22–BOB
Yoshua Iordanning sharqidan ulush olgan qabilalarni uylariga qaytarib yuboradi
1 Yoshua Iordan daryosining sharq tomonida ulush olgan Ruben, Gad qabilalarini va Manashe qabilasining yarmini chaqirib, 2 shunday dedi: “Egamizning quli Muso nima amr qilgan boʻlsa, hammasini bajardingiz. Men buyurganlarimning hammasiga itoat qildingiz. 3 Yurtni egallashga shuncha uzoq vaqt ketgan boʻlsa ham, siz oʻz birodarlaringizni tark etmadingiz, Egangiz Xudo qoʻygan talablarni bitta qoldirmay bajardingiz. 4 Egangiz Xudo Oʻzi vaʼda qilganday, birodarlaringizga tinchlik berdi. Egamizning quli Muso sizlarga Iordanning sharq tomonidan ulush bergandi. Endi oʻsha yerlardagi uylaringizga qaytinglar. 5 Egamizning quli Muso sizlarga buyurgan amr va qonunlarni bitta qoldirmay bajaringlar. Egangiz Xudoni sevinglar, Uning yoʻlidan yurib, amrlarini bajarib, Unga sodiq boʻlinglar, Unga butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan xizmat qilinglar.” 6 Yoshua ularni duo qilib, oʻz yerlariga yubordi. Ular oʻz chodirlariga qaytib ketishdi.
7 Manashe qabilasining yarmiga Muso Bashan oʻlkasini ulush qilib bergan edi, ikkinchi yarmiga esa Yoshua qolgan Isroil qabilalari bilan birga Iordanning gʻarbidan yer bergan edi. Yoshua duo qilib, ularni oʻz chodirlariga yuborayotganda, 8 shunday degan edi: “Oʻz chodirlaringizga koʻp boylik bilan, nihoyatda koʻp mol–qoʻy, kumush, oltin, bronza, temir, koʻp kiyim–kechaklar bilan qaytib ketyapsizlar. Dushmanlaringizdan olgan oʻsha oʻljalarni birodarlaringiz bilan boʻlishib olinglar.” 9 Shunday qilib, Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi oʻz uylariga qaytib ketishdi. Ularning hududi Iordan daryosining sharqida joylashgan edi. Egamiz Oʻz quli Muso orqali ularga amr qilib: “Mana shu yerlarni egallab olib, shu yerda joylashinglar”, degan edi. Isroil xalqining qolgan qabilalari Kanʼon yurtidagi Shiloʻda qoldi.
Iordan daryosi boʻyidagi qurbongoh
10 Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi hali ham Kanʼon yurtida ekanlar, Iordan daryosidan oʻtishdan oldin, daryoning yonidagi Geliloʻt degan joyda juda katta qurbongoh qurishdi. 11 Qolgan Isroil xalqiga: “Iordanning sharqidan ulush olgan Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi biz tomonda, Kanʼon yurtining chegarasida, Geliloʻtda qurbongoh quribdi” degan xabar keldi. 12 Isroil xalqining jamoasi buni eshitib, Manashe qabilasining yarmi, Ruben va Gad qabilalariga qarshi jang qilish uchun Shiloʻda yigʻildi.
