16–BOB
Quddus goʻzal kelinchak timsolida
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, Quddusning barcha jirkanch odatlarini yuziga solib, 3 ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: asli sen Kanʼon yurtida tugʻilgansan, sening otang Amor xalqidan, onang Xet urugʻidan boʻlgan . 4 Sen tugʻilganingda, hech kim senga qaramagan. Hech kim kindigingni qirqmagan, seni yuvintirmagan, teringni tuz bilan artib, yoʻrgaklamagan. 5 Bironta odamning senga rahmi kelmagan, hech kim senga achinmagan, qaramagan. Sen tugʻilganingda, hamma sendan hazar qilgan, shuning uchun seni dalaga olib borib tashlashgan.
6 Men oʻsha yerdan oʻtib ketayotib, seni koʻrib qoldim. Sen oʻz qoningga belanib, tipirchilab yotgan eding. Shunda Men senga: ‘Sen oʻlmaysan!’ dedim. Senga umr tiladim. 7 Men seni dashtdagi oʻsimlik kabi oʻstirdim. Sen ulgʻayding, boʻying choʻzildi, eng goʻzal bir gavharga oʻxshab qolding . Sening koʻkraklaring toʻlishdi, sochlaring uzun boʻldi, ammo sen qip–yalangʻoch eding.
8 Men yana oʻsha yerdan oʻtib ketayotib, seni koʻrib qoldim. Sen sevgi uchun yetilganingni koʻrib, kiyimimning etagi bilan yalangʻoch badaningni yopdim. Men senga qasamyod qildim, sen bilan nikoh ahdini tuzdim. Shunda sen Meniki boʻlding, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 9 — Seni choʻmiltirib, badaningga yopishib qolgan qon qoldiqlarini yuvib tashladim. Teringga xushboʻy moylarni surtdim. 10 Egningga naqsh solingan koʻylak, oyogʻingga yumshoq teridan tikilgan choriqlar kiydirdim. Boshingga harir roʻmol oʻrab, ustingga shoyi toʻn tashladim. 11 Qimmatbaho bezaklar bilan senga zeb berdim: qoʻllaringga bilaguzuklar, boʻyningga tilla zanjir, 12 burningga uzuk, quloqlaringga sirgʻa taqdim, boshingga goʻzal bir toj kiydirdim. 13 Seni oltinu kumush bilan bezantirdim, ustingga qimmatbaho shoyi, mayin zigʻir matosidan tikilgan liboslaru naqsh solingan koʻylaklar kiydirdim. Oliy navli undan yopilgan nonlar bilan, zaytun moyi va asal bilan seni boqdim. Sen nihoyatda goʻzal boʻlding, haqiqiy malikaga oʻxshab qolding. 14 Mislsiz goʻzalliging bilan xalqlar orasida dong taratding, chunki Men senga bergan ulugʻvorligim goʻzalligingni mukammal qilgan edi. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.
Quddus fohisha timsolida
15 Sen esa goʻzalligingga ishonding. Shuhratingdan foydalanib, fahsh yoʻliga kirding . Oʻtgan–ketgan erkakka oʻzingni berding, goʻzalligingdan ularni bahramand qilding. 16 Men senga bergan nafis matolar bilan sajdagohlaringni bezab, u yerda fohishalik qilding. Qanday sharmandagarchilik! Aslo bunday boʻlishi kerak emas edi! 17 Bundan tashqari, Men senga bergan oltin va kumush bezaklardan oʻzingga erkak tasviridagi haykalchalar yasattirding. Ular bilan zino qilding. 18 Naqsh solingan koʻylaklaringni butlar ustiga kiydirding. Men senga bergan moy bilan xushboʻy tutatqilarni ularga nazr qilding. 19 Senga non uchun bergan oliy navli unni, zaytun moyi va asalni butlaringga xushboʻy hadyalar sifatida tortiq qilding. Eha, shular sodir boʻldi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 20 — Soʻng Mendan koʻrgan oʻgʻil–qizlaringni olding, ularni oʻz butlaringga yem qilib, qurbon qilding. Nahotki fohishalik qilganing yetmagan boʻlsa?! 21 Bolalarimni soʻyishing, ularni butlaringga qurbonlik qilib, olovda kuydirishing shartmidi?! 22 Jirkanch odatlaru fohishalik qilganingda sen biron marta ham oʻz bolaligingni eslamading, qip–yalangʻoch boʻlganingni, oʻz qoningga belanib tipirchilab yotganingni esga olmading.
