28–BOB
Itoatgoʻylikdan keladigan barakalar
1 Agar Egangiz Xudoga itoat etib, men bugun aytayotgan Uning barcha amrlarini bitta qoldirmay bajarsangiz, U sizlarni yer yuzidagi hamma xalqlardan ustun qiladi. 2 Egangiz Xudoga itoat etsangiz, U sizlarga baraka beradi, baraka sizdan arimaydi.

3 Egangiz sizga shaharda ham, dalada ham baraka beradi.
4 Uvali–juvali boʻlasizlar, yeringiz hosildor, mol–qoʻyingiz barakali boʻladi, sigirlaringiz bolalaydi, qoʻylaringiz qoʻzilaydi.
5 Suprangiz va bugʻdoy solingan savatlaringiz barakali boʻladi.
6 Uyda boʻlganingizda ham, yoʻlga chiqqaningizda ham Egamiz sizga baraka beradi.

7 Sizlarga hujum qilgan dushmanlaringizni Egamiz magʻlub qiladi. Ular sizlarga bir tomondan hujum qilib keladi, ammo yetti tomonga tumtaraqay qochadi.
8 Qilgan har bir ishingizni Egangiz Xudo serbaraka qiladi, omborlaringizni toʻldiradi. U sizlarga berayotgan yurtda baraka beradi.
9 Egangiz Xudoning amrlariga itoat etsangiz, Uning yoʻlidan yursangiz, Egamiz sizlarga qasam ichib vaʼda berganiday, sizlarni Oʻzining muqaddas xalqi qiladi. 10 Egamizga tegishli ekaningizni koʻrib, yer yuzidagi barcha xalqlar sizlardan qoʻrqadigan boʻladi. 11 Egamiz ota–bobolaringizga qasam ichib, sizlarga beraman, deb vaʼda qilgan yurtda farovonlik ato qiladi. Uvali–juvali boʻlasizlar, molingiz koʻpayadi, dalangizning hosili barakali boʻladi. 12 Egamiz Oʻzining osmondagi boy xazinasini ochib, vaqtida yeringizga yomgʻir yogʻdiradi, qiladigan har bir ishingizga baraka beradi. Koʻp xalqlarga qarz berasiz–u, oʻzingiz qarz olmaysiz. 13 Bugun Egangiz Xudoning men sizlarga aytayotgan amrlarini bitta qoldirmay bajarsangiz, Egamiz sizlarni dum emas, bosh qiladi. Sizlar pastda emas, balandda boʻlasiz. 14 Bugun men sizlarga aytayotgan amrlardan oʻngga yoki chapga chiqmang, boshqa xudolarga ergashmang, ularga xizmat qilmang.
Itoatsizlikning oqibati
15 Agar Egangiz Xudoga quloq solmasangiz, bugun men sizlarga aytayotgan Egamizning hamma amri va farmonlariga rioya qilmasangiz, quyidagi laʼnatlar boshingizga keladi:

16 Shaharda ham, dalada ham laʼnati boʻlasiz.
17 Suprangiz va bugʻdoy solingan savatlaringiz laʼnatlanadi.
18 Farzandga zor boʻlasiz, yeringiz hosil bermaydi, mol–qoʻyingiz koʻpaymaydi.
19 Uyda boʻlganingizda ham, yoʻlga chiqqaningizda ham laʼnati boʻlasiz.

20 Egamizni tark etib, qabihliklar qilganingiz uchun qilgan har bir ishingizda U sizlarni laʼnatga, balo–qazoga duchor qiladi. Ishingiz oʻngidan kelmaydi. Oxiri, Egamiz ustingizga kulfat yogʻdirib, bir lahzada yoʻq qiladi.
21 Mulk qilib oladigan yurtingizga Egamiz oʻlat yuborib, sizlarni yoʻq qiladi. 22 U sizlarni isitma va yalligʻlanish bilan kechadigan tuzalmas kasallikka duchor qiladi. Jazirama issiq va qurgʻoqchilik yuborib, hosilingizni qovjiratadi, mogʻorlatadi. Oʻlguningizcha bu kulfatlar orqangizdan quvadi. 23 Tepangizdagi osmon bronza kabi qattiq, ostingizdagi yer temir kabi zarang boʻladi. 24 Yoʻq boʻlib ketguningizcha, Egamiz ustingizga yomgʻir oʻrniga chang–toʻzon yogʻdiradi.
