1–BOB
Shoh Dovud keksayadi
1 Shoh Dovud ancha qarib qoldi . Uni koʻrpa–toʻshaklar bilan oʻrab tashlashsa ham, hech isimas edi. 2 Shunda aʼyonlari Dovudga aytishdi:
— Hazrati oliylari uchun yosh, bokira qiz qidirib topsak. Oʻsha qiz shohimiz oldida boʻlsin, parvarish qilsin, shohimizning quchogʻida yotsin. Ana shunda shoh hazratlari isiydilar.
3 Shunday qilib, butun Isroil hududi boʻylab chiroyli, boʻyi yetgan qizni qidirdilar. Nihoyat, Shunamlik Obisha ismli qizni topib, shoh huzuriga olib kelishdi. 4 Qiz gʻoyatda goʻzal edi. U shohni parvarish qilib, uning xizmatida boʻldi. Lekin shoh qizga yaqinlashmadi.
Odoniyo taxtga daʼvogar boʻladi
5 Absalom vafot etgandan keyin, Xaggitning Dovuddan koʻrgan oʻgʻli Odoniyo “Men shoh boʻlaman” , deb oʻzini juda katta tutadigan boʻlib qoldi. U oʻziga jang aravalari, chavandozlar va ellikta qoʻriqchi oldi. 6 Otasi esa “Nima uchun sen bunday qilyapsan?” deb hech qachon uni tergamadi. Odoniyo Absalomdan keyingisi boʻlib, juda chiroyli yigit edi. 7 U Zeruya oʻgʻli Yoʻab va ruhoniy Abuatarga maslahat soldi. Ikkovi ham Odoniyo tarafiga oʻtdilar. 8 Lekin ruhoniy Zodoʻx, Yohayido oʻgʻli Binayo, Natan paygʻambar, Shimax, Rey va Dovudning qoʻriqchilari Odoniyo tomonga oʻtmadilar. 9 Odoniyo En–Roʻgʻol bulogʻi boʻyidagi Zoʻxalat toshi yonida qoʻy, buqa va boqilgan buzoqlarni qurbonlik qilib, hamma aka–ukalarini — shoh oʻgʻillarini, shohga qarashli barcha Yahudo aʼyonlarini taklif qildi . 10 Natan paygʻambarni, Binayoni, shohning qoʻriqchilarini, ukasi Sulaymonni esa taklif qilmadi.
Sulaymon taxtga oʻtiradi
11 Shundan soʻng Natan Sulaymonning onasi Botshevaga dedi:
— Xaggitning oʻgʻli Odoniyo oʻzini oʻzi shoh qilganini, Dovud hazratlari esa bu ahvoldan bexabar ekanini eshitmadingmi? 12 Endi men senga shunday maslahat beraman: sen oʻzingning va oʻgʻling Sulaymonning hayotini qutqar. 13 Shoh Dovud saroyiga borib, uning huzuriga kirgin. Shohga shunday deb ayt: “Shoh hazratlari bu choʻrisiga, oʻgʻling Sulaymon shoh boʻladi, mendan keyin taxtga u oʻtiradi, deb vaʼda bermaganmidilar?! Nimaga endi Odoniyo shoh boʻlib qoldi?” 14 Sen u yerda shoh bilan suhbatni davom ettirayotganingda, men orqangdan kirib, sening gapingni qoʻllab–quvvatlayman.
15 Botsheva borib, shoh Dovudning xonasiga kirdi: shoh juda munkillab qolgan, Shunamlik Obisha esa uning xizmatini qilayotgan edi. 16 Botsheva shohga egilib taʼzim qildi.
