17–BOB
Yahudo xalqining gunohi va jazosi
1 Egamiz shunday deydi: “Ey Yahudo xalqi, sizlarning gunohingiz temir qalam bilan oʻyib yozilgan. Sizlarning gunohingiz tosh yuraklaringiz ustiga va qurbongohlaringiz shoxlariga olmos uchi bilan oʻyib bitilgan . 2 Hatto farzandlaringiz ham baland qirlardagi va sersoya daraxtlar ostidagi qurbongohlarga borib, Asheraning ustunlariga sajda qilishadi. 3 Butun yurtda qilgan gunohlaringiz evaziga Men Oʻz togʻimni , sizning hamma boyliklaringizni, xazinalaringizni va barcha sajdagohlaringizni dushmanga oʻlja qilib beraman. 4 Sizlarga Men mulk qilib bergan yurtdan oʻz aybingiz tufayli ayrilasizlar. Men sizlarni oʻzingiz bilmagan bir yurtga joʻnataman, dushmanlaringizga hammangizni qul qilib beraman. Sizlar Meni gʻazablantirdingiz, gʻazabim soʻnmas olov kabi yonmoqda.”
Hikmatli soʻzlar
5 Egamiz shunday demoqda:
“Umidini insonga bogʻlagan,
Foniy bandaning kuchiga ishongan,
Yuragi Mendan uzoqlashgan odam laʼnatidir.
6 Bunday odam sahrodagi butaday boʻladi,
Farovon hayot koʻrmaydi.
Choʻlning qaqroq joylarida,
Shoʻr bosgan boʻm–boʻsh yerlarda yashaydi.

7 Egasidan umid qilgan kishi baxtlidir,
Yolgʻiz Xudoga inongan zot saodatlidir!
8 Bunday kishi suv boʻyiga oʻtqazilgan daraxtga oʻxshaydi,
Oqar suvlar tomon ildiz otadi.
Kunning jaziramasidan qoʻrqmaydi,
Barglari doim yam–yashil boʻladi.
Qurgʻoqchilik kelganda ham bezovta boʻlmaydi,
Meva berishdan toʻxtamaydi.

9 Odamning yuragi shunchalik ayyorki,
Uning davosi yoʻq!
Uning ichidagini kim biladi?!
10 Ammo Men, Egangiz, odamning yuragini bilaman,
Uning oʻy–fikrlarini tekshiraman.
Qilmishiga yarasha jazolayman,
Qilgan ishiga yarasha taqdirlayman.”

11 Nohaqlik bilan boylik orttirgan kishi,
Oʻzi qoʻymagan tuxumlarni bosib yotgan kaklikka oʻxshaydi.
Bunday kishi umrining yarmida
Boyliklaridan mahrum boʻladi,
Hayoti oxirlab qolganda ahmoq ekanini biladi.

12 Muqaddas makonimiz
Azaldan yuksaltirilgan ulugʻvor taxtdir!
13 Ey Egamiz, Sen Isroilning yolgʻiz umidisan!
Seni tark etganlarning hammasi sharmanda boʻlar,
Sendan yuz oʻgirganlarning ismlari tuproqqa yozilar.
Ey Egamiz, ular Seni tark etdilar.
Ha, hayotbaxsh suv bulogʻidan voz kechdilar.
Yeremiyo Egamizdan madad soʻraydi
14 Ey Egam, menga shifo ber, sogʻayib ketay.
Meni qutqargin, najot topay.
Axir, yolgʻiz Seni olqishlayman.
15 Qara, bu odamlar ustimdan kulishyapti,
“Egamizning tahdidli soʻzlari qani?!
Aytganlari bajo boʻlsin–chi endi!” deb aytishyapti.
16 Men esa xalqingga choʻpon boʻldim,
Xizmat qilishdan bosh tortmadim.
Ofat kuni kelishini xohlamaganimni bilasan.
Ogʻzimdan chiqqan har bir soʻz Senga ayondir.
17 Meni vahimaga solmagin,
Kulfat kunida panohim Sensan.
18 Meni quvgʻin qilganlar sharmanda boʻlsin,
Meni esa sharmanda qilma.
Dushmanlarim sarosimaga tushsin,
Meni esa dovdiratib qoʻyma.
Ularning boshlariga kulfat keltir,
Jazosini ikki barobar ogʻirroq qilgin.
Shabbat kuniga rioya qilish haqida
19 Egamiz menga shunday dedi: “Yahudo shohlari kirib chiqadigan Xalq darvozasi oldiga borib tur, soʻng Quddusning boshqa darvozalari oldiga ham bor. 20 Borganingda xalqqa shunday deb ayt: «Ey Yahudo shohlari, ey Yahudo xalqi, bu darvozadan oʻtib yurgan butun Quddus aholisi, Egamizning soʻzini eshitinglar! 21 Egamiz shunday deb aytmoqda: Shabbat kuni yuk tashimanglar, Quddus darvozalaridan yukni koʻtarib kirmanglar. Hushyor boʻlinglar, tagʻin hayotingizga oʻzingiz zomin boʻlib qolmanglar. 22 Shabbat kuni uyingizdan biron yukni koʻtarib chiqmanglar, hech qanday ish qilmanglar. Men ota–bobolaringizga amr qilganimdek, Shabbat kunini muqaddas deb bilinglar. 23 Ota–bobolaringiz gaplarimga eʼtibor bermagan, Menga quloq solmagan edilar. Ular qaysarlik qilib, soʻzlarimni tinglamagandilar, gapimga kirmagandilar. 24 Bordi–yu, sizlar gaplarimga quloq solsangizlar, Shabbat kuni shahar darvozalaridan yuk tashimasangizlar, oʻsha muborak kunni muqaddas deb bilib, hech qanday ish qilmasangizlar, 25 Quddus taxtida doim Dovud naslidan boʻlgan shoh oʻtiradi. Jang aravalariyu otlarni minib olgan shohlar va aʼyonlar shahar darvozalaridan kirishadi. Yahudo xalqi va Quddus aholisi ular bilan birga kiradilar. Quddusdan to abad odam arimaydi. 26 Shunda Yahudo shaharlaridan, Quddus atrofidagi qishloqlardan, Benyamin hududidan, qirlardan, gʻarbdagi qir etaklaridan, Nagav choʻlidan odamlar keladi. Ular Egasining uyiga kuydiriladigan va boshqa qurbonliklarni, shukrona va don nazrlarini, xushboʻy tutatqilarni olib keladilar. 27 Bordi–yu, sizlar gapimga quloq solmasangizlar, Shabbat kunini muqaddas deb bilmay, yuk tashib, darvozalardan kirib chiqsangizlar, Men shahar darvozalarini yondirib yuboraman. Olov Quddus saroylarini yoʻq qiladi, bu olovni hech kim oʻchira olmaydi.»”