25 Egamiz sizlarni dushmanlaringiz oldida tiz choʻktiradi. Ularga bir tomondan hujum qilasizlar, ammo yetti tomonga tumtaraqay qochasizlar. Yer yuzidagi barcha shohliklar ahvolingizni koʻrib, dahshatga tushadi. 26 Murdalaringiz osmondagi qushlarga, yerdagi yirtqich hayvonlarga yem boʻladi, ularni haydaydigan kimsa boʻlmaydi. 27 Egamiz sizlarni Misrliklarga toshtirgan chipqonga, yiring bogʻlaydigan yaralarga, qoʻtir va qichimalarga mubtalo qiladi. Bu xastaliklarga davo topolmaysiz. 28 Egamiz sizlarni aqldan ozdirib, koʻr va ovsar qilib qoʻyadi. 29 Koʻr odam qorongʻida paypaslanib yurganday, sizlar kuppa–kunduzi paypaslanib yurasizlar. Ishlaringiz yurishmaydi, xor boʻlasizlar, sizlarni talon–taroj qiladilar, hech kim sizlarni qutqarmaydi.
30 Bir qiz bilan unashtirilasiz, ammo u bilan boshqasi yotadi. Uy qurasiz–u, uyingizda yashamaysiz, uzumzor ekasiz–u, mevasidan yemaysiz. 31 Molingizni koʻz oldingizda soʻyishadi, lekin goʻshtini yemaysiz. Eshagingizni koʻz oldingizdan oʻgʻirlab ketishadi, qaytib berishmaydi. Qoʻylaringiz dushmanlaringizga beriladi. Sizlarga hech kim yordam bermaydi. 32 Oʻgʻillaringiz, qizlaringiz koʻz oldingizda boshqa xalqlarga beriladi. Ular tomon talpinasiz–u, biror narsa qilishga ojiz boʻlasiz. 33 Yeringiz hosilidan, mehnatingiz samarasidan begona xalqlar bahramand boʻladi. Sizni esa har kuni ezishadi, xor qilishadi. 34 Koʻzlaringiz bilan koʻrgan voqealardan jinni boʻlib qolasiz. 35 Egamiz oyoqlaringizga tuzalmas yaralar toshtiradi. Butun badaningizga boshdan–oyoq chipqon chiqadi.
36 Egamiz sizlarni va ustingizdan qoʻygan shohni oʻzlaringiz ham, ota–bobolaringiz ham bilmagan xalq oldiga haydab boradi. U yerda yogʻoch va toshdan yasalgan boshqa xudolarga xizmat qilasiz. 37 Egamiz sizlarni oʻsha begona xalqlarga olib borganda, ular ahvolingizdan dahshatga tushadi. Sizlar ularga masxara, kulgi boʻlasiz.
38 Dalaga koʻp urugʻ ekasiz, lekin kam hosil olasiz. Hosilingizni chigirtkalar yeb bitiradi. 39 Uzumzorlar barpo qilasiz, parvarishlaysiz, lekin sharobidan ichmaysiz, uzumini termaysiz. Ularga qurt tushadi. 40 Yerlaringizda zaytun daraxtlari oʻsadi, lekin ustingizga zaytun moyi surtmaysiz. Zaytun mevalari toʻkilib ketadi. 41 Oʻgʻil–qizlar koʻrasiz, lekin ular oʻzingizga buyurmaydi, ularni asir qilib olib ketishadi. 42 Hamma daraxtlaringizdagi mevalarni va yeringiz hosilini chigirtkalar yeb, nobud qiladi.
43 Orangizdagi musofirlar yanada koʻtariladi, sizlar esa yanada pasayasiz. 44 Ular sizlarga qarz beradi, sizlar esa ularga qarz berolmaysiz. Ular bosh boʻladi, sizlar esa dum boʻlasiz.
