20–BOB
Hizqiyo kasal boʻladi
1 Oʻsha kunlari Hizqiyo tuzalmas xastalikka yoʻliqib, oʻlim toʻshagiga yotib qoldi. Omiz oʻgʻli Ishayo paygʻambar uning huzuriga kelib, shunday dedi: “Egamiz shunday aytmoqda: tayyorgarligingni koʻrib qoʻyaver, endi tuzalmaysan, oʻlasan.”
2 Hizqiyo yuzini devorga burib, Egamizga yolvordi: 3 “Ey Egam! Chin qalbimdan Senga sodiq boʻlib, yoʻllaringdan yurganimni va oldingda toʻgʻri ishlar qilganimni esla.” Shunday deb achchiq–achchiq yigʻladi.
4 Ishayo saroyning ichkari hovlisidan chiqib ulgurmagan ham ediki, Egamiz unga quyidagi soʻzlarini ayon qildi: 5 “Orqangga qaytib borib, xalqimning hukmdori Hizqiyoga shu xabarni yetkaz: «Bobong Dovudning Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: iltijolaringni eshitdim, koʻz yoshlaringni koʻrdim. Senga sogʻligingni qaytaraman. Uchinchi kuni Mening uyimga chiqasan. 6 Umringni yana oʻn besh yilga uzaytiraman. Seni va bu shaharni Ossuriya shohining qoʻlidan xalos qilaman. Oʻzim uchun va qulim Dovudning haqi–hurmati uchun bu shaharni muhofaza qilaman.»”
7 Shundan keyin Ishayo:
— Anjir shirasini keltiringlar, shirani olib, yaraning ustiga qoʻyinglar, shunda Hizqiyo sogʻayadi, — dedi.
8 Hizqiyo Ishayodan:
— Egamiz meni sogʻaytirishini va uchinchi kuni Egamizning uyiga borishimni qanday bilaman? Buni nima isbotlaydi? — deb soʻradi.
9 Ishayo shunday javob berdi:
— Egamiz bergan vaʼdasini bajarishini isbotlab, senga alomat koʻrsatadi. Soya Oxozning zinapoyasidan oʻn qadam oldinga ketsinmi yoki oʻn qadam orqaga surilsinmi?
10 — Soya zinapoyadan oʻn qadam ilgari ketmogʻi odatdagi holdir, shuning uchun oʻn qadam orqaga surilsin, — dedi Hizqiyo.
11 Ishayo paygʻambar Egamizga iltijo qilgan edi, Egamiz soyani Oxozning zinapoyasidan oʻn qadam orqaga surdi.
Bobildan kelgan elchilar
12 Oʻsha paytlarda Bobil shohi Baladon oʻgʻli Marduxbaladon shoh Hizqiyoga maktublaru hadyalar joʻnatdi. U Hizqiyoning xastalanganini eshitgandi. 13 Hizqiyo elchilarni koʻrib xursand boʻldi. Xazinasidagi bor narsa — omborlardagi hamma qimmatbaho ashyolarini, oltinni, kumushni, xushboʻy hidli ziravorlarni va moylarni, qurol–yarogʻ omborini ularga koʻrsatdi. Hizqiyoning saroyidayu oʻz shohligida ularga koʻrsatmagan hech narsasi qolmadi.
14 Ishayo paygʻambar shoh Hizqiyoning huzuriga kelib:
— Bu odamlar qayerdan kelibdilar? Senga nima dedilar? — deb soʻradi.
— Uzoq bir yurtdan, Bobildan kelibdilar, — deb javob berdi Hizqiyo.
15 Ular saroyingda nimalarni koʻrdilar? — deb soʻradi Ishayo.
— Saroyimdagi hamma narsani koʻrdilar, — deya javob berdi Hizqiyo. — Xazinalarimda men ularga koʻrsatmagan hech narsa qolmadi.
16 Shunda Ishayo aytdi:
— Endi Egamizning soʻziga quloq sol. 17 Egamiz aytmoqdaki: “Bir kun kelib, saroyingdagi hamma narsa, ota–bobolaringning bugungacha toʻplab qoldirganlari Bobilga tashib ketiladi. Hech narsa qolmaydi. 18 Sening pushti kamaringdan bino boʻlgan oʻgʻillaringdan baʼzilari ham olib ketiladi, ular Bobil shohining saroyida bichilgan qullar boʻlib xizmat qiladi.”
19 Hizqiyo Ishayoga:
— Egamiz sen orqali aytgan soʻzlar xosiyatlidir, — dedi–da, ichida: “Nima boʻlgandayam, umrim oxirigacha tinch, xotirjam yashar ekanman–ku”, deb oʻyladi.
Hizqiyo hukmronligining oxiri
20 Hizqiyoning boshqa ishlari, qahramonliklari, hovuz va quvur qazib, qanday qilib shaharga suv keltirgani toʻgʻrisida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 21 Hizqiyo olamdan oʻtgach, oʻrniga oʻgʻli Manashe shoh boʻldi.