8–BOB
Iso fohisha ayolni kechiradi
1 Iso Zaytun togʻi tomon ketdi. 2 Saharda yana Maʼbadga qaytdi. Butun xalq Uning oldiga yigʻilib keldi, U esa oʻtirib, odamlarga taʼlim bera boshladi. 3 Shu orada Tavrot tafsirchilari bilan farziylar bir ayolni olib kelishdi. Ular bu ayolni zino qilayotganda ushlab olishgan edi. Ayolni hammaning oldiga turgʻizib, 4 shunday deyishdi:
— Ustoz, bu ayol zino qilayotganda ushlandi. 5 Muso qonunda bunday ayollarni toshboʻron qilishni buyurgan . Siz nima deysiz?
6 Bu savol bilan ular Isoni tuzoqqa ilintirib, ayblashga asos topmoqchi edilar. Iso esa engashib barmogʻi bilan yerga yoza boshladi. 7 Ular bu savolni qayta–qayta soʻrayverganlari uchun, Iso oʻrnidan turib dedi:
— Sizning orangizda kim begunoh boʻlsa, oʻsha birinchi boʻlib ayolga tosh otsin.
8 Soʻng yana engashib, yerga yozishni davom ettirdi. 9 Ular bu gapni eshitib , kattalardan boshlab hammasi birin–ketin keta boshlashdi. Oxirida yolgʻiz Iso bilan Uning oldida turgan ayol qoldi. 10 Iso oʻrnidan turib ayolga dedi:
— Ey ayol, boshqalar qani? Hech kim seni mahkum qilmadimi?
11 — Hech kim, Hazrat! — deb javob berdi ayol.
Iso dedi:
— Men ham seni mahkum qilmayman. Bor, bundan keyin boshqa gunoh qilma.
Iso Masih — olamning nuri
12 Iso yana xalqqa gapirib dedi:
— Men olamning nuriman. Kimki Menga ergashsa, hech qachon zulmatda yurmaydi, balki hayot nuriga ega boʻladi.
13 Farziylar Isoning bu gapiga eʼtiroz bildirdilar:
— Siz Oʻzingizga Oʻzingiz guvohlik beryapsiz. Bu guvohligingiz haqqoniy emas.
14 Iso shunday javob berdi:
— Men Oʻzimga Oʻzim guvohlik bersam ham, guvohligim haqqoniydir. Chunki Men qayerdan kelib, qayerga ketayotganimni bilaman. Sizlar esa Mening qayerdan kelib, qayerga ketayotganimni bilmaysizlar. 15 Sizlar insoniy oʻlchov bilan hukm qilasizlar. Men esa hech kimni hukm qilmayman. 16 Bordi–yu, Men hukm qilsam ham, hukmim haqqoniydir. Chunki Men Oʻzim emas, balki Meni yuborgan osmondagi Otam bilan birga hukm qilaman. 17 Oʻzlaringizning Tavrotingizda: “Ikki guvohning shahodati haqqoniydir” , deb yozilgan–ku. 18 Shunday ekan, bitta guvoh Menman, ikkinchisi Meni yuborgan Otadir.
19 Shunda ular Isodan:
— Otangiz qayerda? — deb soʻradilar. U bunga javoban dedi:
— Sizlar Meni ham, Otamni ham tanimaysizlar. Agar Meni taniganingizda edi, Otamni ham tanigan boʻlar edingizlar.
20 Bu soʻzlarni Iso Maʼbadda taʼlim berayotib, xayr–ehson qutisining oldida aytdi. Hech kim Uni qoʻlga olmadi, chunki Uning vaqt–soati hali kelmagan edi.
Isoni rad qilganlarning qismati
21 Iso ularga yana dedi:
— Men ketyapman. Sizlar Meni qidirasizlar va gunohkor boʻlib oʻlasizlar. Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar.
22 — Nahotki U Oʻzini Oʻzi oʻldirsa? “Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar”, deb aytyapti–ku, — deyishdi oʻzaro yahudiylar. 23 Iso ularga shunday dedi:
— Sizlar bu dunyodansizlar, Men esa yuqoridanman. Sizlar bu olamga mansubsizlar, Men esa bu olamdan emasman. 24 Shuning uchun sizlarga: “Gunohkor boʻlib oʻlasizlar”, deb aytdim. Ha, agar Oʻsha Men ekanligimga ishonmasangizlar, gunohkor boʻlib oʻlasizlar.
25 — Siz kimsiz? — deb soʻrashdi Isodan. Iso shunday dedi:
— Kimligimni sizlarga boshidan aytib kelyapman–ku! 26 Sizlarni ayblab aytadigan gapim juda koʻp. Lekin Meni Yuborgan haqdir, Men Undan nima eshitgan boʻlsam, oʻshani dunyoga maʼlum qilaman.
