2–BOB
1 Men minoraga chiqib olaman. Shahar devoridan olislarga qarab, Egamning javobini kutaman. Shikoyatimga javob berganda, Unga nima aytishimni oʻylab koʻraman .
Xudo Xabaqquqqa javob beradi
2 Egamiz menga shunday javob berdi: “Senga ayon qilgan soʻzlarimni tosh lavhalarga aniq qilib yoz, yugurib ketayotgan odam uni bir qarashdanoq oʻqiy oladigan boʻlsin. 3 Bashorat belgilangan vaqtda amalga oshadi. Oʻsha vaqt hademay yetib keladi, bashorat roʻyobga chiqadi. Bordi–yu, u kechikadigan boʻlsa, sabr qilgin. U albatta bajo boʻladi, kech qolmaydi.
4 Menga qara! Toʻgʻri yoʻldan yurmaganlar halok boʻladi . Solihlar esa Xudoga boʻlgan sadoqati tufayli tirik qoladi.”
Xabaqquq fosiqlarning jazo olishini eʼlon qiladi
5 Boylik aldamchidir. Boylar takabburdirlar, ular hech qachon tinib–tinchimaydilar. Ular oʻliklar diyori kabi ochkoʻz, oʻlim kabi toʻymaydilar. Ular xalqlarni oʻzlariga tobe qilishadi, ellarni qoʻl ostiga olishadi. 6 Asirlikka tushganlar ularni nafratomuz mazax etadilar, masxara qilib, shunday aytadilar:
“Ey birovning boyligini talab, uyum qilganlar, sizning holingizga voy! Sizlar birovning narsasini qaytarmay, qarzlaringizni orttirib yuribsizlar. Bunday hol uzoqqa choʻzilarmidi?! 7 Qarzlaringizni qistaydiganlar toʻsatdan paydo boʻladi. Ular kelib, sizlarni dahshatga solishadi. Shunda sizlar ular uchun oʻlja boʻlasizlar. 8 Sizlar koʻp xalqlarni taladingiz. Odamlarning qonini toʻkdingiz, yurtlaru shaharlarni vayron qilib, u yerdagilarni nobud qildingiz. Shuning uchun omon qolgan xalqlar endi sizlarni talon–taroj qiladilar.
9 Ey harom yoʻl bilan boylik topib, uyiga tashiganlar, sizning holingizga voy! Sizlar uylaringizni balandlikda qurib, oʻzingizni kulfat changalidan asramoqchi boʻldingiz. 10 Ammo hiylalaringiz xonadoningizni sharmanda qildi. Sizlar koʻp xalqlarni nobud qilganingiz uchun oʻz boshingizga yetdingiz. 11 Hatto uyingiz devoridagi toshlar zoʻravonligingizdan dod soladi. Toʻsinlarning nolasi aks sado boʻlib chiqadi.
12 Ey qotillik ila shaharlar qurganlar, holingizga voy! Ey zoʻravonlik ila qoʻrgʻonlarga asos solganlar, holingizga voy! 13 Ellar behuda tinkasini quritadi. Xalqlarning ter toʻkib erishganlari olovga yem boʻladi. Bu Sarvari Olamning ishi emasmi?!
14 Ha, suvlar toʻldirganday dengizni,
Yer yuzi toʻliq bilib oladi Egamizning ulugʻvorligini.
15 Ey qoʻshni xalqlarga sharobni zoʻrlab ichirganlar, holingizga voy! Yalangʻoch badanlarini tomosha qilaylik deb, ularga gʻazabingiz sharobidan ichirdingiz. Ularni mast qildingiz. 16 Biroq sizlar obroʻ topmay oʻzingiz sharmandalikdan mast boʻlasizlar. Qani, iching! Yalangʻoch tanangizni koʻrsating! Ana, Egamizning oʻng qoʻlidagi jazo kosasi sizlarga yetib keldi! Obroʻyingiz toʻkilib, sharmandangiz chiqadi. 17 Ha, Lubnonda qilgan zoʻravonligingiz oʻz boshingizga yetadi. U yerda yovvoyi hayvonlarni qirdingiz, endi hayvonlar sizlarni dahshatga soladi. Chunki sizlar yurtlaru shaharlarni vayron qildingiz. Odamlarning qonini toʻkib, ularni nobud qildingiz.
18 Inson yasagan butdan ne foyda?! Sanamning foydasi bormi yolgʻondan boshqa?! Nega odam oʻzi yasagan narsasiga umidini bogʻlaydi?! Nega tili yoʻq bir butni yasaydi?! 19 Holingizga voy, ey bir parcha yogʻochga «Uygʻon!» deganlar! Holingizga voy, ey tilsiz toshga «Tur!» deb yolvorganlar! But sizga toʻgʻri yoʻl koʻrsatarmidi?! Oltinu kumush bilan qoplangan butning joni bormidi?!
20 Egamiz esa Oʻzining muqaddas Maʼbadidadir.
Uning oldida butun dunyo sukut saqlasin!”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020