11–BOB
Sulaymon Xudodan yuz oʻgiradi
1 Shoh Sulaymon firʼavnning qizidan boshqa yana Moʻablik, Ommonlik, Edomlik, Sidonlik va Xet xalqidan koʻpgina ajnabiy ayollarga koʻngil qoʻydi. 2 Egamiz Isroil xalqiga bu xalqlar haqida gapirib, shunday degan edi: “Ularga qiz bermanglar ham, qiz olmanglar ham. Aks holda, ular koʻnglingizni oʻz xudolariga rom qilib qoʻyadilar.” Sulaymon esa oʻsha ayollarga shahvat bilan yopishdi. 3 Uning yetti yuzta xotini shohlar qizlaridan boʻlib, uch yuzta kanizagi ham bor edi. Xotinlari sababli shoh begona xudolarga yuz burdi. 4 Oxiri shunday boʻldiki, keksaygan chogʻida shohning koʻngli xotinlari tufayli begona xudolarga moyil boʻldi. Dovud oʻzining Egasi Xudoga chin yurakdan bogʻlangan edi, Sulaymon esa otasiga oʻxshamadi. 5 Shunday qilib, Sulaymon Sidon aholisining xudosi Ashtaret, Ommon xalqining makruh xudosi Moʻlaxga sajda qila boshladi. 6 Sulaymon Egamiz oldida qabihliklar qildi. Otasi Dovud Egamizga sodiq qolgan boʻlsa, Sulaymon unday qilmadi. 7 Quddusning sharqidagi tepalikda Moʻab xalqining makruh xudosi Xamoʻshga va Ommon xalqining makruh xudosi Moʻlaxga sajdagoh qurdi. 8 Hamma ajnabiy xotinlari oʻz xudolariga tutatqi tutatib, qurbonliklar keltirishlari uchun shunday qildi.
9-10 Isroil xalqining Xudosi — Egamiz ikki marta Sulaymonga zohir boʻlgan edi. Shunga qaramay Sulaymon Egamizdan yuz oʻgirdi. Egamizning, begona xudolarga ergashma degan amrini bajo qilmadi. Shuning uchun Egamiz Sulaymondan qattiq gʻazablandi. 11 Egamiz Sulaymonga dedi:
— Modomiki, Sen bilan qilgan ahdimni va senga amr qilgan farmonlarimni bila turib bajarmagan ekansan, Men endi shohlikni sendan tortib olaman va tobe odamlaringdan biriga beraman. 12 Lekin otang Dovudning haqi–hurmati uchun bu ishni sen hayotligingda qilmayman. Shohlikni oʻgʻlingning qoʻlidan tortib olaman. 13 Shunda ham shohlikning hammasini tortib olmayman, qulim Dovudning haqi–hurmati uchun, Oʻzim tanlab olgan Quddus haqi–hurmati uchun bitta qabilani sening oʻgʻlingga qoldiraman.
Sulaymonning dushmanlari
14 Egamiz Sulaymonga Edomlik Hadadni dushman qilib qoʻydi. U Edom shohlari naslidan edi. 15 Ancha oldin Dovud Edomliklar bilan urush qilgan edi. Oʻsha jangda Isroil xalqidan halok boʻlganlarni dafn qilish uchun lashkarboshi Yoʻab Edomga bordi. 16 Isroil lashkari va Yoʻab Edomdagi erkak zotini bitta qoʻymay qirib tashlagunga qadar, olti oy u yerda qolgan edilar. 17 Shunda Hadadga va uning otasiga xizmat qilgan baʼzi Edomliklar Misrga qochib ketishgan edi. Oʻsha paytda Hadad kichkina bola edi. 18 Ular Midiyondan joʻnab, Poronga yetib kelishdi. Porondan ham odamlar ularga qoʻshildilar. Keyin Misrga — Misr shohi firʼavn huzuriga yetib kelishdi. Firʼavn Hadadga uy berdi, oziq–ovqat tayin etdi, yer berdi. 19 Hadad firʼavnning hurmatini qozondi. Firʼavn Hadadga qayinsinglisini — malika Taxpanasning singlisini nikohlab berdi. 20 Xotini Hadadga oʻgʻli Ganuvatni tugʻib berdi. Taxpanas bolani firʼavn xonadonida tarbiya qila boshladi. Ganuvat firʼavn xonadonida uning oʻgʻillari qatorida ulgʻaydi. 21 Hadad Misrda: “Dovud olamdan oʻtibdi, lashkarboshi Yoʻab ham vafot etibdi” degan xabarni eshitgach, firʼavnga dedi:
— Menga ijozat bersalar, oʻz yurtimga ketsam.
