12–BOB
Fisih ziyofati va Xamirturushsiz non bayrami toʻgʻrisida koʻrsatmalar
1 Muso bilan Horun Misrda yashar ekanlar, Egamiz ularga quyidagi koʻrsatmalarni berdi:
Fisih ziyofati
2 “Bu oy sizlar uchun ilk oy — yilning birinchi oyi boʻladi . 3 Isroil xalqining butun jamoasiga yetkazinglar: shu oyning oʻninchi kunida oila boshliqlari bitta qoʻzi yoki uloqcha tanlaydi. Buni xonadondagilar tanovul qiladi. 4 Bitta jonliq bir oilaga koʻplik qiladigan boʻlsa, oila aʼzolarining soni va bir odam tanovul qiladigan goʻsht miqdori hisoblab chiqiladi. Soʻngra oʻsha oila jonliq goʻshtini yonidagi qoʻshnisi bilan boʻlishadi. 5 Nuqsonsiz, bir yashar erkak jonliqni tanlab olinglar. 6 Birinchi oyning oʻn toʻrtinchi kuni kechqurungacha qoʻzilarni alohida saqlanglar. Soʻngra Isroil xalqi jamoasining har bir xonadoni oʻzining qoʻzisini soʻyishi lozim. 7 Soʻng ular qurbonlikning qonidan olib, qurbonlik goʻshti tanovul qilinadigan uyning eshigi kesakisi yonlariga va tepasiga surtishsin. 8 Oʻsha kuni kechqurun goʻshtni olovda pishirishsin va oʻsha goʻshtni, xamirturushsiz non hamda taxir oʻtlarni tanovul qilishsin. 9 Qurbonlik goʻshtining suvda qaynatilganini yoki xomini tanovul qilishmasin. Kalla–pocha va ichak–chovoqlarini olovda pishirib yeyishsin. 10 Goʻshtdan ertalabgacha qolmasin. Agar ortib qolsa, ertalabga qoldirmay olovda kuydiringlar. 11 Goʻshtni tanovul qilayotganingizda, shay turinglar. Chorigʻingiz oyogʻingizda, tayogʻingiz qoʻlingizda boʻlsin, tez–tez yenglar. Men, Egangizga bagʻishlangan Fisih qurbonligi shudir.
12 Oʻsha tunda Men Misrning bu boshidan narigi boshigacha oʻtib, insonlarning har bir toʻngʻich oʻgʻillarini ham, chorvaning birinchi erkak bolasini ham oʻldiraman. Men, Egangiz, Misrning hamma xudolariga qarshi hukmni ijro etaman. 13 Eshiklaringizning kesakisiga surtilgan qon yashayotgan uylaringizni belgilaydi. Qonni koʻrib, sizlarni chetlab oʻtaman. Men Misrni jazolaganimda, oʻlat ofatidan sizlar omon qolasizlar.
Xamirturushsiz non bayrami
14 Bu kunni sizlar to abad esda tutishlaringiz lozim. Har yili bu kunni Men, Egangizga atalgan bayram qilib nishonlanglar. Bu bayram avlodlaringiz osha doimiy qonun–qoida boʻlib qolsin. 15 Oʻsha yetti kun davomida xamirturushsiz non tanovul qilinglar. Birinchi kuniyoq uylaringizdagi xamirturushni yoʻqotinglar. Kimki yetti kun davomida xamirturush qoʻshilgan non tanovul qilsa, u Isroil xalqi orasidan yoʻq qilinadi. 16 Bayramning birinchi kuni ham, yettinchi kuni ham butun xalq muqaddas yigʻinga kelishi lozim. Shu kunlari, ovqat tayyorlashdan tashqari, hech qanday ish qilmanglar.