— Tila tilagingni, — dedi shoh. 17 Botsheva unga dedi:
— Shoh hazratlari! Bu choʻringizga oʻz Egangiz Xudo nomi bilan ont ichib “Mendan keyin oʻgʻling Sulaymon shoh boʻladi, mendan keyin taxtga u oʻtiradi”, deb vaʼda bergan edingiz–ku. 18 Endi esa Odoniyo shoh boʻlib qolibdi. Shoh hazratlari esa bu haqda hech narsa bilmaydilar. 19 U bir talay buqa, boqilgan buzoq va qoʻylar soʻyib, shohimizning hamma oʻgʻillarini, ruhoniy Abuatarni, lashkarboshi Yoʻabni taklif qilibdi. Qulingiz Sulaymonni esa taklif qilmabdi. 20 Shoh hazratlari! Jamiki Isroil xalqining koʻzlari sizga qadalgan, oʻzingizdan keyin taxtga kim oʻtirishini siz eʼlon qilishingizni kutishyapti. 21 Aks holda, shoh hazratlari olamdan oʻtib, ota–bobolari yoniga ketganlarida, men va oʻgʻlim Sulaymon xiyonatkorday boʻlib qolamiz.
22 Botsheva shoh bilan gaplashayotganda, Natan paygʻambar yetib keldi. 23 Shunda shohga: “Natan paygʻambar shu yerdalar, sizni koʻrmoqchilar”, deb xabar berishdi. Natan shoh huzuriga kirdi–yu, yer oʻpib unga taʼzim qildi. Botsheva esa chiqib ketdi. 24 Keyin Natan shohga dedi:
— Shoh hazratlari! Siz “Mendan keyin Odoniyo shoh boʻladi, mendan keyin taxtga u oʻtiradi”, deb aytgan edingizmi? 25 U bugun chiqiboq bir talay buqa, boqilgan buzoq, qoʻylar soʻyib, shohning hamma oʻgʻillarini, qoʻshiningizning lashkarboshilarini va ruhoniy Abuatarni taklif qildi. Hammalari Odoniyoning huzurida yeb–ichib oʻtirishibdi, “Yashasin shoh Odoniyo!” deb baqirishyapti. 26 Men, qulingizni, ruhoniy Zodoʻxni, Yohayido oʻgʻli Binayoni va qulingiz Sulaymonni esa taklif qilmadi. 27 Bularning hammasi shoh hazratlarining xohishiga koʻra boʻldimi? Shoh hazratlari oʻzlaridan keyin taxtga kim oʻtirishi haqida biz, qullariga nega ayon qilmadilar?
28 Shunda Dovud: “Botshevani menga chaqiringlar!” — dedi. Botsheva kirib, shoh qarshisida turdi. Natan chiqib ketdi. 29 Shoh ont ichib Botshevaga aytdi:
— Meni har qanday balolardan doimo saqlab kelgan Xudoyim shohid! 30 Men Isroil xalqining Xudosi — Egamiz nomi bilan ont ichib, senga “Oʻgʻling Sulaymon shoh boʻladi, mendan keyin taxtga u oʻtiradi”, deb vaʼda bergan edim. Oʻsha ontimni bugun ado etaman.
31 Botsheva yer oʻpib, shohga taʼzim qildi:
— Shohimiz Dovud hazratlari dunyo turguncha tursinlar!
32 — Ruhoniy Zodoʻxni, Natan paygʻambarni, Yohayido oʻgʻli Binayoni mening huzurimga taklif qilinglar! — dedi shoh Dovud. Ular shoh huzuriga kirib keldilar. 33 Shundan soʻng shoh ularga:
— Yoningizga shohingizning qoʻriqchilarini olinglar, — dedi. — Oʻgʻlim Sulaymonni mening xachirimga oʻtqazib, Gixoʻn bulogʻiga olib boringlar. 34 U yerda ruhoniy Zodoʻx va Natan paygʻambar Sulaymonning boshiga moy surtib, uni Isroil shohi qilsinlar. Keyin burgʻu chalib, baland ovoz bilan: “Yashasin shoh Sulaymon!” deb aytinglar. 35 Soʻng uning orqasidan qaytib kelinglar. U kelgach, mening taxtimga oʻtirsin, mening oʻrnimga shoh boʻlsin. Men uni Isroil va Yahudoning hukmdori qilib tayinladim.
36 Binayo shohga qarata:
— Omin! Shohimiz hazratlarining Xudosi — Egamizning amri ham shunday boʻlsin! — dedi. 37 — Egamiz doimo shoh hazratlari bilan boʻlgan edi. Bundan keyin U Sulaymonga yor boʻlsin, Sulaymonning taxtini shohimiz Dovud hazratlari taxtidan ham yuksak qilsin.
