13–BOB
Urugʻ sepuvchi haqida masal
1 Oʻsha kuni Iso uydan chiqib, koʻl boʻyiga borib oʻtirdi. 2 Uning atrofida shu qadar koʻp olomon toʻplandiki, U qayiqqa tushib, oʻtirishga majbur boʻldi. Olomon esa koʻl qirgʻogʻida turardi. 3 Iso masal orqali xalqqa koʻp narsalarni oʻrgatdi: “Quloq solinglar! Bir dehqon urugʻ sepgani chiqibdi. 4 U urugʻ sepayotganda baʼzi urugʻlar soʻqmoq yoʻl ustiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, urugʻlarni choʻqib ketibdi. 5 Baʼzi urugʻlar tuprogʻi kam toshloqqa tushibdi. Tuproq kam boʻlgani uchun urugʻlar tez koʻkarib chiqibdi. 6 Biroq quyosh chiqqach, qovjirab, ildizi boʻlmagani uchun soʻlib qolibdi. 7 Boshqa urugʻlar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar oʻsib, urugʻlarni boʻgʻib qoʻyibdi. 8 Yana boshqa urugʻlar esa yaxshi tuproqqa tushibdi. Baʼzilari yuz, baʼzilari oltmish, baʼzilari esa oʻttiz barobar koʻp hosil beribdi. 9 Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!”
Masallarning maqsadi
10 Shundan keyin shogirdlar kelib, Isodan soʻradilar:
— Nega odamlarga masallar bilan gapiryapsiz?
11 U shunday javob berdi: “Osmon Shohligining sirlarini bilish ularga emas, sizlarga berilgan. 12 Zero, kimda bor boʻlsa, unga yana beriladi va unda moʻl–koʻlchilik boʻladi. Ammo kimda yoʻq boʻlsa, bori ham tortib olinadi. 13 Odamlarga masallar bilan gapirayotganimning sababi shuki, ular qarab turib koʻrmaydilar, quloq solib turib, eshitmaydilar va anglamaydilar. 14 Ishayoning bashorati ularda bajo boʻlgan:

«Sizlar tinglab turasiz–u, lekin hech tushunmaysiz,
Qarab turasiz–u, ammo hech anglab yetmaysiz.
15 Zero, bu xalqning aqli oʻtmas boʻlib qoldi,
Quloqlari garang boʻldi,
Koʻzlarini yumib olishdi.
Aks holda, koʻzlari koʻrgan boʻlardi,
Aks holda, quloqlari eshitgan boʻlardi,
Aqllari anglagan boʻlardi,
Yana Menga qaytgan boʻlishardi,
Men ularga shifo bergan boʻlardim.»

16 Sizlar esa nihoyatda baxtlisizlar! Axir, sizlarning koʻzlaringiz koʻradi, quloqlaringiz eshitadi. 17 Sizlarga chinini aytay: qanchadan–qancha paygʻambarlar, qanchadan–qancha solih odamlar siz koʻrganlarni koʻrishni istaganlar, ammo koʻrmaganlar. Sizlar eshitganlaringizni eshitishni ular istaganlar, ammo eshitmaganlar.
Urugʻ sepuvchi haqidagi masalning maʼnosi
18 Urugʻ sepuvchi haqidagi masalning maʼnosini anglab olinglar. 19 Osmon Shohligi toʻgʻrisidagi kalomni eshitgan, ammo tushunib olmagan odamga yovuz shayton kelib, uning yuragiga ekilgan kalomni oʻgʻirlab ketadi. Soʻqmoq yoʻl ustiga tushgan urugʻlar ana shularga ishoradir. 20 Toshloq yerga sepilgan urugʻlar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitganda, uni darrov sevinch bilan qabul qiladilar. 21 Lekin ularning ildizi boʻlmagani uchun uzoq vaqtga chidamaydilar. Kalom tufayli qiyinchilik yoki quvgʻinga duchor boʻlishsa, darrov chekinadilar. 22 Tikanlar orasiga sepilgan urugʻlar shunday odamlarni bildiradiki, ular Xudoning kalomini eshitadilar, lekin dunyoning tashvishlari va boylikka oʻchlik kalomni boʻgʻib qoʻyadi, kalom esa samarasiz qoladi. 23 Yaxshi tuproqqa sepilgan urugʻlar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitib, uning maʼnosini tushunib oladilar. Ularning baʼzilari yuz barobar, baʼzilari oltmish barobar va baʼzilari oʻttiz barobar moʻl hosil beradilar.”
