17–BOB
Yahudo shohi Yohushafat
1 Yohushafat otasi Oso oʻrniga shoh boʻldi, u Isroildan oʻzini himoya qilish uchun mudofaani kuchaytirdi. 2 U Yahudodagi hamma mustahkam shaharlarga harbiy qismlarni joylashtirdi. Yahudo yerlarida hamda otasi Oso qoʻlga kiritgan Efrayim shaharlarida koʻplab qoʻnolgʻalar oʻrnashtirdi. 3 Yohushafat otasi Osodan oʻrnak olib, uning ilk hukmronligi yillariga taqlid qilgani uchun Egamiz u bilan birga boʻldi. Yohushafat Baalga sigʻinmay, 4 otasining Xudosiga intildi, Isroil shohlari yoʻllaridan yurmasdan, Xudoning amrlariga itoat etdi. 5 Shuning uchun Egamiz uning hokimiyatini mustahkam qildi. Butun Yahudo xalqi Yohushafatga oʻlpon toʻlardi, u katta boylik va shuhrat topdi. 6 Egamizga itoat qilishdan u zavq olar edi. Shu bois, u Yahudodagi sajdagohlarni yoʻqotdi, Asheraga atalgan ustunlarni chopib tashladi.
7 Hukmronligining uchinchi yilida xalqqa taʼlim berish uchun oʻz aʼyonlari Banxayilni, Obodiyoni, Zakariyoni, Natanilni va Mixiyoni Yahudo shaharlariga joʻnatdi. 8 Levilardan Shamayo, Nataniyo, Zabadiyo, Osoyil, Shamiromoʻt, Yoʻnatan, Odoniyo, Toʻviyoxu va Toʻdoniyo hamda ruhoniylar Elishama va Yohuram ularga hamroh boʻldilar. 9 Ular Egamizning Tavrot kitobini olib, Yahudoning hamma shaharlariga borishdi va xalqqa taʼlim berishdi.
10 Yahudo atroflaridagi xalqlarga Egamiz qoʻrquv soldi, shuning uchun oʻsha xalqlar Yohushafatga qarshi urush qilmadilar. 11 Baʼzi Filistlar Yohushafatga katta miqdorda kumushni oʻlpon qilib olib keldilar. Arablar ham 7700 ta qoʻchqor va 7700 ta taka olib keldilar. 12 Yohushafat tobora kuchayib boraverdi. U Yahudoda qalʼalar va ombor shaharlar qurdirdi. 13 U yerga koʻp miqdorda oziq–ovqat toʻpladi. Quddusga tajribali bahodir jangchilarni joylashtirdi. 14 Bu jangchilar xonadonlari boʻyicha safarbar qilingan edilar:

Yahudo qabilasining sipohlariga lashkarboshi Adnah edi. Uning qoʻli ostida 300.000 nafar bahodir jangchi boʻlib, ular 1000 nafar jangchidan tashkil topgan boʻlinmalarga boʻlingan edilar.
15 Ikkinchi lashkarboshi Yohuxanon edi, uning qoʻli ostida 280.000 nafar sipohi bor edi.
16 Uchinchi lashkarboshi Zixri oʻgʻli Amasiyo edi, uning qoʻli ostida 200.000 nafar sipohi bor edi. Amasiyo oʻz xohishi bilan Egamizga xizmat qilayotgan edi.

17 Benyamin qabilasining sipohlariga lashkarboshi Elyodax edi. U bahodir jangchi boʻlib, qoʻli ostida yoy va qalqon bilan qurollangan 200.000 nafar sipohi bor edi.
18 Elyodaxning oʻng qoʻl yordamchisi Yohuzabad edi, uning qoʻli ostida qurollangan 180.000 nafar sipohi bor edi.

19 Bu jangchilar shohga Quddusda xizmat qilar edilar. Bulardan tashqari, shoh mustahkam shaharlarga boshqa harbiy qismlarni joylashtirgan edi.