36–BOB
Yahudo shohi Yohuxoz
1 Yahudo xalqi Yoʻshiyoning oʻgʻli Yohuxozni otasining oʻrniga shoh qilib koʻtardi. 2 Yohuxoz yigirma uch yoshida taxtga oʻtirib, Quddusda uch oy shohlik qildi. 3 Soʻngra Misr shohi Nexo uni Quddus taxtidan tushirib, yurt xalqidan 200 pud kumush va 2 pud oltin oʻlpon talab qildi. 4 Misr shohi Yohuxozning ukasi Eliyaqimni Yahudo va Quddusga shoh qilib tayinladi. Uning ismini oʻzgartirib Yohayiqim qoʻydi. Akasi Yohuxozni esa Misrga olib ketdi.
Yahudo shohi Yohayiqim
5 Yohayiqim yigirma besh yoshida shoh boʻlib, Quddusda oʻn bir yil hukmronlik qildi. U Egasi Xudoning oldida qabih ishlar qildi. 6 Bobil shohi Navuxadnazar Yahudoga hujum qildi. U Yohayiqimni Bobilga olib ketish niyatida zanjirband qildi . 7 Egamizning uyidagi bir qancha idishlarni Bobilga olib ketib, ularni Bobildagi saroyiga qoʻydi.
8 Yohayiqimning boshqa ishlari, uning qilgan jirkanch qilmishlari, hamma kamchiliklari “Isroil va Yahudo shohlari kitobi”da yozilgan. Uning oʻrniga oʻgʻli Yohayixin shoh boʻldi.
Yahudo shohi Yohayixin
9 Yohayixin oʻn sakkiz yoshida shoh boʻlib, Quddusda uch oy va oʻn kun hukmronlik qildi. U Egamizning oldida qabih ishlar qildi. 10 Oʻsha yili bahorda shoh Navuxadnazar Yohayixinni hibsga olib, Bobilga olib ketdi. U bilan birga Egamizning uyidagi qimmatbaho idishlarni ham olib ketdi. Yohayixinning oʻrniga amakisi Zidqiyoni Yahudo va Quddus ustidan shoh qilib tayinladi.
Yahudo shohi Zidqiyo
11 Zidqiyo yigirma bir yoshida shoh boʻlib, Quddusda oʻn bir yil hukmronlik qildi. 12 U Egasi Xudoning oldida qabih ishlar qildi. Egamizning soʻzlarini ayon qilgan Yeremiyo paygʻambarga boʻyin egmadi.
Quddus qulaydi
13 Shoh Navuxadnazar Zidqiyoga Xudoning nomi bilan sadoqat ontini ichdirgan boʻlsa ham, Zidqiyo Navuxadnazarga qarshi isyon koʻtardi. U qaysarlik qilib, Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga tavba qilishdan bosh tortdi. 14 Bosh ruhoniylarning hammasi omma qatorida oʻzga xalqlarning jirkanch odatlariga taqlid qilib, Xudoga oʻta bevafo boʻldilar. Shu yoʻsin, ular Egamizning Oʻzi muqaddas qilgan Quddusdagi uyni bulgʻadilar. 15 Ota–bobolarining Xudosi — Egamiz Oʻz xalqi va maskaniga rahm qilib, ularning oldiga qayta–qayta paygʻambarlarini joʻnatdi. 16 Lekin ular Xudoning elchilarini haqorat qilib, Xudoning soʻzlaridan nafratlandilar, paygʻambarlarni masxara qildilar. Oxiri Egamiz Oʻz xalqidan shu qadar gʻazablandiki, ular najotsiz qoldilar.
17 Egamiz ularga qarshi Bobil shohini tortib keldi. Bobil shohi Maʼbadda ularning yoshlarini qilichdan oʻtkazdi, na yosh erkakka, na ayolga, na keksaga, na xastaga shafqat qildi. Xudo Yahudo xalqining hammasini Bobil shohining qoʻliga bergan edi. 18 Bobil shohi Xudoning uyidagi kattayu kichik buyumlarni, jamiki xazinani, shoh va uning aʼyonlari xazinalarini, xullas, hamma narsani Bobilga olib ketdi. 19 Xudoning uyiga esa oʻt qoʻydi, Quddus devorini buzib tashladi, barcha hashamatli binolarni yondirdi, Quddusdagi hamma qimmatbaho ashyolarni yoʻq qilib tashladi. 20 Qilichdan omon qolganlarini esa Bobilga surgun qildi. Fors shohligi qaror topgunga qadar Yahudo xalqi Bobil shohiga va uning avlodlariga qul boʻlib qoldi. 21 Yurt boʻm–boʻsh choʻlga aylandi. Yerga dam berilmagan yillarning soni toʻlguncha, yetmish yil davomida tashlandiq boʻlib yotdi. Shunday qilib, Egamizning Yeremiyo paygʻambar orqali aytgan soʻzlari amalga oshdi.
Shoh Kurush Yahudo xalqiga ozodlik beradi
22 Fors shohi Kurush hukmronligining birinchi yilida Egamizning Yeremiyo orqali bildirgan soʻzlari bajo boʻlishi uchun, Egamiz shoh Kurushning yuragiga Quddusdagi Maʼbadni qayta qurish istagini soldi. Shunday qilib, Kurush oʻz shohligining hamma tomoniga xabarchilar joʻnatdi va yozma farmonda quyidagilarni eʼlon qildi:

23 “Fors shohi Kurush shunday demoqda: Samoviy Xudo — Egamiz yer yuzidagi jamiki shohliklarni menga bergan. U Yahudo yurtidagi Quddusda Oʻziga bir uy qurishni menga topshirdi. Xudoning xalqidan boʻlgan har bir kimsa Quddusga borsin, Egasi Xudo unga yor boʻlsin.”