17–BOB
Iordan gʻarbidagi Manashe qabilasining yarmiga berilgan yerlar
1 Keyin Manashe qabilasiga ulush berildi. Manashe Yusufning toʻngʻichi edi. Moxir Manashening toʻngʻichi boʻlib, Giladning otasi edi. Moxir botir jangchi boʻlgani uchun, Muso unga Iordanning sharqidagi Gilad va Bashan oʻlkalarini bergan edi. 2 Iordanning gʻarbida Manashe qabilasining qolganiga ulush berildi. Manashe oʻgʻillari Abuazar, Xalek, Osriyol, Shakam, Xafer va Shamido urugʻlarining hammasiga yerlar berildi.
3 Manashening nabirasi Giladning Xafer degan oʻgʻli bor edi. Xaferning esa Zalofxod degan oʻgʻli bor edi. Zalofxodning oʻgʻillari yoʻq, faqatgina qizlari bor edi. Qizlarining ismlari Maxlo, Nuvah, Xoʻglax, Milxo va Tirza edi. 4 Shu ayollar ruhoniy Elazar , Yoshua va oqsoqollarning oldiga kelib, shunday deyishdi: “Egamizning Oʻzi bizga ham, amakilarimiz qatori, ulush berishni Musoga amr qilgan.” Yoshua Egamizga itoat etib, qizlarga ham amakilari qatori ulush berdi. 5 Natijada Iordanning sharqidagi Gilad va Bashan oʻlkalaridan tashqari, Manashe qabilasi Iordanning gʻarbida yana oʻn boʻlak yer oldi. 6 Chunki Manashe avlodining ayollari ham erkaklar qatori ulush olishdi. Gilad yerini esa Yoshua Manashe qabilasining qolganlariga taqsimlab berdi.
7 Iordan daryosining gʻarbidagi Manashe qabilasi yerlarining shimoliy chegarasi Osher qabilasi hududining chegarasi bilan tutashgan edi. Janubiy chegarasi esa Mixmatit shahrigacha borib, Tappux bulogʻi atrofida yashaydiganlarning yerlarigacha choʻzilgan edi. Mixmatit shahri Shakam shahrining sharqida edi. 8 Tappux shahri Manashe va Efrayim qabilalarining chegarasida joylashgan edi. Tappuxning atrofidagi yerlar Manashe qabilasiga tegishli boʻlsa ham, shaharning oʻzi Efrayim qabilasiga tegishli edi. 9 Manashe hududining janubiy chegarasi Tappux shahridan, Kanax soyligi boʻylab, Oʻrta yer dengizigacha choʻziladi. Kanax soyligining qirgʻogʻidagi bir nechta shahar Manashe qabilasining hududida boʻlishiga qaramay Efrayim qabilasiga tegishli edi. 10 Oʻsha soylikning janubidagi yerlar Efrayim qabilasiniki, shimolidagi yerlar esa Manashe qabilasiniki edi. Oʻrta yer dengizining qirgʻogʻi Manashe hududining gʻarbiy chegarasi edi. Bu hudud shimol tomonda Osher qabilasining hududigacha, sharq tomonda esa Issaxor qabilasining hududigacha choʻzilgan edi.
11 Issaxor va Osher qabilalarining hududlarida joylashgan quyidagi shaharlar va atrofidagi qishloqlar Manashe qabilasiga berilgan edi: Bayt–Shan, Yiblayom, Doʻr, yaʼni Nafoʻt–Doʻr, En–Doʻr, Tanax va Magidoʻ. 12 Lekin Manashe qabilasi bu shaharlarni qoʻlga kirita olmadi. Kanʼon xalqlari oʻsha joylarda yashashda davom etaverdi. 13 Birmuncha vaqt oʻtgandan keyin Isroil xalqi yanada kuchaydi va Kanʼon xalqlarini qarol boʻlib xizmat qilishga majbur qildi. Ammo ularni yurtdan butunlay quvib chiqarmadi.
Efrayim va Manashe qabilalari kattaroq ulushni soʻrab borishadi
14 Bir kun Yusuf avlodlari kelib, Yoshuadan soʻrashdi:
— Egamiz bizni barakali qilib, juda ham koʻpaytirdi. Nima uchun bizga faqatgina bir ulush yer berdingiz?
15 Yoshua ularga shunday deb javob berdi:
— Agar Efrayim qirlari sizlarga kichiklik qilayotgan boʻlsa, boringlar, Pariz va Rafa xalqlarining oʻrmonlaridagi daraxtlarni kesib, oʻzingizga joy tozalab olinglar.
16 Ular shunday dedilar:
— Biz aytganingizday qilsak ham, baribir, u joy bizga torlik qiladi. Yizril vodiysiga borib ham, u yerda yashay olmaymiz. Nega desangiz, Bayt–Shan shahri va uning atrofidagi qishloqlarda hamda Yizril vodiysining boshqa joylarida yashaydigan Kanʼon xalqi bizdan ancha kuchli, ularning temirdan yasalgan jang aravalari bor.
17 Yoshua Yusufning avlodlari boʻlgan Efrayim va Manashe qabilalariga shunday dedi:
— Sizlar juda koʻpchiliksizlar, kuchingiz ham koʻp. Nafaqat bir ulush yer, 18 balki qirlar ham sizlarniki boʻladi. U yerlar oʻrmon boʻlsa ham, daraxtlarini kesib, tozalanglar. U joylar boshidan oxirigacha sizlarniki boʻladi. Kanʼon xalqlarining temir jang aravalariyu katta kuchi boʻlishiga qaramay, sizlar ularni u yerdan haydab chiqarasizlar.