5–BOB
Ruben nasli
1 Ruben Yoqubning toʻngʻich oʻgʻli edi. Ammo u otasining toʻshagini bulgʻagani uchun , toʻngʻichlik huquqi Yusufning oʻgʻillariga berilgan edi. Shu sababdan Ruben nasabnomada toʻngʻich sifatida roʻyxatda yoʻq. 2 Rubenning ukasi Yahudo aka–ukalari orasida eng kuchlisi boʻlib, yoʻlboshchi uning qabilasidan chiqdi . Lekin shunga qaramay, toʻngʻichlik huquqi Yusufniki boʻldi. 3 Ruben toʻrt oʻgʻil koʻrdi. Ularning ismlari Xanoʻx, Palluv, Xazron va Karmi edi.
4 Yoʻelning nasli quyidagilardan iborat edi: Yoʻelning oʻgʻli — Shamayo, Shamayoning oʻgʻli — Goʻg, Goʻgning oʻgʻli — Shimax, 5 Shimaxning oʻgʻli — Mixo, Mixoning oʻgʻli — Rayo, Rayoning oʻgʻli — Baal 6 va Baalning oʻgʻli — Berax. Ossuriya shohi Tigʻlatpilasar Beraxni asir qilib, olib ketgan edi. Berax Ruben qabilasining yoʻlboshchisi edi.
7 Ruben qabilasining quyidagi urugʻboshilari ham nasabnoma roʻyxatida qayd etilgan: Yaviyol, Zakariyo 8 va Belax. Belax Azazning oʻgʻli, Shemaning nevarasi va Yoʻelning evarasi edi. Ular Aror shahrida hamda shimoldagi Navo va Baal–Miyonga qadar choʻzilgan yerlarda yashadilar. 9 Ularning Gilad oʻlkasidagi podasi haddan tashqari koʻp boʻlgani uchun, ular sharqdagi sahrogacha boʻlgan hamma yerlarni egallab olgan edilar. Bu sahro Furot daryosigacha choʻzilgan edi.
10 Ruben nasli shoh Shoul davrida Hojar urugʻiga qarshi urush ochdi. Ularni magʻlub qilib, Giladning sharqidagi hamma yerlarini egallab oldi.
Gad nasli
11 Gad qabilasi Bashan oʻlkasida, Ruben qabilasining shimolida yashagan edi. Ularning hududi Salko shahriga qadar choʻzilgandi. 12 Yoʻel Bashanda yoʻlboshchi edi, uning oʻng qoʻl yordamchisi Shofom edi, Yanay va Shofot urugʻboshilar edilar.
13 Gad qabilasining qolgan aʼzolari quyidagi yetti uruqqa tegishli edi: Mikoyil, Mashullom, Sheba, Yoʻray, Yaqan, Ziya va Ibir. 14 Bular Abuhayilning oʻgʻillari boʻlib, ularning yettinchi avlodigacha boʻlgan ajdodlari quyidagilar edilar: Xuri, Yoroʻvax, Gilad, Mikoyil, Yashishay, Yaxdu va Buz. 15 Goʻnoning nevarasi, Abdil oʻgʻli Oxi bu urugʻlarning yoʻlboshchisi edi.
16 Gad qabilasi Giladda, Bashanda va oʻsha yerdagi shaharlarda hamda Sharondagi butun yaylovlarda istiqomat qilardi.
17 Bu maʼlumotlarning hammasi Yahudo shohi Yoʻtom va Isroil shohi Yorubom hukmronligi davrida nasabnomaga kiritilgandi.
Iordan sharqidagi qabilalar lashkari
18 Ruben, Gad qabilalari va Manashe qabilasi yarmining 44.760 nafar jangga tayyor, mohir sipohlari bor edi. Bu sipohlar kamonkashlar boʻlib, qilich va qalqon bilan ham qurollangan edilar. 19 Ular Hojar urugʻiga, Yatur, Nofish va Nadav qabilalariga hujum qildilar. 20 Jang paytida bu sipohlar Xudoga iltijo qildilar. Ular Xudoga ishonganlari uchun Xudo iltijolariga javob berib, Hojar urugʻini va barcha ittifoqchilarini ularning qoʻliga berib, magʻlub qildi. 21 Ular dushmanning chorvasidan 50.000 ta tuya, 250.000 ta qoʻy, 2000 ta eshakni oʻlja oldilar va 100.000 odamni asir qildilar. 22 Gʻanimning koʻpchiligi jangda qirilib ketgandi, chunki Xudoning Oʻzi ularga qarshi jang qilgan edi. Ruben va Gad qabilalari hamda Manashe qabilasining yarmi surgungacha oʻsha yerlarda yashab qoldilar.
Iordan sharqidagi Manashe qabilasining yarmi
23 Manashe qabilasining yarmi Sanir, yaʼni Xermon togʻidagi Baal–Xermonga qadar choʻzilgan Bashan oʻlkasida joylashib, koʻpaydi. 24 Qabilaning urugʻboshilari quyidagilar edi: Ifar, Yishi, Eliyol, Ozriyol, Yeremiyo, Xoʻdaviyo va Yaxdiyol. Ular bahodir jangchilar boʻlib, oʻz urugʻlarining mashhur boshliqlari edilar.
Iordan sharqidagi qabilalar surgun qilinadi
25 Ruben va Gad qabilalari hamda Manashe qabilasining yarmi ota–bobolarining Xudosiga qarshi gunoh qildilar. Ular Xudoga bevafolik qilib, Xudo qirib yuborgan oʻsha yurtdagi xalqlarning xudolariga sigʻina boshladilar. 26 Shuning uchun Isroil xalqining Xudosi Ossuriya shohi Poʻlni, yaʼni Tigʻlatpilasarni yuborib, Ruben, Gad qabilalarini va Manashe qabilasining yarmini magʻlub qildi. Shoh Tigʻlatpilasar ularni asir olib, Xalax, Xavor va Xara hududlariga hamda Gozan daryosining boʻylariga surgun qildi . Ular bugungacha oʻsha yerlarda istiqomat qilib kelyaptilar.