9–BOB
Xalq gunohlari uchun tavba qiladi
1 Yettinchi oyning yigirma toʻrtinchi kuni Isroil xalqi yana yigʻin qildi. Ular qaygʻudan qanorga oʻranib, boshlaridan tuproq sochib, roʻza tutdilar. 2 Isroil nasli oʻzlarini hamma begonalardan ayirib oldilar, soʻng oʻzlarining va ota–bobolarining gunohlari uchun tavba qildilar. 3 Ular taxminan uch soat davomida tik turib, Egasi Xudoning Tavrot kitobidan oʻqilgan soʻzlarni eshitdilar. Keyingi uch soat davomida esa tavba qilib, Egasi Xudoga sajda qildilar. 4 Oʻsha yerda levilar turadigan bir zina bor edi. Yeshuva, Banix, Kadmil, Shabaniyo, Boʻnax, Sharaviyo, Banix va Xanonax oʻsha zinaga chiqib, Egasi Xudoga qattiq ovozda iltijo qildilar.
Levilar tavba–tazarru bilan ibodat qiladilar
5 Soʻngra levilardan boʻlgan Yeshuva, Kadmil, Banix, Xashavniyo, Sharaviyo, Xoʻdiyo, Shabaniyo va Patixiyo xalqqa daʼvat qilib dedilar: “Endi turinglar, Egangiz Xudoni olqishlanglar!” Levilar hamdu sano oʻqidilar:
“Ey Egamiz Xudo! Senga abadulabad hamdu sanolar boʻlsin. Senga munosib hamdu sano aytishga tilimiz ojiz boʻlsa–da, hamma Sening ulugʻvor nomingni olqishlasin.
6 Yolgʻiz Sen Egamizdirsan! Sen osmonni, beqiyos falakni, undagi hamma samoviy jismlarni, zaminni, zamindagi hamma narsani, dengizlarni, dengizlardagi hamma narsani yaratgansan. Ularning hammasiga jon ato qilgan Sensan. Samodagi farishtalar Senga sajda qiladi.
7 Sen Parvardigor Egamizsan. Sen Ibromni tanlab olding, uni Xaldeydagi Ur shahridan olib chiqding, unga Ibrohim deb ism berding. 8 Uning sodiqligiga amin boʻlding. Shuning uchun u bilan ahd qilib, deding: «Sening nasllaringga Kanʼon, Xet, Amor, Pariz, Yobus va Girgosh xalqlarining yurtlarini beraman.» Sen ahdingda turding, chunki Sen sodiq Xudosan.
9 Ota–bobolarimizning Misrdagi azob–uqubatlarini Oʻzing koʻrding, ularning Qizil dengizda qilgan dod–faryodlarini eshitding. 10 Sen firʼavnga, uning barcha aʼyonlariga, Misr yurtining xalqiga qarshi alomatu moʻjizalar koʻrsatding. Chunki ular ota–bobolarimizga nisbatan surbetlarcha ish tutganlarini bilarding. Oʻshanda qozongan dovrugʻing shu kungacha saqlanib qolgan. 11 Sen ota–bobolarimizning koʻz oʻngida dengizni ikkiga boʻlding, shu bois ular dengiz orqali quruq yerdan oʻtdilar. Ularni taʼqib qilayotgan Misrliklarni esa Sen dengiz qaʼriga uloqtirding. Ular bahaybat suvlarga toshday gʻarq boʻldilar. 12 Sen kunduzi ota–bobolarimizni ustun shaklidagi bulut bilan boshlab bording, kechalari ustun shaklidagi alanga bilan ularning yoʻllarini yoritding.
13 Sen Sinay togʻi uzra kelib turding, samodan turib ularga gapirding, ularga adolatli qoidalar, toʻgʻri qonunlar, yaxshi farmonlaru amrlar berding. 14 Senga bagʻishlangan Shabbat kuniga rioya qilish toʻgʻrisida ularga koʻrsatmalar berding. Quling Muso orqali ularga amrlar, farmonlar, qonunlar berding.