22 — Yurtimga ketaman, deysan, nima, mening yonimda biror narsaga muhtojlik sezyapsanmi? — deb soʻradi firʼavn.
— Yoʻq, aslo, lekin baribir, menga ijozat bersalar, — deb turib oldi Hadad.
23 Xudo Razoʻnni ham Sulaymonga dushman qilib qoʻydi. Razoʻn Elyodax deganning oʻgʻli edi. Razoʻn oʻz xoʻjayini, Zoʻvo shohi Hadadzarning dastidan qochib ketgan edi. 24 Dovud Zoʻvoliklarni qirgach , Razoʻn ham atrofiga bir bosqinchi guruhni toʻplab, oʻsha guruhga bosh boʻldi. Soʻng ular Damashqqa borib, u yerda joylashdilar. Damashqda oʻz hukmronligini oʻrnatdilar. 25 U ham Sulaymon hayot paytida Isroilga dushman boʻlib qoldi. Razoʻn Oramda shoh boʻlib turar ekan, Hadad kabi, Isroilga nafrat bilan qarab, doimo dushmanlik qilib keldi.
Yeribom Sulaymonga qarshi isyon koʻtaradi
26 Yana Sulaymonning aʼyonlaridan biri — Efrayim qabilasidan boʻlgan Yeribom degani ham shohga qarshi bosh koʻtardi. U Zarido shahridan Nabat deganning oʻgʻli edi. Yeribomning onasi beva ayol boʻlib, oti Zaruva edi. 27 Yeribom Sulaymonga qarshi bosh koʻtarganining sababi quyidagicha edi: Sulaymon Quddusning sharq tomonidagi Milloni mustahkamlab, otasi Dovud qalʼasining devorlarini tuzattirayotganda, 28 qurilishda gʻayrat bilan ishlayotgan Yeribomga nazari tushdi. Yeribom juda ham qobiliyatli yigit boʻlgani uchun Sulaymon uni Yusuf qabilasidan olingan barcha qarollarga nazoratchi qilib qoʻydi.
29 Bir kuni Yeribom Quddusdan tashqariga chiqqan edi, Shiloʻlik Oxiyo paygʻambar bilan yoʻlda uchrashib qoldi. Oxiyo paygʻambar yangi kiyimlar kiyib olgan ekan. U yerda ikkovidan boshqa hech kim yoʻq edi. 30 Shu payt Oxiyo ustidagi yangi kiyimlarini yechdi–yu, yirtib oʻn ikki boʻlakka boʻlib tashladi. 31 Keyin Yeribomga dedi:
— Oʻzingga oʻn boʻlagini ol. Isroil xalqining Xudosi — Egamiz ham shunday aytmoqda: “Men Sulaymonning qoʻlidan shohlikni tortib olaman va oʻnta qabilani senga beraman. 32 Qulim Dovudning haqi–hurmati uchun, Isroilning hamma qabilalari orasidan Oʻzim tanlab olgan Quddus shahri haqi–hurmati uchun bitta qabila Sulaymonniki boʻladi. 33 Sulaymon Mendan yuz oʻgirib, Sidonning xudosi Ashtaretga, Moʻabning xudosi Xamoʻshga, Ommonning xudosi Moʻlaxga sajda qila boshladi. Otasi Dovudga oʻxshamadi, oldimda toʻgʻri ishlar qilmadi, farmonlarimga va qonun–qoidalarimga rioya qilmadi, yoʻllarimdan yurmadi. 34 Ammo shohlikni undan tamomila tortib olmayman. Amr va farmonlarimga rioya qilgan va oʻzim tanlab olgan qulim Dovudning haqi–hurmati uchun Sulaymonni umrining oxirigacha shoh qilaman. 