19–BOB
Yoʻab Dovudga tanbeh beradi
1 Shoh Dovud Absalom uchun koʻz yoshi toʻkib, aza tutayotir, deb Yoʻabga xabar berishdi. 2 Dovudning sipohlari ham: “Shoh oʻgʻli uchun aza tutyapti ekan”, deb eshitishdi. Shunday qilib, oʻsha kungi gʻalaba barcha lashkar uchun azaga aylandi. 3 Oʻsha kuni sipohlar xuddi urushdan qochganlarday, shaharga xijolat tortib, pisib kirishdi. 4 Shoh esa yuzini berkitib, bor ovozi bilan: “Oh, oʻgʻlim Absalom! Absalom, bolaginam, jigarim!” deb faryod qilardi.
5 Yoʻab shoh turgan uyga kirib, unga shunday dedi:
— Bugun sizning joningizni, oʻgʻillaringiz, qizlaringiz, xotinlaringiz, kanizaklaringizning jonlarini qutqargan odamlaringizning hammasini xijolatga qoʻydingiz. 6 Chunki siz oʻzingizdan nafratlanganlarga mehr qoʻyib, sizni yaxshi koʻrganlardan nafratlanar ekansiz. Bugun lashkarboshilaringiz va mard yigitlaringiz sizning oldingizda hech narsaga arzimasligini oshkor qilib qoʻydingiz. Ha, men bir narsani anglab yetdim: bugun Absalom omon qolib, hammamiz oʻlib ketsak, sizga yaxshi boʻlar ekan! 7 Endi turing, tashqariga chiqib, odamlaringizga dalda bering! Egamning nomini oʻrtaga qoʻyib ont ichamanki, agar chiqmasangiz, shu kecha sizning yoningizda birorta odam qolmaydi. Bu esa yoshligingizdan to shu bugungacha boshingizga kelgan kulfatlar ichida eng yomoni boʻladi!
8 Shu gapdan keyin shoh shahar darvozasi oldiga borib oʻtirdi. Jamiki lashkarga: “Shoh shahar darvozasida oʻtiribdi” degan xabar yetib bordi. Shundan keyin ular shohning yoniga tashrif buyurishdi.
Dovud Quddusga qaytadi
Bu paytda Isroil xalqidan Absalom tomonda boʻlganlari uy–uylariga qochib ketgan edi. 9 Isroilning turli qabilalaridan boʻlgan odamlar bir–birlari bilan bahs qilishardi:
— Bizni gʻanimlarimiz qoʻlidan Dovud xalos qilgan, Filistlar qoʻlidan qutqargan edi. U Absalomdan qochib, yurtdan ketib qolgan. 10 Bizga yoʻlboshchi boʻlsin deb, Absalomga moy surtib shoh qilgan edik, lekin u jangda oʻldi. Shunday ekan, Dovuddan iltimos qilaylik, qaytib kelsin, bizning shohimiz boʻlsin.
11 Shoh Dovud ruhoniylar Zodoʻx bilan Abuatarga quyidagicha xabar joʻnatdi:
— Yahudo oqsoqollariga borib aytinglar, shoh shunday demoqda: “Butun Isroil xalqi, shohni oʻz xonadoniga qaytarish kerak, deyapti. Isroil xalqining gaplari mening qulogʻimga yetib keldi. Nima uchun sizlar loqaydlik qilyapsizlar? 12 Sizlar qarindoshlarimsiz, jigarlarimsiz! Nega sizlar shohni qaytarib olib kelishni orqaga suryapsizlar?” 13 Emosaga ham shu gapni yetkazinglar: “Sen jigarimsan–ku! Seni hozirdan boshlab Yoʻabning oʻrniga umrbod lashkarboshi qilib tayinlayman. Shunday qilmasam, Xudo meni ne koʻyga solsa solsin, hatto undan battarrogʻini qilsin!”