Begona oʻt haqida masal
24 Iso ularga boshqa bir masal aytib berdi: “Osmon Shohligini oʻz dalasiga yaxshi urugʻ sepgan bir odamning vaziyatiga oʻxshatsa boʻladi. 25 Hamma uxlab yotganda, dushman kelib, bugʻdoyzorga begona oʻt urugʻini sepib ketibdi. 26 Bugʻdoy oʻsib, boshoqlay boshlaganda, begona oʻtlar ham oʻsib chiqibdi. 27 Xizmatkorlar kelib, xoʻjayiniga aytibdilar:
— Xoʻjayin, dalangizga yaxshi urugʻ ekkan edingiz–ku! Manavi begona oʻtlar qayoqdan paydo boʻldi ekan?
28 — Bu dushmanning ishi, — deb javob beribdi xoʻjayin. Xizmatkorlar xoʻjayinga:
— Istasangiz, biz borib oʻsha oʻtlarni yulib tashlaymiz.
29 — Yoʻq, — debdi u, — sizlar begona oʻtlarni yulayotganlaringizda, bugʻdoyni ham qoʻshib yulib olishingiz mumkin. 30 Mayli, oʻrim–yigʻim paytigacha bugʻdoy bilan birga begona oʻtlar ham oʻsaversin. Payti kelganda oʻroqchilarga: “Avval begona oʻtlarni yigʻishtirib, bogʻlanglar–da, yoqib yuboringlar, keyin bugʻdoyni yigʻishtirib, omborxonamga joylanglar”, deyman.”
Xantal urugʻi haqida masal
31 Iso ularga yana boshqa bir masalni aytib berdi: “Osmon Shohligi bir odam oʻz bogʻiga sepgan xantal urugʻiga oʻxshaydi. 32 Xantal urugʻlarning eng maydasi boʻlsa–da, oʻsib chiqqanda, hamma koʻkatlardan baland boʻladi. U shunday daraxt boʻladiki, qushlar uning shoxlariga uya quradi.”
Xamirturush haqida masal
33 Iso ularga boshqa bir masalni ham aytib berdi: “Osmon Shohligi xamirturushga oʻxshaydi. Ayol bir boʻlak xamirturushni bir togʻora unga qorsa ham, hamma xamir oshadi.”
34 Iso bularning hammasini olomonga masallar bilan gapirdi. Ularga hech narsa toʻgʻrisida masalsiz gapirmasdi. 35 Shunday qilib, paygʻambarning quyidagi soʻzlari bajo boʻldi:

“Ogʻzimni masalga ochaman,
Dunyo yaratilgandan beri sir saqlanganlarni
Sizga eʼlon qilaman.”
Begona oʻt haqidagi masalning maʼnosi
36 Shundan keyin Iso olomon oldidan ketib, uyga kirdi. Shogirdlari Isoning oldiga kelib:
— Begona oʻtlar haqidagi masalni bizga tushuntirib bering, — dedilar. 37 Iso shunday javob berdi: “Yaxshi urugʻ sepuvchi Inson Oʻgʻlidir. 38 Dala olamdir, yaxshi urugʻlar — Osmon Shohligining odamlari, begona oʻtlar esa yovuz shaytonning odamlaridir. 39 Begona oʻtlarni sepgan dushman — iblis, oʻrim–yigʻim — oxirzamon, oʻroqchilar esa farishtalardir. 40 Begona oʻtlarni yigʻishtirib, olovda yoqishganday, oxirzamonda ham xuddi shunday voqea yuz beradi. 41 Inson Oʻgʻli Oʻz farishtalarini yuboradi. Farishtalar Uning Shohligidan gunohga undagan hammani va barcha badkirdorlarni yigʻib oladilar. 42 Ularni lovullab turgan oʻchoqqa tashlaydilar. Badkirdorlar u yerda qattiq pushaymon boʻlib, figʻon chekadilar. 43 Shunda solihlar oʻz Otalarining Shohligida quyosh kabi porlaydilar. Kimning eshitar qulogʻi boʻlsa, eshitsin!
Yashirilgan xazina haqida masal
44 Osmon Shohligi dalada yashirilgan xazinaga oʻxshaydi. Bir odam uni topib olibdi. Uni yana yashirib, xursand boʻlganidan bor–yoʻgʻini sotib, u dalani xarid qilibdi.