23 Sening holingga voy! — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Qilgan qabihliklaring yetmaganday sen 24 oʻzing uchun soʻrilar qurding, har bir maydonda baland supalar oʻrnatding. 25 Har bir koʻchaning boshida baland supalar qurib, goʻzalligingni xor qilding. Oʻtgan–ketganga putingni ochding, fohishalikka berilib ketding. 26 Aʼzosi yirik boʻlgan qoʻshni Misr bilan yotding. Fahshga berilib, gʻazabimni keltirding. 27 Shunda Men qoʻlimni senga qarshi koʻtardim. Rizqingni kamaytirib, seni dushmanlaring boʻlgan Filist ayollarining ixtiyoriga topshirdim. Hattoki oʻshalar ham sening behayoligingni koʻrib, yoqalarini ushlashgan. 28 Sen toʻymas hirsingni qoniqtirish uchun Ossuriya bilan fohishalik qilding. Ammo shunda ham qoniqmading. 29 Savdogarlar yurti boʻlgan Bobil bilan ham fahshga berilding, ammo shunda ham qoniqmading.
30 Naqadar buzuqdir sening yuraging! — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Sen oʻzingni shaloq xotinday tutding–ku! 31 Sen har bir koʻchaning boshida soʻrilar qurding, har bir maydonda baland supalar oʻrnatding. Yoʻq, sen fohishaday emas eding, sen toʻlovdan hazar qilarding. 32 Sen buzuq ayolsan! Begona erkaklarni oʻz eringdan afzal koʻrding. 33 Hamma fohishalarga sovgʻalar beriladi. Lekin sen hamma oʻynashlaringga sovgʻalar berding. Har yoqdan kelib, sen bilan fohishalik qilishlari uchun ularni sotib olding. 34 Ha, sen boshqa fohishalardan ajralib turasan. Hech kim seni fohishalik qilishga undamagan, hech kim senga toʻlov bermagan. Aksincha, boshqalarga sen toʻlov bergansan. Haqiqatan ham, sen boshqachasan!»
Xudo Quddusni hukm qiladi
35 Ey inson, Quddusga ayt: «Endi esa, ey fohisha, Egamizning soʻzlarini eshit! 36 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen kiyimlaringni yechib, oʻynashlaring bilan fohishalik qilding, makruh butlaringga sajda etding. Oʻz bolalaringning qonini toʻkib, xudolaringga qurbon qilding. 37 Shuning uchun sendan lazzatlangan hamma oʻynashlaringni Men har yerdan yigʻib kelaman. Sen sevganlarni ham, nafratlanganlarni ham senga qarshi yigʻaman. Seni qip–yalangʻoch qilib, ularning oldiga chiqarib qoʻyaman. Ular seni tomosha qiladilar. 38 Men seni qotilliging va zinokorliging uchun hukm qilaman. Rashku gʻazabda seni qonga belayman. 39 Seni oʻynashlaring ixtiyoriga topshiraman. Ular soʻrilaringni buzadilar, supalaringni vayron qiladilar. Ustingdagi kiyimlaringni yulib oladilar, chiroyli taqinchoqlaringni tortib oladilar. Sen qip–yalangʻoch qolasan. 40 Ular olomonni yigʻib, seni toshboʻron qiladilar, jasadingni qilich bilan nimtalab tashlaydilar. 41 Uylaringni yondirib yuboradilar, seni bir talay ayollarning koʻzi oldida jazolaydilar. Shu yoʻsin Men fohishaligingga chek qoʻyaman. Sen oʻynashlaringga boshqa toʻlov bermaysan. 42-43 Sen bolaligingni eslamaganing uchun, qilmishlaring bilan qahrimni keltirganing uchun, Men qilmishlaringga yarasha jazoingni beraman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Shunda Men jahldan tushaman, rashkimni bosib olaman. Tinchlanib, boshqa gʻazablanmayman.