14 Shunday qilib, Dovud jamiki Yahudo xalqini tamoman oʻziga moyil qildi. Nihoyat, ular shohga: “Hamma odamlaringizni ergashtirib orqaga qayting!” deb xabar berishdi. 15 Shoh orqaga qaytib, Iordan daryosi boʻyiga yetib keldi. Yahudo xalqi: “Shohni kutib olaylik, Iordan daryosidan olib oʻtaylik”, deb Gilgalga keldi. 16 Benyamin qabilasidan Gera oʻgʻli Shimax ham shu yerda edi. U shoh Dovudni kutib olish uchun shoshilganicha Boxurim shahridan Yahudo odamlari bilan birga daryo boʻyiga yetib keldi. 17 Uning yonida Benyamin qabilasidan ming kishi bor edi. Shoul xonadonining xizmatkori Zibax ham oʻn besh oʻgʻlini va yigirmata qulini ergashtirib keldi. Ular daryo boʻyiga tezda shohdan oldin yetib kelishdi. 18 “Shoh xonadonini daryodan olib oʻtaylik, shohning hamma xohishini bajo keltiraylik”, deb ular xizmat qilishdi.
Dovud Shimaxni kechiradi
Shoh Iordan daryosini endi kechib oʻtmoqchi boʻlib turgan edi, Shimax oʻzini shohning oyoqlari ostiga tashladi–da, 19 unga yolvordi:
— Shoh hazratlari gunohimdan oʻtsinlar! Quddusdan chiqqan kuningizda men qilgan gunohni eslamasinlar, xayollariga keltirmasinlar, shoh hazratlari! 20 Chunki men, qulingiz, oʻz gunohimni bilaman. Mana, shoh hazratlarini kutib olish uchun bugun jamiki Isroildagi odamlardan birinchi boʻlib men keldim.
21 Shunda Zeruya oʻgʻli Abushay:
— Nahotki Egam moy surtib tanlagan shohni haqorat qilgani uchun Shimax oʻldirilmasa?! — dedi.
22 — Ey Zeruya oʻgʻillari! — dedi Dovud. — Kim sizlarning fikringizni soʻradi? Menga aql oʻrgatmoqchimisizlar? Shu topda Isroil shohi ekanimni oʻzim bilmaymanmi? Isroilda shu bugun birorta odamning qoni toʻkilmaydi!
23 Soʻng Dovud Shimaxga:
— Oʻlmaysan! — deb ont ichdi.
Dovudning Mefibositga mehribonligi
24 Shoulning nabirasi Mefibosit ham shohni kutib olishga borgan edi. Shoh ketgan kundan boshlab sogʻ–salomat qaytgunigacha, Mefibosit na oyoqlarini, na kiyimlarini yuvgan, na soqolini qirqqan edi. 25 Mefibosit shohni kutib olishga Quddusdan kelganda, Dovud undan:
— Mefibosit, nimaga men bilan ketmading? — deb soʻradi. 26 Mefibosit shunday javob berdi:
— Ey shoh hazratlari, men, qulingiz, choʻloq boʻlganim uchun qulim Zibaxga: “Eshakni egarla, men eshakka minib shoh bilan birga ketaman”, degan edim. Lekin u meni aldadi, 27 shoh hazratlarining oldida men, qulingizning yuzini qora qildi. Ammo siz, shoh hazratlari, Xudoning farishtasidaysiz. Sizga nima maʼqul kelsa, shuni qiling. 28 Otam xonadonining hamma aʼzolari shoh hazratlaridan faqat oʻlimni kutib yurganlarida, men, qulingizga, siz xonadoningiz aʼzolari qatorida dasturxoningizdan taom yeyish imtiyozini berdingiz. Sizdan bundan ortiq bir narsa soʻrashga qanday haqim bor, ey shohim?!
29 — Oʻzingning ishlaring toʻgʻrisida gapirishingga hojat yoʻq, — dedi shoh. — Senga va Zibaxga, yerlarni boʻlishib olaveringlar, deb buyurgan edim–ku.