27 Ular esa Iso samoviy Otasi haqida gapirayotganini tushunmadilar. 28 Iso soʻzida davom etdi:
— Inson Oʻgʻlini yuqoriga koʻtarganingizda , Oʻsha Men ekanligimni bilib olasizlar. Oʻshanda Men Oʻzimcha hech narsa qilmaganimni, faqat Otam oʻrgatgan narsalarni aytganimni tushunib olasizlar. 29 Meni Yuborgan doimo Men bilan birgadir. U Meni yolgʻiz tashlab ketmagan. Zero, Men har doim Unga maʼqul boʻlgan ishlarni qilaman.
30 Isoning aytgan gaplarini eshitgan koʻp odamlar Unga imon keltirdilar.
Ozod qiladigan haqiqat
31 Shu vaqt Iso Unga ishongan yahudiylarga dedi:
— Agar Mening soʻzlarimga rioya qilsangizlar, haqiqiy shogirdlarim boʻlasizlar. 32 Sizlar haqiqatni bilib olasizlar, haqiqat esa sizlarni ozod qiladi.
33 Ular shunday deb javob berishdi:
— Biz Ibrohim naslimiz. Hech qachon hech kimga qul boʻlmaganmiz. Qanday qilib Siz, “Ozod boʻlasizlar”, deb aytyapsiz?
34 Iso dedi:
— Sizlarga chinini aytayin: gunoh qiluvchi har bir kishi gunohning qulidir. 35 Qul hech qachon xonadon aʼzosi boʻla olmaydi, oʻgʻil esa abadulabad oʻz xonadonining aʼzosidir. 36 Shunday ekan, agar Oʻgʻil sizlarni ozod qilsa, haqiqatan ozod boʻlasizlar. 37 Ibrohim nasli ekanligingizni bilaman. Biroq Mening jonimga qasd qilmoqchisizlar. Chunki Mening soʻzim qalbingizdan joy topmagan. 38 Men Otaning huzurida nima koʻrgan boʻlsam, oʻshani sizlarga aytyapman. Sizlar esa oʻz otangizdan oʻrganganingizni qilyapsizlar.
Ibrohim bolalari va iblis bolalari
39 Ular Isoga shunday javob berdilar:
— Bizning otamiz Ibrohimdir.
Iso shunday dedi:
— Agar Ibrohimning farzandlari boʻlganingizda edi, Ibrohimning qilgan ishlarini qilgan boʻlar edingizlar. 40 Men sizlarga Xudodan eshitgan haqiqatni soʻzlab berdim, xolos. Shunday boʻlsa–da, sizlar Meni oʻldirmoqchisizlar. Ibrohim bunday ish qilmagan. 41 Sizlar Ibrohimning emas, oʻz otangizning ishlarini qilyapsizlar.
— Iye, biz zinodan tugʻilmaganmiz. Bizning bittayu bitta Otamiz — Xudoning Oʻzi–ku! — deb javob berishdi Isoga. 42 Iso ularga shunday dedi:
— Agar Otangiz Xudo boʻlganda edi, Meni yaxshi koʻrgan boʻlar edingiz, chunki Men Xudodan kelib, endi shu yerda turibman. Men Oʻzimcha kelganim yoʻq, Meni U yubordi. 43 Nega aytganlarimni anglamayapsizlar?! Bunga sabab — soʻzlarimni hazm qila olmaganingiz. 44 Sizlarning otangiz Xudo emas, iblisdir. Sizlar oʻz otangizning nafsu ehtiroslarini bajo qilishni xohlaysizlar. Azaldanoq iblis qotil edi. U hech qachon haqiqat tarafdori boʻlmagan, chunki unda haqiqat yoʻq. U yolgʻon soʻzlaganda, oʻziga xos soʻzlaydi. Chunki u yolgʻonchi, yolgʻonning otasidir. 45 Ammo Men haqiqatni gapirganim uchun Menga ishonmayapsizlar. 46 Qaysi biringiz Meni biron gunohda ayblay olasiz? Agarda haqiqatni gapirayotgan boʻlsam, nega Menga ishonmayapsizlar? 47 Kim Xudoga tegishli boʻlsa, Xudoning soʻzlariga quloq soladi. Sizlar esa Xudoga begona boʻlganingiz uchun quloq solmayapsizlar.
Iso azaldan mavjud
48 Bunga javoban yahudiylar shunday dedilar:
— Siz Samariyaliksiz–ku , Sizni jin uribdi, deb toʻgʻri aytgan ekanmiz!
