23–BOB
Fohisha opa–singillar: Samariya va Quddus
1 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, bir onadan tugʻilgan ikki opa–singil bor edi. 3 Ular Misrda fohishalik qilardilar. Yoshligidan fahsh yoʻliga kirgandilar. Qizlik koʻkragi u yerda silandi, emchaklari siypalandi. 4 Kattasining ismi Oxola, kichkinasining ismi Oxolibo edi. Men ikkovini ham Oʻz nikohimga olgan edim, ular Menga oʻgʻil–qizlar tugʻib berishdi. Oxola Samariyani, Oxolibo Quddusni bildiradi .
5 Oxola Mening nikohimda boʻla turib, fohishalik qilar edi. U oʻynashlari boʻlgan Ossuriyalik jangchilarga hirs qoʻygan edi. 6 Ularning hammasi kelishgan yigitlar, zangori libos kiygan, ot mingan hokimu lashkarboshilar edi. 7 Oxola Ossuriyaning hamma sara erkaklari bilan fohishalik qilar edi. Hirs qoʻygan har bir erkakning butlariga sigʻinib, oʻzini bulgʻab yurardi. 8 U Misrda qilgan fohishaliklarini tashlamadi. Yoshligida erkaklar u bilan yotishgan edi, qizlik koʻkragini silab, shahvatini qondirishgan edi. 9 Shu sababdan Men uni oʻynashlarining qoʻliga topshirib qoʻydim. U hirs qoʻygan oʻsha Ossuriyaliklarning qoʻliga berdim. 10 Ular Oxolani qip–yalangʻoch qildilar, uni oʻldirdilar. Oʻgʻil–qizlarini oʻzlariga qul qilib oldilar. Jazosini tortgan Oxola ayollarning ogʻzidan tushmay qoldi.
11 Singlisi Oxolibo bularni koʻrdi. Shunday boʻlsa–da, suyuqoyoqligi va fohishaligi bilan opasidan oʻtib tushdi. 12 U ham oʻsha Ossuriyalik hokimu lashkarboshilarga, qurol–aslahalar taqqan otliq xushbichim jangchilarga hirs qoʻydi. 13 Men Oxoliboning bulgʻanganini koʻrdim, opasi bilan bir yoʻlni tanlaganini bildim. 14 U borgan sari fohishalikka berilib ketar edi. Bir kuni u Bobilliklarning devorga tushirilgan rasmlarini koʻrib qoldi. Ular qizil rangga boʻyalgan edi. 15 Bellarida kamar, boshlarida koʻrkam salla bilan tasvirlangan edilar. Ular Xaldey yurtida tugʻilgan Bobil otliq sarkardalariga oʻxshar edilar. 16 Oxolibo oʻsha rasmlarni koʻrdi–yu, shahvat uning qonini qizdira boshladi. U Bobilga choparlar joʻnatib, Bobilliklarni oʻz huzuriga chorladi. 17 Bobilliklar uning oldiga kirdilar, ishq toʻshagiga u bilan yotdilar, oʻz hirsi bilan uni bulgʻadilar. Oxolibo bulgʻangandan keyin Bobilliklardan jirkanib ketdi, ulardan yuzini oʻgirdi. 18 U fohishalikka berilib, yalangʻoch badanini hammaga koʻz–koʻz qilganda, Men undan jirkanib ketdim, opasidan yuz oʻgirganimday undan ham yuzimni oʻgirdim. 19 U esa yoshlik davrini, Misrda qilgan behayoligini eslab, yanada koʻp fohishalik qilaverdi. 20 Jinsiy aʼzolari eshaklarnikiday, maniylari aygʻirlarnikiday boʻlgan oʻynashlariga hirs qoʻydi. 21 Yoshligida qilgan behayoliklarini qaytarmoqchi boʻldi. Oʻsha paytlarda Misrliklar emchaklarini siypalagan edilar, qizlik koʻkraklarini silagan edilar.
