4–BOB
Elishayning beva ayolga yordami
1 Ilgari paygʻambarlar guruhida bir paygʻambar boʻlar edi. Oʻsha paygʻambarning bevasi Elishayning oldiga kelib faryod qildi:
— Sizga xizmat qilib yurgan mening erim vafot etdi. Oʻzingiz bilasiz, u Egamizdan qoʻrqardi. Bir odam oldin qarz bergan edi. Endi u ikkala oʻgʻlimni oʻziga qul qilib olib ketgani keldi.
2 Shunda Elishay:
— Ayt–chi, sen uchun men nima qilay? Uyingda nima bor? — dedi.
— Bu choʻringizning uyida zaytun moyi solingan xumchadan boshqa hech vaqo yoʻq, — dedi ayol.
3 — Bor, hamma qoʻshnilaringdan boʻsh idishlarini soʻrab ol, — dedi Elishay. — Iloji boricha koʻproq soʻrab ol. 4 Borganingdan keyin oʻgʻillaring bilan birga uyga kirib, eshikni yopib qoʻy. Soʻng hamma idishga zaytun moyi quy, toʻlgan idishlarni nari surib qoʻyaver.
5 Ayol Elishayning oldidan ketgach, oʻgʻillari bilan birga uyga kirib, eshikni berkitdi. Oʻgʻillari idishlarni uzatib turishdi, ayol esa quyaverdi.
6 Hamma idishlar toʻlgandan keyin, ayol oʻgʻliga:
— Yana idish uzat, — dedi.
— Boshqa idish yoʻq, — dedi oʻgʻli. Shundan soʻng zaytun moy ham oqmay qoldi.
7 Ayol paygʻambar huzuriga kelib, boʻlgan voqeani aytib berdi.
— Bor, moyni sotib, qarzingni toʻla, — dedi Elishay. — Ortib qolgan moyni ishlatib, oʻgʻillaring bilan kun kechir.
Elishay va Shunamlik boy ayol
8 Bir kuni Elishay Shunamga keldi. U yerda bir boy ayol: “Menikiga kirib, choy–poy ichib keting”, deb iltimos qilib, koʻndirdi.
Elishay qachon kelmasin, har doim tamaddi qilgani oʻsha ayolnikiga kiradigan boʻldi.
9 Bir kuni ayol eriga:
— Shu yoʻldan doimo oʻtib yuradigan odam Xudoning muqaddas odami ekanini bilib oldim, — dedi. 10 — Keling, tom ustiga chogʻroqqina boloxona qurib, u yerga koʻrpa–toʻshak, xontaxta, kursi, moychiroq qoʻyaylik. U biznikiga kelganda, boloxonada tursin.
11 Kunlarning birida Elishay Shunamga kelganda, boloxonaga kirib, yonboshladi. 12 Keyin xizmatkori Gaxaziga: “Shunamlik ayolni chaqir”, deb buyurdi. Xizmatkor ayolni chaqirib keldi. Ayol kelgach, 13 Elishay xizmatkoriga gapirdi:
— Bu ayolga shunday deb ayt: “Sen bizga gʻamxoʻrlik qilyapsan. Buning evaziga sen uchun nima qilaylik? Sening biror ishing yuzasidan shoh bilan yoki lashkarboshi bilan gaplashish kerak emasmi?”
— Yoʻq, — dedi ayol, — men xalqim orasida yashasam, bas.
14 Elishay Gaxazidan:
— Unday boʻlsa, bu ayol uchun nima qilishim kerak? — deb soʻradi.
— Uning oʻgʻli yoʻq ekan, eri esa keksayib qolibdi, — dedi Gaxazi.
15 — Chaqir uni! — buyurdi Elishay. Xizmatkor ayolni chaqirib keldi, ayol eshik oldida hozir boʻldi.
16 — Kelgusi yili xuddi shu paytda qoʻlingda oʻgʻlingni koʻtarib yurgan boʻlasan, — deb aytdi Elishay ayolga.
— Yoʻq, hazratim, ey Xudoning odami , bu choʻringizni behudaga umidvor qilmang, — dedi ayol.
