19–BOB
Malla gʻunajinning kuli
1-2 Muso bilan Horun orqali Isroil xalqiga Egamiz quyidagi qonunni berdi: sizlar bizga bitta nuqsonsiz malla gʻunajinni olib kelinglar. Gʻunajinga boʻyinturuq urilmagan boʻlsin. 3 Malla gʻunajinni ruhoniy Elazarga beringlar. Soʻng gʻunajinni qarorgohdan tashqariga olib chiqib, Elazarning oldida soʻyinglar. 4 Ruhoniy Elazar gʻunajinning qoniga barmogʻini botirib, qonni Uchrashuv chodirining oldi tomoniga qarata yetti marta sachratsin. 5 Soʻng jonivor butunligicha — terisi, goʻshti, qoni, ichak–chovoqlari bilan birga Elazarning koʻzi oldida kuydirilsin. 6 Ruhoniy sadr yogʻochini, qirmizi ipni va bir tutam issop oʻtini olib, kuydirilayotgan gʻunajin qurbonligi ustiga tashlasin. 7 Soʻng ruhoniy yuvinib, kiyimlarini ham yuvsin. Shundan keyingina u qarorgohga qaytib kirishi mumkin. Lekin ruhoniy kechgacha harom boʻladi. 8 Gʻunajinni yoqqan odam ham yuvinib, kiyimlarini yuvsin. U ham kechgacha harom boʻladi. 9 Keyin birorta pok odam gʻunajinning kulini yigʻishtirib, qarorgoh tashqarisidagi toza joyga olib borib qoʻysin. Isroil xalqi bu kulni poklanish suviga solib ishlatish uchun saqlasin. Bu kul odamlarni gunohlardan poklash marosimida ishlatiladi. 10 Gʻunajinning kulini yigʻishtirgan odam ham kiyimlarini yuvsin, u ham kechgacha harom boʻladi. Bu Isroil xalqi uchun ham, ularning orasida yashayotgan musofirlar uchun ham doimiy qonun–qoidadir.
Murdadan bulgʻangan odamning poklanishi
11 Har qanday kishining murdasiga tekkan odam yetti kun harom boʻladi. 12 Murdaga tekkan odam poklanish suvi bilan uchinchi va yettinchi kuni oʻzini poklasin. Shunda u pok boʻladi. Oʻsha odam uchinchi va yettinchi kuni oʻzini poklamasa, harom boʻlib qolaveradi. 13 Murdaga tegib, oʻzini poklamagan odam Egamizning Muqaddas chodirini bulgʻagan boʻladi. Poklanish suvi oʻsha odamning ustiga sepilmagani uchun u haromligicha qoladi. Bunday odam Isroil xalqi orasidan yoʻq qilinsin.
14 Agar odam chodirda vafot etsa, quyidagi qoidaga rioya qilinglar: oʻsha paytda chodirda boʻlgan va chodirga kirgan hamma odamlar yetti kun harom boʻlishadi. 15 Chodirdagi qopqogʻi yopilmagan, usti ochiq har qanday idish ham harom boʻladi. 16 Agar birorta odam ochiq maydonda oʻldirilgan yoki oʻz ajali bilan oʻlgan kimsaning jasadiga, marhumning suyagiga yoki qabriga tegsa, u yetti kun harom boʻladi. 17 Harom boʻlgan odam uchun gunohdan poklash maqsadida kuydirilgan malla gʻunajinning kulidan olib idishga solinglar, soʻng kulning ustiga oqar suvdan quyinglar. 18 Pok odam issopni olib, suvga botirsin–da, suvni chodirga, chodirdagi hamma jihozlarga, chodirdagi odamlarga sepsin. Odamning suyagiga, marhumga, oʻldirilgan kimsaning jasadiga yoki qabrga tekkan odamning ustiga ham oʻsha suvdan sepsin. 19 Uchinchi va yettinchi kunlari pok odam harom odamga suvdan sepib, yettinchi kuni uni poklasin. Poklangan odam yuvinib, kiyimlarini yuvsin. Ana shunda kechqurunga borib u pok boʻladi.
20 Harom boʻla turib oʻzini poklamagan har qanday odam Isroil jamoasi orasidan yoʻq qilinsin. Chunki poklanish suvi sepilmagan oʻsha odam haromligicha qolib, Egamizning Muqaddas chodirini bulgʻagan boʻladi. 21 Bu sizlar uchun doimiy qonun–qoidadir. Poklanish suvini sepgan odam kiyimlarini yuvsin. Poklanish suviga tekkan har qanday odam kechgacha harom boʻlib qoladi. 22 Harom odam tekkan har qanday narsa haromdir. Harom odamga tekkan odam ham kechgacha harom boʻladi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020