13 Ammo avval ular Giladga — Manashe qabilasining yarmi va Ruben, Gad qabilalarining oldiga ruhoniy Elazar oʻgʻli Finxazni yuborishdi. 14 Iordanning gʻarbidagi qabilalarning har biridan bir kishi — oʻz qabilasining boshligʻi boʻlgan oʻn kishi ham Finxaz bilan birga bordi. 15 Ular Iordan daryosidan oʻtib, Giladga bordilar. Oʻsha yerda Finxaz va u bilan kelganlar Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmiga shunday dedilar:
16 — Biz Egamiz jamoasi nomidan gapiryapmiz. Nima uchun Isroil xalqining Xudosiga xiyonat qildingiz? Qanday qilib Egamizdan yuz oʻgirib, Unga qarshi bosh koʻtarib, oʻzingizga qurbongoh qurdingiz? 17 Piyor togʻida qilgan gunohimiz yetmasmidi?! Oʻsha gunoh tufayli Egamizning butun jamoasi boshiga ofat keldi–ku. Biz hali ham oʻsha gunohdan butunlay poklanganimiz yoʻq. 18 Sizlar esa yana Egamizdan yuz oʻgiryapsiz?! Sizlar bugun Egamizga qarshi bosh koʻtargan boʻlsangiz, ertaga U butun Isroil jamoasidan gʻazablanadi. 19 Yeringiz Egamizga sajda qilishga mos kelmaydigan joy boʻlsa, daryoning narigi tomoniga — Egamizning Muqaddas chodiri tikilgan joyga oʻtib, bizning oramizda oʻzingizga biror yerni mulk qilib olinglar. Ammo Egamiz Xudoning qurbongohidan tashqari yana boshqa qurbongoh qurib olib, Egamizga yoki bizga qarshi bosh koʻtarmanglar . 20 Zerax oʻgʻli Oxun Egamizga xiyonat qilib , bagʻishlangan narsalardan oʻgʻirlagan edi. Shu tufayli butun Isroil xalqining boshiga kulfat tushdi–ku! Oʻsha gunoh dastidan yolgʻiz uning oʻzi halok boʻlmadi–ku!
21 Shunda Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi Isroil qabilalarining boshliqlariga shunday javob berishdi:
22 — Xudolar Xudosi Egamizdir! Xudolar Xudosi Egamizdir! Uning Oʻzi guvohimiz boʻlsin. Egamizning Oʻzi biladi. Butun Isroil xalqi ham bilsin. Biz qurbongohni Egamizga qarshi bosh koʻtarib yoki Unga xiyonat qilib qurganimiz yoʻq. Agar shu niyatda qurbongoh qurgan boʻlsak, endi bizni ayamanglar. 23 Biz bu qurbongohni Egamizdan yuz oʻgirganimiz uchun emas, hatto shu qurbongoh ustida kuydiriladigan qurbonliklaru don nazrlari va tinchlik qurbonliklari keltirish uchun ham qurganimiz yoʻq. Agar shu niyatda qurbongoh qurgan boʻlsak, Egamizning Oʻzi bizni jazolasin. 24 Biz qoʻrqqanimizdan shunday qildik. Vaqti kelib, sizlarning avlodlaringiz bizning avlodimizga shunday deb qolishi mumkin: “Isroil xalqining Xudosi — Egamiz bilan sizlarning nima ishingiz bor?! 25 Egamiz sizlar — Ruben va Gad qabilalari bilan bizning oramizda Iordan daryosini chegara qilib qoʻydi, Egamizda sizning hech haqingiz yoʻq.” Sizlarning avlodingiz shunday deb bizning avlodlarimizni Egamizga sajda qilishdan toʻxtatib qoʻyishi mumkin. 26 Shuning uchun biz shunday dedik: “Kelinglar, qurbongoh quraylik, bu qurbongoh kuydiriladigan qurbonliklaru boshqa har xil qurbonliklar keltirish uchun ishlatilmaydi.” 27 Biz bu qurbongohni siz bilan bizning oramizda, bizdan keyingi avlodlar orasida guvoh boʻlsin, deb qurdik. Biz ham, sizlar qatori, Egamizning Muqaddas chodiri oldida Egamizga sajda qilib, oʻsha yerda kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va tinchlik qurbonliklari keltirishga haqli ekanimizni mana shu qurbongoh koʻrsatadi. Shunda sizlarning avlodlaringiz bizning avlodlarimizga hech qachon: “Egamizda sizlarning haqingiz yoʻq”, — demaydi. 28 Bordi–yu, shunday deb aytishsa, biz yoki avlodlarimiz quyidagiday javob bera olamiz: “Mana, Egamiz qurbongohining nusxasiga qaranglar. Bizning ajdodlarimiz uni kuydiriladigan qurbonliklar va boshqa har xil qurbonliklar keltirish uchun emas, balki siz bilan bizning oʻrtamizda guvoh boʻlishi uchun qurishgan.” 29 Faqat Egamiz Xudoning Chodiri oldida turgan qurbongohdagina Unga atab kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va boshqa qurbonliklar keltirish mumkin. Egamizga qarshi bosh koʻtarishdan, Undan yuz oʻgirishdan Uning Oʻzi bizni saqlasin. Biz qurbonliklar keltirish uchun qurbongoh qurmaymiz.