15 Ular och qolganlarida, samodan non berding, chanqaganlarida qoyadan ularga suv chiqarib berding. Sen Kanʼon yurtini ularga beraman, deya ont ichgan eding. Soʻng ularga, boringlar, oʻsha yerni mulk qilib olinglar, deb aytding. 16 Lekin ota–bobolarimiz oʻzlariga bino qoʻyib, oʻjarlik qildilar, Sening amrlaringga itoat etmadilar. 17-18 Ular Senga itoat etishdan bosh tortdilar, ularning orasida koʻrsatgan moʻjizalaringni esga olmadilar. Shu qadar oʻjarlik qildilarki, Misrdagi qullikka qaytib borish uchun oʻzlariga yoʻlboshchi tayinladilar. Lekin Sen kechiradigan, inoyatli, rahmdil, jahli tez chiqmaydigan, sodiq sevgisi moʻl Xudosan. Bizning ota–bobolarimiz oʻzlariga buqaning tasvirini yasab: «Mana bizlarni Misrdan olib chiqqan xudoyimiz», degan edilar. Shu tariqa oʻta shakkoklik qilgan edilar. Hatto oʻshanda ham Sen ota–bobolarimizni tark etmading.
19 Sen gʻoyat rahmdil boʻlganing uchun ota–bobolarimizni sahroda tashlab ketmading. Ularni kunduzlari doim bulut ustuni bilan yoʻlda boshlab bording, kechalari yura olsin deb, doim alanga ustuni bilan yoʻllarini yoritding. 20 Ularga oʻgit bersin deb, ezgu Ruhingni baxsh etding, ularning ogʻzidan mannani uzmading, chanqoqlari bosilsin deb, suv berding. 21 Sen qirq yil sahroda ularga gʻamxoʻrlik qilding, ular hech narsaga muhtojlik sezmadilar, kiyimlari toʻzmadi, oyoqlari shishib ketmadi.
22 Sen ularga shohliklar va xalqlar ustidan gʻalaba ato qilding, qoʻlga kiritgan yerning har bir parchasini taqsimlab berding. Ular Xashbon shohi Sixoʻnning yurtini , Bashan shohi Oʻgning yurtini mulk qilib oldilar. 23 Sen ularning nasllarini samodagi yulduzlar singari koʻpaytirding. Ota–bobolariga vaʼda qilgan yurtga ularni olib kirding. 24 Ular borib, Kanʼon yurtini mulk qilib oldilar. Sen ularga Kanʼon yurti aholisini boʻysundirib berding, bu yurtni shohlariyu mahalliy xalqlari bilan birga ularning qoʻllariga berib: «Bularga istaganingizni qilinglar», deding. 25 Ota–bobolarimiz mustahkam shaharlarni, hosildor yerlarni qoʻlga kiritdilar, ajoyib buyumlar bilan toʻla uylarga, qazilgan sardobalarga, uzumzorlarga, zaytunzorlarga, koʻplab mevali daraxtlarga ega boʻldilar. Yeb toʻydilar, semirdilar, Sening ulugʻ marhamatingdan koʻngillarini chogʻ qildilar.
26 Lekin shunga qaramay, ular yana itoatsizlik qilib, Senga qarshi bosh koʻtardilar. Qonunlaringni mensimadilar, «Egamizga qaytinglar», deb daʼvat qilgan paygʻambarlaringni oʻldirdilar. Oʻtaketgan shakkokliklar qildilar. 27 Shuning uchun Sen ularni dushmanlari qoʻliga berding, dushmanlari ularga zulm oʻtkazdilar. Ular azob tortganlarida Senga iltijo qilishdi, Sen ularning iltijolarini samodan turib eshitding. Buyuk rahm–shafqating tufayli ularga qutqaruvchilarni yubording. Qutqaruvchilar ularni dushmanlari qoʻlidan xalos qildilar. 28 Lekin hammasi yaxshi boʻlgandan keyin, ular Sening oldingda yana qabihlik qilishdi. Sen ularni yana dushmanlari qoʻliga berib, tark etding. Dushmanlari ular ustidan hukmronlik qilishdi. Ota–bobolarimiz yana Senga yuz burib, iltijo qilganlarida, samodan turib ularning iltijolarini eshitding. Sen rahmdil boʻlganing uchun koʻp martalab ularga najot berding.
29 Qonunlarim boʻyicha oldingiday yashanglar, deb ularni ogohlantirding. Lekin ular oʻzlariga bino qoʻyib, Sening amrlaringga itoat etmadilar. Garchi qonun–qoidalaringga amal qilish hayot bersa–da, ular bu qonun–qoidalaringga qarshi gunoh qildilar, oʻjarlik bilan qonun–qoidalaringdan yuz oʻgirdilar, itoat etishdan bosh tortdilar. 30 Uzoq yillar Sen ularga sabr–toqat qilib kelding, Ruhing ila paygʻambarlar orqali xalqingni ogohlantirib kelding. Lekin ular Senga quloq solmadilar. Shu sababdan Sen ularni taslim qilib, begona xalqlarning qoʻliga berding. 31 Ammo shunday boʻlsa ham, buyuk rahm–shafqating tufayli Sen ularni qirib tashlamading, ularni tark etmading, chunki Sen inoyatli, rahmdil Xudosan!