17 Lekin Elishay aytganiday, ayol homilador boʻlib, kelgusi yil oʻsha vaqtda oʻgʻil tugʻdi.
18 Bola ulgʻayaverdi. Bir kuni bola oʻroqchilar orasida ishlayotgan otasi yoniga borib: 19 “Voy boshim! Boshim ogʻrib ketdi!” dedi otasiga. Otasi esa xizmatkoriga: “Onasiga olib bor”, deb buyurdi. 20 Xizmatkor bolani koʻtarib, onasiga olib bordi. Bola tushgacha onasining tizzasida oʻtirdi–yu, soʻngra vafot etdi. 21 Ona bolasini koʻtarib borib, paygʻambar yotadigan toʻshakka yotqizdi–da, eshikni berkitib, tashqariga chiqdi.
22 Soʻng erini chaqirib kelib, unga aytdi:
— Mening yonimga xizmatkorlaringizdan bittasini eshagi bilan birga yuboring. Men paygʻambar huzuriga borib, tezda qaytib kelaman.
23 — Nimaga uning oldiga bugun borishing kerak?! — dedi eri. — Bugun yangi oy shodiyonasi kuni emas, Shabbat kuni ham emas.
— Hechqisi yoʻq, — dedi ayol. 24 Shundan keyin ayol eshakni egarlab, xizmatkorga:
— Eshakni hayda, — dedi, — men senga gapirmagunimcha sekinlama.
25 Ayol joʻnab ketdi. U paygʻambar yoniga — Karmil togʻiga yetib bordi. Paygʻambar uni uzoqdan koʻrib, xizmatkori Gaxaziga:
— Bu oʻsha Shunamlik ayol–ku! — dedi. 26 — Yugur, uni kutib ol, “Oʻzing yaxshimisan? Ering sogʻ–salomatmi? Bolang yaxshimi?” deb undan soʻra.
— Hammasi yaxshi, — dedi ayol. 27 Ayol toqqa, paygʻambar yoniga yetib kelgach, uning oyoqlariga yopishib oldi. Gaxazi, ayolni chetroqqa olib qoʻyay, deb yaqin kelgan edi, Elishay Gaxaziga aytdi:
— Uni tinch qoʻy, uning dili ozor chekkan. Egamiz esa buni mendan yashirdi, menga maʼlum qilmadi.
28 — Men hazratimdan oʻgʻil soʻraganmidim?! — dedi ayol. — “Meni behudaga umidvor qilmang”, deb aytmaganmidim?!
29 Elishay Gaxaziga aytdi:
— Qani boʻl, mening tayogʻimni qoʻlingga olib yugur. Birortasini uchratib qolsang, u bilan salomlashma, kim senga salom bersa, salomiga alik olma. Borganingdan keyin tayogʻimni bolaning yuziga qoʻy.
30 — Xudo shohid! Ont ichib aytamanki, sizsiz ketmayman, — dedi bolaning onasi Elishayga. Elishay oʻrnidan turib, ayolni ergashtirib ketdi. 31 Gaxazi oldin yetib borib, tayoqni bolaning yuziga qoʻydi. Na bir sado, na bir javob boʻlmagandan keyin Elishayga peshvoz chiqib: “Bola uygʻonmayapti”, dedi.
32 Elishay ichkariga kirdi. Qarasa, oʻlgan bola Elishayning toʻshagida yotgan ekan. 33 Elishay xonaga kirgach, eshikni berkitdi–da, Egamizga yolvorib ibodat qildi. 34 Soʻng bolaning ustiga choʻzilib yotdi. U ogʻzini bolaning ogʻziga, koʻzlarini koʻzlariga, kaftini kaftiga qoʻydi, bolaning ustida choʻzilib yotganda, bolaning tanasi isidi. 35 Soʻngra u oʻrnidan turib boloxonaning u yogʻidan bu yogʻiga yurdi. Keyin yana qaytib kelib, bolaning ustiga choʻzildi. Bola yetti marta aksirib, koʻzlarini ochdi.
36 Elishay Gaxaziga: “Ayolni chaqir!” — dedi. Gaxazi ayolni chaqirib keldi. Ayol Elishayning oldiga yaqinlashdi. Elishay unga: “Ol oʻgʻlingni!” — dedi.