45 Egangiz Xudoga itoat etmaganingiz uchun, U sizlarga aytgan amrlarni va farmonlarni bajarmaganingiz uchun, mana shu laʼnatlar boshingizga keladi, orqangizdan quvib, sizlarga yetib olib halok qiladi. 46 Bu laʼnatlar to abad sizlar va avlodlaringiz uchun Xudo bergan jazoning isboti boʻladi. 47 Hamma narsa moʻl–koʻl boʻlganda, sizlar Egangiz Xudoga xursandchiligu quvonch bilan xizmat qilmadingiz. 48 Shuning uchun Egamiz yuborgan dushmanlarga xizmat qilasiz, och, tashna, yalangʻoch, muhtoj boʻlib qolasiz. Dushmanlaringiz sizlarga temir boʻyinturuq soladi, hammangizni nobud qiladi. 49 Egamiz boshingizga uzoqdan, yer yuzining u chetidan burgutday bir xalqni yuboradi. Sizlar bu xalqning tilini tushunmaysiz. 50 Bu xalq qoʻrqinchli, kattalarni hurmat qilmaydi, kichiklarga rahm–shafqat koʻrsatmaydi. 51 Sizlarni xonavayron qilmaguncha, mollaringizni, yeringizning hosilini yeyishadi. Sizlarga na donni, na sharobni, na zaytun moyini, na podangizdagi buzoqlarni, na suruvingizdagi qoʻzilarni qoldirishadi. Shunda sizlar yoʻq boʻlib ketasizlar. 52 Egangiz Xudo sizlarga berayotgan yurtdagi hamma shaharlarni ular qamal qilishadi. Siz suyangan baland va mustahkam devorlarni vayron qilishadi.
53 Qamal paytida dushmanlaringiz boshingizga solgan kulfat tufayli oʻz farzandlaringizni, Egangiz Xudo sizlarga bergan oʻgʻil–qizlaringizning etini yeysizlar. 54 Oralaringizdagi eng muloyim, eng diyonatli erkak ham tugʻishgan akasidan, suyukli xotinidan, sogʻ qolgan bolalaridan etni qizgʻanadi. 55 Oʻzi yeyayotgan bolalarining etidan hech kimga bermaydi, bundan boshqa chorasi ham boʻlmaydi. Chunki dushmanning qurshovi hamma shaharlaringizda sizni shu qadar tang ahvolga solib qoʻyadi. 56 Oralaringizdagi eng muloyim, eng nozik ayol, nozikligidan oyogʻini yerga qoʻyishni ham istamaydigan ayol, sevikli eridan, oʻgʻli va qizidan etni qizgʻanadi. 57 Ochlikdan u, hatto, oyoqlari orasidan chiqqan yoʻldoshni va oʻzi tuqqan bolalarni yashirincha yeydi. Dushmanning qurshovi hamma shaharlaringizda sizni shu qadar tang ahvolga solib qoʻyadi.
58 Egangiz Xudoning buyuk va haybatli nomidan qoʻrqmasangiz, shu kitobda yozilgan qonunning hamma soʻzlarini bajarmasangiz, 59 Egamiz oʻzlaringizni va avlodlaringizni ogʻir va doimiy kulfatlarga, yomon, tuzalmaydigan xastaliklarga giriftor qiladi. 60 Sizlarni vahimaga tushiradigan barcha Misr xastaliklarini boshingizga soladi, ulardan hech qachon shifo topmaysiz. 61 Sizlar yoʻq boʻlguningizcha, Egamiz mana shu qonun kitobida yozilmagan boshqa xastaligu ofatlarni ham boshingizga keltiraveradi. 62 Sizlar osmondagi yulduzlar kabi koʻp edingizlar, ammo Egangiz Xudoga quloq solmaganingiz uchun sanoqli boʻlib qolasizlar. 63 Egamiz sizlarga yaxshilik qilib, sizlarni koʻpaytirgandan qanchalik mamnun boʻlgan boʻlsa, sizlarni halok qilib yoʻq qilgandan ham shunchalik mamnun boʻladi. Mulk qilib oladigan yurtingizdan sizlarni sugʻurib, uloqtirib tashlaydi.
64 Egamiz sizlarni dunyoning u chetidan bu chetigacha hamma xalqlar orasiga tarqatib yuboradi. U yerda oʻzlaringiz ham, ota–bobolaringiz ham bilmagan, tosh va yogʻochdan yasalgan boshqa xudolarga xizmat qilasizlar. 65 Lekin bu xalqlar orasida orom topolmaysizlar, oyoq uzatib dam olishingiz uchun joy boʻlmaydi. Egamiz sizlarga titroq yurak, xira koʻz, umidsiz ruh beradi. 66 Hayotingiz qil ustida turgandek boʻladi, kechasiyu kunduzi oʻlimdan qoʻrqib yashaysiz. 67 Yuragingizdagi qoʻrquv va koʻzlaringiz koʻrayotgan voqealar tufayli ertalab: “Qaniydi, kechqurun boʻlsa”, kechqurun esa: “Qaniydi, ertalab boʻlsa”, deysizlar. 68 Egamiz sizlarga, Misrga qaytib bormaysizlar, deb aytgan boʻlsa–da, U sizlarni kemalarda Misrga qaytarib joʻnatib yuboradi. Oʻsha yerda, dushmanlarimizga qul va choʻri boʻlib sotilsaydik, deb harakat qilasizlar, lekin sizlarni sotib oladigan xaridorlar boʻlmaydi.