49 Iso dedi:
— Meni jin urgani yoʻq. Men osmondagi Otamni hurmat qilaman. Sizlar esa Meni beobroʻ qilyapsizlar. 50 Men Oʻzimga obroʻ orttirmoqchi emasman. Lekin obroʻyimni koʻtaradigan bor, Uning Oʻzi hukm qiladi. 51 Sizlarga chinini aytayin: kim Mening soʻzimga rioya qilsa, hech qachon oʻlim koʻrmaydi.
52 Shunda yahudiylar dedilar:
— Sizni jin urganini endi aniq bilib oldik! Ibrohim oʻldi, paygʻambarlar ham oʻlib ketishgan. Siz esa: “Kim Mening soʻzimga rioya qilsa, hech qachon oʻlmaydi”, deyapsiz–a?! 53 Nahotki Siz vafot etgan otamiz Ibrohimdan ham ustun boʻlsangiz?! Paygʻambarlar ham oʻlib ketishgan–ku! Siz Oʻzingizni kim deb hisoblaysiz oʻzi?!
54 Iso shunday javob berdi:
— Agar Men Oʻzimni Oʻzim maqtasam, maqtovlarim behudadir. Otamning Oʻzi Meni maqtaydi. Sizlar Uni Xudoyimiz deb ataysizlar, 55 aslida esa Uni tanimaysizlar. Men esa Uni bilaman. Agar, Uni bilmayman, desam, sizlarga oʻxshagan yolgʻonchi boʻlaman. Men Uni bilaman va Uning soʻziga rioya qilaman. 56 Otangiz Ibrohim kelgan kunimni kutib, xursand boʻlgan edi. Oʻsha kunni koʻrib, qattiq quvondi.
57 — Siz hali ellik yoshga toʻlmagan boʻlsangiz, qanday qilib Ibrohimni koʻrgansiz?! — deyishdi yahudiylar Unga. 58 Iso ularga shunday javob berdi:
— Sizlarga chinini aytayin: Ibrohim tugʻilmasdan oldin Men bor boʻlganman .
59 Shunda Isoni toshboʻron qilmoqchi boʻldilar. Iso esa yashirincha Maʼbaddan chiqib ketdi .
8–БОБ
Исо фоҳиша аёлни кечиради
1 Исо Зайтун тоғи томон кетди. 2 Саҳарда яна Маъбадга қайтди. Бутун халқ Унинг олдига йиғилиб келди, У эса ўтириб, одамларга таълим бера бошлади. 3 Шу орада Таврот тафсирчилари билан фарзийлар бир аёлни олиб келишди. Улар бу аёлни зино қилаётганда ушлаб олишган эди. Аёлни ҳамманинг олдига турғизиб, 4 шундай дейишди:
— Устоз, бу аёл зино қилаётганда ушланди. 5 Мусо қонунда бундай аёлларни тошбўрон қилишни буюрган . Сиз нима дейсиз?
6 Бу савол билан улар Исони тузоққа илинтириб, айблашга асос топмоқчи эдилар. Исо эса энгашиб бармоғи билан ерга ёза бошлади. 7 Улар бу саволни қайта–қайта сўрайверганлари учун, Исо ўрнидан туриб деди:
— Сизнинг орангизда ким бегуноҳ бўлса, ўша биринчи бўлиб аёлга тош отсин.
8 Сўнг яна энгашиб, ерга ёзишни давом эттирди. 9 Улар бу гапни эшитиб , катталардан бошлаб ҳаммаси бирин–кетин кета бошлашди. Охирида ёлғиз Исо билан Унинг олдида турган аёл қолди. 10 Исо ўрнидан туриб аёлга деди:
— Эй аёл, бошқалар қани? Ҳеч ким сени маҳкум қилмадими?
11 — Ҳеч ким, Ҳазрат! — деб жавоб берди аёл.
Исо деди:
— Мен ҳам сени маҳкум қилмайман. Бор, бундан кейин бошқа гуноҳ қилма.
Исо Масиҳ — оламнинг нури
12 Исо яна халққа гапириб деди:
— Мен оламнинг нуриман. Кимки Менга эргашса, ҳеч қачон зулматда юрмайди, балки ҳаёт нурига эга бўлади.
13 Фарзийлар Исонинг бу гапига эътироз билдирдилар:
— Сиз Ўзингизга Ўзингиз гувоҳлик беряпсиз. Бу гувоҳлигингиз ҳаққоний эмас.