Quddus timsolidagi Oxoliboni Xudo jazolaydi
22 Shuning uchun, Oxoliboga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen oʻsha oʻynashlaringdan jirkanib, ulardan yuzingni oʻgirgansan, ammo Men oʻshalarni senga qarshi qoʻzgʻataman. Ular har tomondan kelib, senga hamla qiladilar. 23 Men Bobilliklarni, Paxoʻd, Shoʻva va Qoʻvadan kelgan hamma Xaldeylarni , jamiki Ossuriyaliklarni boshlab kelaman. Ot mingan oʻsha xushbichim yosh aslzodalarni, hokimu lashkarboshilarni, sarkardayu zodagonlarni yigʻib kelaman. 24 Ular qurollanadilar, senga qarshi jang aravalari, yuk aravalari va talay lashkarni tortib keladilar. Boshiga dubulgʻa kiygan, qoʻliga qalqon va sipar tutgan jangchilar seni qurshovga oladilar. Hukm qilishlari uchun Men seni ularning qoʻliga topshiraman. Ular seni oʻz qonunlariga muvofiq hukm qiladilar. 25 Men ustingga qahrimni yogʻdiraman, lashkarlar seni shafqatsizlarcha jazolaydilar. Ular burning va quloqlaringni kesib tashlaydilar, omon qolgan har bir odamni qilichdan oʻtkazadilar. Oʻgʻil–qizlaringni asir qilib oladilar, omon qolganlarni yondirib yuboradilar. 26 Ustingdagi kiyimlarni yechib oladilar, qimmatbaho taqinchoqlaringni olib ketadilar. 27 Sen Misrda boshlagan fohishaligu suyuqoyoqligingga Men shu yoʻsin chek qoʻyaman. Bularga boʻlgan ishtiyoqing yoʻqoladi, sen Misrni unutib yuborasan.
28 Zero, seni oʻzing nafratlangan, jirkanib, yuzingni oʻgirgan odamlarning qoʻliga topshiraman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 29 — Ular nafrat bilan seni jazolaydilar, topgan–tutganingni tortib oladilar. Seni yalangʻoch, hech vaqosiz tashlab ketadilar. Fohishaliging ochiladi, sharmanda boʻlasan. Suyuqoyoqliging, fohishaliging 30 tufayli shu ahvolga tushasan. Sen boshqa xalqlar bilan fohishalik qilding, ularning butlari bilan bulgʻanding. 31 Sen opangning yoʻlidan ketding, shuning uchun Men opangga ichirgan jazo kosasidan senga ham ichiraman. 32 Ha, Men, Egang Rabbiy, aytamanki:
Sen ham opangning kosasidan ichasan,
U kosa katta va chuqurdir.
Seni mazax qilishadi, ustingdan kulishadi,
U kosa limmo–lim toʻladir.
33 Sen qaygʻuga botib mast boʻlasan.
Ha, bu dahshatu vayronalik kosasidir,
Opang Samariyaning kosasidir.
34 Sen kosani oxirigacha ichasan,
Uni chil–chil sindirasan.
Koʻksingni yulib, faryod qilasan.
Bularni Men, Egang Rabbiy, aytdim.
35 Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sen Meni unutib, Menga orqa oʻgirganing uchun, fohisha va suyuqoyoq boʻlganing uchun jazo tortasan.»”
Ikki opa–singil timsolidagi Samariya va Quddusni Xudo jazolaydi
36 Egamiz menga dedi: “Ey inson, sen Oxola va Oxoliboni hukm qilishga tayyormisan? Tayyor boʻlsang, ularning jirkanch odatlarini yuzlariga sol. 37 Axir, ular zino qildilar, qonli jinoyatlarga qoʻl urdilar. Butlari bilan zino qilib, Mendan koʻrgan bolalarini oʻsha butlarga taom nazri sifatida qurbonlik qilib, olovda kuydirdilar . 38 Bundan tashqari, oʻsha vaqtning oʻzidayoq muqaddas maskanimni harom qildilar, Mening Shabbat kunlarimni bulgʻadilar. 39 Bolalarini butlarga atab soʻygan kuni muqaddas maskanimga kirib, uyimni harom qildilar!