30 Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasining yarmi aytgan bu gaplarni eshitib, ruhoniy Finxaz va u bilan birga kelgan Isroil xalqining boshliqlari juda mamnun boʻlishdi. 31 Ruben, Gad qabilalariga va Manashe qabilasining yarmiga Elazar shunday dedi:
— Egamiz biz bilan birga ekanligiga bugun amin boʻldik. Sizlar Egamizga xiyonat qilmay, butun Isroil xalqini Uning gʻazabidan saqlab qoldingiz.
32 Keyin Elazar va Isroil xalqi boshliqlari Giladdan Kanʼon yurtiga, Isroil xalqining oldiga qaytib kelib nima boʻlganini aytib berishdi. 33 Ular olib kelgan xabar Isroil xalqini mamnun qildi. Isroil xalqi Xudoga hamdu sano aytib, Ruben va Gad qabilalariga qarshi jang qilish va ularning yerlarini vayron qilish haqida boshqa ogʻiz ochmadi. 34 Ruben va Gad qabilalari qurbongohga Guvoh degan nom berishdi , chunki ular: “Egamiz — Xudo ekanligini bu qurbongoh hammamizga eslatib turadi”, deb aytishgan edi.
22–БОБ
Ёшуа Иорданнинг шарқидан улуш олган қабилаларни уйларига қайтариб юборади
1 Ёшуа Иордан дарёсининг шарқ томонида улуш олган Рубен, Гад қабилаларини ва Манаше қабиласининг ярмини чақириб, 2 шундай деди: “Эгамизнинг қули Мусо нима амр қилган бўлса, ҳаммасини бажардингиз. Мен буюрганларимнинг ҳаммасига итоат қилдингиз. 3 Юртни эгаллашга шунча узоқ вақт кетган бўлса ҳам, сиз ўз биродарларингизни тарк этмадингиз, Эгангиз Худо қўйган талабларни битта қолдирмай бажардингиз. 4 Эгангиз Худо Ўзи ваъда қилгандай, биродарларингизга тинчлик берди. Эгамизнинг қули Мусо сизларга Иорданнинг шарқ томонидан улуш берганди. Энди ўша ерлардаги уйларингизга қайтинглар. 5 Эгамизнинг қули Мусо сизларга буюрган амр ва қонунларни битта қолдирмай бажаринглар. Эгангиз Худони севинглар, Унинг йўлидан юриб, амрларини бажариб, Унга содиқ бўлинглар, Унга бутун қалбингиз билан, жону дилингиз билан хизмат қилинглар.” 6 Ёшуа уларни дуо қилиб, ўз ерларига юборди. Улар ўз чодирларига қайтиб кетишди.
7 Манаше қабиласининг ярмига Мусо Башан ўлкасини улуш қилиб берган эди, иккинчи ярмига эса Ёшуа қолган Исроил қабилалари билан бирга Иорданнинг ғарбидан ер берган эди. Ёшуа дуо қилиб, уларни ўз чодирларига юбораётганда, 8 шундай деган эди: “Ўз чодирларингизга кўп бойлик билан, ниҳоятда кўп мол–қўй, кумуш, олтин, бронза, темир, кўп кийим–кечаклар билан қайтиб кетяпсизлар. Душманларингиздан олган ўша ўлжаларни биродарларингиз билан бўлишиб олинглар.” 9 Шундай қилиб, Рубен, Гад қабилалари ва Манаше қабиласининг ярми ўз уйларига қайтиб кетишди. Уларнинг ҳудуди Иордан дарёсининг шарқида жойлашган эди. Эгамиз Ўз қули Мусо орқали уларга амр қилиб: “Мана шу ерларни эгаллаб олиб, шу ерда жойлашинглар”, деган эди. Исроил халқининг қолган қабилалари Канъон юртидаги Шилўда қолди.