Qimmatbaho marvarid haqida masal
45 Osmon Shohligi nodir marvarid izlayotgan bir savdogarga oʻxshaydi. 46 Savdogar qimmatbaho marvaridni topganda, bor–yoʻgʻini sotib, marvaridni xarid qilibdi.
Toʻr haqida masal
47 Osmon Shohligi baliqchilar dengizga tashlagan toʻrga oʻxshaydi. Toʻrga turli xil baliqlar tutilibdi. 48 Toʻr toʻlgach, baliqchilar uni qirgʻoqqa tortib chiqarishibdi va oʻtirib, yaxshi baliqlarni savatlarga solishibdi, yomonlarini esa tashlab yuborishibdi. 49 Oxirzamonda ham xuddi shunday boʻladi: farishtalar kelib, fosiqlarni solihlar orasidan ajratib olib, 50 lovullagan oʻchoqqa tashlaydilar. Oʻchoqqa tushganlar qattiq pushaymon boʻlib, figʻon chekadilar.”
51 Iso shogirdlaridan soʻradi:
— Bularning hammasini tushundingizlarmi?
— Tushundik, — deb javob berdi ular. 52 Iso ularga dedi:
— Shunday ekan, Osmon Shohligiga shogird tushgan har bir Tavrot tafsirchisi omboridan ham yangi, ham eski narsalarni olib chiqayotgan uy egasiga oʻxshaydi.
Iso Oʻz yurtida rad etiladi
53 Iso bu masallarni aytib boʻlgach, u yerdan ketdi. 54 U ona shahriga kelib, sinagogada odamlarga taʼlim berdi. Odamlar esa hayratga tushib dedilar:
— Bu Odam shuncha donolikni va moʻjiza koʻrsatish qudratini qayerdan olgan ekan–a? 55 Bu oʻsha duradgorning oʻgʻli emasmi?! Onasining ismi Maryam, ukalari Yoqub, Yusuf, Shimoʻn va Yahudo–ku! 56 Uning singillari ham oramizda yashaydi! Bunday buyuk ishlarni U qanday qilar ekan–a?
57 Odamlar Isodan qattiq xafa boʻldilar. Iso esa ularga dedi:
— Paygʻambar ona shahridan va oʻz uyidan boshqa hamma yerda izzatlanadi.
58 Odamlarning ishonchsizligi tufayli, Iso u yerda hech qanday moʻjiza koʻrsatmadi.
13–БОБ
Уруғ сепувчи ҳақида масал
1 Ўша куни Исо уйдан чиқиб, кўл бўйига бориб ўтирди. 2 Унинг атрофида шу қадар кўп оломон тўпландики, У қайиққа тушиб, ўтиришга мажбур бўлди. Оломон эса кўл қирғоғида турарди. 3 Исо масал орқали халққа кўп нарсаларни ўргатди: “Қулоқ солинглар! Бир деҳқон уруғ сепгани чиқибди. 4 У уруғ сепаётганда баъзи уруғлар сўқмоқ йўл устига тушибди. Қушлар учиб келиб, уруғларни чўқиб кетибди. 5 Баъзи уруғлар тупроғи кам тошлоққа тушибди. Тупроқ кам бўлгани учун уруғлар тез кўкариб чиқибди. 6 Бироқ қуёш чиққач, қовжираб, илдизи бўлмагани учун сўлиб қолибди. 7 Бошқа уруғлар тиканлар орасига тушибди. Тиканлар ўсиб, уруғларни бўғиб қўйибди. 8 Яна бошқа уруғлар эса яхши тупроққа тушибди. Баъзилари юз, баъзилари олтмиш, баъзилари эса ўттиз баробар кўп ҳосил берибди. 9 Кимнинг эшитар қулоғи бўлса, эшитсин!”
Масалларнинг мақсади
10 Шундан кейин шогирдлар келиб, Исодан сўрадилар:
— Нега одамларга масаллар билан гапиряпсиз?
11 У шундай жавоб берди: “Осмон Шоҳлигининг сирларини билиш уларга эмас, сизларга берилган. 12 Зеро, кимда бор бўлса, унга яна берилади ва унда мўл–кўлчилик бўлади. Аммо кимда йўқ бўлса, бори ҳам тортиб олинади. 13 Одамларга масаллар билан гапираётганимнинг сабаби шуки, улар қараб туриб кўрмайдилар, қулоқ солиб туриб, эшитмайдилар ва англамайдилар. 14 Ишаёнинг башорати уларда бажо бўлган:

«Сизлар тинглаб турасиз–у, лекин ҳеч тушунмайсиз,
Қараб турасиз–у, аммо ҳеч англаб етмайсиз.