32 Ey Xudoyimiz! Sen buyuk, qudratli va haybatli Xudosan! Sen ahdingda turasan, sodiq sevgingni saqlaysan. Chekkan azob–uqubatlarimizdan koʻz yumma. Axir, Ossuriya shohlari davridan bugungacha shohlarimiz, yoʻlboshchilarimiz, ruhoniylarimiz, paygʻambarlarimiz, ota–bobolarimiz, butun xalqimiz boshiga ogʻir azob–uqubatlar tushdi. 33 Sen bizni jazolab toʻgʻri qilding. Sen sadoqat bilan ish tutding, biz esa qabihlik qildik. 34 Shohlarimiz, yoʻlboshchilarimiz, ruhoniylarimiz, ota–bobolarimiz Sening qonunlaringga rioya qilmadilar, Sen bergan amrlaringga, ogohlantirishlaringga ular quloq solmadilar. 35 Hatto oʻz shohligiga ega boʻlgan paytlarida, Sen ularga buyuk marhamat koʻrsatgan boʻlsang ham, ular Senga xizmat qilmadilar. Sen ularga keng, serhosil bir yurt berding, lekin ular qabih ishlaridan qaytmadilar.
36 Mana, bugun biz qulmiz! Sen ota–bobolarimizga bergan yurtda biz qul boʻlib yashayapmiz. Sen esa bu yurtni ota–bobolarimizga mevalaridan, moʻl–koʻlchiligidan bahramand boʻlsin deb bergansan. 37 Ammo gunohlarimiz oqibatida Sen bizni shohlarga tobe qilib qoʻyding. Yurtimizning moʻl hosili oʻshalarga ketadi. Ular bizga va chorvamizga xohlagan ishini qiladi. Evoh, ogʻir kulfatda qoldik!”
Xalq Xudoga itoat etishga qaror qiladi
38 Xalq quyidagicha qaror qildi:
“Boʻlib oʻtgan voqealar tufayli biz yozma ravishda qatʼiy qaror qilyapmiz. Yoʻlboshchilarimiz, levilarimiz va ruhoniylarimiz bu qarorga muhrlarini bosdilar.
9–БОБ
Халқ гуноҳлари учун тавба қилади
1 Еттинчи ойнинг йигирма тўртинчи куни Исроил халқи яна йиғин қилди. Улар қайғудан қанорга ўраниб, бошларидан тупроқ сочиб, рўза тутдилар. 2 Исроил насли ўзларини ҳамма бегоналардан айириб олдилар, сўнг ўзларининг ва ота–боболарининг гуноҳлари учун тавба қилдилар. 3 Улар тахминан уч соат давомида тик туриб, Эгаси Худонинг Таврот китобидан ўқилган сўзларни эшитдилар. Кейинги уч соат давомида эса тавба қилиб, Эгаси Худога сажда қилдилар. 4 Ўша ерда левилар турадиган бир зина бор эди. Ешува, Баних, Кадмил, Шабаниё, Бўнах, Шаравиё, Баних ва Ханонах ўша зинага чиқиб, Эгаси Худога қаттиқ овозда илтижо қилдилар.
Левилар тавба–тазарру билан ибодат қиладилар
5 Сўнгра левилардан бўлган Ешува, Кадмил, Баних, Хашавниё, Шаравиё, Хўдиё, Шабаниё ва Патихиё халққа даъват қилиб дедилар: “Энди туринглар, Эгангиз Худони олқишланглар!” Левилар ҳамду сано ўқидилар:
“Эй Эгамиз Худо! Сенга абадулабад ҳамду санолар бўлсин. Сенга муносиб ҳамду сано айтишга тилимиз ожиз бўлса–да, ҳамма Сенинг улуғвор номингни олқишласин.
6 Ёлғиз Сен Эгамиздирсан! Сен осмонни, беқиёс фалакни, ундаги ҳамма самовий жисмларни, заминни, заминдаги ҳамма нарсани, денгизларни, денгизлардаги ҳамма нарсани яратгансан. Уларнинг ҳаммасига жон ато қилган Сенсан. Самодаги фаришталар Сенга сажда қилади.
7 Сен Парвардигор Эгамизсан. Сен Ибромни танлаб олдинг, уни Халдейдаги Ур шаҳридан олиб чиқдинг, унга Иброҳим деб исм бердинг. 8 Унинг содиқлигига амин бўлдинг. Шунинг учун у билан аҳд қилиб, дединг: «Сенинг наслларингга Канъон, Хет, Амор, Париз, Ёбус ва Гиргош халқларининг юртларини бераман.» Сен аҳдингда турдинг, чунки Сен содиқ Худосан.