14 Исо шундай жавоб берди:
— Мен Ўзимга Ўзим гувоҳлик берсам ҳам, гувоҳлигим ҳаққонийдир. Чунки Мен қаердан келиб, қаерга кетаётганимни биламан. Сизлар эса Менинг қаердан келиб, қаерга кетаётганимни билмайсизлар. 15 Сизлар инсоний ўлчов билан ҳукм қиласизлар. Мен эса ҳеч кимни ҳукм қилмайман. 16 Борди–ю, Мен ҳукм қилсам ҳам, ҳукмим ҳаққонийдир. Чунки Мен Ўзим эмас, балки Мени юборган осмондаги Отам билан бирга ҳукм қиламан. 17 Ўзларингизнинг Тавротингизда: “Икки гувоҳнинг шаҳодати ҳаққонийдир” , деб ёзилган–ку. 18 Шундай экан, битта гувоҳ Менман, иккинчиси Мени юборган Отадир.
19 Шунда улар Исодан:
— Отангиз қаерда? — деб сўрадилар. У бунга жавобан деди:
— Сизлар Мени ҳам, Отамни ҳам танимайсизлар. Агар Мени таниганингизда эди, Отамни ҳам таниган бўлар эдингизлар.
20 Бу сўзларни Исо Маъбадда таълим бераётиб, хайр–эҳсон қутисининг олдида айтди. Ҳеч ким Уни қўлга олмади, чунки Унинг вақт–соати ҳали келмаган эди.
Исони рад қилганларнинг қисмати
21 Исо уларга яна деди:
— Мен кетяпман. Сизлар Мени қидирасизлар ва гуноҳкор бўлиб ўласизлар. Мен борадиган жойга сизлар бора олмайсизлар.
22 — Наҳотки У Ўзини Ўзи ўлдирса? “Мен борадиган жойга сизлар бора олмайсизлар”, деб айтяпти–ку, — дейишди ўзаро яҳудийлар. 23 Исо уларга шундай деди:
— Сизлар бу дунёдансизлар, Мен эса юқориданман. Сизлар бу оламга мансубсизлар, Мен эса бу оламдан эмасман. 24 Шунинг учун сизларга: “Гуноҳкор бўлиб ўласизлар”, деб айтдим. Ҳа, агар Ўша Мен эканлигимга ишонмасангизлар, гуноҳкор бўлиб ўласизлар.
25 — Сиз кимсиз? — деб сўрашди Исодан. Исо шундай деди:
— Кимлигимни сизларга бошидан айтиб келяпман–ку! 26 Сизларни айблаб айтадиган гапим жуда кўп. Лекин Мени Юборган ҳақдир, Мен Ундан нима эшитган бўлсам, ўшани дунёга маълум қиламан.
27 Улар эса Исо самовий Отаси ҳақида гапираётганини тушунмадилар. 28 Исо сўзида давом этди:
— Инсон Ўғлини юқорига кўтарганингизда , Ўша Мен эканлигимни билиб оласизлар. Ўшанда Мен Ўзимча ҳеч нарса қилмаганимни, фақат Отам ўргатган нарсаларни айтганимни тушуниб оласизлар. 29 Мени Юборган доимо Мен билан биргадир. У Мени ёлғиз ташлаб кетмаган. Зеро, Мен ҳар доим Унга маъқул бўлган ишларни қиламан.
30 Исонинг айтган гапларини эшитган кўп одамлар Унга имон келтирдилар.
Озод қиладиган ҳақиқат
31 Шу вақт Исо Унга ишонган яҳудийларга деди:
— Агар Менинг сўзларимга риоя қилсангизлар, ҳақиқий шогирдларим бўласизлар. 32 Сизлар ҳақиқатни билиб оласизлар, ҳақиқат эса сизларни озод қилади.
33 Улар шундай деб жавоб беришди:
— Биз Иброҳим наслимиз. Ҳеч қачон ҳеч кимга қул бўлмаганмиз. Қандай қилиб Сиз, “Озод бўласизлар”, деб айтяпсиз?
34 Исо деди:
— Сизларга чинини айтайин: гуноҳ қилувчи ҳар бир киши гуноҳнинг қулидир. 35 Қул ҳеч қачон хонадон аъзоси бўла олмайди, ўғил эса абадулабад ўз хонадонининг аъзосидир. 36 Шундай экан, агар Ўғил сизларни озод қилса, ҳақиқатан озод бўласизлар. 37 Иброҳим насли эканлигингизни биламан. Бироқ Менинг жонимга қасд қилмоқчисизлар. Чунки Менинг сўзим қалбингиздан жой топмаган. 38 Мен Отанинг ҳузурида нима кўрган бўлсам, ўшани сизларга айтяпман. Сизлар эса ўз отангиздан ўрганганингизни қиляпсизлар.