40 Ular uzoq yurtlarga choparlar joʻnatib, erkaklarni oʻz huzuriga chorladilar. Ular yetib kelganlarida, bu opa–singillar yuvinib–tarandilar, koʻzlariga surma surdilar, taqinchoqlar bilan bezanib oldilar. 41 Dasturxon tuzalgan serhasham supaga oʻtirdilar. Oʻsha dasturxon ustiga Mening xushboʻy tutatqimni va moyimni qoʻydilar. 42 Xonalaridan aysh–ishrat qilayotgan erkaklarning ovozi kelar edi. Sahrodan kelgan bu mayxoʻr qalangʻi–qasangʻilar opa–singillarning qoʻllariga bilaguzuklar taqdilar, boshlariga chiroyli tojlar kiydirdilar.
43 Shunda men: «Bu ayollar fohishalik qilaverib, holdan toyganlar. Nahotki kelganlar ularning bu ahvolini koʻra turib, ular bilan jinsiy aloqa qilishsa?!» deb oʻyladim ichimda. 44 Kelgan erkaklar bu suyuqoyoqlar bilan birga boʻlishdi. Ular, fohishaning oldiga kirganday, qayta–qayta Oxola va Oxoliboning oldiga kiraverishdi. 45 Solih odamlar esa bu ikki opa–singilni zinokorlik va qotillikda ayblaydilar, chunki opa–singillar zinoga ruju qoʻyib, qoʻllarini qonga beladilar.
46 Oxola va Oxoliboga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlarga qarshi bir olomonni yigʻib kelaman. Ular sizlarni azoblab, bor–yoʻgʻingizni tortib oladilar. 47 Sizlarni toshboʻron qilib, tanalaringizni nimtalab tashlaydilar, oʻgʻil–qizlaringizni oʻldiradilar, uylaringizga oʻt qoʻyadilar. 48 Shu yoʻsin Men yurtdagi bu behayolikka chek qoʻyaman. Buni koʻrgan boshqa ayollar oʻzlari uchun saboq oladilar, bunday behayolikni boshqa qilmaydigan boʻladilar. 49 Sizlar oʻz behayoligingiz tufayli jabr tortasizlar, gunohkor butparastligingizning jazosini olasizlar. Oʻshanda Egangiz Rabbiy Men ekanligimni bilasizlar.»”
23–БОБ
Фоҳиша опа–сингиллар: Самария ва Қуддус
1 Эгамиз менга Ўз сўзини аён қилди: 2 “Эй инсон, бир онадан туғилган икки опа–сингил бор эди. 3 Улар Мисрда фоҳишалик қилардилар. Ёшлигидан фаҳш йўлига киргандилар. Қизлик кўкраги у ерда силанди, эмчаклари сийпаланди. 4 Каттасининг исми Охола, кичкинасининг исми Охолибо эди. Мен икковини ҳам Ўз никоҳимга олган эдим, улар Менга ўғил–қизлар туғиб беришди. Охола Самарияни, Охолибо Қуддусни билдиради .
5 Охола Менинг никоҳимда бўла туриб, фоҳишалик қилар эди. У ўйнашлари бўлган Оссуриялик жангчиларга ҳирс қўйган эди. 6 Уларнинг ҳаммаси келишган йигитлар, зангори либос кийган, от минган ҳокиму лашкарбошилар эди. 7 Охола Оссуриянинг ҳамма сара эркаклари билан фоҳишалик қилар эди. Ҳирс қўйган ҳар бир эркакнинг бутларига сиғиниб, ўзини булғаб юрарди. 8 У Мисрда қилган фоҳишаликларини ташламади. Ёшлигида эркаклар у билан ётишган эди, қизлик кўкрагини силаб, шаҳватини қондиришган эди. 9 Шу сабабдан Мен уни ўйнашларининг қўлига топшириб қўйдим. У ҳирс қўйган ўша Оссурияликларнинг қўлига бердим. 10 Улар Охолани қип–яланғоч қилдилар, уни ўлдирдилар. Ўғил–қизларини ўзларига қул қилиб олдилар. Жазосини тортган Охола аёлларнинг оғзидан тушмай қолди.
