17–BOB
Isroilning oxirgi shohi Xoʻsheya
1 Yahudo shohi Oxoz hukmronlik qilayotganiga oʻn ikki yil boʻlganda, Xoʻsheya Samariyada Isroil shohi boʻldi va toʻqqiz yil hukmronlik qildi. Xoʻsheya Eloxning oʻgʻli edi. 2 U Egamiz oldida qabih ishlar qilgan boʻlsa ham, oʻzidan oldin oʻtgan Isroil shohlari qadar emasdi.
3 Ossuriya shohi Shalmanasar Xoʻsheyaga qarshi urush ochdi. Xoʻsheya taslim boʻlib, Shalmanasarga oʻlpon toʻlay boshladi. 4 Lekin keyinroq Xoʻsheya Misr firʼavni Soʻvaxdan yordam soʻrab xabarchilar joʻnatdi va Ossuriya shohiga har yili toʻlashi kerak boʻlgan oʻlponni toʻlamay qoʻydi. Xoʻsheyaning xoinlik qilganini Ossuriya shohi bilib qoldi, shuning uchun uni tutib, zindonga tashladi.
Samariyaning magʻlubiyati
5 Shalmanasar Isroil yerlariga hujum qilib, Samariyani uch yil qamal qilib turdi. 6 Xoʻsheya hukmronligining toʻqqizinchi yilida Ossuriya shohi Samariyani qoʻlga kiritib , Isroil xalqini Ossuriyaga koʻchirdi. Ularni Xalax shahriga, Xavor daryosi boʻyidagi Gozan hududiga va Midiya shaharlariga joylashtirdi.
7 Isroil xalqi oʻzlarini Misr firʼavni hukmronligidan xalos qilib, Misrdan olib chiqqan Egasi Xudoga qarshi gunoh qilgan edilar. Ularning boshiga kelgan jamiki gʻam–kulfatlarning sababi shu edi. Oʻsha paytlarda Isroil xalqi begona xudolarga sajda qilishar, 8 Kanʼon yurtidan Egamiz quvgan qavmlarning odatlariga va Isroil shohlari oʻzlaricha joriy qilgan odatlarga binoan yashardilar. 9 Oʻzlarining Egasi Xudoga maʼqul kelmaydigan ishlarni qilardilar. Hamma yerda — qishloqlardan tortib, mustahkam shahargacha boʻlgan joylarda sajdagohlar qurgan edilar. 10 Har bir tepalikning ustiga, har bir yashil daraxtning ostiga butsimon toshlarni, Asheraga atab ustunlarni oʻrnatgan edilar. 11 Kanʼon yurtidan Egamiz quvib yuborgan xalqlar singari, Isroil xalqi hamma sajdagohlarda qurbonliklar qilishardi. Ular qabih ishlari bilan Egamizni gʻazablantirardilar. 12 Egamiz: “Bunday ishlarni qilmanglar”, deb aytganiga qaramasdan, butlarga xizmat qilaverardilar.
13 Egamiz Isroil va Yahudo xalqini hamma paygʻambarlar, valiylar orqali ogohlantirib, ularga shunday amr bergan edi: “Qabih yoʻllaringizdan qaytinglar. Mening amrlarimga, farmonlarimga itoat etinglar! Men hamma qonunlarimni ota–bobolaringizga berganman, paygʻambar boʻlgan qullarim orqali sizlarga yuborganman.”
14 Ammo Isroil xalqi quloq solmasdi. Ular otalari kabi oʻjarlik qilaverdilar, oʻzlarining Egasi Xudoga ishonmas edilar. 15 Egamizning farmonlaridan, ogohlantirishlaridan va otalari bilan qilgan ahdidan yuz oʻgirib, betayin xudolarga sajda qilgani uchun oʻzlari ham betayin boʻlib qolgandilar. Egamiz: “Atrofingizdagi xalqlarga oʻxshab yashamanglar”, deb ularga amr bersa ham, oʻsha xalqlarning odatlariga koʻra, yashayverardilar.