Ey Quddus, jirkanch odatlaring yetmasmidi, nimaga behayolik qilding? 44 Odamlar sen haqingda gapirganda ‘qiz onasiga tortar’ degan maqolni ishlatishadi. 45 Sen haqiqatan ham oʻz eri va bolalaridan hazar qilgan onangga oʻxshaysan. Erlari va bolalaridan hazar qilgan opa–singillaringdan qolishmaysan. Sening onang Xet urugʻidan, otang Amor xalqidan edi . 46 Sening opang Samariya oʻz qizlari bilan shimolda, singling Sadoʻm esa oʻz qizlari bilan janubda yashar edilar. 47 Sen nafaqat ularning yoʻllaridan yurgansan, jirkanch odatlariga taqlid qilgansan, balki qisqa vaqt ichida barcha qabihliklaring bilan ulardan oʻzib ham ketgansan. 48 Men, Egang Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, sening singling Sadoʻm oʻz qizlari bilan senchalik va sening qizlaringchalik qabihliklar qilmagan. 49 Sadoʻmning aybi shudir: u va uning qizlari magʻrur edilar. Ular toʻq, tinch va osoyishta hayot kechirar edilar, ammo mazlumu nochorlarga yordam bermas edilar. 50 Ha, ular magʻrur edilar, oldimda jirkanch ishlar qilgandilar. Men buni koʻrib, ularni yoʻq qilgan edim. 51 Hatto Samariya ham sen qilgan gunohlarning yarmisini qilmagan. Sen ulardan koʻproq qabihliklar qilgansan. Qilgan qabihliklaring oldida opang bilan singling solih boʻlib koʻrinadi. 52 Mana endi sharmandaligingga toqat qilishga majbursan. Sen opa–singillaringning jazosini yengillashtirding. Sen ulardan ham battar gunohlar qilib, ularni begunohday koʻrsatding. Endi uyalgin, sharmandaligingga toqat qilgin, chunki sen opa–singillaringni oppoq qilib koʻrsatding.
53 Ammo bir kun kelib, Men Sadoʻm va Samariyani ularning qizlari bilan birga yana farovonlikka erishtiraman. Ular bilan birga seni ham tiklayman. 54 Shunda sen sharmandaligingga toqat qilib, oʻzingdan oʻzing uyalib ketasan, chunki sen qilgan qilmishlaring bilan opa–singillaringni ancha yupatding. 55 Ha, opa–singillaring Sadoʻm va Samariya qizlari bilan tiklanadi. Sen ham qizlaring bilan qayta tiklanasan. 56 Sen magʻrurlanib, singling Sadoʻmni mazax qilar eding. 57 Ammo endi, sening fosiqliging butun dunyoga oshkor boʻldi. Sen Edom qizlari va ularning hamma qoʻshnilari uchun mazax boʻlding. Filist qizlari hamma joyda seni masxara qiladilar. 58 Sen behayoliging va jirkanch odatlaringga yarasha jazo tortishing shart. Egamizning kalomi shudir.
Abadiy ahd
59 Egamiz Rabbiy demoqda: ey Quddus, Men qilgan qilmishingga yarasha jazoingni beraman, chunki sen bergan vaʼdalaringni mensimading, ahdingni buzding. 60 Ammo Men yoshligingda sen bilan tuzgan ahdimga sodiq qolaman, sen bilan abadiy bir ahd tuzaman. 61 Sen qilgan qilmishlaringni eslaysan. Opangni ham, singlingni ham qabul qilganingda uyalasan. Men ularni senga farzand qilib beraman. Buni sen bilan tuzadigan ahddan tashqari qilaman. 62 Ha, Men sen bilan ahd tuzaman, shunda Egang Men ekanligimni bilib olasan. 63 Men qilgan barcha gunohlaringni kechiraman, ammo sen ularni doim yodingda tutib, xijolat boʻlasan. Uyalganingdan sen hatto ogʻzingni ham ocha olmaysan. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”
16–БОБ
Қуддус гўзал келинчак тимсолида
1 Эгамиз менга Ўз сўзини аён қилди: 2 “Эй инсон, Қуддуснинг барча жирканч одатларини юзига солиб, 3 айт: «Эгамиз Раббий шундай демоқда: асли сен Канъон юртида туғилгансан, сенинг отанг Амор халқидан, онанг Хет уруғидан бўлган . 4 Сен туғилганингда, ҳеч ким сенга қарамаган. Ҳеч ким киндигингни қирқмаган, сени ювинтирмаган, терингни туз билан артиб, йўргакламаган. 5 Биронта одамнинг сенга раҳми келмаган, ҳеч ким сенга ачинмаган, қарамаган. Сен туғилганингда, ҳамма сендан ҳазар қилган, шунинг учун сени далага олиб бориб ташлашган.