30 — Shoh hazratlari nihoyat saroyga sogʻ–salomat qaytib keldilar, shuning oʻzi menga kifoya, — dedi Mefibosit. — Endi hamma yerni Zibax olaversin.
Dovudning Borzulayga mehribonligi
31 Giladlik Borzulay ham shohga Iordan daryosini kechib oʻtishida yordam berib, uni kuzatib qoʻyay deb, Roʻgʻolimdan kelgan edi. 32 Borzulay ancha keksayib qolgan, sakson yoshda edi. U boy odam boʻlib, shoh Moxanayimda istiqomat qilib turgan paytda, shohning tirikchiligini taʼminlagan edi. 33 Shoh Borzulayga:
— Men bilan yuring, endi Quddusda men sizning tirikchiligingizni taʼminlayman, — dedi. 34 Lekin Borzulay:
— Qancha umrim qoldiki, siz bilan Quddusga ketsam? — dedi. 35 — Men, qulingiz, hozir sakson yoshdaman. Bundan bu yogʻiga nima yoqadi, nima yoqmaydi — ajrata bilmasam, yeb–ichganimning taʼmini seza olmasam. Yana erkak–ayol qoʻshiqchilarning ovozini farqlay olmasam. Shunday ekan, nimaga shoh hazratlariga yana yuk boʻlayin? 36 Men, qulingiz, Iordan daryosini shoh bilan birga kechib, sizga bir oz hamroh boʻlaman, xolos. Shoh nima uchun menga shu qadar iltifot qilishi kerak? 37 Ijozat bersangiz, men orqamga qaytayin, oʻz shahrimda jon berib, ota–onamning xilxonasiga dafn qilinayin. Lekin mana qulingiz Ximxon shu yerda, u siz bilan narigi qirgʻoqqa oʻtsin. Unga nimani maʼqul koʻrsangiz, shuni qilarsiz.
38 — Ximxon men bilan narigi qirgʻoqqa kechib oʻtadi, — dedi shoh. — Siz unga nimani maʼqul koʻrsangiz, u uchun shuni bajo keltiraman. Oʻzingiz uchun nima istaysiz? Ayting, bajo qilayin.
39 Shundan soʻng shoh bilan barcha odamlar Iordan daryosini kechib oʻtdilar . Shoh Dovud Borzulayni oʻpib, duo qildi. Borzulay oʻz yurtiga qaytib ketdi.
Yahudo va Isroil xalqi shohni talashishadi
40 Shoh Gilgalga joʻnadi. Ximxon ham u bilan birga ketdi. Yahudo odamlarining hammasi va Isroil odamlarining yarmi shohni kuzatib borayotgan edilar. 41 Bir payt jamiki Isroil xalqi shohning oldiga borib shunday deyishdi:
— Nega birodarlarimiz Yahudo xalqi sizni olib qochib, oʻzingizni, xonadoningizni, odamlaringizni Iordan daryosining bu tomoniga ham oʻtkazib qoʻyishdi?
42 Yahudo xalqi Isroil xalqiga shunday javob qaytarishdi:
— Chunki shoh bizning yaqinimiz. Nimaga sizlar xafa boʻlyapsizlar? Shohning yeydiganidan biror narsa yedikmi?! Yoki oʻzimizga biror narsa oldikmi?
43 — Isroilda oʻnta qabila bor, — deb javob berdi Isroil xalqi. — Shuning uchun Dovudda sizlardan koʻra, bizning oʻn marta haqimiz bor. Shunday ekan, nega bizni mensimaysizlar?! Shohimizni qaytarib kelaylik, deb birinchi boʻlib biz aytmaganmidik?!
Yahudo xalqining gapi Isroil xalqinikidan koʻra, qattiqroq boʻldi.