16 Isroil xalqi oʻzlarining Egasi Xudoning hamma amrlaridan yuz oʻgirgandi. Ular topingani ikkita buzoq tasvirini va Asheraning ustunini yasadilar. Barcha samoviy jismlarga sajda qilib, Baalga xizmat etardilar. 17 Oʻgʻillarini, qizlarini qurbonlik qilib, olovda kuydirardilar , fol ochtirib, taʼbirchilarga eʼtiqod qilardilar. Egamiz oldida qabih ishlarga mukkasidan ketib, Egamizni gʻazablantiraverdilar. 18 Egamiz Isroil xalqidan qattiq gʻazablanib, ularni Oʻzining huzuridan chiqarib tashlagandi. Yahudo xalqidan tashqari bironta qabila Egamizning huzurida qolmagan edi. 19 Hatto Yahudo xalqi ham oʻzlarining Egasi Xudoning amrlariga rioya qilmay qoʻygandi. Ular Isroil xalqining qabih odatlariga taqlid qildilar. 20 Oqibatda Egamiz Isroilning hamma qavmidan yuz oʻgirdi. Ularni talonchilarning qoʻliga berib, jazoladi. Oxiri, hammasini huzuridan uloqtirib tashladi.
21 Darvoqe, Egamiz Dovud xonadonidan Isroilni tortib olgandan keyin , Isroil xalqi Nabat oʻgʻli Yeribomni shoh qilgan edi. Yeribom Isroil xalqini Egamizning yoʻlidan ozdirib, ogʻir gunohga botirdi. 22 Isroil xalqi Yeribom qilgan hamma gunohlarga ergashdi, bu gunohlardan qaytmadi. 23 Natijada Egamiz paygʻambar qullari orqali aytganiday, Isroil xalqini Oʻz huzuridan quvgan va Isroil xalqi oʻz yurtlaridan Ossuriyaga surgun qilingan edilar. Ular bugungacha oʻsha yerda yashaydilar.
Samariyaga oʻrnashgan xalqlarning butparastligi
24 Ossuriya shohi Bobildan, Goʻsax, Ivvax, Xomat va Sefarvayim shaharlaridan odamlarni olib kelib, Samariya shaharlarida Isroil xalqi oʻrniga joylashtirdi. Ular Samariyani egallab, Samariya shaharlarida istiqomat qila boshladilar.
25 Ular bu joylarga dastlab oʻrnashganlarida, Egamizga sajda qilmadilar. Shuning uchun Egamiz Samariya shaharlariga arslonlar yubordi. Arslonlar oʻsha xalqlardan baʼzi odamlarni oʻldirdi. 26 Soʻngra Samariyadan Ossuriya shohiga quyidagicha xabar joʻnatildi: “Siz Samariya shaharlariga koʻchirib kelib oʻrnashtirgan xalqlar bu yurt xudosining qonun–qoidalarini bilmayaptilar. Shuning uchun oʻsha xudo bu yerga arslonlar yuboryapti, odamlar esa arslonlarga yem boʻlyapti.”
27 Shundan keyin Ossuriya shohi quyidagicha farmon berdi: “Samariyadan asir qilib olib ketilgan ruhoniylardan birortasini oʻsha yerga qaytarib yuboringlar. Ruhoniy oʻsha yurtga borib yashasin va Samariyaning xudosi qonun–qoidalarini oʻsha yerdagi xalqlarga oʻrgatsin.” 28 Samariyadan koʻchirib yuborilgan ruhoniylardan biri qaytib kelib, Baytilda istiqomat qila boshladi. U oʻsha yerda oʻrnashgan xalqlarga Egamizga qanday sajda qilishni oʻrgatishga kirishdi.