9 Ота–боболаримизнинг Мисрдаги азоб–уқубатларини Ўзинг кўрдинг, уларнинг Қизил денгизда қилган дод–фарёдларини эшитдинг. 10 Сен фиръавнга, унинг барча аъёнларига, Миср юртининг халқига қарши аломату мўъжизалар кўрсатдинг. Чунки улар ота–боболаримизга нисбатан сурбетларча иш тутганларини билардинг. Ўшанда қозонган довруғинг шу кунгача сақланиб қолган. 11 Сен ота–боболаримизнинг кўз ўнгида денгизни иккига бўлдинг, шу боис улар денгиз орқали қуруқ ердан ўтдилар. Уларни таъқиб қилаётган Мисрликларни эса Сен денгиз қаърига улоқтирдинг. Улар баҳайбат сувларга тошдай ғарқ бўлдилар. 12 Сен кундузи ота–боболаримизни устун шаклидаги булут билан бошлаб бординг, кечалари устун шаклидаги аланга билан уларнинг йўлларини ёритдинг.
13 Сен Синай тоғи узра келиб турдинг, самодан туриб уларга гапирдинг, уларга адолатли қоидалар, тўғри қонунлар, яхши фармонлару амрлар бердинг. 14 Сенга бағишланган Шаббат кунига риоя қилиш тўғрисида уларга кўрсатмалар бердинг. Қулинг Мусо орқали уларга амрлар, фармонлар, қонунлар бердинг.
15 Улар оч қолганларида, самодан нон бердинг, чанқаганларида қоядан уларга сув чиқариб бердинг. Сен Канъон юртини уларга бераман, дея онт ичган эдинг. Сўнг уларга, боринглар, ўша ерни мулк қилиб олинглар, деб айтдинг. 16 Лекин ота–боболаримиз ўзларига бино қўйиб, ўжарлик қилдилар, Сенинг амрларингга итоат этмадилар. 17-18 Улар Сенга итоат этишдан бош тортдилар, уларнинг орасида кўрсатган мўъжизаларингни эсга олмадилар. Шу қадар ўжарлик қилдиларки, Мисрдаги қулликка қайтиб бориш учун ўзларига йўлбошчи тайинладилар. Лекин Сен кечирадиган, иноятли, раҳмдил, жаҳли тез чиқмайдиган, содиқ севгиси мўл Худосан. Бизнинг ота–боболаримиз ўзларига буқанинг тасвирини ясаб: «Мана бизларни Мисрдан олиб чиққан худойимиз», деган эдилар. Шу тариқа ўта шаккоклик қилган эдилар. Ҳатто ўшанда ҳам Сен ота–боболаримизни тарк этмадинг.
19 Сен ғоят раҳмдил бўлганинг учун ота–боболаримизни саҳрода ташлаб кетмадинг. Уларни кундузлари доим булут устуни билан йўлда бошлаб бординг, кечалари юра олсин деб, доим аланга устуни билан йўлларини ёритдинг. 20 Уларга ўгит берсин деб, эзгу Руҳингни бахш этдинг, уларнинг оғзидан маннани узмадинг, чанқоқлари босилсин деб, сув бердинг. 21 Сен қирқ йил саҳрода уларга ғамхўрлик қилдинг, улар ҳеч нарсага муҳтожлик сезмадилар, кийимлари тўзмади, оёқлари шишиб кетмади.
22 Сен уларга шоҳликлар ва халқлар устидан ғалаба ато қилдинг, қўлга киритган ернинг ҳар бир парчасини тақсимлаб бердинг. Улар Хашбон шоҳи Сихўннинг юртини , Башан шоҳи Ўгнинг юртини мулк қилиб олдилар. 23 Сен уларнинг наслларини самодаги юлдузлар сингари кўпайтирдинг. Ота–боболарига ваъда қилган юртга уларни олиб кирдинг. 24 Улар бориб, Канъон юртини мулк қилиб олдилар. Сен уларга Канъон юрти аҳолисини бўйсундириб бердинг, бу юртни шоҳларию маҳаллий халқлари билан бирга уларнинг қўлларига бериб: «Буларга истаганингизни қилинглар», дединг. 25 Ота–боболаримиз мустаҳкам шаҳарларни, ҳосилдор ерларни қўлга киритдилар, ажойиб буюмлар билан тўла уйларга, қазилган сардобаларга, узумзорларга, зайтунзорларга, кўплаб мевали дарахтларга эга бўлдилар. Еб тўйдилар, семирдилар, Сенинг улуғ марҳаматингдан кўнгилларини чоғ қилдилар.