38 Ruhoniy Zodoʻx, Natan paygʻambar, Yohayido oʻgʻli Binayo, shohning Xaretlik va Palatlik qoʻriqchilari Sulaymonni shoh Dovudning xachiriga oʻtqazib joʻnadilar. Nihoyat, uni Gixoʻn bulogʻiga olib keldilar. 39 Ruhoniy Zodoʻx chodirdan olib kelgan moy solingan qoʻchqor shoxini olib chiqdi va Sulaymonning boshiga moy surtdi. Keyin burgʻu chaldilar. Shunda butun xalq: “Yashasin shoh Sulaymon!” deb qichqirdi. 40 Xalq Sulaymonga ergashib, nay chalib, oʻyin–kulgi qilib ketdi. Xalqning qiyqirigʻidan goʻyo yer titrab ketdi.
41 Odoniyo va hamma taklif qilinganlar taomni yeb boʻlar–boʻlmas, shovqin–suronni eshitib qoldilar. Yoʻab burgʻu ovozini eshitib: “Nimaga bunchalik shovqin? Shaharni larzaga keltiradi–ya”, — dedi. 42 U gapini tugatmagan ham ediki, ruhoniy Abuatarning oʻgʻli Yoʻnatan kirib keldi.
— Kel, — dedi Odoniyo unga, — sen ulugʻ odamsan, yaxshi xabar olib kelyapsan–ov.
43 — Yoʻq, shohimiz Dovud hazratlari Sulaymonni shoh qilib koʻtardilar, — deb javob berdi Yoʻnatan. 44 — Shoh Dovud u bilan birga ruhoniy Zodoʻxni va Natan paygʻambarni, Binayoni, oʻzining Xaretlik va Palatlik qoʻriqchilarini joʻnatdi. Ular Sulaymonni shohning xachiriga oʻtqazishdi. 45 Ruhoniy Zodoʻx va Natan paygʻambar Gixoʻn bulogʻida Sulaymonning boshiga moy surtib, uni shoh qildilar. U yerdan shod–xurram boʻlib qaytib kelishdi. Shuning uchun shahar ola–gʻovur boʻlib qoldi. Sizlar eshitayotgan shovqin–suronning boisi shudir. 46 Sulaymon shohlik taxtiga oʻtiribdi. 47 Shohning aʼyonlari Dovud hazratlarini tabriklash uchun kelib shunday deyishdi: “Sulaymonning nomini Xudoyingiz sizning nomingizdan ham koʻproq ulugʻlasin, uning taxtini sizning taxtingizdan ham yuksaltirsin.” Shoh esa toʻshagida yotganicha Xudoga sajda qilib, 48 shunday dedi: “Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar boʻlsin! U bugun koʻzlarim ochiqligida zurriyotimdan bittasini taxtga oʻtqazdi.”
49 Odoniyoning mehmonlari qoʻrquv ichida oʻrinlaridan turib, hammasi har yoqqa tarqalib ketdilar. 50 Odoniyo ham Sulaymondan qoʻrqqanidan oʻrnidan turdi–yu, qochib borib, qurbongohning burchagidan mahkam ushlab oldi .
51 Sulaymonga shu xabarni olib keldilar: “Odoniyo shoh Sulaymondan qoʻrqyapti, u qurbongohning burchagini mahkam ushlab olib, Sulaymon, bu qulimni oʻldirmayman, deb oldin menga soʻz bersin, deyapti.”
52 — Agar u menga sodiq boʻlsa, — dedi Sulaymon, — boshidagi bir tola sochiga ham zarar yetmaydi. Bordi–yu, koʻnglida yomonlik boʻlsa, boshini olaman.
53 Shoh Sulaymon odam yuborib, Odoniyoni qurbongohdan oldirib keldi. Odoniyo kelib, shoh Sulaymonga taʼzim qildi. Shundan soʻng Sulaymon: “Bor, uyingga joʻna!” — dedi unga.