15 Зеро, бу халқнинг ақли ўтмас бўлиб қолди,
Қулоқлари гаранг бўлди,
Кўзларини юмиб олишди.
Акс ҳолда, кўзлари кўрган бўларди,
Акс ҳолда, қулоқлари эшитган бўларди,
Ақллари англаган бўларди,
Яна Менга қайтган бўлишарди,
Мен уларга шифо берган бўлардим.»

16 Сизлар эса ниҳоятда бахтлисизлар! Ахир, сизларнинг кўзларингиз кўради, қулоқларингиз эшитади. 17 Сизларга чинини айтай: қанчадан–қанча пайғамбарлар, қанчадан–қанча солиҳ одамлар сиз кўрганларни кўришни истаганлар, аммо кўрмаганлар. Сизлар эшитганларингизни эшитишни улар истаганлар, аммо эшитмаганлар.
Уруғ сепувчи ҳақидаги масалнинг маъноси
18 Уруғ сепувчи ҳақидаги масалнинг маъносини англаб олинглар. 19 Осмон Шоҳлиги тўғрисидаги каломни эшитган, аммо тушуниб олмаган одамга ёвуз шайтон келиб, унинг юрагига экилган каломни ўғирлаб кетади. Сўқмоқ йўл устига тушган уруғлар ана шуларга ишорадир. 20 Тошлоқ ерга сепилган уруғлар эса шундай одамларни билдиради: улар каломни эшитганда, уни дарров севинч билан қабул қиладилар. 21 Лекин уларнинг илдизи бўлмагани учун узоқ вақтга чидамайдилар. Калом туфайли қийинчилик ёки қувғинга дучор бўлишса, дарров чекинадилар. 22 Тиканлар орасига сепилган уруғлар шундай одамларни билдирадики, улар Худонинг каломини эшитадилар, лекин дунёнинг ташвишлари ва бойликка ўчлик каломни бўғиб қўяди, калом эса самарасиз қолади. 23 Яхши тупроққа сепилган уруғлар эса шундай одамларни билдиради: улар каломни эшитиб, унинг маъносини тушуниб оладилар. Уларнинг баъзилари юз баробар, баъзилари олтмиш баробар ва баъзилари ўттиз баробар мўл ҳосил берадилар.”
Бегона ўт ҳақида масал
24 Исо уларга бошқа бир масал айтиб берди: “Осмон Шоҳлигини ўз даласига яхши уруғ сепган бир одамнинг вазиятига ўхшатса бўлади. 25 Ҳамма ухлаб ётганда, душман келиб, буғдойзорга бегона ўт уруғини сепиб кетибди. 26 Буғдой ўсиб, бошоқлай бошлаганда, бегона ўтлар ҳам ўсиб чиқибди. 27 Хизматкорлар келиб, хўжайинига айтибдилар:
— Хўжайин, далангизга яхши уруғ эккан эдингиз–ку! Манави бегона ўтлар қаёқдан пайдо бўлди экан?
28 — Бу душманнинг иши, — деб жавоб берибди хўжайин. Хизматкорлар хўжайинга:
— Истасангиз, биз бориб ўша ўтларни юлиб ташлаймиз.
29 — Йўқ, — дебди у, — сизлар бегона ўтларни юлаётганларингизда, буғдойни ҳам қўшиб юлиб олишингиз мумкин. 30 Майли, ўрим–йиғим пайтигача буғдой билан бирга бегона ўтлар ҳам ўсаверсин. Пайти келганда ўроқчиларга: “Аввал бегона ўтларни йиғиштириб, боғланглар–да, ёқиб юборинглар, кейин буғдойни йиғиштириб, омборхонамга жойланглар”, дейман.”
Хантал уруғи ҳақида масал
31 Исо уларга яна бошқа бир масални айтиб берди: “Осмон Шоҳлиги бир одам ўз боғига сепган хантал уруғига ўхшайди. 32 Хантал уруғларнинг энг майдаси бўлса–да, ўсиб чиққанда, ҳамма кўкатлардан баланд бўлади. У шундай дарахт бўладики, қушлар унинг шохларига уя қуради.”
Хамиртуруш ҳақида масал
33 Исо уларга бошқа бир масални ҳам айтиб берди: “Осмон Шоҳлиги хамиртурушга ўхшайди. Аёл бир бўлак хамиртурушни бир тоғора унга қорса ҳам, ҳамма хамир ошади.”