19–БОБ
Йўаб Довудга танбеҳ беради
1 Шоҳ Довуд Абсалом учун кўз ёши тўкиб, аза тутаётир, деб Йўабга хабар беришди. 2 Довуднинг сипоҳлари ҳам: “Шоҳ ўғли учун аза тутяпти экан”, деб эшитишди. Шундай қилиб, ўша кунги ғалаба барча лашкар учун азага айланди. 3 Ўша куни сипоҳлар худди урушдан қочганлардай, шаҳарга хижолат тортиб, писиб киришди. 4 Шоҳ эса юзини беркитиб, бор овози билан: “Оҳ, ўғлим Абсалом! Абсалом, болагинам, жигарим!” деб фарёд қиларди.
5 Йўаб шоҳ турган уйга кириб, унга шундай деди:
— Бугун сизнинг жонингизни, ўғилларингиз, қизларингиз, хотинларингиз, канизакларингизнинг жонларини қутқарган одамларингизнинг ҳаммасини хижолатга қўйдингиз. 6 Чунки сиз ўзингиздан нафратланганларга меҳр қўйиб, сизни яхши кўрганлардан нафратланар экансиз. Бугун лашкарбошиларингиз ва мард йигитларингиз сизнинг олдингизда ҳеч нарсага арзимаслигини ошкор қилиб қўйдингиз. Ҳа, мен бир нарсани англаб етдим: бугун Абсалом омон қолиб, ҳаммамиз ўлиб кетсак, сизга яхши бўлар экан! 7 Энди туринг, ташқарига чиқиб, одамларингизга далда беринг! Эгамнинг номини ўртага қўйиб онт ичаманки, агар чиқмасангиз, шу кеча сизнинг ёнингизда бирорта одам қолмайди. Бу эса ёшлигингиздан то шу бугунгача бошингизга келган кулфатлар ичида энг ёмони бўлади!
8 Шу гапдан кейин шоҳ шаҳар дарвозаси олдига бориб ўтирди. Жамики лашкарга: “Шоҳ шаҳар дарвозасида ўтирибди” деган хабар етиб борди. Шундан кейин улар шоҳнинг ёнига ташриф буюришди.
Довуд Қуддусга қайтади
Бу пайтда Исроил халқидан Абсалом томонда бўлганлари уй–уйларига қочиб кетган эди. 9 Исроилнинг турли қабилаларидан бўлган одамлар бир–бирлари билан баҳс қилишарди:
— Бизни ғанимларимиз қўлидан Довуд халос қилган, Филистлар қўлидан қутқарган эди. У Абсаломдан қочиб, юртдан кетиб қолган. 10 Бизга йўлбошчи бўлсин деб, Абсаломга мой суртиб шоҳ қилган эдик, лекин у жангда ўлди. Шундай экан, Довуддан илтимос қилайлик, қайтиб келсин, бизнинг шоҳимиз бўлсин.
11 Шоҳ Довуд руҳонийлар Зодўх билан Абуатарга қуйидагича хабар жўнатди:
— Яҳудо оқсоқолларига бориб айтинглар, шоҳ шундай демоқда: “Бутун Исроил халқи, шоҳни ўз хонадонига қайтариш керак, деяпти. Исроил халқининг гаплари менинг қулоғимга етиб келди. Нима учун сизлар лоқайдлик қиляпсизлар? 12 Сизлар қариндошларимсиз, жигарларимсиз! Нега сизлар шоҳни қайтариб олиб келишни орқага суряпсизлар?” 13 Эмосага ҳам шу гапни етказинглар: “Сен жигаримсан–ку! Сени ҳозирдан бошлаб Йўабнинг ўрнига умрбод лашкарбоши қилиб тайинлайман. Шундай қилмасам, Худо мени не кўйга солса солсин, ҳатто ундан баттарроғини қилсин!”
