Doniyor va uning doʻstlari boshidan oʻtgan voqealar
1–BOB
Oʻspirinlar shoh Navuxadnazar saroyida
1 Yahudo shohi Yohayiqim hukmronligining uchinchi yilida Bobil shohi Navuxadnazar Quddusga qoʻshin tortib kelib, shaharni qamal qildi. 2 Rabbiy Yohayiqimni Navuxadnazarning qoʻliga berdi . Navuxadnazar Xudoning uyidagi ayrim idishlarni oʻlja qilib, Bobil yurtiga olib bordi–da, idishlarni oʻz xudosining uyidagi xazinaga joylashtirdi.
3 U saroyning bosh mulozimi Ashnapazga shunday buyruq bergan edi: “Isroil xalqidan olingan asirlardan shoh va zodagonlarning oilalariga mansub boʻlgan 4 yigitlarni olib kel. Ular yosh, jismonan sogʻlom, xushqomat, zehni oʻtkir, qobiliyatli, farosatli, xullas, shoh saroyida xizmat qilishga layoqatli boʻlishsin. Sen ularga bobil tilini va adabiyotini oʻrgatishing kerak. 5 Har kungi yegulik bilan sharob ularga mening dasturxonimdan berilsin. Ular uch yil taʼlim olishgach, mening huzurimda hozir boʻlishlari lozim.”
6 Tanlanganlarning orasida Yahudo qabilasidan boʻlgan Doniyor, Xanoniyo, Mishail va Ozariyo ismli oʻspirinlar bor edi. 7 Bosh mulozim ularning ismlarini oʻzgartirib, Doniyorni — Beltashazar, Xanoniyoni — Shadrax, Mishailni — Meshax, Ozariyoni esa Abednaxu deb atadi.
8 Doniyor shohona yegulik va sharobdan bulgʻanishni xohlamadi . Bu taomlardan u voz kechmoqqa ahd qilib, bosh mulozimdan buning uchun ijozat soʻradi. 9 Xudoning irodasi bilan Doniyor bosh mulozimning muruvvatiyu iltifotiga sazovor boʻlgan edi. 10 Ammo bosh mulozim Doniyorning taklifini eshitib lol qoldi va dedi: “Yoʻq, yegulik bilan ichimliklarni sizlarga shoh hazratlarining oʻzlari belgilaganlar. Hazratimning buyruqlaridan bosh tortishdan qoʻrqaman. Bordi–yu, koʻrinishlaring tengdoshlaringnikidan yomonroq boʻlsa, mening jonimni xavf ostiga qoʻygan boʻlasizlar.”
11 Keyin Doniyor bu masala xususida bosh mulozim tayinlagan soqchi bilan gaplashdi, chunki bu soqchi Doniyor va uning uch ogʻaynisi uchun masʼul bir odam edi. U soqchiga shunday dedi: 12 “Iltimos, qullaringizni oʻn kun davomida sinab koʻring. Bizga yegani sabzavot, ichgani suv bering. 13 Keyin esa bizni shohona yegulikni yegan yigitlar bilan solishtirib koʻring, soʻng bilganingizni qilavering.”
14 Soqchi rozi boʻlib, ularni oʻn kun davomida sabzavotlar bilan boqdi. 15 Oʻn kun oʻtgach, ularning gavdalari toʻlishib, shohona yegulik yegan boshqa yigitlardan ancha koʻrkam boʻldi. 16 Shunday qilib, soqchi ularning shohona yeguliklari va sharobini oʻziga olib qolib, ularga faqat sabzavotlar beradigan boʻldi.
17 Xudo bu toʻrtta yigitga adabiyot va falsafaning har sohasini fahmlamoq uchun bilim va isteʼdod bergan edi. Bundan tashqari, Doniyor turli xil vahiy va tushlarni taʼbirlash qobiliyatiga ega edi.
18 Shoh belgilagan muddat tugagach, bosh mulozim hamma yigitlarni Navuxadnazar huzuriga olib bordi. 19 Shoh ularning har biri bilan suhbatlashdi. Ular orasida hech kim Doniyor, Xanoniyo, Mishail va Ozariyoga teng kela olmasdi. Shuning uchun shoh ularni oʻz saroyida olib qoldi. 20 Shoh qanday savol bermasin va qanday jumboqni yechishni soʻramasin, ularning bilimi va donoligi butun shohlikdagi folbinu munajjimlarnikidan oʻn barobar ziyoda edi. 21 Doniyor saroyda shoh Kurush hukmronligining birinchi yiligacha xizmat qildi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020