25–BOB
Shomuilning oʻlimi
1 Shu orada Shomuil olamdan oʻtdi. Butun Isroil xalqi yigʻilishib, Shomuilga aza tutdi. Uni oʻz ona shahri Ramada dafn qilishdi.
Dovud va Obigayl
Shundan keyin Dovud Poron choʻliga ketdi. 2 Moyun shahrida bir boy–badavlat odam yashar, mol–mulki Karmil shahri yaqinidagi yerda boʻlib, uch mingta qoʻyi, mingta echkisi bor edi. Bu paytda u Karmilda qoʻylarining junini qirqayotgan edi. 3 Oʻsha odamning ismi Navol, xotinining ismi esa Obigayl edi. Ayol aql–farosatli va chiroyli edi. Eri Xolib urugʻidan boʻlib, qoʻrs, feʼl–atvori yomon odam edi.
4 Dovud dashtda yurganda, Navol qoʻylarining junini qirqyapti degan xabarni eshitib qoldi. 5 Dovud yigitlaridan oʻntasini Karmilga — Navolning huzuriga joʻnatayotib, ularga dedi:
6 — Navolga mendan salom aytib, shu gaplarimni yetkazinglar: “Umring uzoq boʻlsin! Senga, xonadoningga, qaramogʻingdagi har bir odamga tinchlik–omonlik boʻlsin. 7 Qoʻylaringning junini qirqayotganingni eshitdim. Choʻponlaring biz bilan birga edi. Ularni xafa qilmadik, Karmilda boʻlgan kunlarida hech narsasi yoʻqolmadi. 8 Xizmatkorlaringdan soʻrab koʻrsang, oʻzlari ham senga aytib berishadi. Shuning uchun odamlarimga iltifot koʻrsat, sening huzuringga ziyofat kuni keldik. Bu qullaringga va oʻgʻling Dovudga qoʻlingdan kelgancha marhamat qilib, yordam koʻrsat.”
9 Dovudning odamlari Navol huzuriga borib, Dovudning nomidan unga shu gaplarni yetkazishdi va javob kuta boshlashdi. 10 Navol esa Dovudning odamlariga shunday javob berdi:
— Dovud degani kim oʻzi?! Essayning oʻgʻli boʻlsa, nima qipti?! Shu kunlarda oʻz xoʻjayinlaridan qochib ketayotgan qullar juda koʻpayib ketdi–da! 11 Nonimni, suvimni, jun qirqayotgan odamlarim uchun soʻygan qoʻylarimning goʻshtini olib, allaqaydan kelgan odamlarga beraymi?!
12 Dovudning odamlari kelgan yoʻliga qaytib ketishdi. Navolning hamma aytganlarini Dovudga yetkazishdi.
13 — Hamma qilichini beliga bogʻlasin! — deb amr berdi Dovud odamlariga. Dovudning oʻzi ham, odamlari ham qilichlarini bellariga bogʻlashdi. Toʻrt yuzga yaqin odam Dovud bilan birga ketdi. Ikki yuztasi esa anjomlar yonida qoldi.
14 Navolning xizmatkorlaridan biri uning xotini Obigaylga dedi:
— Dovud xoʻjayinimiz Navolga salom yoʻllab, dashtdan xabarchilar joʻnatgan ekan, lekin Navol ularni haqorat qildi. 15 U odamlar esa bizga koʻp yaxshi munosabatda boʻlishgan edi. Dashtda ular bilan qolgan paytlarimizda bizni hech xafa qilishmasdi, biror narsamiz ham yoʻqolmasdi. 16 Qoʻylarimizni boqib yurganimizda, har doim — kechayu kunduz bizni himoya qilishardi. 17 Endi nima qilish lozimligini oʻzingiz yaxshilab oʻylang. Chunki xoʻjayinimizning va uning butun xonadonining boshiga falokat xavf solib turibdi. Xoʻjayinimiz esa shu qadar badjahlki, biror kimsa unga bir ogʻiz gap ayta olmaydi.
