бўлмаса, яра терининг остига ўтмаган бўлса, 33 касал одам ҳамма сочини қирсин, лекин қичитма бор жойига тегмасин. Сўнг руҳоний уни яна етти кунга ёлғизлатиб қўйсин. 34 Еттинчи куни руҳоний қичитмани кўрсин. Агар қичитма ёйилмаган ва терининг остига ўтмаган бўлса, руҳоний у одамни пок деб эълон қилсин. У одам кийимларини ювсин, шунда у пок бўлади. 35 Борди–ю, руҳоний уни пок деб эълон қилгандан кейин қичитма ёйилса, 36 руҳоний у одамни яна текширсин. Агар қичитма ҳақиқатан ҳам ёйилган бўлса, сарғиш тукни қидиришнинг ҳожати йўқ. У одам ҳаромдир. 37 Борди–ю, руҳонийнинг назарида қичитма ўзгармаган бўлса ва унинг устида қора туклар ўса бошлаган бўлса, қичитма тузалган бўлади. Руҳоний у одамни пок деб эълон қилсин.
Теридаги оқиш доғлар
38 Агар эркак ёки аёлнинг баданида оқ доғлар пайдо бўлса, 39 руҳоний ўша одамни текширсин. Агар бу доғлар кўринар–кўринмас оқишроқ тусда бўлса, бу бор–йўғи тошмадир. Бундай одам покдир.
Кал бўлган бош
40 Агар одамнинг сочи тўкилган бўлса, у одам кал, лекин пок ҳисобланади. 41 Бошнинг олд томонидаги ва чаккаларидаги сочлари тўкилган бўлса, у одам кал бўлгани билан пок ҳисобланади. 42 Борди–ю, бошнинг кал жойида қизғиш–оқ доғ пайдо бўлса, бу тери касаллигидир. 43 Руҳоний уни кўрсин. Агар шиш ҳақиқатан тери касаллиги сингари қизғиш–оқ тусда бўлса, 44 демак, одам касалланган, у ҳаромдир. Бошидаги яраси туфайли руҳоний уни ҳаром деб эълон қилсин.
Хаста одамнинг ҳаёт тарзи
45 Бундай ёмон тери касалликларидан бирига чалинган одам кийимларини йиртсин, сочини тўзитсин , юзининг қуйи қисмини беркитсин. Сўнг: “Ҳаром! Ҳаром!” деб бақирсин. 46 У одам касаллиги давомида ҳаром ҳисобланади. У алоҳида, қароргоҳдан ташқарида яшасин.
Моғорга оид қонунлар
47 Агар кийимни моғор босса, жун ёки зиғир матосидан тикилган кийимни, 48 жун ёки зиғирдан тўқилган матони, чармни ё чармдан ясалган буюмни 49 босган ўша моғор кўкимтир ёки қизғиш рангда бўлса, бу ёйиладиган замбуруғдир, уни руҳонийга кўрсатиш лозим. 50 Руҳоний моғорни текширсин, сўнг зарарланган нарсани етти кунга қадар олиб қўйсин. 51 Еттинчи куни руҳоний уни яна кўрсин. Агар моғор кийимга, тўқилган матога ё чармдан ясалган ҳар қандай буюмга ёйилган бўлса, бу ёйиладиган замбуруғдир. Зарарланган нарса ҳаром ҳисобланади. 52 Руҳоний ўша нарсани куйдирсин. Буюм ёйиладиган замбуруғ билан зарарлангани учун уни куйдириб юбориш керак.
53 Борди–ю, моғор кийимга, матога ёки чармга ёйилмаган бўлса, 54 руҳоний зарарланган ўша нарсани ювдирсин. Сўнг уни яна етти кунга олиб қўйсин. 55 Руҳоний ювилган ўша нарсани яна текширсин. Агар моғорлаган жойнинг ранги ўзгармаган бўлса, моғор ёйилмаган тақдирда ҳам ҳаром ҳисобланади. Нарсанинг моғорлаган жойи ички ёки ташқи томонида бўлишидан қатъи назар, уни куйдириб юборинг.
56 Борди–ю, руҳоний ювилган нарсани текширганда моғорнинг ранги ўчган бўлса, руҳоний кийим, мато ёки чармдаги моғорлаган жойни юлиб олсин. 57 Агар моғор ўша нарсада яна пайдо бўлса, замбуруғ яна кўпайишни бошлагандир, нарсанинг эгаси уни куйдириб юборсин. 58 Борди–ю, ювилгандан кейин нарсадаги моғор кетса, уни иккинчи марта ювинг ва у пок бўлади.
59 Жун ёки зиғир матосидан тикилган кийимда, жун ёки зиғирдан тўқилган матода ва чармдан ясалган ҳар қандай буюмда ҳосил бўлган замбуруққа оид қоидалар шулардан иборатдир. Булар сизларга ҳалолни ҳаромдан ажрата олишингиз учун хизмат қилади.