11 Синглиси Охолибо буларни кўрди. Шундай бўлса–да, суюқоёқлиги ва фоҳишалиги билан опасидан ўтиб тушди. 12 У ҳам ўша Оссуриялик ҳокиму лашкарбошиларга, қурол–аслаҳалар таққан отлиқ хушбичим жангчиларга ҳирс қўйди. 13 Мен Охолибонинг булғанганини кўрдим, опаси билан бир йўлни танлаганини билдим. 14 У борган сари фоҳишаликка берилиб кетар эди. Бир куни у Бобилликларнинг деворга туширилган расмларини кўриб қолди. Улар қизил рангга бўялган эди. 15 Белларида камар, бошларида кўркам салла билан тасвирланган эдилар. Улар Халдей юртида туғилган Бобил отлиқ саркардаларига ўхшар эдилар. 16 Охолибо ўша расмларни кўрди–ю, шаҳват унинг қонини қиздира бошлади. У Бобилга чопарлар жўнатиб, Бобилликларни ўз ҳузурига чорлади. 17 Бобилликлар унинг олдига кирдилар, ишқ тўшагига у билан ётдилар, ўз ҳирси билан уни булғадилар. Охолибо булғангандан кейин Бобилликлардан жирканиб кетди, улардан юзини ўгирди. 18 У фоҳишаликка берилиб, яланғоч баданини ҳаммага кўз–кўз қилганда, Мен ундан жирканиб кетдим, опасидан юз ўгирганимдай ундан ҳам юзимни ўгирдим. 19 У эса ёшлик даврини, Мисрда қилган беҳаёлигини эслаб, янада кўп фоҳишалик қилаверди. 20 Жинсий аъзолари эшакларникидай, манийлари айғирларникидай бўлган ўйнашларига ҳирс қўйди. 21 Ёшлигида қилган беҳаёликларини қайтармоқчи бўлди. Ўша пайтларда Мисрликлар эмчакларини сийпалаган эдилар, қизлик кўкракларини силаган эдилар.
Қуддус тимсолидаги Охолибони Худо жазолайди
22 Шунинг учун, Охолибога айт: «Эгамиз Раббий шундай демоқда: сен ўша ўйнашларингдан жирканиб, улардан юзингни ўгиргансан, аммо Мен ўшаларни сенга қарши қўзғатаман. Улар ҳар томондан келиб, сенга ҳамла қиладилар. 23 Мен Бобилликларни, Пахўд, Шўва ва Қўвадан келган ҳамма Халдейларни , жамики Оссурияликларни бошлаб келаман. От минган ўша хушбичим ёш аслзодаларни, ҳокиму лашкарбошиларни, саркардаю зодагонларни йиғиб келаман. 24 Улар қуролланадилар, сенга қарши жанг аравалари, юк аравалари ва талай лашкарни тортиб келадилар. Бошига дубулға кийган, қўлига қалқон ва сипар тутган жангчилар сени қуршовга оладилар. Ҳукм қилишлари учун Мен сени уларнинг қўлига топшираман. Улар сени ўз қонунларига мувофиқ ҳукм қиладилар. 25 Мен устингга қаҳримни ёғдираман, лашкарлар сени шафқатсизларча жазолайдилар. Улар бурнинг ва қулоқларингни кесиб ташлайдилар, омон қолган ҳар бир одамни қиличдан ўтказадилар. Ўғил–қизларингни асир қилиб оладилар, омон қолганларни ёндириб юборадилар. 26 Устингдаги кийимларни ечиб оладилар, қимматбаҳо тақинчоқларингни олиб кетадилар. 27 Сен Мисрда бошлаган фоҳишалигу суюқоёқлигингга Мен шу йўсин чек қўяман. Буларга бўлган иштиёқинг йўқолади, сен Мисрни унутиб юборасан.
28 Зеро, сени ўзинг нафратланган, жирканиб, юзингни ўгирган одамларнинг қўлига топшираман, — деб айтмоқда Эгамиз Раббий. 29 — Улар нафрат билан сени жазолайдилар, топган–тутганингни тортиб оладилар. Сени яланғоч, ҳеч вақосиз ташлаб кетадилар. Фоҳишалигинг очилади, шарманда бўласан. Суюқоёқлигинг, фоҳишалигинг 30 туфайли шу аҳволга тушасан. Сен бошқа халқлар билан фоҳишалик қилдинг, уларнинг бутлари билан булғандинг. 31 Сен опангнинг йўлидан кетдинг, шунинг учун Мен опангга ичирган жазо косасидан сенга ҳам ичираман. 32 Ҳа, Мен, Эганг Раббий, айтаманки:
Сен ҳам опангнинг косасидан ичасан,
У коса катта ва чуқурдир.
