37–BOB
Yusuf va uning akalari
1 Isʼhoq vafot etgandan keyin, Yoqub yana Kanʼon yurtida — otasi yashagan yurtda oʻrnashdi. 2 Yoqubning xonadoni tarixi quyidagichadir:

Yusuf oʻn yetti yoshga kirganda, koʻpincha oʻgay akalari — Bilxax va Zilponing oʻgʻillari bilan birga otasining qoʻy–echkilarini boqqani borar edi. Yusuf akalari qilayotgan baʼzi yomon ishlardan otasini xabardor qilib turar edi. 3 Yoqub Yusufni qarigan chogʻida koʻrgani uchun boshqa oʻgʻillariga qaraganda koʻproq yaxshi koʻrar edi. Yoqub Yusufga beqasam chopon olib berdi. 4 Akalari koʻrdilarki, otalari Yusufni ulardan ortiq yaxshi koʻrar ekan. Shuning uchun akalari Yusufni yomon koʻrib qoldilar, unga yaxshi gapirmasdilar.
5 Kunlarning birida Yusuf tush koʻrdi. U akalariga tushini aytib berganda, akalari Yusufni battar yomon koʻrib qoldilar. 6 Yusuf akalariga shunday dedi:
— Quloq solinglar, koʻrgan tushimni sizlarga aytib beray. 7 Biz dalada bugʻdoy bogʻlayotgan ekanmiz. Birdan mening bogʻlamim koʻtarilib, tik turdi. Sizlarning bogʻlamlaringiz mening bogʻlamimni oʻrab olib, taʼzim qilayotgan emish.
8 — Eh–ha, sen hali bizning ustimizdan shoh boʻlmoqchimisan, sen–a?! — deb akalari kinoya bilan undan soʻrashdi. Koʻrgan tushini aytib bergani uchun akalari uni yana ham yomon koʻrib qolishgan edi.
9 Keyinroq Yusuf yana tush koʻrdi va tushini akalariga aytib berdi:
— Qaranglar, yana tush koʻribman. Tushimda quyosh, oy va oʻn bitta yulduz menga taʼzim qilib turgan emish.
10 Lekin Yusuf tushini otasi bilan akalariga aytib berganda, otasi unga tanbeh berdi:
— Qanaqa tush koʻrding oʻzi?! Men, onang, akalaring sening oldingga kelib, tiz choʻkishimiz kerak ekan–da?!
11 Akalari Yusufga hasad qilishardi. Lekin otasi bu voqeani doimo esida tutdi.
Yusufni akalari sotib yuborishadi
12 Bir kuni Yusufning akalari otalarining qoʻy–echkilarini boqish uchun Shakamga ketishdi. 13 Yoqub Yusufga:
— Akalaring Shakamda qoʻy–echkilarni boqishyapti, — dedi. — Seni akalaring oldiga yuborsam, degandim.
— Xoʻp boʻladi, otajon, — dedi Yusuf.
14 — Borib bil–chi, akalaring tinch–omon yurishibdimikan, qoʻy–echkilarning ahvoli yaxshimikan, — dedi Yoqub, — keyin menga xabarini olib kel.
Shunday qilib, Yoqub Yusufni Xevron vodiysidan yoʻlga joʻnatdi.
Yusuf Shakamga yetib keldi. 15 Oʻsha atrofda aylanib yurgan edi, bir odam uni koʻrib qoldi.
— Nimani izlab yuribsan? — deb soʻradi haligi odam.
16 — Akalarimni izlab yuribman, — dedi Yusuf. — Mabodo bilmaysizmi, qoʻy–echkilarni qayerda boqib yurishibdi ekan?
17 — Ular bu yerdan ketishgan, — dedi oʻsha odam. — Akalaring, Doʻtanga boramiz, deb aytganlarini eshitgan edim.
