9–BOB
1 Bularning hammasini yuragimga joylab, ular haqida yaxshilab oʻyladim: solihlar ham, donolar ham, ularning ishlari ham Xudoning qoʻlida ekan, hatto ularning sevgisi ham, nafrati ham Xudoning qoʻli ostida ekan. Hech kim kelajakda nima boʻlishini bilmaydi. 2 Hammaning taqdiri bir xil, solihning ham, fosiqning ham, yaxshining ham, yomonning ham, halolning ham, haromning ham, qurbonlik qiladiganlarning ham, qurbonlik qilmaydiganlarning ham taqdiri birdir. Gunohkorlarga nima boʻlsa, yaxshilarga ham shunday boʻladi, xudojoʻylik bilan nazr qiladiganlarning ham, chin koʻngildan nazr qilmaydiganlarning ham qismati bir. 3 Bu dunyoda boʻlayotgan hamma ishlarning qaygʻuliligi shundadir: hammaning taqdiri bir xil. Shuning uchun hammaning yuragi gʻazabu alamga toʻla, hayotliklarida yuragi telbalik bilan toʻla. Keyin esa ular bu olamdan oʻtadilar. 4 Lekin hayot boʻlganning umidi bor, axir: “Tirik it oʻlik sherdan yaxshiroq”, — deyishadi–ku. 5 Hayot boʻlganlar hech boʻlmasa oʻlishlarini biladilar, marhumlar esa hech narsani bilmaydilar. Marhumlar uchun hech qanday mukofot yoʻq, vaqti kelib hech kim ularni yodga ham olmaydi. 6 Ular sevgan, nafratlangan va jon kuydirgan narsalarning hammasi oʻtib ketgan. Bundan keyin ular hech qachon bu dunyoda boʻlayotgan narsalarga qoʻshila olmaydilar.
7 Marhamat, noningizni shodlik bilan yeyavering, sharobingizni quvnoq yurak bilan ichavering, chunki Xudo shunday qilishingizni maʼqul koʻrgan. 8 Kiyimlaringiz har doim oppoq boʻlsin, boshingizdan xushboʻy moy arimasin. 9 Bu dunyodagi sizga berilgan umr davomida oʻz sevgan xotiningiz bilan tez oʻtib ketadigan bu hayotdan zavqlaning. Hayotingiz va dunyoda qiladigan mehnatlaringiz davomida sizga shunday imkoniyatni Xudo bergan. 10 Nima qilsangiz ham bor kuchingiz bilan qiling, chunki siz borayotgan joy — oʻliklar diyorida hech qanday ish, fahm–idrok, ilm–maʼrifat yoki donolik yoʻqdir.
11 Men yana bir narsani tushundim, bu dunyoda:
Musobaqada gʻalaba doimo tez yugurganga,
Jangda gʻalaba doim kuchliga nasib etmas ekan.
Mol–mulk doimo donoga,
Boylik ham doim uddaburonga nasib etmas ekan.
Muvaffaqiyat doimo bilimdonga kelavermas ekan.
Ha, kuni kelib, hammaning ham omadi ketadi. 12 Kulfat qachon kelishini hech kim bilmaydi. Toʻrga tushib qolgan baliq va tuzoqqa ilingan qushlarday, insonlar ham boshlariga kulfat tushganda birdaniga tutilib qoladilar.
Donolik va nodonlik haqida oʻylar
13 Bu dunyoda men donolik haqida quyidagi berilgan namunani koʻrdim. Menimcha bu juda ham muhim edi. 14 Kichkina bir shaharcha boʻlgan ekan, unda yashovchilarning soni ham koʻp emas ekan. Bir qudratli shoh bostirib kelib, mana shu shaharchani qurshovga olibdi. Shaharchani qoʻlga kiritish uchun katta tayyorgarliklar koʻrib, baland qurilmalar yasabdi. 15 Bu shaharda bir kishi yashar ekan. Oʻzi kambagʻal, lekin dono ekan. U oʻzining donoligi bilan shaharni qutqarib qolishi mumkin edi, lekin bu kambagʻal kishini hech kim esga olmadi . 16 Men oʻzimga: “Donolik qudratdan yaxshiroq boʻlsa ham, kambagʻal kishining donoligini hech kim qadrlamaydi, uning soʻzlariga quloq solmaydi”, dedim. 17 Shunday boʻlsa ham,
Dono kishining xotirjamlik bilan aytgan soʻzlari nodon hukmdorning baland ovoz bilan aytgan soʻzlaridan afzalroqdir.
18 Donolik urush qurollaridan yaxshiroqdir, lekin bir befarosat koʻp yaxshilarni buzadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020