Иордан дарёси бўйидаги қурбонгоҳ
10 Рубен, Гад қабилалари ва Манаше қабиласининг ярми ҳали ҳам Канъон юртида эканлар, Иордан дарёсидан ўтишдан олдин, дарёнинг ёнидаги Гелилўт деган жойда жуда катта қурбонгоҳ қуришди. 11 Қолган Исроил халқига: “Иорданнинг шарқидан улуш олган Рубен, Гад қабилалари ва Манаше қабиласининг ярми биз томонда, Канъон юртининг чегарасида, Гелилўтда қурбонгоҳ қурибди” деган хабар келди. 12 Исроил халқининг жамоаси буни эшитиб, Манаше қабиласининг ярми, Рубен ва Гад қабилаларига қарши жанг қилиш учун Шилўда йиғилди.
13 Аммо аввал улар Гиладга — Манаше қабиласининг ярми ва Рубен, Гад қабилаларининг олдига руҳоний Элазар ўғли Финхазни юборишди. 14 Иорданнинг ғарбидаги қабилаларнинг ҳар биридан бир киши — ўз қабиласининг бошлиғи бўлган ўн киши ҳам Финхаз билан бирга борди. 15 Улар Иордан дарёсидан ўтиб, Гиладга бордилар. Ўша ерда Финхаз ва у билан келганлар Рубен, Гад қабилалари ва Манаше қабиласининг ярмига шундай дедилар:
16 — Биз Эгамиз жамоаси номидан гапиряпмиз. Нима учун Исроил халқининг Худосига хиёнат қилдингиз? Қандай қилиб Эгамиздан юз ўгириб, Унга қарши бош кўтариб, ўзингизга қурбонгоҳ қурдингиз? 17 Пиёр тоғида қилган гуноҳимиз етмасмиди?! Ўша гуноҳ туфайли Эгамизнинг бутун жамоаси бошига офат келди–ку. Биз ҳали ҳам ўша гуноҳдан бутунлай покланганимиз йўқ. 18 Сизлар эса яна Эгамиздан юз ўгиряпсиз?! Сизлар бугун Эгамизга қарши бош кўтарган бўлсангиз, эртага У бутун Исроил жамоасидан ғазабланади. 19 Ерингиз Эгамизга сажда қилишга мос келмайдиган жой бўлса, дарёнинг нариги томонига — Эгамизнинг Муқаддас чодири тикилган жойга ўтиб, бизнинг орамизда ўзингизга бирор ерни мулк қилиб олинглар. Аммо Эгамиз Худонинг қурбонгоҳидан ташқари яна бошқа қурбонгоҳ қуриб олиб, Эгамизга ёки бизга қарши бош кўтарманглар . 20 Зерах ўғли Охун Эгамизга хиёнат қилиб , бағишланган нарсалардан ўғирлаган эди. Шу туфайли бутун Исроил халқининг бошига кулфат тушди–ку! Ўша гуноҳ дастидан ёлғиз унинг ўзи ҳалок бўлмади–ку!
