62–BOB
Quddusning yangi nomi
1 Quddus haqi, men sukut saqlamayman,
Sion haqi, men jim turmayman.
Uning zafari tong kabi nur sochmaguncha,
Uning najoti mashʼala kabi yonmaguncha,
Men aslo jim turmayman.
2 Ey Quddus xalqi, xalqlar sizning gʻalabangizni,
Har bir shoh shuhratingizni koʻradi.
Ular sizni yangi nom bilan ataydi,
Bu nomni Egamizning Oʻzi sizlarga beradi.
3 Sizlar Egamizning qoʻlida goʻzallik tillaqoshi,
Xudoyingizning qoʻlida shohlik toji boʻlasiz.
4 Endi sizni “Tark etilgan” deb aytmaslar,
Sizning yurtingizni “Tashlandiq” deb atamaslar.
Endi sizga “Undan mamnunman” degan nom beriladi,
Yurtingizni esa “Oilali” deb aytishadi.
Zotan, Egangiz sizdan mamnun boʻladi,
Yurtingiz ham oilali boʻladi.
5 Yigit qiz bilan turmush qurganday,
Oʻgʻillaringiz yurtingizga bogʻlanib,
Unga egalik qiladi.
Kuyov kelin bilan qanday shod boʻlsa,
Xudoyingiz siz bilan shunday sevinadi.
6 Ey Quddus, devorlaringga soqchilar qoʻydim,
Ular kechayu kunduz ibodatni bas qilmaydi.
Ey Egamizga ibodat qiladiganlar!
Sizlar ham hech jim turmang.
7 Quddusni barqaror qilgunga qadar,
Uni yer yuzining faxri qilmagunga qadar,
Egamizga hech tinchlik bermanglar.
8 Egamiz oʻng qoʻlini koʻtarib,
Oʻz qudrati bilan ont ichdi:
“Hech qachon dushmanlaringizga
Doningizni yemish qilib bermayman.
Mehnatingiz singgan sharobni
Begonalar ichmaydi.
9 Ha, don yiqqanlarning oʻzi don yeydi–da,
Men, Egasiga hamdu sano aytadi.
Uzumni yigʻib–terganlar
Sharobni muqaddas hovlimda ichadi.”
10 Ey Quddus aholisi, darvozalardan chiqing!
Qaytayotgan xalqqa yoʻlni tayyorlang!
Tuproq yigʻib yoʻl qiling,
Toshlarni terib tashlang,
Xalqlar uchun bayroq tiking!
11 Mana, Egamiz yerning toʻrt chetiga eʼlon qilmoqda:
“Goʻzal Quddusga shunday deb ayting:
«Qara, najotkoring kelmoqda,
Ana, Uning Oʻzi taqdirlaydi,
Mukofotini Oʻzi bilan olib kelmoqda.»”
12 Ey Quddus, sening xalqingni “Muqaddas” deb aytadilar,
“Egamiz qutqargan xalq” deb aytadilar.
Seni “Egamiz izlab topgan, tark etilmagan shahar” deb ataydilar.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020