37 Ayol ichkari kirib, Elishayning oyoqlariga yiqildi, boshi yerga tekkuday boʻlib taʼzim qildi. Oʻgʻlini olib, chiqib ketdi.
Yana ikki moʻjiza
38 Elishay Gilgalga qaytib keldi. Bu yerda ocharchilik hukm surayotgan edi. Paygʻambarlar guruhi Elishayning oldiga yigʻilishgan edi. Shunda Elishay xizmatkoriga:
— Katta qozon oʻrnatib, paygʻambarlar guruhi uchun biror taom pishir! — dedi.
39 Paygʻambarlardan bittasi dalaga koʻkat tergani chiqdi. U yerda chirmashib oʻsadigan yovvoyi qovoqlarni topib, etagini toʻldirib qovoqlardan terdi. U qovoqlarni olib kelib toʻgʻradi va taom qaynayotgan qozonga tashladi. Oʻsha odam qovoqning qanaqaligini bilmas edi.
40 Hammalariga taomdan quyib berildi. Ular taomni tatib koʻrishlari bilanoq: “Ey paygʻambar hazratlari! Qozondagi taom zahar boʻlib ketibdi–ku!” deb shovqin koʻtardilar. Taomdan hech kim tanovul qila olmadi.
41 Shunda Elishay:
— Menga un beringlar! — dedi. Unni qozonga solgach, xizmatkorga:
— Endi odamlarga quyib beraver, yeyaverishsin, — dedi. Qozondagi taom bezarar boʻlib qolgan edi.
42 Baal–Sholisho shahridan bir kishi arpasining birinchi hosilidan qilingan yigirmata kulcha va bir qop yangi uzilgan boshoqni paygʻambarga olib keldi. Elishay xizmatkoriga:
— Odamlarga ber, tanovul qilishsin, — deb buyurdi.
43 Qanday qilib shuginani yuzta odamga beraman?! — dedi xizmatkor.
— Odamlarga boʻlib ber, tanovul qilishsin, — dedi Elishay, — chunki Egamiz shunday demoqda: “Hamma toʻyadi, hatto ortib ham qoladi.”
44 Xizmatkor odamlarga kulchalarni va boshoqni boʻlib berdi. Egamiz aytganiday, odamlar yeb toʻydi, yana ortib ham qoldi.
4–БОБ
Элишайнинг бева аёлга ёрдами
1 Илгари пайғамбарлар гуруҳида бир пайғамбар бўлар эди. Ўша пайғамбарнинг беваси Элишайнинг олдига келиб фарёд қилди:
— Сизга хизмат қилиб юрган менинг эрим вафот этди. Ўзингиз биласиз, у Эгамиздан қўрқарди. Бир одам олдин қарз берган эди. Энди у иккала ўғлимни ўзига қул қилиб олиб кетгани келди.
2 Шунда Элишай:
— Айт–чи, сен учун мен нима қилай? Уйингда нима бор? — деди.
— Бу чўрингизнинг уйида зайтун мойи солинган хумчадан бошқа ҳеч вақо йўқ, — деди аёл.
3 — Бор, ҳамма қўшниларингдан бўш идишларини сўраб ол, — деди Элишай. — Иложи борича кўпроқ сўраб ол. 4 Борганингдан кейин ўғилларинг билан бирга уйга кириб, эшикни ёпиб қўй. Сўнг ҳамма идишга зайтун мойи қуй, тўлган идишларни нари суриб қўявер.
5 Аёл Элишайнинг олдидан кетгач, ўғиллари билан бирга уйга кириб, эшикни беркитди. Ўғиллари идишларни узатиб туришди, аёл эса қуяверди.
6 Ҳамма идишлар тўлгандан кейин, аёл ўғлига:
— Яна идиш узат, — деди.
— Бошқа идиш йўқ, — деди ўғли. Шундан сўнг зайтун мой ҳам оқмай қолди.
7 Аёл пайғамбар ҳузурига келиб, бўлган воқеани айтиб берди.
— Бор, мойни сотиб, қарзингни тўла, — деди Элишай. — Ортиб қолган мойни ишлатиб, ўғилларинг билан кун кечир.