21 Шунда Рубен, Гад қабилалари ва Манаше қабиласининг ярми Исроил қабилаларининг бошлиқларига шундай жавоб беришди:
22 — Худолар Худоси Эгамиздир! Худолар Худоси Эгамиздир! Унинг Ўзи гувоҳимиз бўлсин. Эгамизнинг Ўзи билади. Бутун Исроил халқи ҳам билсин. Биз қурбонгоҳни Эгамизга қарши бош кўтариб ёки Унга хиёнат қилиб қурганимиз йўқ. Агар шу ниятда қурбонгоҳ қурган бўлсак, энди бизни аяманглар. 23 Биз бу қурбонгоҳни Эгамиздан юз ўгирганимиз учун эмас, ҳатто шу қурбонгоҳ устида куйдириладиган қурбонликлару дон назрлари ва тинчлик қурбонликлари келтириш учун ҳам қурганимиз йўқ. Агар шу ниятда қурбонгоҳ қурган бўлсак, Эгамизнинг Ўзи бизни жазоласин. 24 Биз қўрққанимиздан шундай қилдик. Вақти келиб, сизларнинг авлодларингиз бизнинг авлодимизга шундай деб қолиши мумкин: “Исроил халқининг Худоси — Эгамиз билан сизларнинг нима ишингиз бор?! 25 Эгамиз сизлар — Рубен ва Гад қабилалари билан бизнинг орамизда Иордан дарёсини чегара қилиб қўйди, Эгамизда сизнинг ҳеч ҳақингиз йўқ.” Сизларнинг авлодингиз шундай деб бизнинг авлодларимизни Эгамизга сажда қилишдан тўхтатиб қўйиши мумкин. 26 Шунинг учун биз шундай дедик: “Келинглар, қурбонгоҳ қурайлик, бу қурбонгоҳ куйдириладиган қурбонликлару бошқа ҳар хил қурбонликлар келтириш учун ишлатилмайди.” 27 Биз бу қурбонгоҳни сиз билан бизнинг орамизда, биздан кейинги авлодлар орасида гувоҳ бўлсин, деб қурдик. Биз ҳам, сизлар қатори, Эгамизнинг Муқаддас чодири олдида Эгамизга сажда қилиб, ўша ерда куйдириладиган қурбонликлар, дон назрлари ва тинчлик қурбонликлари келтиришга ҳақли эканимизни мана шу қурбонгоҳ кўрсатади. Шунда сизларнинг авлодларингиз бизнинг авлодларимизга ҳеч қачон: “Эгамизда сизларнинг ҳақингиз йўқ”, — демайди. 28 Борди–ю, шундай деб айтишса, биз ёки авлодларимиз қуйидагидай жавоб бера оламиз: “Мана, Эгамиз қурбонгоҳининг нусхасига қаранглар. Бизнинг аждодларимиз уни куйдириладиган қурбонликлар ва бошқа ҳар хил қурбонликлар келтириш учун эмас, балки сиз билан бизнинг ўртамизда гувоҳ бўлиши учун қуришган.” 29 Фақат Эгамиз Худонинг Чодири олдида турган қурбонгоҳдагина Унга атаб куйдириладиган қурбонликлар, дон назрлари ва бошқа қурбонликлар келтириш мумкин. Эгамизга қарши бош кўтаришдан, Ундан юз ўгиришдан Унинг Ўзи бизни сақласин. Биз қурбонликлар келтириш учун қурбонгоҳ қурмаймиз.
30 Рубен, Гад қабилалари ва Манаше қабиласининг ярми айтган бу гапларни эшитиб, руҳоний Финхаз ва у билан бирга келган Исроил халқининг бошлиқлари жуда мамнун бўлишди. 31 Рубен, Гад қабилаларига ва Манаше қабиласининг ярмига Элазар шундай деди:
— Эгамиз биз билан бирга эканлигига бугун амин бўлдик. Сизлар Эгамизга хиёнат қилмай, бутун Исроил халқини Унинг ғазабидан сақлаб қолдингиз.
32 Кейин Элазар ва Исроил халқи бошлиқлари Гиладдан Канъон юртига, Исроил халқининг олдига қайтиб келиб нима бўлганини айтиб беришди. 33 Улар олиб келган хабар Исроил халқини мамнун қилди. Исроил халқи Худога ҳамду сано айтиб, Рубен ва Гад қабилаларига қарши жанг қилиш ва уларнинг ерларини вайрон қилиш ҳақида бошқа оғиз очмади. 34 Рубен ва Гад қабилалари қурбонгоҳга Гувоҳ деган ном беришди , чунки улар: “Эгамиз — Худо эканлигини бу қурбонгоҳ ҳаммамизга эслатиб туради”, деб айтишган эди.