6 Мен ўша ердан ўтиб кетаётиб, сени кўриб қолдим. Сен ўз қонингга беланиб, типирчилаб ётган эдинг. Шунда Мен сенга: ‘Сен ўлмайсан!’ дедим. Сенга умр тиладим. 7 Мен сени даштдаги ўсимлик каби ўстирдим. Сен улғайдинг, бўйинг чўзилди, энг гўзал бир гавҳарга ўхшаб қолдинг . Сенинг кўкракларинг тўлишди, сочларинг узун бўлди, аммо сен қип–яланғоч эдинг.
8 Мен яна ўша ердан ўтиб кетаётиб, сени кўриб қолдим. Сен севги учун етилганингни кўриб, кийимимнинг этаги билан яланғоч баданингни ёпдим. Мен сенга қасамёд қилдим, сен билан никоҳ аҳдини туздим. Шунда сен Меники бўлдинг, — деб айтмоқда Эгамиз Раббий. 9 — Сени чўмилтириб, баданингга ёпишиб қолган қон қолдиқларини ювиб ташладим. Терингга хушбўй мойларни суртдим. 10 Эгнингга нақш солинган кўйлак, оёғингга юмшоқ теридан тикилган чориқлар кийдирдим. Бошингга ҳарир рўмол ўраб, устингга шойи тўн ташладим. 11 Қимматбаҳо безаклар билан сенга зеб бердим: қўлларингга билагузуклар, бўйнингга тилла занжир, 12 бурнингга узук, қулоқларингга сирға тақдим, бошингга гўзал бир тож кийдирдим. 13 Сени олтину кумуш билан безантирдим, устингга қимматбаҳо шойи, майин зиғир матосидан тикилган либослару нақш солинган кўйлаклар кийдирдим. Олий навли ундан ёпилган нонлар билан, зайтун мойи ва асал билан сени боқдим. Сен ниҳоятда гўзал бўлдинг, ҳақиқий маликага ўхшаб қолдинг. 14 Мислсиз гўзаллигинг билан халқлар орасида донг таратдинг, чунки Мен сенга берган улуғворлигим гўзаллигингни мукаммал қилган эди. Эгамиз Раббийнинг каломи шудир.
Қуддус фоҳиша тимсолида
15 Сен эса гўзаллигингга ишондинг. Шуҳратингдан фойдаланиб, фаҳш йўлига кирдинг . Ўтган–кетган эркакка ўзингни бердинг, гўзаллигингдан уларни баҳраманд қилдинг. 16 Мен сенга берган нафис матолар билан саждагоҳларингни безаб, у ерда фоҳишалик қилдинг. Қандай шармандагарчилик! Асло бундай бўлиши керак эмас эди! 17 Бундан ташқари, Мен сенга берган олтин ва кумуш безаклардан ўзингга эркак тасвиридаги ҳайкалчалар ясаттирдинг. Улар билан зино қилдинг. 18 Нақш солинган кўйлакларингни бутлар устига кийдирдинг. Мен сенга берган мой билан хушбўй тутатқиларни уларга назр қилдинг. 19 Сенга нон учун берган олий навли унни, зайтун мойи ва асални бутларингга хушбўй ҳадялар сифатида тортиқ қилдинг. Эҳа, шулар содир бўлди, — деб айтмоқда Эгамиз Раббий. 20 — Сўнг Мендан кўрган ўғил–қизларингни олдинг, уларни ўз бутларингга ем қилиб, қурбон қилдинг. Наҳотки фоҳишалик қилганинг етмаган бўлса?! 21 Болаларимни сўйишинг, уларни бутларингга қурбонлик қилиб, оловда куйдиришинг шартмиди?! 22 Жирканч одатлару фоҳишалик қилганингда сен бирон марта ҳам ўз болалигингни эсламадинг, қип–яланғоч бўлганингни, ўз қонингга беланиб типирчилаб ётганингни эсга олмадинг.