Элишай ва Шунамлик бой аёл
8 Бир куни Элишай Шунамга келди. У ерда бир бой аёл: “Меникига кириб, чой–пой ичиб кетинг”, деб илтимос қилиб, кўндирди.
Элишай қачон келмасин, ҳар доим тамадди қилгани ўша аёлникига кирадиган бўлди.
9 Бир куни аёл эрига:
— Шу йўлдан доимо ўтиб юрадиган одам Худонинг муқаддас одами эканини билиб олдим, — деди. 10 — Келинг, том устига чоғроққина болохона қуриб, у ерга кўрпа–тўшак, хонтахта, курси, мойчироқ қўяйлик. У бизникига келганда, болохонада турсин.
11 Кунларнинг бирида Элишай Шунамга келганда, болохонага кириб, ёнбошлади. 12 Кейин хизматкори Гахазига: “Шунамлик аёлни чақир”, деб буюрди. Хизматкор аёлни чақириб келди. Аёл келгач, 13 Элишай хизматкорига гапирди:
— Бу аёлга шундай деб айт: “Сен бизга ғамхўрлик қиляпсан. Бунинг эвазига сен учун нима қилайлик? Сенинг бирор ишинг юзасидан шоҳ билан ёки лашкарбоши билан гаплашиш керак эмасми?”
— Йўқ, — деди аёл, — мен халқим орасида яшасам, бас.
14 Элишай Гахазидан:
— Ундай бўлса, бу аёл учун нима қилишим керак? — деб сўради.
— Унинг ўғли йўқ экан, эри эса кексайиб қолибди, — деди Гахази.
15 — Чақир уни! — буюрди Элишай. Хизматкор аёлни чақириб келди, аёл эшик олдида ҳозир бўлди.
16 — Келгуси йили худди шу пайтда қўлингда ўғлингни кўтариб юрган бўласан, — деб айтди Элишай аёлга.
— Йўқ, ҳазратим, эй Худонинг одами , бу чўрингизни беҳудага умидвор қилманг, — деди аёл.
17 Лекин Элишай айтганидай, аёл ҳомиладор бўлиб, келгуси йил ўша вақтда ўғил туғди.
18 Бола улғаяверди. Бир куни бола ўроқчилар орасида ишлаётган отаси ёнига бориб: 19 “Вой бошим! Бошим оғриб кетди!” деди отасига. Отаси эса хизматкорига: “Онасига олиб бор”, деб буюрди. 20 Хизматкор болани кўтариб, онасига олиб борди. Бола тушгача онасининг тиззасида ўтирди–ю, сўнгра вафот этди. 21 Она боласини кўтариб бориб, пайғамбар ётадиган тўшакка ётқизди–да, эшикни беркитиб, ташқарига чиқди.
22 Сўнг эрини чақириб келиб, унга айтди:
— Менинг ёнимга хизматкорларингиздан биттасини эшаги билан бирга юборинг. Мен пайғамбар ҳузурига бориб, тезда қайтиб келаман.
23 — Нимага унинг олдига бугун боришинг керак?! — деди эри. — Бугун янги ой шодиёнаси куни эмас, Шаббат куни ҳам эмас.
— Ҳечқиси йўқ, — деди аёл. 24 Шундан кейин аёл эшакни эгарлаб, хизматкорга:
— Эшакни ҳайда, — деди, — мен сенга гапирмагунимча секинлама.
25 Аёл жўнаб кетди. У пайғамбар ёнига — Кармил тоғига етиб борди. Пайғамбар уни узоқдан кўриб, хизматкори Гахазига:
— Бу ўша Шунамлик аёл–ку! — деди. 26 — Югур, уни кутиб ол, “Ўзинг яхшимисан? Эринг соғ–саломатми? Боланг яхшими?” деб ундан сўра.
— Ҳаммаси яхши, — деди аёл. 27 Аёл тоққа, пайғамбар ёнига етиб келгач, унинг оёқларига ёпишиб олди. Гахази, аёлни четроққа олиб қўяй, деб яқин келган эди, Элишай Гахазига айтди:
— Уни тинч қўй, унинг дили озор чеккан. Эгамиз эса буни мендан яширди, менга маълум қилмади.