28–БОБ
Итоатгўйликдан келадиган баракалар
1 Агар Эгангиз Худога итоат этиб, мен бугун айтаётган Унинг барча амрларини битта қолдирмай бажарсангиз, У сизларни ер юзидаги ҳамма халқлардан устун қилади. 2 Эгангиз Худога итоат этсангиз, У сизларга барака беради, барака сиздан аримайди.

3 Эгангиз сизга шаҳарда ҳам, далада ҳам барака беради.
4 Ували–жували бўласизлар, ерингиз ҳосилдор, мол–қўйингиз баракали бўлади, сигирларингиз болалайди, қўйларингиз қўзилайди.
5 Супрангиз ва буғдой солинган саватларингиз баракали бўлади.
6 Уйда бўлганингизда ҳам, йўлга чиққанингизда ҳам Эгамиз сизга барака беради.

7 Сизларга ҳужум қилган душманларингизни Эгамиз мағлуб қилади. Улар сизларга бир томондан ҳужум қилиб келади, аммо етти томонга тумтарақай қочади.
8 Қилган ҳар бир ишингизни Эгангиз Худо сербарака қилади, омборларингизни тўлдиради. У сизларга бераётган юртда барака беради.
9 Эгангиз Худонинг амрларига итоат этсангиз, Унинг йўлидан юрсангиз, Эгамиз сизларга қасам ичиб ваъда берганидай, сизларни Ўзининг муқаддас халқи қилади. 10 Эгамизга тегишли эканингизни кўриб, ер юзидаги барча халқлар сизлардан қўрқадиган бўлади. 11 Эгамиз ота–боболарингизга қасам ичиб, сизларга бераман, деб ваъда қилган юртда фаровонлик ато қилади. Ували–жували бўласизлар, молингиз кўпаяди, далангизнинг ҳосили баракали бўлади. 12 Эгамиз Ўзининг осмондаги бой хазинасини очиб, вақтида ерингизга ёмғир ёғдиради, қиладиган ҳар бир ишингизга барака беради. Кўп халқларга қарз берасиз–у, ўзингиз қарз олмайсиз. 13 Бугун Эгангиз Худонинг мен сизларга айтаётган амрларини битта қолдирмай бажарсангиз, Эгамиз сизларни дум эмас, бош қилади. Сизлар пастда эмас, баландда бўласиз. 14 Бугун мен сизларга айтаётган амрлардан ўнгга ёки чапга чиқманг, бошқа худоларга эргашманг, уларга хизмат қилманг.
Итоатсизликнинг оқибати
15 Агар Эгангиз Худога қулоқ солмасангиз, бугун мен сизларга айтаётган Эгамизнинг ҳамма амри ва фармонларига риоя қилмасангиз, қуйидаги лаънатлар бошингизга келади:

16 Шаҳарда ҳам, далада ҳам лаънати бўласиз.
17 Супрангиз ва буғдой солинган саватларингиз лаънатланади.
18 Фарзандга зор бўласиз, ерингиз ҳосил бермайди, мол–қўйингиз кўпаймайди.
19 Уйда бўлганингизда ҳам, йўлга чиққанингизда ҳам лаънати бўласиз.

20 Эгамизни тарк этиб, қабиҳликлар қилганингиз учун қилган ҳар бир ишингизда У сизларни лаънатга, бало–қазога дучор қилади. Ишингиз ўнгидан келмайди. Охири, Эгамиз устингизга кулфат ёғдириб, бир лаҳзада йўқ қилади.
21 Мулк қилиб оладиган юртингизга Эгамиз ўлат юбориб, сизларни йўқ қилади. 22 У сизларни иситма ва яллиғланиш билан кечадиган тузалмас касалликка дучор қилади. Жазирама иссиқ ва қурғоқчилик юбориб, ҳосилингизни қовжиратади, моғорлатади. Ўлгунингизча бу кулфатлар орқангиздан қувади. 23 Тепангиздаги осмон бронза каби қаттиқ, остингиздаги ер темир каби заранг бўлади. 24 Йўқ бўлиб кетгунингизча, Эгамиз устингизга ёмғир ўрнига чанг–тўзон ёғдиради.