18 Obigayl vaqtni boy bermay, ikki yuzta non, ikki mesh sharob, beshta qoʻyning pishirilgan goʻshtini, ikki togʻora qovurilgan bugʻdoy, yuz hovuch mayiz va ikki yuz hovuch anjir qoqini olib eshaklarga yukladi. 19 Soʻng xizmatkorlariga:
— Sizlar mendan oldin yuringlar, men orqalaringizdan boraman, — dedi. Eri Navolga esa hech narsa demadi. 20 Obigayl eshakka minib, togʻning yolgʻizoyoq yoʻllaridan tushib kelayotganda, unga tomon kelayotgan Dovudning odamlariga duch kelib qoldi. 21 Dovud shu gaplarni aytayotgan ekan:
— Bu odamning dashtdagi mol–holini behudaga qoʻriqlabman–da. Uning qoʻtonidan biror qoʻy yoʻqolmadi–yu, oqibatda u mening yaxshiligimga yomonlik bilan javob qaytardi. 22 Agar ertalabgacha unga qarashli erkak zotidan birortasini tirik qoldirsam, Xudo mening jazoimni bersin , hatto undan battarrogʻiga duchor qilsin!
23 Obigayl Dovudni koʻriboq eshakdan tushdi. Dovudga taʼzim qilib, yerga muk tushdi. 24 Uning oyoqlariga bosh urib yolvordi:
— Toʻram, men aybdorman, ayb menda. Ijozat bering, bu choʻringiz sizga bir ogʻiz gap aytsin, aytganlarimga quloq soling. 25 Yolvoraman, toʻram! Oʻsha battol Navolga eʼtibor bermasinlar. Uning feʼl–atvori xuddi ismining oʻzi. Navol — aqlsiz degani. Men, choʻringiz, toʻram yuborgan odamlarni koʻrmabman. 26 Endi, toʻram, Egamiz sizning qon toʻkishingizga, oʻz qoʻlingiz bilan qasos olmogʻingizga izn bermagan. Xudo shohid! Toʻgʻrisini aytay, gʻanimlaringiz, qolaversa, toʻramga qasd qilgan hammaning boshiga Navolning kuni tushsin. 27 Toʻram, men, choʻringiz, sizga mana bu inʼomlarni keltirdim. Endi bular sizga ergashib xizmat qilayotgan odamlaringizga berilsin. 28 Bu choʻringizning gunohidan oʻting. Egamiz albatta toʻramning xonadonini mustahkam qiladi, chunki toʻram Egamiz uchun jang qilyapti. Umringiz oxirigacha siz tomondan biron–bir haqsizlik boʻlmasin. 29 Birontasi ortingizdan tushib, joningizga qasd qilsa, hayotingizni Egangiz Xudo Oʻz panohida asrasin. Gʻanimlaringizni esa palaxmondan otilgan toshday uloqtirib yuborsin. 30 Egamiz toʻramga vaʼda qilgan barcha ezguliklarni bajo keltirib, sizni Isroilning yoʻlboshchisi qiladigan kun keladi, albatta. 31 Oʻshanda oʻzim uchun oʻch olib, behudaga qon toʻkdim, deb pushaymon boʻlmagaysiz. Egamiz toʻramga baraka berganda, bu choʻrisini unutmasin.
32 — Bugun seni men bilan uchrashtirgan Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar boʻlsin! — dedi Dovud. 33 — Aqlingga balli, baraka top! Bugun meni qon toʻkishdan, oʻz qoʻlim bilan oʻch olishdan saqlab qolding, buning uchun seni Xudo yorlaqasin. 34 Isroil xalqining Xudosi — Egamiz senga yomonlik qilishimning oldini oldi. Agar sen meni tezda uchratib qolmaganingda, Xudo haqi, kun chiqquncha Navolga qarashli erkak zotidan birortasi tirik qolmagan boʻlardi!
35 Dovud Obigayl olib kelgan hadyalarni oldi. Keyin:
— Eson–omon uyingga bor, bilib qoʻy, gaplaringga quloq solib, arzingga eʼtibor berdim, — dedi.