29 Lekin Samariya shaharlariga joylashgan har bir xalq oʻz xudolarining tasvirini yasayverdi. Isroil xalqi Samariyada yashaganda barpo qilgan sajdagohlarga oʻsha xudolarning tasvirini qoʻydilar. 30 Bobilliklar xudo Suxotvanotning, Xutliklar xudo Nargalning, Xomatliklar xudo Oshimaning, 31 Ivvaxliklar esa xudolar Nivxaz va Tartoqning tasvirlarini yasab, oʻsha xudolarga sajda qildilar. Sefarvayimliklar oʻzlarining xudolari Odrammalek va Anammalekka bolalarini kuydirib qurbonlik qildilar. 32 Ular ham Egamizga sajda qildilar, ayni paytda oʻz xudolarining sajdagohlarida xizmat qilish uchun oralaridan ruhoniylar ham saylab oldilar. 33 Ular Egamizga sajda qilish bilan birga, oʻzlari oldin yashagan ona yurtining odatlariga muvofiq oʻz xudolariga ham xizmat qilaverdilar. 34 Oʻsha xalqlar bugungacha eski odatlari boʻyicha yashab keladilar: na Egamizdan qoʻrqadilar, na Egamiz Yoqubga, yaʼni Isroil nasliga bergan farmonlarni, qoidalarni, qonun va amrlarni bajaradilar.
35 Ilgarilari Egamiz Isroil xalqi bilan ahd tuzib, shunday amr etgan edi: “Begona xudolarga sajda qilmanglar, taʼzim qilmanglar, u xudolarga xizmat qilmanglar, qurbonlik keltirmanglar. 36 Faqat Menga sajda qilinglar! Men, Egangiz, buyuk qudratim va ajoyibotlarim bilan sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Menga taʼzim qilib, qurbonlik keltiringlar. 37 Sizlar uchun yozgan farmonlarimni, qoidalarimni, qonunlarimni va amrlarimni to abad ijro etinglar, begona xudolarga sajda qilmanglar. 38 Sizlar bilan tuzgan ahdimni unutmanglar, begona xudolarga sajda qilmanglar. 39 Faqat Men, Egangiz Xudogagina sajda qilinglar. Hamma gʻanimlaringiz qoʻlidan sizlarni xalos qiladigan Menman.”
40 Shunga qaramay, Samariyaga oʻrnashgan xalqlar Egamizning amrlariga quloq solmasdan eski odatlariga koʻra, yashayverdilar. 41 Bu xalqlar bir paytning oʻzida ham Egamizga sajda qilar, ham oʻyib ishlangan tasvirlarga xizmat qilardilar. Ularning bolalari va nabiralari ham bugungacha otalari kabi yashaydilar.
17–БОБ
Исроилнинг охирги шоҳи Хўшея
1 Яҳудо шоҳи Охоз ҳукмронлик қилаётганига ўн икки йил бўлганда, Хўшея Самарияда Исроил шоҳи бўлди ва тўққиз йил ҳукмронлик қилди. Хўшея Элохнинг ўғли эди. 2 У Эгамиз олдида қабиҳ ишлар қилган бўлса ҳам, ўзидан олдин ўтган Исроил шоҳлари қадар эмасди.
3 Оссурия шоҳи Шалманасар Хўшеяга қарши уруш очди. Хўшея таслим бўлиб, Шалманасарга ўлпон тўлай бошлади. 4 Лекин кейинроқ Хўшея Миср фиръавни Сўвахдан ёрдам сўраб хабарчилар жўнатди ва Оссурия шоҳига ҳар йили тўлаши керак бўлган ўлпонни тўламай қўйди. Хўшеянинг хоинлик қилганини Оссурия шоҳи билиб қолди, шунинг учун уни тутиб, зиндонга ташлади.
Самариянинг мағлубияти
5 Шалманасар Исроил ерларига ҳужум қилиб, Самарияни уч йил қамал қилиб турди. 6 Хўшея ҳукмронлигининг тўққизинчи йилида Оссурия шоҳи Самарияни қўлга киритиб , Исроил халқини Оссурияга кўчирди. Уларни Халах шаҳрига, Хавор дарёси бўйидаги Гозан ҳудудига ва Мидия шаҳарларига жойлаштирди.
