22–BOB
Har xil qonunlar
1 Birodaringizning adashib qolgan molini yoki qoʻyini koʻrib qolganingizda, oʻzingizni koʻrmaganga olmang, uni albatta egasiga qaytarib olib boring. 2 Agar hayvonning egasi sizdan uzoqda yashasa yoki siz egasini tanimasangiz, uyingizga olib boring. Egasi kelib olib ketmaguncha unga qarab turing, keyin qaytarib bering. 3 Birodaringizning eshagiga ham, kiyimiga ham, siz topib olgan har qanday narsasiga shunday munosabatda boʻling. Oʻzingizni koʻrmaganga olmang.
4 Birodaringizning eshagi yoki hoʻkizi yoʻlda yotib qolganini koʻrsangiz, oʻzingizni koʻrmaganga olmang, ularni turgʻizishga yordam bering.
5 Ayol erkakning kiyimini kiymasin, erkak esa ayolning libosini kiymasin. Bunday ish qiladiganlarning hammasidan Egangiz Xudo jirkanadi.
6 Yoʻlda ketayotganingizda daraxtdagi yoki yerdagi qush iniga duch kelsangiz, qush tuxum bosgan yoki polaponlari bilan oʻtirgan boʻlsa, onasini bolalari bilan olmang. 7 Oʻzingizga faqat polaponlarini olishingiz mumkin, onasini esa qoʻyib yuboring. Shunda baxtiyor boʻlib, umringiz uzoq boʻladi.
8 Yangi uy qursangiz, tomingiz atrofida toʻsiq quring. Shunda birortasi tomingizdan yiqilib oʻlsa , oilangiz javobgar boʻlmaydi.
9 Uzumzoringiz egatlariga boshqa turdagi urugʻ ekmang. Aks holda, uzumzoringizdan va ekkan urugʻingizdan olgan jamiki hosilni Egamizga bagʻishlashingizga toʻgʻri keladi.
10 Hoʻkiz bilan eshakni birga qoʻshga qoʻshmang.
11 Ustingizga jun va zigʻirpoyadan aralashtirib toʻqilgan kiyimni kiymang.
12 Toʻningizning etagiga popuk qilib osib yuring.
Jinsiy aloqaga oid qonunlar
13 Birortasi uylanib, qiz bilan yotgandan soʻng uni yoqtirmay qolsa, 14 qizni yomon otliq qilib, men bu qizga uylandim, u esa qiz chiqmadi, deb bahona qilsa, 15 qizning ota–onasi qizlik belgilarini oqsoqollarga koʻrsatish uchun shahar darvozasiga olib borsin. 16 Qizning otasi oqsoqollarga shunday aytsin: “Qizimni mana bu kishiga uzatgan edim. Endi u qizimni yoqtirmay qolibdi. 17 Qizingiz qiz chiqmadi, deb bahona qilyapti. Mana qizimning qizlik belgilari”, deb shahar oqsoqollari oldiga oʻsha matoni yoysin. 18 Shahar oqsoqollari oʻsha kishini olib kelib, jazolasin. 19 Oqsoqollar unga yuz boʻlak kumush jarima solsinlar. U Isroil xalqining bokira qizini yomon otliqqa chiqargani uchun kumushni qizning otasiga bersinlar. Qiz u odamning xotini boʻlib qolaversin, u odam qizdan umri boʻyi ajralishi mumkin emas.
20 Lekin u odamning aytganlari toʻgʻri boʻlib, qiz bokira boʻlmasa, 21 qizni otasining eshigi oldiga olib kelishsin. Shahar erkaklari u qizni toshboʻron qilib oʻldirsin. U otasining uyida yashagan paytda fohishalik qilib, Isroil xalqi orasida sharmandalarcha ish qildi. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yoʻq qiling.
22 Agar biror erkak oilali xotin bilan yotsa va bu maʼlum boʻlib qolsa, ikkovi — xotin ham, xotin bilan yotgan erkak ham oʻldirilsin. Shu tariqa Isroildan yomonlikni yoʻq qiling.
23 Agar biron qiz unashtirilgan boʻlsa–yu, shaharda birortasi oʻsha qizni uchratib qolib, u bilan yotsa, 24 ikkovini ham oʻsha shaharning darvozasi oldiga olib kelishsin. Qiz shaharda boʻla turib, baqirmagani uchun jazolansin. Erkak esa birovning xotinini sharmanda qilgani uchun jazolansin. Ikkovini ham toshboʻron qilib oʻldiring. Shu tariqa orangizdan yomonlikni yoʻq qiling.
25 Agar birorta erkak unashtirilgan qizni dalada uchratib qolib, uni ushlab zoʻrlasa, oʻsha qiz bilan yotgan erkaknigina oʻldirish kerak. 26 Qizga hech narsa qilmanglar. U qizning oʻlimga loyiq aybi yoʻq, bu xuddi birorta odam boshqasiga hujum qilib oʻldirgani kabidir. 27 Chunki oʻsha erkak qizni dalada ushlab olgan, qiz yordam soʻrab baqirgan boʻlishi mumkin. Ammo uni qutqaradigan hech kim boʻlmagan.
28 Agar birortasi unashtirilmagan qizni uchratib qolsa, qizni ushlab, u bilan yotsa, ammo ikkovini ushlab olishsa, 29 oʻsha qiz bilan yotgan kishi qizning otasiga ellik boʻlak kumush berishi kerak. Qiz esa uning xotini boʻlsin. Oʻsha odam qizni sharmanda qilgani uchun umri boʻyi u qizdan ajralishi mumkin emas.
30 Hech kim otasining xotiniga uylanmasin, bunday qilib otasini sharmanda qilmasin.