5–BOB
Odam Atoning nasli
1 Odam Atoning nasl–nasabi tarixi quyidagichadir:
Xudo inson zotini yaratganda, ularni Oʻziga oʻxshagan qilib yaratgan edi. 2 Xudo insonlarni erkak va ayol qilib yaratdi. Xudo ularni yaratgandan keyin Inson deb nom qoʻyib, ularga baraka berdi.
3 Odam Ato 130 yoshida oʻgʻil koʻrgan edi . Oʻgʻli otasining suratiday boʻlib, unga oʻxshagan edi. Odam Ato oʻgʻliga Shis deb ism qoʻygan edi. 4 Shis tugʻilgandan keyin, Odam Ato 800 yil yashab, yana oʻgʻil–qizlar koʻrdi. 5 Odam Ato 930 yoshida olamdan oʻtdi.
6 Shis 105 yoshida oʻgʻli Enoʻshni koʻrgan edi . 7 Enoʻsh tugʻilgandan keyin, Shis 807 yil yashab, yana oʻgʻil–qizlar koʻrdi. 8 Shis 912 yoshida olamdan oʻtdi.
9 Enoʻsh 90 yoshida oʻgʻli Xenanni koʻrdi. 10 Xenan tugʻilgandan keyin, Enoʻsh 815 yil yashab, yana oʻgʻil–qizlar koʻrdi. 11 Enoʻsh 905 yoshida olamdan oʻtdi.
12 Xenan 70 yoshida oʻgʻli Maxaliyolni koʻrdi. 13 Maxaliyol tugʻilgandan keyin, Xenan 840 yil yashab, yana oʻgʻil–qizlar koʻrdi. 14 Xenan 910 yoshida olamdan oʻtdi.
15 Maxaliyol 65 yoshida oʻgʻli Yoredni koʻrdi. 16 Yored tugʻilgandan keyin, Maxaliyol 830 yil yashab, yana oʻgʻil–qizlar koʻrdi. 17 Maxaliyol 895 yoshida olamdan oʻtdi.
18 Yored 162 yoshida oʻgʻli Xanoʻxni koʻrdi. 19 Xanoʻx tugʻilgandan keyin, Yored 800 yil yashab, yana oʻgʻil–qizlar koʻrdi. 20 Yored 962 yoshida olamdan oʻtdi.
21 Xanoʻx 65 yoshida oʻgʻli Matushalohni koʻrdi. 22 Matushaloh tugʻilgandan keyin, Xanoʻx 300 yil yashab, yana oʻgʻil–qizlar koʻrdi. U umr boʻyi Xudoga hamroh boʻlib yashadi. 23 Xanoʻx 365 yil umr koʻrdi. 24 U butun umri davomida Xudoga hamroh boʻlib yashab, oxiri, gʻoyib boʻlib qoldi, chunki Xudo uni olib ketgan edi.
25 Matushaloh 187 yoshida oʻgʻli Lamakni koʻrdi. 26 Lamak tugʻilgandan keyin, Matushaloh 782 yil yashab, yana oʻgʻil–qizlar koʻrdi. 27 Matushaloh 969 yoshida olamdan oʻtdi.
28 Lamak 182 yoshida bir oʻgʻil koʻrdi. 29 Lamak: “Egamiz bu yerni laʼnatlagan, endi yerga ishlov berganimizda, ogʻir ishlarimizni shu bola yengillashtirsin”, deb oʻgʻlining otini Nuh qoʻydi. 30 Nuh tugʻilgandan keyin, Lamak 595 yil yashab, yana oʻgʻil–qizlar koʻrdi. 31 Lamak 777 yoshida olamdan oʻtdi.
32 Nuh 500 yoshdan oʻtgandan keyin Som, Xom va Yofas degan oʻgʻillarini koʻrdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020