28 — Мен ҳазратимдан ўғил сўраганмидим?! — деди аёл. — “Мени беҳудага умидвор қилманг”, деб айтмаганмидим?!
29 Элишай Гахазига айтди:
— Қани бўл, менинг таёғимни қўлингга олиб югур. Бирортасини учратиб қолсанг, у билан саломлашма, ким сенга салом берса, саломига алик олма. Борганингдан кейин таёғимни боланинг юзига қўй.
30 — Худо шоҳид! Онт ичиб айтаманки, сизсиз кетмайман, — деди боланинг онаси Элишайга. Элишай ўрнидан туриб, аёлни эргаштириб кетди. 31 Гахази олдин етиб бориб, таёқни боланинг юзига қўйди. На бир садо, на бир жавоб бўлмагандан кейин Элишайга пешвоз чиқиб: “Бола уйғонмаяпти”, деди.
32 Элишай ичкарига кирди. Қараса, ўлган бола Элишайнинг тўшагида ётган экан. 33 Элишай хонага киргач, эшикни беркитди–да, Эгамизга ёлвориб ибодат қилди. 34 Сўнг боланинг устига чўзилиб ётди. У оғзини боланинг оғзига, кўзларини кўзларига, кафтини кафтига қўйди, боланинг устида чўзилиб ётганда, боланинг танаси исиди. 35 Сўнгра у ўрнидан туриб болохонанинг у ёғидан бу ёғига юрди. Кейин яна қайтиб келиб, боланинг устига чўзилди. Бола етти марта аксириб, кўзларини очди.
36 Элишай Гахазига: “Аёлни чақир!” — деди. Гахази аёлни чақириб келди. Аёл Элишайнинг олдига яқинлашди. Элишай унга: “Ол ўғлингни!” — деди.
37 Аёл ичкари кириб, Элишайнинг оёқларига йиқилди, боши ерга теккудай бўлиб таъзим қилди. Ўғлини олиб, чиқиб кетди.
Яна икки мўъжиза
38 Элишай Гилгалга қайтиб келди. Бу ерда очарчилик ҳукм сураётган эди. Пайғамбарлар гуруҳи Элишайнинг олдига йиғилишган эди. Шунда Элишай хизматкорига:
— Катта қозон ўрнатиб, пайғамбарлар гуруҳи учун бирор таом пишир! — деди.
39 Пайғамбарлардан биттаси далага кўкат тергани чиқди. У ерда чирмашиб ўсадиган ёввойи қовоқларни топиб, этагини тўлдириб қовоқлардан терди. У қовоқларни олиб келиб тўғради ва таом қайнаётган қозонга ташлади. Ўша одам қовоқнинг қанақалигини билмас эди.
40 Ҳаммаларига таомдан қуйиб берилди. Улар таомни татиб кўришлари биланоқ: “Эй пайғамбар ҳазратлари! Қозондаги таом заҳар бўлиб кетибди–ку!” деб шовқин кўтардилар. Таомдан ҳеч ким тановул қила олмади.
41 Шунда Элишай:
— Менга ун беринглар! — деди. Унни қозонга солгач, хизматкорга:
— Энди одамларга қуйиб беравер, еяверишсин, — деди. Қозондаги таом безарар бўлиб қолган эди.
42 Баал–Шолишо шаҳридан бир киши арпасининг биринчи ҳосилидан қилинган йигирмата кулча ва бир қоп янги узилган бошоқни пайғамбарга олиб келди. Элишай хизматкорига:
— Одамларга бер, тановул қилишсин, — деб буюрди.
43 Қандай қилиб шугинани юзта одамга бераман?! — деди хизматкор.
— Одамларга бўлиб бер, тановул қилишсин, — деди Элишай, — чунки Эгамиз шундай демоқда: “Ҳамма тўяди, ҳатто ортиб ҳам қолади.”
44 Хизматкор одамларга кулчаларни ва бошоқни бўлиб берди. Эгамиз айтганидай, одамлар еб тўйди, яна ортиб ҳам қолди.