Yusuf akalarini izlab Doʻtanga ketdi. Ularni oʻsha yerdan topdi. 18 Ular uzoqdan Yusufni koʻrishdi. Yusuf kelmasdan oldin, akalari uni oʻldirish uchun fitna tayyorlab qoʻydilar. 19 Ular bir–birlariga:
— Ana, tush koʻruvchi kelyapti, — deyishdi. 20 — Kelinglar, uni oʻldirib, chuqur sardobaga tashlaymiz. Uni yovvoyi hayvon yeb ketdi, deb gap tarqatamiz. Oʻshanda koʻramiz uning tushlari haqiqatga aylanishini!
21 Lekin Ruben Yusufni ularning qoʻlidan qutqarmoqchi boʻldi:
— Uning joniga qasd qilmaylik, 22 — dedi Ruben, — qon toʻkmaylik. Uni anavi sardobaga tiriklayin tashlab yubora qolaylik. Zinhor unga qoʻl tekkizmaylik.
Ruben Yusufni ularning qoʻlidan qutqarib, otasi yoniga qaytarmoqchi edi.
23 Shunday qilib, Yusuf yetib kelgach, akalari uning beqasam choponini yechib oldilar–da, 24 oʻzini sardobaga tashlab yubordilar. Sardoba suv saqlash uchun foydalanilardi–yu, oʻsha paytda quruq edi.
25 Shundan keyin ular ovqatlanib oʻtirishgan edi, uzoqdan shu tomonga kelayotgan tuyalar karvonini koʻrib qolishdi. Karvon Ismoiliy savdogarlari boʻlib, tuyalarga Giladdan xushboʻy ziravorlar, mumiyo, mirra yuklab, Misrga olib ketishayotgan edi. 26 Shunda Yahudo aka–ukalariga dedi:
— Ukamizni oʻldirib, qonini yashirganimiz bilan biror foyda toparmidik?! 27 Yaxshisi, anavi savdogarlarga sotaylik. Shunda uning oʻlimida javobgar boʻlib qolmaymiz. Nima boʻlganda ham, u ukamiz, jigarimiz–ku!
Hamma aka–ukalari rozi boʻlishdi. 28 Ismoiliy savdogarlari oʻtib ketishayotganda, Yusufni akalari sardobadan tortib chiqardilar va uni yigirma boʻlak kumushga sotdilar. Savdogarlar Yusufni Misrga olib ketdilar.
29 Bir payt Ruben sardoba oldiga qaytib kelib qarasa, sardobada Yusuf yoʻq. Ruben qaygʻudan kiyimlarini yirtdi. 30 U ukalari oldiga qaytib keldi va:
— Bola u yerda yoʻq! Endi nima qilaman–a! — deb yigʻladi. 31 Soʻng ular bir echkini soʻyib, Yusufning choponini echkining qoniga botirdilar. 32 Ular beqasam choponni otalariga olib keldilar.
— Mana bu choponni daladan topib oldik. Qarang–chi, bu Yusufning choponimikan yoki yoʻqmi?
33 Yoqub Yusufning choponini tanidi.
— Evoh! Bu oʻgʻlimning choponi–ku! Yusuf oʻgʻlimni birorta yovvoyi hayvon yegan! Oʻgʻilginam tilka–pora boʻlgan!
34 Yoqub qaygʻudan kiyimlarini yirtib, qanorga oʻrandi . Oʻgʻli uchun uzoq vaqt aza tutdi. 35 Oʻgʻillari, qizlari unga tasalli berishga harakat qilishardi. Lekin u tasalli topishni istamasdi. “Oʻliklar diyoriga , oʻgʻlimning oldiga borgunimcha aza tutaman”, deb aytardi. Shunday qilib, Yoqub oʻgʻliga aza tutaverdi.
36 Shu orada Ismoiliy savdogarlari Yusufni Misrda Poʻtifar degan odamga sotishdi. Poʻtifar Misr shohi — firʼavnning aʼyonlaridan biri — saroy qoʻriqchilarining boshligʻi edi.