33–BOB
Elixu Ayubga qarshi gapiradi
1 Ey Ayub, endi mening soʻzlarimni eshiting,
Hamma gaplarimga quloq soling.
2 Men hozir gapirishga tayyorman.
Soʻzlarim tilimda tizilib turibdi.
3 Soʻzlarim pok koʻnglimdan chiqadi,
Chin dildan gapiraman.
4 Meni Xudoning Ruhi yaratgan,
Qodir Xudoning nafasi menga hayot berib turibdi.
5 Agar qoʻlingizdan kelsa, menga javob bering–chi,
Oʻzingizni himoya qilib koʻring–chi!
6 Xudoning oldida siz ham, men ham birmiz,
Men ham tuproqdan yaralganman.
7 Mendan qoʻrqmasangiz ham boʻladi,
Sizga hech zulm oʻtkazmayman.

8 Gaplaringizni oʻz qulogʻim bilan eshitdim,
Quyidagi soʻzlarni oldimda aytgansiz:
9 «Men pokman, aybsizman,
Top–tozaman, menda hech bir ayb yoʻq.
10 Xudo esa menga qarshi chiqishga bahona qidiryapti,
Meni Oʻz dushmanlari qatoriga qoʻshib qoʻydi.
11 Oyoqlarimni zanjirband qildi,
Yurgan yoʻlimni kuzatib turadi.»

12 Ayub, mana shu borada siz nohaqsiz.
Men sizga shuni aytay:
Xudo butun odamzoddan ulugʻroqdir.
13 Shunday ekan, nimaga U bilan daʼvolashyapsiz?
Nima uchun, Xudo menga javob bermaydi, deysiz?
14 Xudo qayta–qayta gapiradi.
Shunda ham odamlar tushunmaydi.
15 Odamlar chuqur uyquga ketganda,
Oʻrinlarida uxlab yotganda,
Tushlar, tungi vahiylar orqali
16 Xudo ularning quloqlariga gapiradi,
Oʻz ogohlantirishlari bilan ularni qoʻrqitadi.
17 Inson gunohlaridan qaytsin,
Odamzod takabbur boʻlmasin deb, bu soʻzlarni aytadi.
18 Oʻsha ogohlantirishlar odamlarni qabrdan saqlaydi,
Oʻlim daryosidan qutqaradi.
19 Xudo insonlarga dardu ogʻriq berib,
Odamlarning suyaklarini zirqiratib, tarbiyalaydi.
20 Shunda ular nonga ham qaray olmaydigan boʻlib qoladi.
Hatto eng shirin ovqatlar ham koʻnglini aynitadi.
21 Ular ozib–toʻzib ketadi, faqat terisi qoladi.
Oldin koʻrinmagan suyaklari endi turtib chiqadi.
22 Ana, ular qabrga yaqinlashib qoldi.
Oʻlim ularning jonini poylab turibdi.
23 Lekin shu paytda insonning himoyachisi boʻlsa,
Minglarga qarshi chiqib,
Oʻsha insonni solih deb tasdiqlaydigan bir himoyachisi
24 Oʻsha insonga rahm qilib:
«Ey Xudoyim, uni qabrdan qutqargin,
Bu insonning joni evaziga toʻlov topdim», desa,
25 Oʻsha insonning tanasi yosh bolaniki kabi yangilanadi,
Yoshligidagi kabi yana kuchga toʻladi.
26 Oʻsha inson Xudoga ibodat qiladi,
Xudo esa uni qabul qiladi.
Xudoning huzuriga u shodlik bilan kiradi,
Chunki Xudo uni solihlik yoʻliga qaytaradi.
27 Oʻsha inson kelib, boshqalarga shunday deydi:
«Mana, men toʻgʻri yoʻldan yurmasdan,
Gunoh qilgan edim,
Lekin men oʻzimga loyiq jazoni olmadim.
28 Xudo jonimni qabrdan qutqarib qoldi.
Endi mening hayotim yorugʻ kunlarga toʻla!»

29 Ha, Xudo odamzodga shunday qiladi,
Bir emas, ikki emas, koʻp marta takrorlaydi.
30 Insonlarni qabrdan saqlash uchun,
Hayot nuri ularning yoʻllarini yoritsin deb, shunday qiladi.
31 Ey Ayub, diqqat qiling, menga quloq soling,
Jim turing, men gapiray.
32 Agar biror gapingiz boʻlsa, menga javob bering.
Gapiravering, chunki oqlanishingizni xohlayman.
33 Lekin gapingiz boʻlmasa, menga quloq soling,
Sukut saqlang, men sizga donolikni oʻrgatay.”