14 Шундай қилиб, Довуд жамики Яҳудо халқини тамоман ўзига мойил қилди. Ниҳоят, улар шоҳга: “Ҳамма одамларингизни эргаштириб орқага қайтинг!” деб хабар беришди. 15 Шоҳ орқага қайтиб, Иордан дарёси бўйига етиб келди. Яҳудо халқи: “Шоҳни кутиб олайлик, Иордан дарёсидан олиб ўтайлик”, деб Гилгалга келди. 16 Бенямин қабиласидан Гера ўғли Шимах ҳам шу ерда эди. У шоҳ Довудни кутиб олиш учун шошилганича Бохурим шаҳридан Яҳудо одамлари билан бирга дарё бўйига етиб келди. 17 Унинг ёнида Бенямин қабиласидан минг киши бор эди. Шоул хонадонининг хизматкори Зибах ҳам ўн беш ўғлини ва йигирмата қулини эргаштириб келди. Улар дарё бўйига тезда шоҳдан олдин етиб келишди. 18 “Шоҳ хонадонини дарёдан олиб ўтайлик, шоҳнинг ҳамма хоҳишини бажо келтирайлик”, деб улар хизмат қилишди.
Довуд Шимахни кечиради
Шоҳ Иордан дарёсини энди кечиб ўтмоқчи бўлиб турган эди, Шимах ўзини шоҳнинг оёқлари остига ташлади–да, 19 унга ёлворди:
— Шоҳ ҳазратлари гуноҳимдан ўтсинлар! Қуддусдан чиққан кунингизда мен қилган гуноҳни эсламасинлар, хаёлларига келтирмасинлар, шоҳ ҳазратлари! 20 Чунки мен, қулингиз, ўз гуноҳимни биламан. Мана, шоҳ ҳазратларини кутиб олиш учун бугун жамики Исроилдаги одамлардан биринчи бўлиб мен келдим.
21 Шунда Зеруя ўғли Абушай:
— Наҳотки Эгам мой суртиб танлаган шоҳни ҳақорат қилгани учун Шимах ўлдирилмаса?! — деди.
22 — Эй Зеруя ўғиллари! — деди Довуд. — Ким сизларнинг фикрингизни сўради? Менга ақл ўргатмоқчимисизлар? Шу топда Исроил шоҳи эканимни ўзим билмайманми? Исроилда шу бугун бирорта одамнинг қони тўкилмайди!
23 Сўнг Довуд Шимахга:
— Ўлмайсан! — деб онт ичди.
Довуднинг Мефибоситга меҳрибонлиги
24 Шоулнинг набираси Мефибосит ҳам шоҳни кутиб олишга борган эди. Шоҳ кетган кундан бошлаб соғ–саломат қайтгунигача, Мефибосит на оёқларини, на кийимларини ювган, на соқолини қирққан эди. 25 Мефибосит шоҳни кутиб олишга Қуддусдан келганда, Довуд ундан:
— Мефибосит, нимага мен билан кетмадинг? — деб сўради. 26 Мефибосит шундай жавоб берди:
— Эй шоҳ ҳазратлари, мен, қулингиз, чўлоқ бўлганим учун қулим Зибахга: “Эшакни эгарла, мен эшакка миниб шоҳ билан бирга кетаман”, деган эдим. Лекин у мени алдади, 27 шоҳ ҳазратларининг олдида мен, қулингизнинг юзини қора қилди. Аммо сиз, шоҳ ҳазратлари, Худонинг фариштасидайсиз. Сизга нима маъқул келса, шуни қилинг. 28 Отам хонадонининг ҳамма аъзолари шоҳ ҳазратларидан фақат ўлимни кутиб юрганларида, мен, қулингизга, сиз хонадонингиз аъзолари қаторида дастурхонингиздан таом ейиш имтиёзини бердингиз. Сиздан бундан ортиқ бир нарса сўрашга қандай ҳақим бор, эй шоҳим?!