17 Xamirturushsiz non bayramini har yili nishonlaysizlar, chunki aynan oʻsha kuni Men sizlarning oilalaringizni va qabilalaringizni Misrdan olib chiqqanman. Bu bayram avlodlaringiz osha nishonlanib, doimiy qonun–qoida boʻlib qolsin. 18 Birinchi oyning oʻn toʻrtinchi kuni kechqurundan boshlab shu oyning yigirma birinchi kuni kechqurungacha xamirturushsiz non tanovul qilinglar. 19 Uylaringizda oʻsha yetti kun davomida aslo xamirturush boʻlmasin. Kimki xamirturush qoʻshilgan non tanovul qilsa, u asli Isroil naslidanmi, musofirmi, baribir, Isroil xalqining jamoasidan yoʻq qilinadi. 20 Xamirturush qoʻshilgan nonni hech tanovul qilmanglar. Qayerda yashasangizlar ham, xamirturushsiz non tanovul qilinglar.”
Ilk Fisih ziyofati
21 Shundan keyin Muso Isroilning hamma oqsoqollarini chaqirtirib, ularga dedi:
— Har bir xonadonga shunday deb aytinglar: “Oilangiz uchun bittadan qoʻzi yoki uloqcha tanlab olib, Fisih ziyofatiga qurbonlik qilinglar . 22 Keyin issop oʻtidan bir tutam olib, idishdagi qurbonlik qoniga botiringlar. Qonni uylaringiz eshigi kesakisining yonlariga va tepasiga surtinglar. Tonggacha birortangiz uyingizdan chiqmanglar. 23 Chunki Egamiz Misr yurti boʻylab oʻtib, Misrliklarning toʻngʻich oʻgʻillarini nobud qiladi. U eshiklaringizning kesakisidagi qonni koʻrib, uylaringizni chetlab oʻtib ketadi. Azroil uylaringizga kirib, sizlarning toʻngʻich oʻgʻillaringizni nobud qilishiga Egamiz yoʻl qoʻymaydi. 24 Oʻzlaringiz ham, avlodlaringiz ham bu rasm–rusumlarga to abad rioya qilishlaringiz lozim. 25 Egamiz sizlarga beraman, deb vaʼda qilgan yurtga kirganlaringizdan keyin ham, bu udumni nishonlayveringlar. 26 Bolalaringiz sizlardan:
— Bu udumning maʼnosi nima? — deb soʻraganlarida, shunday javob beringlar:
27 — Bu Egamizga bagʻishlangan Fisih qurbonligidir. Egamiz Misrliklarning toʻngʻich oʻgʻillarini halok qilganda, Misrdagi Isroil xalqining uylarini chetlab oʻtib ketdi. Shunday qilib, bizning xonadonlarimizni omon saqlab qoldi.”
Shunda Isroil oqsoqollari egilib, sajda qildi. 28 Soʻngra ular borib, Egamizning Musoga va Horunga bergan amri boʻyicha ish tutdilar.
Oʻninchi falokat: jamiki toʻngʻich erkak zoti nobud boʻladi
29 Egamiz yarim kechasi Misrliklarning jamiki toʻngʻichlarini — taxtda oʻtirgan firʼavnning toʻngʻich oʻgʻlidan tortib, zindonda yotgan asirning toʻngʻich oʻgʻligacha oʻldirdi. Hamma chorvaning birinchi erkak bolasini ham nobud qildi. 30 Oʻsha kecha firʼavn, uning hamma aʼyonlari va butun Misr xalqi uygʻonib ketdi. Butun Misrni qattiq dod–faryod tutdi. Odam nobud boʻlmagan birorta xonadon yoʻq edi. 31 Oʻsha tundayoq firʼavn Muso bilan Horunni chaqirtirib aytdi:
— Oʻzlaringiz ham, Isroil xalqingiz ham yoʻqolinglar! Mening yurtimdan chiqib ketinglar! Oʻzlaringiz aytganingizday, borib Egangizga sajda qilaveringlar. 32 Mol–qoʻylaringizni ham olib ketinglar. Ammo ketayotganingizda, meni duo qilinglar.