36 Obigayl Navolning yoniga qaytib keldi. Navol uyida shohona ziyofat uyushtirgan, mast, juda vaqti chogʻ edi. Obigayl esa ertalabgacha unga bir ogʻiz gap aytmadi. 37 Ertasiga ertalab Navol oʻziga kelgach, xotini unga boʻlib oʻtgan voqealarni aytib berdi. Oʻsha zahotiyoq Navolning yuragi muzlab, shol boʻlib qoldi. 38 Oʻn kunlardan keyin Egamiz Navolning jonini oldi.
39 Xudo Navolning jonini olganini Dovud eshitdi.
— Navol meni haqorat qilgan edi, Egamizning Oʻzi meni oqladi, bu qulini yomonlik qilmoqdan asradi. Egamizga hamdu sanolar boʻlsin! U Navolning yomonligini oʻzining boshiga solibdi, — dedi.
Shundan soʻng Dovud Obigaylning oldiga xabarchilar joʻnatib, unga uylanmoqchi ekanligini bildirdi. 40 Dovud yuborgan xabarchilar Karmilga — Obigaylning huzuriga borib:
— Dovudning senga uylanish istagi bor, shuni bildirish uchun bizni yubordi, — dedilar. 41 Obigayl oʻrnidan turdi, boshi yerga tekkuday boʻlib taʼzim qildi–da:
— Men toʻramga xizmat qilmoqqa va toʻramning xizmatkorlari oyoqlarini yuvishga tayyorman, — deb javob berdi. 42 Obigayl tezda oʻrnidan turib, eshakka mindi. Yoniga beshta choʻrisini olib, Dovudning xabarchilari orqasidan yoʻlga tushdi. Shunday qilib, Obigayl Dovudga turmushga chiqdi.
43 Dovud Yizrillik Oxinavamga ham uylangan edi. Shu tariqa Dovud ikki xotinlik boʻldi. 44 Dovudning birinchi xotini Mixalni esa otasi Shoul Paltiga berib yuborgan edi. Palti Galimlik Layish deganning oʻgʻli edi.
25–БОБ
Шомуилнинг ўлими
1 Шу орада Шомуил оламдан ўтди. Бутун Исроил халқи йиғилишиб, Шомуилга аза тутди. Уни ўз она шаҳри Рамада дафн қилишди.
Довуд ва Обигайл
Шундан кейин Довуд Порон чўлига кетди. 2 Моюн шаҳрида бир бой–бадавлат одам яшар, мол–мулки Кармил шаҳри яқинидаги ерда бўлиб, уч мингта қўйи, мингта эчкиси бор эди. Бу пайтда у Кармилда қўйларининг жунини қирқаётган эди. 3 Ўша одамнинг исми Навол, хотинининг исми эса Обигайл эди. Аёл ақл–фаросатли ва чиройли эди. Эри Холиб уруғидан бўлиб, қўрс, феъл–атвори ёмон одам эди.
4 Довуд даштда юрганда, Навол қўйларининг жунини қирқяпти деган хабарни эшитиб қолди. 5 Довуд йигитларидан ўнтасини Кармилга — Наволнинг ҳузурига жўнатаётиб, уларга деди:
6 — Наволга мендан салом айтиб, шу гапларимни етказинглар: “Умринг узоқ бўлсин! Сенга, хонадонингга, қарамоғингдаги ҳар бир одамга тинчлик–омонлик бўлсин. 7 Қўйларингнинг жунини қирқаётганингни эшитдим. Чўпонларинг биз билан бирга эди. Уларни хафа қилмадик, Кармилда бўлган кунларида ҳеч нарсаси йўқолмади. 8 Хизматкорларингдан сўраб кўрсанг, ўзлари ҳам сенга айтиб беришади. Шунинг учун одамларимга илтифот кўрсат, сенинг ҳузурингга зиёфат куни келдик. Бу қулларингга ва ўғлинг Довудга қўлингдан келганча марҳамат қилиб, ёрдам кўрсат.”
