31–BOB
Ayub aybsizligini oxirgi marta taʼkidlaydi
1 Men: «Ayol–qizlarga shahvat bilan qaramayman», deb
Koʻzlarim bilan ahd tuzgan edim.
2 Xoʻsh, Xudo menga bergan nasiba nima boʻldi?!
Qodir Xudo men uchun nima buyurgan?!
3 Adolatsizlarning boshiga ofat,
Badkirdorlarning boshiga kulfat tushadi–ku.
4 Xudo hamma yoʻllarimni koʻradi,
Bosgan qadamimni kuzatib turadi.
5 Agar yolgʻon gapirgan boʻlsam,
Tilim yolgʻon–yashiqqa toʻla boʻlsa,
6 Mayli, Xudo meni adolat tarozisida tortib koʻrsin,
Shunda U pokligimni bilib oladi.
7 Agar toʻgʻri yoʻldan ogʻib ketgan boʻlsam,
Nafsim meni yoʻldan urib,
Qoʻllarimni bulgʻagan boʻlsam,
8 Mayli, men ekay, hosili birovga nasib boʻlsin,
Dalamda ungan ekinlar sugʻurib tashlansin.
9 Biror ayol meni yoʻldan urgan boʻlsa,
Shahvat bilan qoʻshnimni poylagan boʻlsam,
10 Mayli, xotinim boshqalarning bugʻdoyini yanchsin,
Begona erkaklar uning oldiga kirsin.
11 Axir, shahvat buzuqlik–ku!
Bu gunoh albatta hukm qilinadi.
12 Halokat diyorigacha yetib boradigan olovdaydir u,
Bor–budimni tag–tomiri bilan yeb bitiradi.
13 Qullarim, choʻrilarim men haqimda shikoyat qilganda,
Ularga nisbatan doim adolatli boʻlganman.
14 Aks holda, Xudo hukmga turganda men nima qilardim?
Xudo meni soʻroq qilganda nima degan boʻlardim?
15 Meni yaratgan ularni ham yaratgan–ku!
Onamizning qornida barchamizga shakl bergan — Xudo–ku!
16 Muhtojlar madad soʻraganda, qaytarib yubormadim,
Bevalarning umidini puchga chiqarmadim.
17 Ovqatimni bir oʻzim yemadim,
Yetimlar bilan boʻlishdim.
18 Yoshligimdan yetimlarga ota boʻldim,
Umrim boʻyi bevalarga gʻamxoʻrlik qildim.
19-20 Koʻzim tushgan yalangʻoch bechoralar
Qoʻylarimdan qirqib olingan junlar bilan isindi.
Ust–boshi boʻlmagan faqirlarga mehr koʻrsatdim,
Shuning uchun ular meni duo qildi.
21 Agar qozixonada soʻzim oʻtishini bilib turib,
Yetimlarga qarshi qoʻl koʻtargan boʻlsam,
22 Qoʻllarim sinib qolsin,
Qoʻlim yelkamdan uzilib tushsin.
23 Men Xudodan keladigan kulfatdan qoʻrqardim,
Xudoning ulugʻvorligini bila turib, bunday ish qila olmasdim.
24 Tillaga ishondimmi?
Toza tillaga umid bogʻladimmi?
25 Boyligim koʻpligidan yoki mol–mulkim bilan maqtandimmi?
26 Osmondagi yorugʻ quyoshga qarab,
Goʻzal oyning suzishini kuzatib,
27 Yuragim vasvasaga tushdimi?
Ularga sigʻindimmi?
28 Agar shunday qilgan boʻlsam, bu ham hukmga loyiq gunoh boʻlar edi.
Axir, bu ish bilan yuksakdagi Xudoga sadoqatsizlik koʻrsatgan boʻlardim–da!
29 Hatto gʻanimlarimga kelgan kulfatdan suyunmadim,
Boshiga ofat tushganda quvonmadim.
30 Ularni qargʻashdan oʻzimni tiydim,
Boshimga gunoh orttirmadim.
31 Xizmatkorlarim shunday derdilar:
«Ayubning chodirida goʻsht yeb, toʻymaganlar bormi?»
32 Hech bir musofir koʻchada tunamas edi,
Chunki eshigim doimo sayyohlarga ochiq edi.
33 Boshqalarga oʻxshab, gunohlarimni yashirmadim,
Ayblarimni yuragimda saqlamadim.
34 Olomondan choʻchiydiganlaru
Odamlarning gapidan qoʻrqadiganlar kabi
Koʻchaga chiqmay, jim oʻtiravermadim.
35 Koshki endi menga quloq soladigan birortasi boʻlsa!
Mana arzimga oʻzim qoʻl qoʻyyapman.
Endi Qodir Xudo Oʻzi javob bersin.
Qani endi, dushmanim ayblarimni yozib bersa,
36 Men faxrlanib, ularni yelkamga osgan boʻlardim,
Toj qilib kiyib yurgan boʻlardim.
37 Har bir bosgan qadamimga javob bergan boʻlardim,
Magʻrur bir shahzoda kabi Xudoning oldiga borgan boʻlardim.
38 Agar yerlarim menga qarshi faryod qilsa,
Yerlarim egatlari koʻz yoshga toʻla boʻlsa,
39 Bahosini toʻlamay, hosilini yegan boʻlsam,
Dehqonlarning oʻlimiga sababchi boʻlgan boʻlsam,
40 Bugʻdoy oʻrniga tikanlar oʻssin,
Arpa oʻrniga gazanda oʻtlar chiqsin.”
Shunday qilib, Ayubning gaplari tugadi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020