25 Эгамиз сизларни душманларингиз олдида тиз чўктиради. Уларга бир томондан ҳужум қиласизлар, аммо етти томонга тумтарақай қочасизлар. Ер юзидаги барча шоҳликлар аҳволингизни кўриб, даҳшатга тушади. 26 Мурдаларингиз осмондаги қушларга, ердаги йиртқич ҳайвонларга ем бўлади, уларни ҳайдайдиган кимса бўлмайди. 27 Эгамиз сизларни Мисрликларга тоштирган чипқонга, йиринг боғлайдиган яраларга, қўтир ва қичималарга мубтало қилади. Бу хасталикларга даво тополмайсиз. 28 Эгамиз сизларни ақлдан оздириб, кўр ва овсар қилиб қўяди. 29 Кўр одам қоронғида пайпасланиб юргандай, сизлар куппа–кундузи пайпасланиб юрасизлар. Ишларингиз юришмайди, хор бўласизлар, сизларни талон–тарож қиладилар, ҳеч ким сизларни қутқармайди.
30 Бир қиз билан унаштириласиз, аммо у билан бошқаси ётади. Уй қурасиз–у, уйингизда яшамайсиз, узумзор экасиз–у, мевасидан емайсиз. 31 Молингизни кўз олдингизда сўйишади, лекин гўштини емайсиз. Эшагингизни кўз олдингиздан ўғирлаб кетишади, қайтиб беришмайди. Қўйларингиз душманларингизга берилади. Сизларга ҳеч ким ёрдам бермайди. 32 Ўғилларингиз, қизларингиз кўз олдингизда бошқа халқларга берилади. Улар томон талпинасиз–у, бирор нарса қилишга ожиз бўласиз. 33 Ерингиз ҳосилидан, меҳнатингиз самарасидан бегона халқлар баҳраманд бўлади. Сизни эса ҳар куни эзишади, хор қилишади. 34 Кўзларингиз билан кўрган воқеалардан жинни бўлиб қоласиз. 35 Эгамиз оёқларингизга тузалмас яралар тоштиради. Бутун баданингизга бошдан–оёқ чипқон чиқади.
36 Эгамиз сизларни ва устингиздан қўйган шоҳни ўзларингиз ҳам, ота–боболарингиз ҳам билмаган халқ олдига ҳайдаб боради. У ерда ёғоч ва тошдан ясалган бошқа худоларга хизмат қиласиз. 37 Эгамиз сизларни ўша бегона халқларга олиб борганда, улар аҳволингиздан даҳшатга тушади. Сизлар уларга масхара, кулги бўласиз.
38 Далага кўп уруғ экасиз, лекин кам ҳосил оласиз. Ҳосилингизни чигирткалар еб битиради. 39 Узумзорлар барпо қиласиз, парваришлайсиз, лекин шаробидан ичмайсиз, узумини термайсиз. Уларга қурт тушади. 40 Ерларингизда зайтун дарахтлари ўсади, лекин устингизга зайтун мойи суртмайсиз. Зайтун мевалари тўкилиб кетади. 41 Ўғил–қизлар кўрасиз, лекин улар ўзингизга буюрмайди, уларни асир қилиб олиб кетишади. 42 Ҳамма дарахтларингиздаги меваларни ва ерингиз ҳосилини чигирткалар еб, нобуд қилади.
43 Орангиздаги мусофирлар янада кўтарилади, сизлар эса янада пасаясиз. 44 Улар сизларга қарз беради, сизлар эса уларга қарз беролмайсиз. Улар бош бўлади, сизлар эса дум бўласиз.