35 Shohlikni esa uning oʻgʻlidan tortib olib, oʻnta qabilani senga beraman. 36 Men oʻsha yerda ulugʻlanay deb, Oʻzim uchun Quddus shahrini tanlaganman. Qulim Dovudning chirogʻi Quddusda hech qachon oʻchmasin deb, Sulaymonning oʻgʻliga bitta qabilani beraman. 37 Men seni Isroil shohi qilaman, koʻngling qayerni istasa, oʻsha yerda shohlik qilaverasan. 38 Agar qulim Dovudga oʻxshab aytganlarimga itoat qilsang — yoʻllarimdan yursang, oldimda toʻgʻri ishlar qilsang, farmon va amrlarimga rioya qilsang, Men sen bilan boʻlaman. Isroilni senga berib, Dovudga qilganimday, xonadoning hukmronligini oʻzingdan keyin ham davom ettiraman. 39 Sulaymonning shu qilmishlari evaziga Dovudning naslini tahqirlayman, lekin to abad emas.”
40 Sulaymon Yeribomni oʻldirmoqchi boʻldi. Yeribom esa Misrga — Misr shohi Shishaxning yoniga qochib ketdi. U Sulaymon vafot etguncha Misrda qoldi.
Sulaymonning oʻlimi
41 Sulaymonning boshqa ishlari, butun faoliyati, uning donishmandligi haqida “Sulaymonning ishlari” kitobida yozib qoldirilgan. 42 Sulaymon Quddusda butun Isroil ustidan hukmdor edi. Uning hukmronligi qirq yil davom etdi. 43 Sulaymon olamdan oʻtdi. U otasi Dovud qalʼasida, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning oʻrniga oʻgʻli Raxabom shoh boʻldi.
11–БОБ
Сулаймон Худодан юз ўгиради
1 Шоҳ Сулаймон фиръавннинг қизидан бошқа яна Мўаблик, Оммонлик, Эдомлик, Сидонлик ва Хет халқидан кўпгина ажнабий аёлларга кўнгил қўйди. 2 Эгамиз Исроил халқига бу халқлар ҳақида гапириб, шундай деган эди: “Уларга қиз берманглар ҳам, қиз олманглар ҳам. Акс ҳолда, улар кўнглингизни ўз худоларига ром қилиб қўядилар.” Сулаймон эса ўша аёлларга шаҳват билан ёпишди. 3 Унинг етти юзта хотини шоҳлар қизларидан бўлиб, уч юзта канизаги ҳам бор эди. Хотинлари сабабли шоҳ бегона худоларга юз бурди. 4 Охири шундай бўлдики, кексайган чоғида шоҳнинг кўнгли хотинлари туфайли бегона худоларга мойил бўлди. Довуд ўзининг Эгаси Худога чин юракдан боғланган эди, Сулаймон эса отасига ўхшамади. 5 Шундай қилиб, Сулаймон Сидон аҳолисининг худоси Аштарет, Оммон халқининг макруҳ худоси Мўлахга сажда қила бошлади. 6 Сулаймон Эгамиз олдида қабиҳликлар қилди. Отаси Довуд Эгамизга содиқ қолган бўлса, Сулаймон ундай қилмади. 7 Қуддуснинг шарқидаги тепаликда Мўаб халқининг макруҳ худоси Хамўшга ва Оммон халқининг макруҳ худоси Мўлахга саждагоҳ қурди. 8 Ҳамма ажнабий хотинлари ўз худоларига тутатқи тутатиб, қурбонликлар келтиришлари учун шундай қилди.