34 Исо буларнинг ҳаммасини оломонга масаллар билан гапирди. Уларга ҳеч нарса тўғрисида масалсиз гапирмасди. 35 Шундай қилиб, пайғамбарнинг қуйидаги сўзлари бажо бўлди:

“Оғзимни масалга очаман,
Дунё яратилгандан бери сир сақланганларни
Сизга эълон қиламан.”
Бегона ўт ҳақидаги масалнинг маъноси
36 Шундан кейин Исо оломон олдидан кетиб, уйга кирди. Шогирдлари Исонинг олдига келиб:
— Бегона ўтлар ҳақидаги масални бизга тушунтириб беринг, — дедилар. 37 Исо шундай жавоб берди: “Яхши уруғ сепувчи Инсон Ўғлидир. 38 Дала оламдир, яхши уруғлар — Осмон Шоҳлигининг одамлари, бегона ўтлар эса ёвуз шайтоннинг одамларидир. 39 Бегона ўтларни сепган душман — иблис, ўрим–йиғим — охирзамон, ўроқчилар эса фаришталардир. 40 Бегона ўтларни йиғиштириб, оловда ёқишгандай, охирзамонда ҳам худди шундай воқеа юз беради. 41 Инсон Ўғли Ўз фаришталарини юборади. Фаришталар Унинг Шоҳлигидан гуноҳга ундаган ҳаммани ва барча бадкирдорларни йиғиб оладилар. 42 Уларни ловуллаб турган ўчоққа ташлайдилар. Бадкирдорлар у ерда қаттиқ пушаймон бўлиб, фиғон чекадилар. 43 Шунда солиҳлар ўз Оталарининг Шоҳлигида қуёш каби порлайдилар. Кимнинг эшитар қулоғи бўлса, эшитсин!
Яширилган хазина ҳақида масал
44 Осмон Шоҳлиги далада яширилган хазинага ўхшайди. Бир одам уни топиб олибди. Уни яна яшириб, хурсанд бўлганидан бор–йўғини сотиб, у далани харид қилибди.
Қимматбаҳо марварид ҳақида масал
45 Осмон Шоҳлиги нодир марварид излаётган бир савдогарга ўхшайди. 46 Савдогар қимматбаҳо марваридни топганда, бор–йўғини сотиб, марваридни харид қилибди.
Тўр ҳақида масал
47 Осмон Шоҳлиги балиқчилар денгизга ташлаган тўрга ўхшайди. Тўрга турли хил балиқлар тутилибди. 48 Тўр тўлгач, балиқчилар уни қирғоққа тортиб чиқаришибди ва ўтириб, яхши балиқларни саватларга солишибди, ёмонларини эса ташлаб юборишибди. 49 Охирзамонда ҳам худди шундай бўлади: фаришталар келиб, фосиқларни солиҳлар орасидан ажратиб олиб, 50 ловуллаган ўчоққа ташлайдилар. Ўчоққа тушганлар қаттиқ пушаймон бўлиб, фиғон чекадилар.”
51 Исо шогирдларидан сўради:
— Буларнинг ҳаммасини тушундингизларми?
— Тушундик, — деб жавоб берди улар. 52 Исо уларга деди:
— Шундай экан, Осмон Шоҳлигига шогирд тушган ҳар бир Таврот тафсирчиси омборидан ҳам янги, ҳам эски нарсаларни олиб чиқаётган уй эгасига ўхшайди.
Исо Ўз юртида рад этилади
53 Исо бу масалларни айтиб бўлгач, у ердан кетди. 54 У она шаҳрига келиб, синагогада одамларга таълим берди. Одамлар эса ҳайратга тушиб дедилар:
— Бу Одам шунча доноликни ва мўъжиза кўрсатиш қудратини қаердан олган экан–а? 55 Бу ўша дурадгорнинг ўғли эмасми?! Онасининг исми Марям, укалари Ёқуб, Юсуф, Шимўн ва Яҳудо–ку! 56 Унинг сингиллари ҳам орамизда яшайди! Бундай буюк ишларни У қандай қилар экан–а?
57 Одамлар Исодан қаттиқ хафа бўлдилар. Исо эса уларга деди:
— Пайғамбар она шаҳридан ва ўз уйидан бошқа ҳамма ерда иззатланади.
58 Одамларнинг ишончсизлиги туфайли, Исо у ерда ҳеч қандай мўъжиза кўрсатмади.