9 Довуднинг одамлари Навол ҳузурига бориб, Довуднинг номидан унга шу гапларни етказишди ва жавоб кута бошлашди. 10 Навол эса Довуднинг одамларига шундай жавоб берди:
— Довуд дегани ким ўзи?! Эссайнинг ўғли бўлса, нима қипти?! Шу кунларда ўз хўжайинларидан қочиб кетаётган қуллар жуда кўпайиб кетди–да! 11 Нонимни, сувимни, жун қирқаётган одамларим учун сўйган қўйларимнинг гўштини олиб, аллақайдан келган одамларга берайми?!
12 Довуднинг одамлари келган йўлига қайтиб кетишди. Наволнинг ҳамма айтганларини Довудга етказишди.
13 — Ҳамма қиличини белига боғласин! — деб амр берди Довуд одамларига. Довуднинг ўзи ҳам, одамлари ҳам қиличларини белларига боғлашди. Тўрт юзга яқин одам Довуд билан бирга кетди. Икки юзтаси эса анжомлар ёнида қолди.
14 Наволнинг хизматкорларидан бири унинг хотини Обигайлга деди:
— Довуд хўжайинимиз Наволга салом йўллаб, даштдан хабарчилар жўнатган экан, лекин Навол уларни ҳақорат қилди. 15 У одамлар эса бизга кўп яхши муносабатда бўлишган эди. Даштда улар билан қолган пайтларимизда бизни ҳеч хафа қилишмасди, бирор нарсамиз ҳам йўқолмасди. 16 Қўйларимизни боқиб юрганимизда, ҳар доим — кечаю кундуз бизни ҳимоя қилишарди. 17 Энди нима қилиш лозимлигини ўзингиз яхшилаб ўйланг. Чунки хўжайинимизнинг ва унинг бутун хонадонининг бошига фалокат хавф солиб турибди. Хўжайинимиз эса шу қадар баджаҳлки, бирор кимса унга бир оғиз гап айта олмайди.
18 Обигайл вақтни бой бермай, икки юзта нон, икки меш шароб, бешта қўйнинг пиширилган гўштини, икки тоғора қовурилган буғдой, юз ҳовуч майиз ва икки юз ҳовуч анжир қоқини олиб эшакларга юклади. 19 Сўнг хизматкорларига:
— Сизлар мендан олдин юринглар, мен орқаларингиздан бораман, — деди. Эри Наволга эса ҳеч нарса демади. 20 Обигайл эшакка миниб, тоғнинг ёлғизоёқ йўлларидан тушиб келаётганда, унга томон келаётган Довуднинг одамларига дуч келиб қолди. 21 Довуд шу гапларни айтаётган экан:
— Бу одамнинг даштдаги мол–ҳолини беҳудага қўриқлабман–да. Унинг қўтонидан бирор қўй йўқолмади–ю, оқибатда у менинг яхшилигимга ёмонлик билан жавоб қайтарди. 22 Агар эрталабгача унга қарашли эркак зотидан бирортасини тирик қолдирсам, Худо менинг жазоимни берсин , ҳатто ундан баттарроғига дучор қилсин!