1–БОБ
Шоҳ Довуд кексаяди
1 Шоҳ Довуд анча қариб қолди . Уни кўрпа–тўшаклар билан ўраб ташлашса ҳам, ҳеч исимас эди. 2 Шунда аъёнлари Довудга айтишди:
— Ҳазрати олийлари учун ёш, бокира қиз қидириб топсак. Ўша қиз шоҳимиз олдида бўлсин, парвариш қилсин, шоҳимизнинг қучоғида ётсин. Ана шунда шоҳ ҳазратлари исийдилар.
3 Шундай қилиб, бутун Исроил ҳудуди бўйлаб чиройли, бўйи етган қизни қидирдилар. Ниҳоят, Шунамлик Обиша исмли қизни топиб, шоҳ ҳузурига олиб келишди. 4 Қиз ғоятда гўзал эди. У шоҳни парвариш қилиб, унинг хизматида бўлди. Лекин шоҳ қизга яқинлашмади.
Одониё тахтга даъвогар бўлади
5 Абсалом вафот этгандан кейин, Хаггитнинг Довуддан кўрган ўғли Одониё “Мен шоҳ бўламан” , деб ўзини жуда катта тутадиган бўлиб қолди. У ўзига жанг аравалари, чавандозлар ва элликта қўриқчи олди. 6 Отаси эса “Нима учун сен бундай қиляпсан?” деб ҳеч қачон уни тергамади. Одониё Абсаломдан кейингиси бўлиб, жуда чиройли йигит эди. 7 У Зеруя ўғли Йўаб ва руҳоний Абуатарга маслаҳат солди. Иккови ҳам Одониё тарафига ўтдилар. 8 Лекин руҳоний Зодўх, Ёҳайидо ўғли Бинаё, Натан пайғамбар, Шимах, Рей ва Довуднинг қўриқчилари Одониё томонга ўтмадилар. 9 Одониё Эн–Рўғол булоғи бўйидаги Зўхалат тоши ёнида қўй, буқа ва боқилган бузоқларни қурбонлик қилиб, ҳамма ака–укаларини — шоҳ ўғилларини, шоҳга қарашли барча Яҳудо аъёнларини таклиф қилди . 10 Натан пайғамбарни, Бинаёни, шоҳнинг қўриқчиларини, укаси Сулаймонни эса таклиф қилмади.
Сулаймон тахтга ўтиради
11 Шундан сўнг Натан Сулаймоннинг онаси Ботшевага деди:
— Хаггитнинг ўғли Одониё ўзини ўзи шоҳ қилганини, Довуд ҳазратлари эса бу аҳволдан бехабар эканини эшитмадингми? 12 Энди мен сенга шундай маслаҳат бераман: сен ўзингнинг ва ўғлинг Сулаймоннинг ҳаётини қутқар. 13 Шоҳ Довуд саройига бориб, унинг ҳузурига киргин. Шоҳга шундай деб айт: “Шоҳ ҳазратлари бу чўрисига, ўғлинг Сулаймон шоҳ бўлади, мендан кейин тахтга у ўтиради, деб ваъда бермаганмидилар?! Нимага энди Одониё шоҳ бўлиб қолди?” 14 Сен у ерда шоҳ билан суҳбатни давом эттираётганингда, мен орқангдан кириб, сенинг гапингни қўллаб–қувватлайман.
15 Ботшева бориб, шоҳ Довуднинг хонасига кирди: шоҳ жуда мункиллаб қолган, Шунамлик Обиша эса унинг хизматини қилаётган эди. 16 Ботшева шоҳга эгилиб таъзим қилди.
