1–BOB
1 Sulaymonning eng goʻzal qoʻshigʻi.
Birinchi qoʻshiq
Qiz :
Oʻpgin meni lablaring bilan,
Sening sevging sharobdan ham shirinroqdir.
2 Atir moylaring qanchalik xushboʻy!
Yoqimli atir kabi noming har tarafga taralar.
Shuning uchun qizlar seni sevarlar.
3 Meni oʻzing bilan olib ket, tezroq boraylik.
Ey shohim, meni oʻz yotogʻingga olib kirgin.
Quddus qizlari:
Ey shohimiz, biz quvonamiz. Siz bilan sevinamiz,
Sharobdan ham koʻproq sizning sevgingizni maqtaymiz.
Qiz:
Ey sevgilim! Qizlar seni sevib, toʻgʻri qilishadi.
4 Ey Quddus qizlari!
Men qorachadan kelgan boʻlsam ham goʻzalman,
Kedar chodirlariday qora boʻlsam ham,
Sulaymon pardalariday chiroylidirman.
5 Qoraligim uchun menga past nazar bilan qaramanglar.
Quyosh nurlari meni qoraytirdi.
Aka–ukalarimning mendan jahli chiqib,
Meni uzumzorlar qorovuli qilib qoʻyishdi,
Ammo oʻz uzumzorimga qaray olmadim!
6 Sevgilim, menga aytgin–chi,
Qayerda oʻz podangni boqasan?
Tush vaqti ularni qayerga yotqizasan?
Ayt menga, yana podachi doʻstlaring oldida
Uyatsiz ayollarday boʻlib yurmay, axir.
Yigit:
7 Qayerdaligimni bilmasang,
Ey goʻzallarning goʻzali,
Podaning izlaridan borgin.
Choʻponlarning chodirlari oldida
Oʻz echkilaringni oʻtlatgin.
8 Ey sevgilim,
Sen firʼavn aravasiga qoʻshilgan uchqur otday goʻzalsan.
9 Ziraklaring tufayli yonoqlaring goʻzaldir,
Marvaridlar boʻyningni qanday chiroyli qilar.
10 Senga atab tilladan bezaklar,
Kumushdan taqinchoqlar yasattiraman.
Qiz:
11 Shohim yonboshlab yotganda,
Atirlarim oʻz hidini taratdi.
12 Koʻkraklarim orasida yotgan,
Xushboʻy mirraga toʻla xaltacha kabidir mening sevgilim.
13 U men uchun En–Gedi bogʻlaridagi
Xina gullaridaydir.
Yigit:
14 Goʻzaldirsan, ey sevgilim,
Sen goʻzalsan!
Koʻzlaring kabutar koʻzlariday nazokatlidir.
Qiz:
15 Chiroylisan, ey sevgilim,
Juda ham xushroʻydirsan,
Yam–yashil maysalar bizning toʻshagimizdir.
16 Sadr daraxtlari tomimiz boʻlsa,
Archalar tomimiz sinchlaridir.