23 Сенинг ҳолингга вой! — деб айтмоқда Эгамиз Раббий. — Қилган қабиҳликларинг етмагандай сен 24 ўзинг учун сўрилар қурдинг, ҳар бир майдонда баланд супалар ўрнатдинг. 25 Ҳар бир кўчанинг бошида баланд супалар қуриб, гўзаллигингни хор қилдинг. Ўтган–кетганга путингни очдинг, фоҳишаликка берилиб кетдинг. 26 Аъзоси йирик бўлган қўшни Миср билан ётдинг. Фаҳшга берилиб, ғазабимни келтирдинг. 27 Шунда Мен қўлимни сенга қарши кўтардим. Ризқингни камайтириб, сени душманларинг бўлган Филист аёлларининг ихтиёрига топширдим. Ҳаттоки ўшалар ҳам сенинг беҳаёлигингни кўриб, ёқаларини ушлашган. 28 Сен тўймас ҳирсингни қониқтириш учун Оссурия билан фоҳишалик қилдинг. Аммо шунда ҳам қониқмадинг. 29 Савдогарлар юрти бўлган Бобил билан ҳам фаҳшга берилдинг, аммо шунда ҳам қониқмадинг.
30 Нақадар бузуқдир сенинг юрагинг! — деб айтмоқда Эгамиз Раббий. — Сен ўзингни шалоқ хотиндай тутдинг–ку! 31 Сен ҳар бир кўчанинг бошида сўрилар қурдинг, ҳар бир майдонда баланд супалар ўрнатдинг. Йўқ, сен фоҳишадай эмас эдинг, сен тўловдан ҳазар қилардинг. 32 Сен бузуқ аёлсан! Бегона эркакларни ўз эрингдан афзал кўрдинг. 33 Ҳамма фоҳишаларга совғалар берилади. Лекин сен ҳамма ўйнашларингга совғалар бердинг. Ҳар ёқдан келиб, сен билан фоҳишалик қилишлари учун уларни сотиб олдинг. 34 Ҳа, сен бошқа фоҳишалардан ажралиб турасан. Ҳеч ким сени фоҳишалик қилишга ундамаган, ҳеч ким сенга тўлов бермаган. Аксинча, бошқаларга сен тўлов бергансан. Ҳақиқатан ҳам, сен бошқачасан!»
Худо Қуддусни ҳукм қилади
35 Эй инсон, Қуддусга айт: «Энди эса, эй фоҳиша, Эгамизнинг сўзларини эшит! 36 Эгамиз Раббий шундай демоқда: сен кийимларингни ечиб, ўйнашларинг билан фоҳишалик қилдинг, макруҳ бутларингга сажда этдинг. Ўз болаларингнинг қонини тўкиб, худоларингга қурбон қилдинг. 37 Шунинг учун сендан лаззатланган ҳамма ўйнашларингни Мен ҳар ердан йиғиб келаман. Сен севганларни ҳам, нафратланганларни ҳам сенга қарши йиғаман. Сени қип–яланғоч қилиб, уларнинг олдига чиқариб қўяман. Улар сени томоша қиладилар. 38 Мен сени қотиллигинг ва зинокорлигинг учун ҳукм қиламан. Рашку ғазабда сени қонга белайман. 39 Сени ўйнашларинг ихтиёрига топшираман. Улар сўриларингни бузадилар, супаларингни вайрон қиладилар. Устингдаги кийимларингни юлиб оладилар, чиройли тақинчоқларингни тортиб оладилар. Сен қип–яланғоч қоласан. 40 Улар оломонни йиғиб, сени тошбўрон қиладилар, жасадингни қилич билан нимталаб ташлайдилар. 41 Уйларингни ёндириб юборадилар, сени бир талай аёлларнинг кўзи олдида жазолайдилар. Шу йўсин Мен фоҳишалигингга чек қўяман. Сен ўйнашларингга бошқа тўлов бермайсан. 42-43 Сен болалигингни эсламаганинг учун, қилмишларинг билан қаҳримни келтирганинг учун, Мен қилмишларингга яраша жазоингни бераман, — деб айтмоқда Эгамиз Раббий. — Шунда Мен жаҳлдан тушаман, рашкимни босиб оламан. Тинчланиб, бошқа ғазабланмайман.