— Тила тилагингни, — деди шоҳ. 17 Ботшева унга деди:
— Шоҳ ҳазратлари! Бу чўрингизга ўз Эгангиз Худо номи билан онт ичиб “Мендан кейин ўғлинг Сулаймон шоҳ бўлади, мендан кейин тахтга у ўтиради”, деб ваъда берган эдингиз–ку. 18 Энди эса Одониё шоҳ бўлиб қолибди. Шоҳ ҳазратлари эса бу ҳақда ҳеч нарса билмайдилар. 19 У бир талай буқа, боқилган бузоқ ва қўйлар сўйиб, шоҳимизнинг ҳамма ўғилларини, руҳоний Абуатарни, лашкарбоши Йўабни таклиф қилибди. Қулингиз Сулаймонни эса таклиф қилмабди. 20 Шоҳ ҳазратлари! Жамики Исроил халқининг кўзлари сизга қадалган, ўзингиздан кейин тахтга ким ўтиришини сиз эълон қилишингизни кутишяпти. 21 Акс ҳолда, шоҳ ҳазратлари оламдан ўтиб, ота–боболари ёнига кетганларида, мен ва ўғлим Сулаймон хиёнаткордай бўлиб қоламиз.
22 Ботшева шоҳ билан гаплашаётганда, Натан пайғамбар етиб келди. 23 Шунда шоҳга: “Натан пайғамбар шу ердалар, сизни кўрмоқчилар”, деб хабар беришди. Натан шоҳ ҳузурига кирди–ю, ер ўпиб унга таъзим қилди. Ботшева эса чиқиб кетди. 24 Кейин Натан шоҳга деди:
— Шоҳ ҳазратлари! Сиз “Мендан кейин Одониё шоҳ бўлади, мендан кейин тахтга у ўтиради”, деб айтган эдингизми? 25 У бугун чиқибоқ бир талай буқа, боқилган бузоқ, қўйлар сўйиб, шоҳнинг ҳамма ўғилларини, қўшинингизнинг лашкарбошиларини ва руҳоний Абуатарни таклиф қилди. Ҳаммалари Одониёнинг ҳузурида еб–ичиб ўтиришибди, “Яшасин шоҳ Одониё!” деб бақиришяпти. 26 Мен, қулингизни, руҳоний Зодўхни, Ёҳайидо ўғли Бинаёни ва қулингиз Сулаймонни эса таклиф қилмади. 27 Буларнинг ҳаммаси шоҳ ҳазратларининг хоҳишига кўра бўлдими? Шоҳ ҳазратлари ўзларидан кейин тахтга ким ўтириши ҳақида биз, қулларига нега аён қилмадилар?
28 Шунда Довуд: “Ботшевани менга чақиринглар!” — деди. Ботшева кириб, шоҳ қаршисида турди. Натан чиқиб кетди. 29 Шоҳ онт ичиб Ботшевага айтди:
— Мени ҳар қандай балолардан доимо сақлаб келган Худойим шоҳид! 30 Мен Исроил халқининг Худоси — Эгамиз номи билан онт ичиб, сенга “Ўғлинг Сулаймон шоҳ бўлади, мендан кейин тахтга у ўтиради”, деб ваъда берган эдим. Ўша онтимни бугун адо этаман.
31 Ботшева ер ўпиб, шоҳга таъзим қилди:
— Шоҳимиз Довуд ҳазратлари дунё тургунча турсинлар!
32 — Руҳоний Зодўхни, Натан пайғамбарни, Ёҳайидо ўғли Бинаёни менинг ҳузуримга таклиф қилинглар! — деди шоҳ Довуд. Улар шоҳ ҳузурига кириб келдилар. 33 Шундан сўнг шоҳ уларга:
— Ёнингизга шоҳингизнинг қўриқчиларини олинглар, — деди. — Ўғлим Сулаймонни менинг хачиримга ўтқазиб, Гихўн булоғига олиб боринглар. 34 У ерда руҳоний Зодўх ва Натан пайғамбар Сулаймоннинг бошига мой суртиб, уни Исроил шоҳи қилсинлар. Кейин бурғу чалиб, баланд овоз билан: “Яшасин шоҳ Сулаймон!” деб айтинглар. 35 Сўнг унинг орқасидан қайтиб келинглар. У келгач, менинг тахтимга ўтирсин, менинг ўрнимга шоҳ бўлсин. Мен уни Исроил ва Яҳудонинг ҳукмдори қилиб тайинладим.
36 Бинаё шоҳга қарата:
— Омин! Шоҳимиз ҳазратларининг Худоси — Эгамизнинг амри ҳам шундай бўлсин! — деди. 37 — Эгамиз доимо шоҳ ҳазратлари билан бўлган эди. Бундан кейин У Сулаймонга ёр бўлсин, Сулаймоннинг тахтини шоҳимиз Довуд ҳазратлари тахтидан ҳам юксак қилсин.