7 Исроил халқи ўзларини Миср фиръавни ҳукмронлигидан халос қилиб, Мисрдан олиб чиққан Эгаси Худога қарши гуноҳ қилган эдилар. Уларнинг бошига келган жамики ғам–кулфатларнинг сабаби шу эди. Ўша пайтларда Исроил халқи бегона худоларга сажда қилишар, 8 Канъон юртидан Эгамиз қувган қавмларнинг одатларига ва Исроил шоҳлари ўзларича жорий қилган одатларга биноан яшардилар. 9 Ўзларининг Эгаси Худога маъқул келмайдиган ишларни қилардилар. Ҳамма ерда — қишлоқлардан тортиб, мустаҳкам шаҳаргача бўлган жойларда саждагоҳлар қурган эдилар. 10 Ҳар бир тепаликнинг устига, ҳар бир яшил дарахтнинг остига бутсимон тошларни, Ашерага атаб устунларни ўрнатган эдилар. 11 Канъон юртидан Эгамиз қувиб юборган халқлар сингари, Исроил халқи ҳамма саждагоҳларда қурбонликлар қилишарди. Улар қабиҳ ишлари билан Эгамизни ғазаблантирардилар. 12 Эгамиз: “Бундай ишларни қилманглар”, деб айтганига қарамасдан, бутларга хизмат қилаверардилар.
13 Эгамиз Исроил ва Яҳудо халқини ҳамма пайғамбарлар, валийлар орқали огоҳлантириб, уларга шундай амр берган эди: “Қабиҳ йўлларингиздан қайтинглар. Менинг амрларимга, фармонларимга итоат этинглар! Мен ҳамма қонунларимни ота–боболарингизга берганман, пайғамбар бўлган қулларим орқали сизларга юборганман.”
14 Аммо Исроил халқи қулоқ солмасди. Улар оталари каби ўжарлик қилавердилар, ўзларининг Эгаси Худога ишонмас эдилар. 15 Эгамизнинг фармонларидан, огоҳлантиришларидан ва оталари билан қилган аҳдидан юз ўгириб, бетайин худоларга сажда қилгани учун ўзлари ҳам бетайин бўлиб қолгандилар. Эгамиз: “Атрофингиздаги халқларга ўхшаб яшаманглар”, деб уларга амр берса ҳам, ўша халқларнинг одатларига кўра, яшайверардилар.
16 Исроил халқи ўзларининг Эгаси Худонинг ҳамма амрларидан юз ўгирганди. Улар топингани иккита бузоқ тасвирини ва Ашеранинг устунини ясадилар. Барча самовий жисмларга сажда қилиб, Баалга хизмат этардилар. 17 Ўғилларини, қизларини қурбонлик қилиб, оловда куйдирардилар , фол очтириб, таъбирчиларга эътиқод қилардилар. Эгамиз олдида қабиҳ ишларга муккасидан кетиб, Эгамизни ғазаблантиравердилар. 18 Эгамиз Исроил халқидан қаттиқ ғазабланиб, уларни Ўзининг ҳузуридан чиқариб ташлаганди. Яҳудо халқидан ташқари биронта қабила Эгамизнинг ҳузурида қолмаган эди. 19 Ҳатто Яҳудо халқи ҳам ўзларининг Эгаси Худонинг амрларига риоя қилмай қўйганди. Улар Исроил халқининг қабиҳ одатларига тақлид қилдилар. 20 Оқибатда Эгамиз Исроилнинг ҳамма қавмидан юз ўгирди. Уларни талончиларнинг қўлига бериб, жазолади. Охири, ҳаммасини ҳузуридан улоқтириб ташлади.
21 Дарвоқе, Эгамиз Довуд хонадонидан Исроилни тортиб олгандан кейин , Исроил халқи Набат ўғли Ерибомни шоҳ қилган эди. Ерибом Исроил халқини Эгамизнинг йўлидан оздириб, оғир гуноҳга ботирди. 22 Исроил халқи Ерибом қилган ҳамма гуноҳларга эргашди, бу гуноҳлардан қайтмади. 23 Натижада Эгамиз пайғамбар қуллари орқали айтганидай, Исроил халқини Ўз ҳузуридан қувган ва Исроил халқи ўз юртларидан Оссурияга сургун қилинган эдилар. Улар бугунгача ўша ерда яшайдилар.
Самарияга ўрнашган халқларнинг бутпарастлиги
24 Оссурия шоҳи Бобилдан, Гўсах, Иввах, Хомат ва Сефарвайим шаҳарларидан одамларни олиб келиб, Самария шаҳарларида Исроил халқи ўрнига жойлаштирди. Улар Самарияни эгаллаб, Самария шаҳарларида истиқомат қила бошладилар.
