56–BOB
Hamma xalqlar Xudoning xalqiga qoʻshiladi
1 Egamiz shunday aytmoqda:
“Adolatni himoya qiling,
Toʻgʻri ishlarni qiling.
Zotan, yaqinda najot beraman,
Tez orada adolatimni zohir etaman.
2 Shabbat kunini tahqirlamay,
Unga rioya qiladigan inson baxtlidir!
Har qanday yovuzlikdan qoʻlini tiyib,
Barqaror boʻlgan inson baxtlidir!”

3 Begona xalqdan boʻla turib,
Oʻzini Egamizga bagʻishlagan odam:
“Egamiz meni, baribir, Oʻz xalqidan ajratadi”, deb aytmasin.
Bichilgan erkak ham:
“Men qurigan daraxtman”, deb aytmasin.
4 Zotan, Egamiz oʻsha erkaklarga shunday aytmoqda:
“Shabbat kuniga rioya qiling.
Meni mamnun qiladiganlarni tanlang.
Mening ahdimga sodiq boʻling.
5 Shunda sizlarga uyimda
Oʻgʻilu qizlarimnikidan ham koʻra,
Yaxshiroq nom, xotira beraman.
Bu nom yoʻqolmaydigan, abadiy bir nom boʻladi.”

6 Egamizni sevib, xizmat qiladigan,
Shabbat kuniga rioya etadigan,
Egamizning ahdiga sodiq boʻlgan,
Begona xalqdan boʻlib turib,
Oʻzini Egamizga bagʻishlaganlarga
Egamiz shunday demoqda:
7 “Men sizlarni muqaddas togʻimga olib kelaman.
Maʼbadimda sizlarni mamnun qilaman.
Kuydiriladigan qurbonliklaru nazrlaringiz
Qurbongohimda qabul boʻladi.
Mening uyim barcha xalqlarning ibodat uyi deb ataladi.”
8 Tarqalib ketgan Isroil xalqini yigʻadigan
Egamiz Rabbiy aytmoqda:
“Uyimda yigʻilganlar yoniga
Men yana boshqalarni yigʻib kelaman.”
Isroil xalqining yoʻlboshchilari hukm qilinadi
9 Ey dashtdagi hamma hayvonlar,
Ey oʻrmondagi barcha hayvonlar!
Kelinglar, xalqimni yeb bitiringlar!
10 Isroilning soqchilari koʻrdir!
Ularning hammasi idroksiz,
Vovullamaydigan tilsiz itlar kabidir.
Yotib olib, tush koʻradilar,
Ular uyquni yaxshi koʻradilar.

11 Ular toʻyganini bilmagan
Ochkoʻz itlarga oʻxshar,
Bu choʻponlar idroksiz!
Oʻz foydasini koʻzlab,
Har biri oʻz yoʻlidan ketdi.
12 Ular shunday deydi:
“Qani, kelinglar, sharob ichaylik,
Ichkilikka rosa toʻyaylik.
Erta ham bugun kabi boʻladi,
Hatto undan ham yaxshiroq boʻladi.”