33 “Isroil xalqi yurtimizdan tezroq chiqib ketsin, agar chiqib ketmasa, hammamiz oʻlib ketamiz”, deb Misrliklar ularni qistovga oldilar. 34 Shunday qilib, Isroil xalqi kiyim–kechaklariga oʻralgan xamirturush qoʻshilmagan xamir toʻla togʻoralarini olib, yelkalariga ortishdi. 35 Isroil xalqi Musoning aytganini qilib, Misrliklardan oltin va kumush taqinchoqlar, kiyim–kechaklar soʻrab olishdi. 36 Egamiz Misrliklarni shunday qildiki, ular Isroil xalqiga iltifot koʻrsatdilar. Isroil xalqi nima soʻrasa, ular berdilar. Shu yoʻl bilan Isroil xalqi, gʻolib lashkarday, Misrliklarning boyliklarini olib ketdi.
Isroil xalqi Misrdan chiqib ketadi
37 Isroil xalqi Ramzesdan Suxotga qarab yayov yoʻlga chiqdi. Ular 600.000 tacha erkak boʻlib, ayollar va bolalar bu hisobga kirmasdi. 38 Son–sanoqsiz begona xalqlar, koʻplab mol–qoʻylar ham ular bilan birga ketdi. 39 Isroil xalqi Misrdan olib chiqqan xamirturushsiz xamirdan patir non yopdilar. Ular Misrdan shunchalik tez chiqib ketdilarki, yoʻlga yegulik tayyorlagani vaqt topolmagandilar.
40 Isroil xalqi Misrda 430 yil yashadi. 41 430 yilning oxirgi kunida Egamizning xalqiga qarashli boʻlgan hamma qabilalar Misrdan chiqib ketishdi. 42 Oʻsha kuni kechasi Egamiz xalqiga posbonlik qilib, ularni Misrdan olib chiqqan edi. Shu sababdan Isroil xalqi ham avlodlar osha, har yili oʻsha tunni Egamizga bagʻishlab, bayram qilishlari kerak.
Fisih ziyofati toʻgʻrisida qonun–qoidalar
43 Keyin Egamiz Muso bilan Horunga aytdi: “Sizlar rioya qilishingiz lozim boʻlgan Fisih ziyofatining qonun–qoidalari quyidagichadir:

Isroil xalqiga qondosh boʻlmagan odam Fisih taomidan tanovul qilmaydi. 44 Lekin sotib olgan qullaringiz sunnat qilingandan keyin Fisih taomidan tanovul qilsa boʻladi. 45 Musofirlar va mardikorlar ham bu taomdan tanovul qilishmaydi.
46 Taomlar qaysi uyda tayyorlangan boʻlsa, hammasi oʻsha uyda tanovul qilinishi lozim. Tashqariga taom olib chiqilmaydi. Fisih ziyofatiga atab qurbonlik qilingan birorta ham hayvonning suyagi sindirilmaydi.
47 Isroil xalqining butun jamoasi Fisih ziyofatini nishonlaydi. 48 Yonlaringizdagi biror musofir Men, Egangizga bagʻishlangan Fisih ziyofatini nishonlamoqchi boʻlsa, oldin uning xonadonidagi hamma erkaklar sunnat qilinishi lozim. Shundan keyingina Isroil xalqiga mansub boʻlgan odamday, Isroil jamoasiga qoʻshilib, Fisih ziyofatini nishonlaydi. Sunnat qilinmaganlarning hech qaysisi Fisih taomidan tanovul qilishi mumkin emas. 49 Shu yerning tub aholisi uchun ham, oralaringizda yashayotgan musofir uchun ham qonun oʻshadir.”

50 Egamizning Muso va Horun orqali bergan qonun–qoidalarini Isroil xalqi bajardilar. 51 Shunday qilib, oʻsha kuniyoq Egamiz Isroil oilalarini va qabilalarini Misrdan olib chiqdi.