45 Эгангиз Худога итоат этмаганингиз учун, У сизларга айтган амрларни ва фармонларни бажармаганингиз учун, мана шу лаънатлар бошингизга келади, орқангиздан қувиб, сизларга етиб олиб ҳалок қилади. 46 Бу лаънатлар то абад сизлар ва авлодларингиз учун Худо берган жазонинг исботи бўлади. 47 Ҳамма нарса мўл–кўл бўлганда, сизлар Эгангиз Худога хурсандчилигу қувонч билан хизмат қилмадингиз. 48 Шунинг учун Эгамиз юборган душманларга хизмат қиласиз, оч, ташна, яланғоч, муҳтож бўлиб қоласиз. Душманларингиз сизларга темир бўйинтуруқ солади, ҳаммангизни нобуд қилади. 49 Эгамиз бошингизга узоқдан, ер юзининг у четидан бургутдай бир халқни юборади. Сизлар бу халқнинг тилини тушунмайсиз. 50 Бу халқ қўрқинчли, катталарни ҳурмат қилмайди, кичикларга раҳм–шафқат кўрсатмайди. 51 Сизларни хонавайрон қилмагунча, молларингизни, ерингизнинг ҳосилини ейишади. Сизларга на донни, на шаробни, на зайтун мойини, на подангиздаги бузоқларни, на сурувингиздаги қўзиларни қолдиришади. Шунда сизлар йўқ бўлиб кетасизлар. 52 Эгангиз Худо сизларга бераётган юртдаги ҳамма шаҳарларни улар қамал қилишади. Сиз суянган баланд ва мустаҳкам деворларни вайрон қилишади.
53 Қамал пайтида душманларингиз бошингизга солган кулфат туфайли ўз фарзандларингизни, Эгангиз Худо сизларга берган ўғил–қизларингизнинг этини ейсизлар. 54 Ораларингиздаги энг мулойим, энг диёнатли эркак ҳам туғишган акасидан, суюкли хотинидан, соғ қолган болаларидан этни қизғанади. 55 Ўзи еяётган болаларининг этидан ҳеч кимга бермайди, бундан бошқа чораси ҳам бўлмайди. Чунки душманнинг қуршови ҳамма шаҳарларингизда сизни шу қадар танг аҳволга солиб қўяди. 56 Ораларингиздаги энг мулойим, энг нозик аёл, нозиклигидан оёғини ерга қўйишни ҳам истамайдиган аёл, севикли эридан, ўғли ва қизидан этни қизғанади. 57 Очликдан у, ҳатто, оёқлари орасидан чиққан йўлдошни ва ўзи туққан болаларни яширинча ейди. Душманнинг қуршови ҳамма шаҳарларингизда сизни шу қадар танг аҳволга солиб қўяди.
58 Эгангиз Худонинг буюк ва ҳайбатли номидан қўрқмасангиз, шу китобда ёзилган қонуннинг ҳамма сўзларини бажармасангиз, 59 Эгамиз ўзларингизни ва авлодларингизни оғир ва доимий кулфатларга, ёмон, тузалмайдиган хасталикларга гирифтор қилади. 60 Сизларни ваҳимага туширадиган барча Миср хасталикларини бошингизга солади, улардан ҳеч қачон шифо топмайсиз. 61 Сизлар йўқ бўлгунингизча, Эгамиз мана шу қонун китобида ёзилмаган бошқа хасталигу офатларни ҳам бошингизга келтираверади. 62 Сизлар осмондаги юлдузлар каби кўп эдингизлар, аммо Эгангиз Худога қулоқ солмаганингиз учун саноқли бўлиб қоласизлар. 63 Эгамиз сизларга яхшилик қилиб, сизларни кўпайтиргандан қанчалик мамнун бўлган бўлса, сизларни ҳалок қилиб йўқ қилгандан ҳам шунчалик мамнун бўлади. Мулк қилиб оладиган юртингиздан сизларни суғуриб, улоқтириб ташлайди.
64 Эгамиз сизларни дунёнинг у четидан бу четигача ҳамма халқлар орасига тарқатиб юборади. У ерда ўзларингиз ҳам, ота–боболарингиз ҳам билмаган, тош ва ёғочдан ясалган бошқа худоларга хизмат қиласизлар. 65 Лекин бу халқлар орасида ором тополмайсизлар, оёқ узатиб дам олишингиз учун жой бўлмайди. Эгамиз сизларга титроқ юрак, хира кўз, умидсиз руҳ беради. 66 Ҳаётингиз қил устида тургандек бўлади, кечасию кундузи ўлимдан қўрқиб яшайсиз. 67 Юрагингиздаги қўрқув ва кўзларингиз кўраётган воқеалар туфайли эрталаб: “Қанийди, кечқурун бўлса”, кечқурун эса: “Қанийди, эрталаб бўлса”, дейсизлар. 68 Эгамиз сизларга, Мисрга қайтиб бормайсизлар, деб айтган бўлса–да, У сизларни кемаларда Мисрга қайтариб жўнатиб юборади. Ўша ерда, душманларимизга қул ва чўри бўлиб сотилсайдик, деб ҳаракат қиласизлар, лекин сизларни сотиб оладиган харидорлар бўлмайди.