26 Лекин шунга қарамай, улар яна итоатсизлик қилиб, Сенга қарши бош кўтардилар. Қонунларингни менсимадилар, «Эгамизга қайтинглар», деб даъват қилган пайғамбарларингни ўлдирдилар. Ўтакетган шаккокликлар қилдилар. 27 Шунинг учун Сен уларни душманлари қўлига бердинг, душманлари уларга зулм ўтказдилар. Улар азоб тортганларида Сенга илтижо қилишди, Сен уларнинг илтижоларини самодан туриб эшитдинг. Буюк раҳм–шафқатинг туфайли уларга қутқарувчиларни юбординг. Қутқарувчилар уларни душманлари қўлидан халос қилдилар. 28 Лекин ҳаммаси яхши бўлгандан кейин, улар Сенинг олдингда яна қабиҳлик қилишди. Сен уларни яна душманлари қўлига бериб, тарк этдинг. Душманлари улар устидан ҳукмронлик қилишди. Ота–боболаримиз яна Сенга юз буриб, илтижо қилганларида, самодан туриб уларнинг илтижоларини эшитдинг. Сен раҳмдил бўлганинг учун кўп марталаб уларга нажот бердинг.
29 Қонунларим бўйича олдингидай яшанглар, деб уларни огоҳлантирдинг. Лекин улар ўзларига бино қўйиб, Сенинг амрларингга итоат этмадилар. Гарчи қонун–қоидаларингга амал қилиш ҳаёт берса–да, улар бу қонун–қоидаларингга қарши гуноҳ қилдилар, ўжарлик билан қонун–қоидаларингдан юз ўгирдилар, итоат этишдан бош тортдилар. 30 Узоқ йиллар Сен уларга сабр–тоқат қилиб келдинг, Руҳинг ила пайғамбарлар орқали халқингни огоҳлантириб келдинг. Лекин улар Сенга қулоқ солмадилар. Шу сабабдан Сен уларни таслим қилиб, бегона халқларнинг қўлига бердинг. 31 Аммо шундай бўлса ҳам, буюк раҳм–шафқатинг туфайли Сен уларни қириб ташламадинг, уларни тарк этмадинг, чунки Сен иноятли, раҳмдил Худосан!
32 Эй Худойимиз! Сен буюк, қудратли ва ҳайбатли Худосан! Сен аҳдингда турасан, содиқ севгингни сақлайсан. Чеккан азоб–уқубатларимиздан кўз юмма. Ахир, Оссурия шоҳлари давридан бугунгача шоҳларимиз, йўлбошчиларимиз, руҳонийларимиз, пайғамбарларимиз, ота–боболаримиз, бутун халқимиз бошига оғир азоб–уқубатлар тушди. 33 Сен бизни жазолаб тўғри қилдинг. Сен садоқат билан иш тутдинг, биз эса қабиҳлик қилдик. 34 Шоҳларимиз, йўлбошчиларимиз, руҳонийларимиз, ота–боболаримиз Сенинг қонунларингга риоя қилмадилар, Сен берган амрларингга, огоҳлантиришларингга улар қулоқ солмадилар. 35 Ҳатто ўз шоҳлигига эга бўлган пайтларида, Сен уларга буюк марҳамат кўрсатган бўлсанг ҳам, улар Сенга хизмат қилмадилар. Сен уларга кенг, серҳосил бир юрт бердинг, лекин улар қабиҳ ишларидан қайтмадилар.
36 Мана, бугун биз қулмиз! Сен ота–боболаримизга берган юртда биз қул бўлиб яшаяпмиз. Сен эса бу юртни ота–боболаримизга меваларидан, мўл–кўлчилигидан баҳраманд бўлсин деб бергансан. 37 Аммо гуноҳларимиз оқибатида Сен бизни шоҳларга тобе қилиб қўйдинг. Юртимизнинг мўл ҳосили ўшаларга кетади. Улар бизга ва чорвамизга хоҳлаган ишини қилади. Эвоҳ, оғир кулфатда қолдик!”
Халқ Худога итоат этишга қарор қилади
38 Халқ қуйидагича қарор қилди:
“Бўлиб ўтган воқеалар туфайли биз ёзма равишда қатъий қарор қиляпмиз. Йўлбошчиларимиз, левиларимиз ва руҳонийларимиз бу қарорга муҳрларини босдилар.