12–БОБ
Фисиҳ зиёфати ва Хамиртурушсиз нон байрами тўғрисида кўрсатмалар
1 Мусо билан Ҳорун Мисрда яшар эканлар, Эгамиз уларга қуйидаги кўрсатмаларни берди:
Фисиҳ зиёфати
2 “Бу ой сизлар учун илк ой — йилнинг биринчи ойи бўлади . 3 Исроил халқининг бутун жамоасига етказинглар: шу ойнинг ўнинчи кунида оила бошлиқлари битта қўзи ёки улоқча танлайди. Буни хонадондагилар тановул қилади. 4 Битта жонлиқ бир оилага кўплик қиладиган бўлса, оила аъзоларининг сони ва бир одам тановул қиладиган гўшт миқдори ҳисоблаб чиқилади. Сўнгра ўша оила жонлиқ гўштини ёнидаги қўшниси билан бўлишади. 5 Нуқсонсиз, бир яшар эркак жонлиқни танлаб олинглар. 6 Биринчи ойнинг ўн тўртинчи куни кечқурунгача қўзиларни алоҳида сақланглар. Сўнгра Исроил халқи жамоасининг ҳар бир хонадони ўзининг қўзисини сўйиши лозим. 7 Сўнг улар қурбонликнинг қонидан олиб, қурбонлик гўшти тановул қилинадиган уйнинг эшиги кесакиси ёнларига ва тепасига суртишсин. 8 Ўша куни кечқурун гўштни оловда пиширишсин ва ўша гўштни, хамиртурушсиз нон ҳамда тахир ўтларни тановул қилишсин. 9 Қурбонлик гўштининг сувда қайнатилганини ёки хомини тановул қилишмасин. Калла–поча ва ичак–човоқларини оловда пишириб ейишсин. 10 Гўштдан эрталабгача қолмасин. Агар ортиб қолса, эрталабга қолдирмай оловда куйдиринглар. 11 Гўштни тановул қилаётганингизда, шай туринглар. Чориғингиз оёғингизда, таёғингиз қўлингизда бўлсин, тез–тез енглар. Мен, Эгангизга бағишланган Фисиҳ қурбонлиги шудир.
12 Ўша тунда Мен Мисрнинг бу бошидан нариги бошигача ўтиб, инсонларнинг ҳар бир тўнғич ўғилларини ҳам, чорванинг биринчи эркак боласини ҳам ўлдираман. Мен, Эгангиз, Мисрнинг ҳамма худоларига қарши ҳукмни ижро этаман. 13 Эшикларингизнинг кесакисига суртилган қон яшаётган уйларингизни белгилайди. Қонни кўриб, сизларни четлаб ўтаман. Мен Мисрни жазолаганимда, ўлат офатидан сизлар омон қоласизлар.
Хамиртурушсиз нон байрами
14 Бу кунни сизлар то абад эсда тутишларингиз лозим. Ҳар йили бу кунни Мен, Эгангизга аталган байрам қилиб нишонланглар. Бу байрам авлодларингиз оша доимий қонун–қоида бўлиб қолсин. 15 Ўша етти кун давомида хамиртурушсиз нон тановул қилинглар. Биринчи куниёқ уйларингиздаги хамиртурушни йўқотинглар. Кимки етти кун давомида хамиртуруш қўшилган нон тановул қилса, у Исроил халқи орасидан йўқ қилинади. 16 Байрамнинг биринчи куни ҳам, еттинчи куни ҳам бутун халқ муқаддас йиғинга келиши лозим. Шу кунлари, овқат тайёрлашдан ташқари, ҳеч қандай иш қилманглар.