25 Улар бу жойларга дастлаб ўрнашганларида, Эгамизга сажда қилмадилар. Шунинг учун Эгамиз Самария шаҳарларига арслонлар юборди. Арслонлар ўша халқлардан баъзи одамларни ўлдирди. 26 Сўнгра Самариядан Оссурия шоҳига қуйидагича хабар жўнатилди: “Сиз Самария шаҳарларига кўчириб келиб ўрнаштирган халқлар бу юрт худосининг қонун–қоидаларини билмаяптилар. Шунинг учун ўша худо бу ерга арслонлар юборяпти, одамлар эса арслонларга ем бўляпти.”
27 Шундан кейин Оссурия шоҳи қуйидагича фармон берди: “Самариядан асир қилиб олиб кетилган руҳонийлардан бирортасини ўша ерга қайтариб юборинглар. Руҳоний ўша юртга бориб яшасин ва Самариянинг худоси қонун–қоидаларини ўша ердаги халқларга ўргатсин.” 28 Самариядан кўчириб юборилган руҳонийлардан бири қайтиб келиб, Байтилда истиқомат қила бошлади. У ўша ерда ўрнашган халқларга Эгамизга қандай сажда қилишни ўргатишга киришди.
29 Лекин Самария шаҳарларига жойлашган ҳар бир халқ ўз худоларининг тасвирини ясайверди. Исроил халқи Самарияда яшаганда барпо қилган саждагоҳларга ўша худоларнинг тасвирини қўйдилар. 30 Бобилликлар худо Сухотванотнинг, Хутликлар худо Наргалнинг, Хоматликлар худо Ошиманинг, 31 Иввахликлар эса худолар Нивхаз ва Тартоқнинг тасвирларини ясаб, ўша худоларга сажда қилдилар. Сефарвайимликлар ўзларининг худолари Одраммалек ва Анаммалекка болаларини куйдириб қурбонлик қилдилар. 32 Улар ҳам Эгамизга сажда қилдилар, айни пайтда ўз худоларининг саждагоҳларида хизмат қилиш учун ораларидан руҳонийлар ҳам сайлаб олдилар. 33 Улар Эгамизга сажда қилиш билан бирга, ўзлари олдин яшаган она юртининг одатларига мувофиқ ўз худоларига ҳам хизмат қилавердилар. 34 Ўша халқлар бугунгача эски одатлари бўйича яшаб келадилар: на Эгамиздан қўрқадилар, на Эгамиз Ёқубга, яъни Исроил наслига берган фармонларни, қоидаларни, қонун ва амрларни бажарадилар.
35 Илгарилари Эгамиз Исроил халқи билан аҳд тузиб, шундай амр этган эди: “Бегона худоларга сажда қилманглар, таъзим қилманглар, у худоларга хизмат қилманглар, қурбонлик келтирманглар. 36 Фақат Менга сажда қилинглар! Мен, Эгангиз, буюк қудратим ва ажойиботларим билан сизларни Мисрдан олиб чиққанман. Менга таъзим қилиб, қурбонлик келтиринглар. 37 Сизлар учун ёзган фармонларимни, қоидаларимни, қонунларимни ва амрларимни то абад ижро этинглар, бегона худоларга сажда қилманглар. 38 Сизлар билан тузган аҳдимни унутманглар, бегона худоларга сажда қилманглар. 39 Фақат Мен, Эгангиз Худогагина сажда қилинглар. Ҳамма ғанимларингиз қўлидан сизларни халос қиладиган Менман.”
40 Шунга қарамай, Самарияга ўрнашган халқлар Эгамизнинг амрларига қулоқ солмасдан эски одатларига кўра, яшайвердилар. 41 Бу халқлар бир пайтнинг ўзида ҳам Эгамизга сажда қилар, ҳам ўйиб ишланган тасвирларга хизмат қилардилар. Уларнинг болалари ва набиралари ҳам бугунгача оталари каби яшайдилар.