9-10 Исроил халқининг Худоси — Эгамиз икки марта Сулаймонга зоҳир бўлган эди. Шунга қарамай Сулаймон Эгамиздан юз ўгирди. Эгамизнинг, бегона худоларга эргашма деган амрини бажо қилмади. Шунинг учун Эгамиз Сулаймондан қаттиқ ғазабланди. 11 Эгамиз Сулаймонга деди:
— Модомики, Сен билан қилган аҳдимни ва сенга амр қилган фармонларимни била туриб бажармаган экансан, Мен энди шоҳликни сендан тортиб оламан ва тобе одамларингдан бирига бераман. 12 Лекин отанг Довуднинг ҳақи–ҳурмати учун бу ишни сен ҳаётлигингда қилмайман. Шоҳликни ўғлингнинг қўлидан тортиб оламан. 13 Шунда ҳам шоҳликнинг ҳаммасини тортиб олмайман, қулим Довуднинг ҳақи–ҳурмати учун, Ўзим танлаб олган Қуддус ҳақи–ҳурмати учун битта қабилани сенинг ўғлингга қолдираман.
Сулаймоннинг душманлари
14 Эгамиз Сулаймонга Эдомлик Ҳададни душман қилиб қўйди. У Эдом шоҳлари наслидан эди. 15 Анча олдин Довуд Эдомликлар билан уруш қилган эди. Ўша жангда Исроил халқидан ҳалок бўлганларни дафн қилиш учун лашкарбоши Йўаб Эдомга борди. 16 Исроил лашкари ва Йўаб Эдомдаги эркак зотини битта қўймай қириб ташлагунга қадар, олти ой у ерда қолган эдилар. 17 Шунда Ҳададга ва унинг отасига хизмат қилган баъзи Эдомликлар Мисрга қочиб кетишган эди. Ўша пайтда Ҳадад кичкина бола эди. 18 Улар Мидиёндан жўнаб, Поронга етиб келишди. Порондан ҳам одамлар уларга қўшилдилар. Кейин Мисрга — Миср шоҳи фиръавн ҳузурига етиб келишди. Фиръавн Ҳададга уй берди, озиқ–овқат тайин этди, ер берди. 19 Ҳадад фиръавннинг ҳурматини қозонди. Фиръавн Ҳададга қайинсинглисини — малика Тахпанаснинг синглисини никоҳлаб берди. 20 Хотини Ҳададга ўғли Гануватни туғиб берди. Тахпанас болани фиръавн хонадонида тарбия қила бошлади. Гануват фиръавн хонадонида унинг ўғиллари қаторида улғайди. 21 Ҳадад Мисрда: “Довуд оламдан ўтибди, лашкарбоши Йўаб ҳам вафот этибди” деган хабарни эшитгач, фиръавнга деди:
— Менга ижозат берсалар, ўз юртимга кетсам.
22 — Юртимга кетаман, дейсан, нима, менинг ёнимда бирор нарсага муҳтожлик сезяпсанми? — деб сўради фиръавн.
— Йўқ, асло, лекин барибир, менга ижозат берсалар, — деб туриб олди Ҳадад.
23 Худо Разўнни ҳам Сулаймонга душман қилиб қўйди. Разўн Элёдах деганнинг ўғли эди. Разўн ўз хўжайини, Зўво шоҳи Ҳададзарнинг дастидан қочиб кетган эди. 24 Довуд Зўволикларни қиргач , Разўн ҳам атрофига бир босқинчи гуруҳни тўплаб, ўша гуруҳга бош бўлди. Сўнг улар Дамашққа бориб, у ерда жойлашдилар. Дамашқда ўз ҳукмронлигини ўрнатдилар. 25 У ҳам Сулаймон ҳаёт пайтида Исроилга душман бўлиб қолди. Разўн Орамда шоҳ бўлиб турар экан, Ҳадад каби, Исроилга нафрат билан қараб, доимо душманлик қилиб келди.