38 Руҳоний Зодўх, Натан пайғамбар, Ёҳайидо ўғли Бинаё, шоҳнинг Харетлик ва Палатлик қўриқчилари Сулаймонни шоҳ Довуднинг хачирига ўтқазиб жўнадилар. Ниҳоят, уни Гихўн булоғига олиб келдилар. 39 Руҳоний Зодўх чодирдан олиб келган мой солинган қўчқор шохини олиб чиқди ва Сулаймоннинг бошига мой суртди. Кейин бурғу чалдилар. Шунда бутун халқ: “Яшасин шоҳ Сулаймон!” деб қичқирди. 40 Халқ Сулаймонга эргашиб, най чалиб, ўйин–кулги қилиб кетди. Халқнинг қийқириғидан гўё ер титраб кетди.
41 Одониё ва ҳамма таклиф қилинганлар таомни еб бўлар–бўлмас, шовқин–суронни эшитиб қолдилар. Йўаб бурғу овозини эшитиб: “Нимага бунчалик шовқин? Шаҳарни ларзага келтиради–я”, — деди. 42 У гапини тугатмаган ҳам эдики, руҳоний Абуатарнинг ўғли Йўнатан кириб келди.
— Кел, — деди Одониё унга, — сен улуғ одамсан, яхши хабар олиб келяпсан–ов.
43 — Йўқ, шоҳимиз Довуд ҳазратлари Сулаймонни шоҳ қилиб кўтардилар, — деб жавоб берди Йўнатан. 44 — Шоҳ Довуд у билан бирга руҳоний Зодўхни ва Натан пайғамбарни, Бинаёни, ўзининг Харетлик ва Палатлик қўриқчиларини жўнатди. Улар Сулаймонни шоҳнинг хачирига ўтқазишди. 45 Руҳоний Зодўх ва Натан пайғамбар Гихўн булоғида Сулаймоннинг бошига мой суртиб, уни шоҳ қилдилар. У ердан шод–хуррам бўлиб қайтиб келишди. Шунинг учун шаҳар ола–ғовур бўлиб қолди. Сизлар эшитаётган шовқин–суроннинг боиси шудир. 46 Сулаймон шоҳлик тахтига ўтирибди. 47 Шоҳнинг аъёнлари Довуд ҳазратларини табриклаш учун келиб шундай дейишди: “Сулаймоннинг номини Худойингиз сизнинг номингиздан ҳам кўпроқ улуғласин, унинг тахтини сизнинг тахтингиздан ҳам юксалтирсин.” Шоҳ эса тўшагида ётганича Худога сажда қилиб, 48 шундай деди: “Исроил халқининг Худоси — Эгамизга ҳамду санолар бўлсин! У бугун кўзларим очиқлигида зурриётимдан биттасини тахтга ўтқазди.”
49 Одониёнинг меҳмонлари қўрқув ичида ўринларидан туриб, ҳаммаси ҳар ёққа тарқалиб кетдилар. 50 Одониё ҳам Сулаймондан қўрққанидан ўрнидан турди–ю, қочиб бориб, қурбонгоҳнинг бурчагидан маҳкам ушлаб олди .
51 Сулаймонга шу хабарни олиб келдилар: “Одониё шоҳ Сулаймондан қўрқяпти, у қурбонгоҳнинг бурчагини маҳкам ушлаб олиб, Сулаймон, бу қулимни ўлдирмайман, деб олдин менга сўз берсин, деяпти.”
52 — Агар у менга содиқ бўлса, — деди Сулаймон, — бошидаги бир тола сочига ҳам зарар етмайди. Борди–ю, кўнглида ёмонлик бўлса, бошини оламан.
53 Шоҳ Сулаймон одам юбориб, Одониёни қурбонгоҳдан олдириб келди. Одониё келиб, шоҳ Сулаймонга таъзим қилди. Шундан сўнг Сулаймон: “Бор, уйингга жўна!” — деди унга.