Иброҳим болалари ва иблис болалари
39 Улар Исога шундай жавоб бердилар:
— Бизнинг отамиз Иброҳимдир.
Исо шундай деди:
— Агар Иброҳимнинг фарзандлари бўлганингизда эди, Иброҳимнинг қилган ишларини қилган бўлар эдингизлар. 40 Мен сизларга Худодан эшитган ҳақиқатни сўзлаб бердим, холос. Шундай бўлса–да, сизлар Мени ўлдирмоқчисизлар. Иброҳим бундай иш қилмаган. 41 Сизлар Иброҳимнинг эмас, ўз отангизнинг ишларини қиляпсизлар.
— Ие, биз зинодан туғилмаганмиз. Бизнинг биттаю битта Отамиз — Худонинг Ўзи–ку! — деб жавоб беришди Исога. 42 Исо уларга шундай деди:
— Агар Отангиз Худо бўлганда эди, Мени яхши кўрган бўлар эдингиз, чунки Мен Худодан келиб, энди шу ерда турибман. Мен Ўзимча келганим йўқ, Мени У юборди. 43 Нега айтганларимни англамаяпсизлар?! Бунга сабаб — сўзларимни ҳазм қила олмаганингиз. 44 Сизларнинг отангиз Худо эмас, иблисдир. Сизлар ўз отангизнинг нафсу эҳтиросларини бажо қилишни хоҳлайсизлар. Азалданоқ иблис қотил эди. У ҳеч қачон ҳақиқат тарафдори бўлмаган, чунки унда ҳақиқат йўқ. У ёлғон сўзлаганда, ўзига хос сўзлайди. Чунки у ёлғончи, ёлғоннинг отасидир. 45 Аммо Мен ҳақиқатни гапирганим учун Менга ишонмаяпсизлар. 46 Қайси бирингиз Мени бирон гуноҳда айблай оласиз? Агарда ҳақиқатни гапираётган бўлсам, нега Менга ишонмаяпсизлар? 47 Ким Худога тегишли бўлса, Худонинг сўзларига қулоқ солади. Сизлар эса Худога бегона бўлганингиз учун қулоқ солмаяпсизлар.
Исо азалдан мавжуд
48 Бунга жавобан яҳудийлар шундай дедилар:
— Сиз Самарияликсиз–ку , Сизни жин урибди, деб тўғри айтган эканмиз!
49 Исо деди:
— Мени жин ургани йўқ. Мен осмондаги Отамни ҳурмат қиламан. Сизлар эса Мени беобрў қиляпсизлар. 50 Мен Ўзимга обрў орттирмоқчи эмасман. Лекин обрўйимни кўтарадиган бор, Унинг Ўзи ҳукм қилади. 51 Сизларга чинини айтайин: ким Менинг сўзимга риоя қилса, ҳеч қачон ўлим кўрмайди.
52 Шунда яҳудийлар дедилар:
— Сизни жин урганини энди аниқ билиб олдик! Иброҳим ўлди, пайғамбарлар ҳам ўлиб кетишган. Сиз эса: “Ким Менинг сўзимга риоя қилса, ҳеч қачон ўлмайди”, деяпсиз–а?! 53 Наҳотки Сиз вафот этган отамиз Иброҳимдан ҳам устун бўлсангиз?! Пайғамбарлар ҳам ўлиб кетишган–ку! Сиз Ўзингизни ким деб ҳисоблайсиз ўзи?!
54 Исо шундай жавоб берди:
— Агар Мен Ўзимни Ўзим мақтасам, мақтовларим беҳудадир. Отамнинг Ўзи Мени мақтайди. Сизлар Уни Худойимиз деб атайсизлар, 55 аслида эса Уни танимайсизлар. Мен эса Уни биламан. Агар, Уни билмайман, десам, сизларга ўхшаган ёлғончи бўламан. Мен Уни биламан ва Унинг сўзига риоя қиламан. 56 Отангиз Иброҳим келган кунимни кутиб, хурсанд бўлган эди. Ўша кунни кўриб, қаттиқ қувонди.
57 — Сиз ҳали эллик ёшга тўлмаган бўлсангиз, қандай қилиб Иброҳимни кўргансиз?! — дейишди яҳудийлар Унга. 58 Исо уларга шундай жавоб берди:
— Сизларга чинини айтайин: Иброҳим туғилмасдан олдин Мен бор бўлганман .
59 Шунда Исони тошбўрон қилмоқчи бўлдилар. Исо эса яширинча Маъбаддан чиқиб кетди .