Эй Қуддус, жирканч одатларинг етмасмиди, нимага беҳаёлик қилдинг? 44 Одамлар сен ҳақингда гапирганда ‘қиз онасига тортар’ деган мақолни ишлатишади. 45 Сен ҳақиқатан ҳам ўз эри ва болаларидан ҳазар қилган онангга ўхшайсан. Эрлари ва болаларидан ҳазар қилган опа–сингилларингдан қолишмайсан. Сенинг онанг Хет уруғидан, отанг Амор халқидан эди . 46 Сенинг опанг Самария ўз қизлари билан шимолда, синглинг Садўм эса ўз қизлари билан жанубда яшар эдилар. 47 Сен нафақат уларнинг йўлларидан юргансан, жирканч одатларига тақлид қилгансан, балки қисқа вақт ичида барча қабиҳликларинг билан улардан ўзиб ҳам кетгансан. 48 Мен, Эганг Раббий, барҳаёт Худо бўлганим ҳақи онт ичиб айтаманки, сенинг синглинг Садўм ўз қизлари билан сенчалик ва сенинг қизларингчалик қабиҳликлар қилмаган. 49 Садўмнинг айби шудир: у ва унинг қизлари мағрур эдилар. Улар тўқ, тинч ва осойишта ҳаёт кечирар эдилар, аммо мазлуму ночорларга ёрдам бермас эдилар. 50 Ҳа, улар мағрур эдилар, олдимда жирканч ишлар қилгандилар. Мен буни кўриб, уларни йўқ қилган эдим. 51 Ҳатто Самария ҳам сен қилган гуноҳларнинг ярмисини қилмаган. Сен улардан кўпроқ қабиҳликлар қилгансан. Қилган қабиҳликларинг олдида опанг билан синглинг солиҳ бўлиб кўринади. 52 Мана энди шармандалигингга тоқат қилишга мажбурсан. Сен опа–сингилларингнинг жазосини енгиллаштирдинг. Сен улардан ҳам баттар гуноҳлар қилиб, уларни бегуноҳдай кўрсатдинг. Энди уялгин, шармандалигингга тоқат қилгин, чунки сен опа–сингилларингни оппоқ қилиб кўрсатдинг.
53 Аммо бир кун келиб, Мен Садўм ва Самарияни уларнинг қизлари билан бирга яна фаровонликка эриштираман. Улар билан бирга сени ҳам тиклайман. 54 Шунда сен шармандалигингга тоқат қилиб, ўзингдан ўзинг уялиб кетасан, чунки сен қилган қилмишларинг билан опа–сингилларингни анча юпатдинг. 55 Ҳа, опа–сингилларинг Садўм ва Самария қизлари билан тикланади. Сен ҳам қизларинг билан қайта тикланасан. 56 Сен мағрурланиб, синглинг Садўмни мазах қилар эдинг. 57 Аммо энди, сенинг фосиқлигинг бутун дунёга ошкор бўлди. Сен Эдом қизлари ва уларнинг ҳамма қўшнилари учун мазах бўлдинг. Филист қизлари ҳамма жойда сени масхара қиладилар. 58 Сен беҳаёлигинг ва жирканч одатларингга яраша жазо тортишинг шарт. Эгамизнинг каломи шудир.
Абадий аҳд
59 Эгамиз Раббий демоқда: эй Қуддус, Мен қилган қилмишингга яраша жазоингни бераман, чунки сен берган ваъдаларингни менсимадинг, аҳдингни буздинг. 60 Аммо Мен ёшлигингда сен билан тузган аҳдимга содиқ қоламан, сен билан абадий бир аҳд тузаман. 61 Сен қилган қилмишларингни эслайсан. Опангни ҳам, синглингни ҳам қабул қилганингда уяласан. Мен уларни сенга фарзанд қилиб бераман. Буни сен билан тузадиган аҳддан ташқари қиламан. 62 Ҳа, Мен сен билан аҳд тузаман, шунда Эганг Мен эканлигимни билиб оласан. 63 Мен қилган барча гуноҳларингни кечираман, аммо сен уларни доим ёдингда тутиб, хижолат бўласан. Уялганингдан сен ҳатто оғзингни ҳам оча олмайсан. Эгамиз Раббийнинг каломи шудир.»”