Сени мазах қилишади, устингдан кулишади,
У коса лиммо–лим тўладир.
33 Сен қайғуга ботиб маст бўласан.
Ҳа, бу даҳшату вайроналик косасидир,
Опанг Самариянинг косасидир.
34 Сен косани охиригача ичасан,
Уни чил–чил синдирасан.
Кўксингни юлиб, фарёд қиласан.
Буларни Мен, Эганг Раббий, айтдим.
35 Эгамиз Раббий шундай демоқда: сен Мени унутиб, Менга орқа ўгирганинг учун, фоҳиша ва суюқоёқ бўлганинг учун жазо тортасан.»”
Икки опа–сингил тимсолидаги Самария ва Қуддусни Худо жазолайди
36 Эгамиз менга деди: “Эй инсон, сен Охола ва Охолибони ҳукм қилишга тайёрмисан? Тайёр бўлсанг, уларнинг жирканч одатларини юзларига сол. 37 Ахир, улар зино қилдилар, қонли жиноятларга қўл урдилар. Бутлари билан зино қилиб, Мендан кўрган болаларини ўша бутларга таом назри сифатида қурбонлик қилиб, оловда куйдирдилар . 38 Бундан ташқари, ўша вақтнинг ўзидаёқ муқаддас масканимни ҳаром қилдилар, Менинг Шаббат кунларимни булғадилар. 39 Болаларини бутларга атаб сўйган куни муқаддас масканимга кириб, уйимни ҳаром қилдилар!
40 Улар узоқ юртларга чопарлар жўнатиб, эркакларни ўз ҳузурига чорладилар. Улар етиб келганларида, бу опа–сингиллар ювиниб–тарандилар, кўзларига сурма сурдилар, тақинчоқлар билан безаниб олдилар. 41 Дастурхон тузалган серҳашам супага ўтирдилар. Ўша дастурхон устига Менинг хушбўй тутатқимни ва мойимни қўйдилар. 42 Хоналаридан айш–ишрат қилаётган эркакларнинг овози келар эди. Саҳродан келган бу майхўр қаланғи–қасанғилар опа–сингилларнинг қўлларига билагузуклар тақдилар, бошларига чиройли тожлар кийдирдилар.
43 Шунда мен: «Бу аёллар фоҳишалик қилавериб, ҳолдан тойганлар. Наҳотки келганлар уларнинг бу аҳволини кўра туриб, улар билан жинсий алоқа қилишса?!» деб ўйладим ичимда. 44 Келган эркаклар бу суюқоёқлар билан бирга бўлишди. Улар, фоҳишанинг олдига киргандай, қайта–қайта Охола ва Охолибонинг олдига кираверишди. 45 Солиҳ одамлар эса бу икки опа–сингилни зинокорлик ва қотилликда айблайдилар, чунки опа–сингиллар зинога ружу қўйиб, қўлларини қонга беладилар.
46 Охола ва Охолибога айт: «Эгамиз Раббий шундай демоқда: сизларга қарши бир оломонни йиғиб келаман. Улар сизларни азоблаб, бор–йўғингизни тортиб оладилар. 47 Сизларни тошбўрон қилиб, таналарингизни нимталаб ташлайдилар, ўғил–қизларингизни ўлдирадилар, уйларингизга ўт қўядилар. 48 Шу йўсин Мен юртдаги бу беҳаёликка чек қўяман. Буни кўрган бошқа аёллар ўзлари учун сабоқ оладилар, бундай беҳаёликни бошқа қилмайдиган бўладилар. 49 Сизлар ўз беҳаёлигингиз туфайли жабр тортасизлар, гуноҳкор бутпарастлигингизнинг жазосини оласизлар. Ўшанда Эгангиз Раббий Мен эканлигимни биласизлар.»”