17 Хамиртурушсиз нон байрамини ҳар йили нишонлайсизлар, чунки айнан ўша куни Мен сизларнинг оилаларингизни ва қабилаларингизни Мисрдан олиб чиққанман. Бу байрам авлодларингиз оша нишонланиб, доимий қонун–қоида бўлиб қолсин. 18 Биринчи ойнинг ўн тўртинчи куни кечқурундан бошлаб шу ойнинг йигирма биринчи куни кечқурунгача хамиртурушсиз нон тановул қилинглар. 19 Уйларингизда ўша етти кун давомида асло хамиртуруш бўлмасин. Кимки хамиртуруш қўшилган нон тановул қилса, у асли Исроил наслиданми, мусофирми, барибир, Исроил халқининг жамоасидан йўқ қилинади. 20 Хамиртуруш қўшилган нонни ҳеч тановул қилманглар. Қаерда яшасангизлар ҳам, хамиртурушсиз нон тановул қилинглар.”
Илк Фисиҳ зиёфати
21 Шундан кейин Мусо Исроилнинг ҳамма оқсоқолларини чақиртириб, уларга деди:
— Ҳар бир хонадонга шундай деб айтинглар: “Оилангиз учун биттадан қўзи ёки улоқча танлаб олиб, Фисиҳ зиёфатига қурбонлик қилинглар . 22 Кейин иссоп ўтидан бир тутам олиб, идишдаги қурбонлик қонига ботиринглар. Қонни уйларингиз эшиги кесакисининг ёнларига ва тепасига суртинглар. Тонггача бирортангиз уйингиздан чиқманглар. 23 Чунки Эгамиз Миср юрти бўйлаб ўтиб, Мисрликларнинг тўнғич ўғилларини нобуд қилади. У эшикларингизнинг кесакисидаги қонни кўриб, уйларингизни четлаб ўтиб кетади. Азроил уйларингизга кириб, сизларнинг тўнғич ўғилларингизни нобуд қилишига Эгамиз йўл қўймайди. 24 Ўзларингиз ҳам, авлодларингиз ҳам бу расм–русумларга то абад риоя қилишларингиз лозим. 25 Эгамиз сизларга бераман, деб ваъда қилган юртга кирганларингиздан кейин ҳам, бу удумни нишонлайверинглар. 26 Болаларингиз сизлардан:
— Бу удумнинг маъноси нима? — деб сўраганларида, шундай жавоб беринглар:
27 — Бу Эгамизга бағишланган Фисиҳ қурбонлигидир. Эгамиз Мисрликларнинг тўнғич ўғилларини ҳалок қилганда, Мисрдаги Исроил халқининг уйларини четлаб ўтиб кетди. Шундай қилиб, бизнинг хонадонларимизни омон сақлаб қолди.”
Шунда Исроил оқсоқоллари эгилиб, сажда қилди. 28 Сўнгра улар бориб, Эгамизнинг Мусога ва Ҳорунга берган амри бўйича иш тутдилар.
Ўнинчи фалокат: жамики тўнғич эркак зоти нобуд бўлади
29 Эгамиз ярим кечаси Мисрликларнинг жамики тўнғичларини — тахтда ўтирган фиръавннинг тўнғич ўғлидан тортиб, зиндонда ётган асирнинг тўнғич ўғлигача ўлдирди. Ҳамма чорванинг биринчи эркак боласини ҳам нобуд қилди. 30 Ўша кеча фиръавн, унинг ҳамма аъёнлари ва бутун Миср халқи уйғониб кетди. Бутун Мисрни қаттиқ дод–фарёд тутди. Одам нобуд бўлмаган бирорта хонадон йўқ эди. 31 Ўша тундаёқ фиръавн Мусо билан Ҳорунни чақиртириб айтди:
— Ўзларингиз ҳам, Исроил халқингиз ҳам йўқолинглар! Менинг юртимдан чиқиб кетинглар! Ўзларингиз айтганингиздай, бориб Эгангизга сажда қилаверинглар. 32 Мол–қўйларингизни ҳам олиб кетинглар. Аммо кетаётганингизда, мени дуо қилинглар.