23 Обигайл Довудни кўрибоқ эшакдан тушди. Довудга таъзим қилиб, ерга мук тушди. 24 Унинг оёқларига бош уриб ёлворди:
— Тўрам, мен айбдорман, айб менда. Ижозат беринг, бу чўрингиз сизга бир оғиз гап айтсин, айтганларимга қулоқ солинг. 25 Ёлвораман, тўрам! Ўша баттол Наволга эътибор бермасинлар. Унинг феъл–атвори худди исмининг ўзи. Навол — ақлсиз дегани. Мен, чўрингиз, тўрам юборган одамларни кўрмабман. 26 Энди, тўрам, Эгамиз сизнинг қон тўкишингизга, ўз қўлингиз билан қасос олмоғингизга изн бермаган. Худо шоҳид! Тўғрисини айтай, ғанимларингиз, қолаверса, тўрамга қасд қилган ҳамманинг бошига Наволнинг куни тушсин. 27 Тўрам, мен, чўрингиз, сизга мана бу инъомларни келтирдим. Энди булар сизга эргашиб хизмат қилаётган одамларингизга берилсин. 28 Бу чўрингизнинг гуноҳидан ўтинг. Эгамиз албатта тўрамнинг хонадонини мустаҳкам қилади, чунки тўрам Эгамиз учун жанг қиляпти. Умрингиз охиригача сиз томондан бирон–бир ҳақсизлик бўлмасин. 29 Биронтаси ортингиздан тушиб, жонингизга қасд қилса, ҳаётингизни Эгангиз Худо Ўз паноҳида асрасин. Ғанимларингизни эса палахмондан отилган тошдай улоқтириб юборсин. 30 Эгамиз тўрамга ваъда қилган барча эзгуликларни бажо келтириб, сизни Исроилнинг йўлбошчиси қиладиган кун келади, албатта. 31 Ўшанда ўзим учун ўч олиб, беҳудага қон тўкдим, деб пушаймон бўлмагайсиз. Эгамиз тўрамга барака берганда, бу чўрисини унутмасин.
32 — Бугун сени мен билан учраштирган Исроил халқининг Худоси — Эгамизга ҳамду санолар бўлсин! — деди Довуд. 33 — Ақлингга балли, барака топ! Бугун мени қон тўкишдан, ўз қўлим билан ўч олишдан сақлаб қолдинг, бунинг учун сени Худо ёрлақасин. 34 Исроил халқининг Худоси — Эгамиз сенга ёмонлик қилишимнинг олдини олди. Агар сен мени тезда учратиб қолмаганингда, Худо ҳақи, кун чиққунча Наволга қарашли эркак зотидан бирортаси тирик қолмаган бўларди!
35 Довуд Обигайл олиб келган ҳадяларни олди. Кейин:
— Эсон–омон уйингга бор, билиб қўй, гапларингга қулоқ солиб, арзингга эътибор бердим, — деди.
36 Обигайл Наволнинг ёнига қайтиб келди. Навол уйида шоҳона зиёфат уюштирган, маст, жуда вақти чоғ эди. Обигайл эса эрталабгача унга бир оғиз гап айтмади. 37 Эртасига эрталаб Навол ўзига келгач, хотини унга бўлиб ўтган воқеаларни айтиб берди. Ўша заҳотиёқ Наволнинг юраги музлаб, шол бўлиб қолди. 38 Ўн кунлардан кейин Эгамиз Наволнинг жонини олди.
39 Худо Наволнинг жонини олганини Довуд эшитди.
— Навол мени ҳақорат қилган эди, Эгамизнинг Ўзи мени оқлади, бу қулини ёмонлик қилмоқдан асради. Эгамизга ҳамду санолар бўлсин! У Наволнинг ёмонлигини ўзининг бошига солибди, — деди.
Шундан сўнг Довуд Обигайлнинг олдига хабарчилар жўнатиб, унга уйланмоқчи эканлигини билдирди. 40 Довуд юборган хабарчилар Кармилга — Обигайлнинг ҳузурига бориб:
— Довуднинг сенга уйланиш истаги бор, шуни билдириш учун бизни юборди, — дедилар. 41 Обигайл ўрнидан турди, боши ерга теккудай бўлиб таъзим қилди–да:
— Мен тўрамга хизмат қилмоққа ва тўрамнинг хизматкорлари оёқларини ювишга тайёрман, — деб жавоб берди. 42 Обигайл тезда ўрнидан туриб, эшакка минди. Ёнига бешта чўрисини олиб, Довуднинг хабарчилари орқасидан йўлга тушди. Шундай қилиб, Обигайл Довудга турмушга чиқди.
43 Довуд Йизриллик Охинавамга ҳам уйланган эди. Шу тариқа Довуд икки хотинлик бўлди. 44 Довуднинг биринчи хотини Михални эса отаси Шоул Палтига бериб юборган эди. Палти Галимлик Лайиш деганнинг ўғли эди.