29 — Ўзингнинг ишларинг тўғрисида гапиришингга ҳожат йўқ, — деди шоҳ. — Сенга ва Зибахга, ерларни бўлишиб олаверинглар, деб буюрган эдим–ку.
30 — Шоҳ ҳазратлари ниҳоят саройга соғ–саломат қайтиб келдилар, шунинг ўзи менга кифоя, — деди Мефибосит. — Энди ҳамма ерни Зибах олаверсин.
Довуднинг Борзулайга меҳрибонлиги
31 Гиладлик Борзулай ҳам шоҳга Иордан дарёсини кечиб ўтишида ёрдам бериб, уни кузатиб қўяй деб, Рўғолимдан келган эди. 32 Борзулай анча кексайиб қолган, саксон ёшда эди. У бой одам бўлиб, шоҳ Моханайимда истиқомат қилиб турган пайтда, шоҳнинг тирикчилигини таъминлаган эди. 33 Шоҳ Борзулайга:
— Мен билан юринг, энди Қуддусда мен сизнинг тирикчилигингизни таъминлайман, — деди. 34 Лекин Борзулай:
— Қанча умрим қолдики, сиз билан Қуддусга кетсам? — деди. 35 — Мен, қулингиз, ҳозир саксон ёшдаман. Бундан бу ёғига нима ёқади, нима ёқмайди — ажрата билмасам, еб–ичганимнинг таъмини сеза олмасам. Яна эркак–аёл қўшиқчиларнинг овозини фарқлай олмасам. Шундай экан, нимага шоҳ ҳазратларига яна юк бўлайин? 36 Мен, қулингиз, Иордан дарёсини шоҳ билан бирга кечиб, сизга бир оз ҳамроҳ бўламан, холос. Шоҳ нима учун менга шу қадар илтифот қилиши керак? 37 Ижозат берсангиз, мен орқамга қайтайин, ўз шаҳримда жон бериб, ота–онамнинг хилхонасига дафн қилинайин. Лекин мана қулингиз Химхон шу ерда, у сиз билан нариги қирғоққа ўтсин. Унга нимани маъқул кўрсангиз, шуни қиларсиз.
38 — Химхон мен билан нариги қирғоққа кечиб ўтади, — деди шоҳ. — Сиз унга нимани маъқул кўрсангиз, у учун шуни бажо келтираман. Ўзингиз учун нима истайсиз? Айтинг, бажо қилайин.
39 Шундан сўнг шоҳ билан барча одамлар Иордан дарёсини кечиб ўтдилар . Шоҳ Довуд Борзулайни ўпиб, дуо қилди. Борзулай ўз юртига қайтиб кетди.
Яҳудо ва Исроил халқи шоҳни талашишади
40 Шоҳ Гилгалга жўнади. Химхон ҳам у билан бирга кетди. Яҳудо одамларининг ҳаммаси ва Исроил одамларининг ярми шоҳни кузатиб бораётган эдилар. 41 Бир пайт жамики Исроил халқи шоҳнинг олдига бориб шундай дейишди:
— Нега биродарларимиз Яҳудо халқи сизни олиб қочиб, ўзингизни, хонадонингизни, одамларингизни Иордан дарёсининг бу томонига ҳам ўтказиб қўйишди?
42 Яҳудо халқи Исроил халқига шундай жавоб қайтаришди:
— Чунки шоҳ бизнинг яқинимиз. Нимага сизлар хафа бўляпсизлар? Шоҳнинг ейдиганидан бирор нарса едикми?! Ёки ўзимизга бирор нарса олдикми?
43 — Исроилда ўнта қабила бор, — деб жавоб берди Исроил халқи. — Шунинг учун Довудда сизлардан кўра, бизнинг ўн марта ҳақимиз бор. Шундай экан, нега бизни менсимайсизлар?! Шоҳимизни қайтариб келайлик, деб биринчи бўлиб биз айтмаганмидик?!
Яҳудо халқининг гапи Исроил халқиникидан кўра, қаттиқроқ бўлди.