Ерибом Сулаймонга қарши исён кўтаради
26 Яна Сулаймоннинг аъёнларидан бири — Эфрайим қабиласидан бўлган Ерибом дегани ҳам шоҳга қарши бош кўтарди. У Заридо шаҳридан Набат деганнинг ўғли эди. Ерибомнинг онаси бева аёл бўлиб, оти Зарува эди. 27 Ерибом Сулаймонга қарши бош кўтарганининг сабаби қуйидагича эди: Сулаймон Қуддуснинг шарқ томонидаги Миллони мустаҳкамлаб, отаси Довуд қалъасининг деворларини тузаттираётганда, 28 қурилишда ғайрат билан ишлаётган Ерибомга назари тушди. Ерибом жуда ҳам қобилиятли йигит бўлгани учун Сулаймон уни Юсуф қабиласидан олинган барча қаролларга назоратчи қилиб қўйди.
29 Бир куни Ерибом Қуддусдан ташқарига чиққан эди, Шилўлик Охиё пайғамбар билан йўлда учрашиб қолди. Охиё пайғамбар янги кийимлар кийиб олган экан. У ерда икковидан бошқа ҳеч ким йўқ эди. 30 Шу пайт Охиё устидаги янги кийимларини ечди–ю, йиртиб ўн икки бўлакка бўлиб ташлади. 31 Кейин Ерибомга деди:
— Ўзингга ўн бўлагини ол. Исроил халқининг Худоси — Эгамиз ҳам шундай айтмоқда: “Мен Сулаймоннинг қўлидан шоҳликни тортиб оламан ва ўнта қабилани сенга бераман. 32 Қулим Довуднинг ҳақи–ҳурмати учун, Исроилнинг ҳамма қабилалари орасидан Ўзим танлаб олган Қуддус шаҳри ҳақи–ҳурмати учун битта қабила Сулаймонники бўлади. 33 Сулаймон Мендан юз ўгириб, Сидоннинг худоси Аштаретга, Мўабнинг худоси Хамўшга, Оммоннинг худоси Мўлахга сажда қила бошлади. Отаси Довудга ўхшамади, олдимда тўғри ишлар қилмади, фармонларимга ва қонун–қоидаларимга риоя қилмади, йўлларимдан юрмади. 34 Аммо шоҳликни ундан тамомила тортиб олмайман. Амр ва фармонларимга риоя қилган ва ўзим танлаб олган қулим Довуднинг ҳақи–ҳурмати учун Сулаймонни умрининг охиригача шоҳ қиламан. 35 Шоҳликни эса унинг ўғлидан тортиб олиб, ўнта қабилани сенга бераман. 36 Мен ўша ерда улуғланай деб, Ўзим учун Қуддус шаҳрини танлаганман. Қулим Довуднинг чироғи Қуддусда ҳеч қачон ўчмасин деб, Сулаймоннинг ўғлига битта қабилани бераман. 37 Мен сени Исроил шоҳи қиламан, кўнглинг қаерни истаса, ўша ерда шоҳлик қилаверасан. 38 Агар қулим Довудга ўхшаб айтганларимга итоат қилсанг — йўлларимдан юрсанг, олдимда тўғри ишлар қилсанг, фармон ва амрларимга риоя қилсанг, Мен сен билан бўламан. Исроилни сенга бериб, Довудга қилганимдай, хонадонинг ҳукмронлигини ўзингдан кейин ҳам давом эттираман. 39 Сулаймоннинг шу қилмишлари эвазига Довуднинг наслини таҳқирлайман, лекин то абад эмас.”
40 Сулаймон Ерибомни ўлдирмоқчи бўлди. Ерибом эса Мисрга — Миср шоҳи Шишахнинг ёнига қочиб кетди. У Сулаймон вафот этгунча Мисрда қолди.
Сулаймоннинг ўлими
41 Сулаймоннинг бошқа ишлари, бутун фаолияти, унинг донишмандлиги ҳақида “Сулаймоннинг ишлари” китобида ёзиб қолдирилган. 42 Сулаймон Қуддусда бутун Исроил устидан ҳукмдор эди. Унинг ҳукмронлиги қирқ йил давом этди. 43 Сулаймон оламдан ўтди. У отаси Довуд қалъасида, ота–боболари ёнига дафн қилинди. Унинг ўрнига ўғли Рахабом шоҳ бўлди.