33 “Исроил халқи юртимиздан тезроқ чиқиб кетсин, агар чиқиб кетмаса, ҳаммамиз ўлиб кетамиз”, деб Мисрликлар уларни қистовга олдилар. 34 Шундай қилиб, Исроил халқи кийим–кечакларига ўралган хамиртуруш қўшилмаган хамир тўла тоғораларини олиб, елкаларига ортишди. 35 Исроил халқи Мусонинг айтганини қилиб, Мисрликлардан олтин ва кумуш тақинчоқлар, кийим–кечаклар сўраб олишди. 36 Эгамиз Мисрликларни шундай қилдики, улар Исроил халқига илтифот кўрсатдилар. Исроил халқи нима сўраса, улар бердилар. Шу йўл билан Исроил халқи, ғолиб лашкардай, Мисрликларнинг бойликларини олиб кетди.
Исроил халқи Мисрдан чиқиб кетади
37 Исроил халқи Рамзесдан Сухотга қараб яёв йўлга чиқди. Улар 600.000 тача эркак бўлиб, аёллар ва болалар бу ҳисобга кирмасди. 38 Сон–саноқсиз бегона халқлар, кўплаб мол–қўйлар ҳам улар билан бирга кетди. 39 Исроил халқи Мисрдан олиб чиққан хамиртурушсиз хамирдан патир нон ёпдилар. Улар Мисрдан шунчалик тез чиқиб кетдиларки, йўлга егулик тайёрлагани вақт тополмагандилар.
40 Исроил халқи Мисрда 430 йил яшади. 41 430 йилнинг охирги кунида Эгамизнинг халқига қарашли бўлган ҳамма қабилалар Мисрдан чиқиб кетишди. 42 Ўша куни кечаси Эгамиз халқига посбонлик қилиб, уларни Мисрдан олиб чиққан эди. Шу сабабдан Исроил халқи ҳам авлодлар оша, ҳар йили ўша тунни Эгамизга бағишлаб, байрам қилишлари керак.
Фисиҳ зиёфати тўғрисида қонун–қоидалар
43 Кейин Эгамиз Мусо билан Ҳорунга айтди: “Сизлар риоя қилишингиз лозим бўлган Фисиҳ зиёфатининг қонун–қоидалари қуйидагичадир:

Исроил халқига қондош бўлмаган одам Фисиҳ таомидан тановул қилмайди. 44 Лекин сотиб олган қулларингиз суннат қилингандан кейин Фисиҳ таомидан тановул қилса бўлади. 45 Мусофирлар ва мардикорлар ҳам бу таомдан тановул қилишмайди.
46 Таомлар қайси уйда тайёрланган бўлса, ҳаммаси ўша уйда тановул қилиниши лозим. Ташқарига таом олиб чиқилмайди. Фисиҳ зиёфатига атаб қурбонлик қилинган бирорта ҳам ҳайвоннинг суяги синдирилмайди.
47 Исроил халқининг бутун жамоаси Фисиҳ зиёфатини нишонлайди. 48 Ёнларингиздаги бирор мусофир Мен, Эгангизга бағишланган Фисиҳ зиёфатини нишонламоқчи бўлса, олдин унинг хонадонидаги ҳамма эркаклар суннат қилиниши лозим. Шундан кейингина Исроил халқига мансуб бўлган одамдай, Исроил жамоасига қўшилиб, Фисиҳ зиёфатини нишонлайди. Суннат қилинмаганларнинг ҳеч қайсиси Фисиҳ таомидан тановул қилиши мумкин эмас. 49 Шу ернинг туб аҳолиси учун ҳам, ораларингизда яшаётган мусофир учун ҳам қонун ўшадир.”

50 Эгамизнинг Мусо ва Ҳорун орқали берган қонун–қоидаларини Исроил халқи бажардилар. 51 Шундай қилиб, ўша куниёқ Эгамиз Исроил оилаларини ва қабилаларини Мисрдан олиб чиқди.