10–BOB
Shimoldagi qabilalar qoʻzgʻoloni
1 Raxabom Shakam shahriga ketdi. Jamiki Isroil xalqi ham, Raxabomni shoh qilib koʻtaramiz deb, Shakamga kelishdi. 2 Nabat oʻgʻli Yeribom bu haqda eshitib, Misrdan qaytdi. U Sulaymonning dastidan Misrga qochgan edi. 3 Isroil xalqi odam yuborib, uni chaqirtirib keldi. Soʻng Yeribom bilan birgalikda hammasi Raxabom huzuriga kelib, unga shu gapni aytishdi:
4 — Otangiz bizga ogʻir boʻyinturuq solib, ogʻir mehnat qilishga bizni majburlagan edi. Endi siz mehnatimizni yengillatib, bizni boʻyinturuqdan xalos qiling. Oʻshanda biz sizga itoat etamiz.
5 — Uch kundan keyin huzurimga kelinglar, — dedi Raxabom kelganlarga.
Shunday qilib, xalq qaytib ketdi.
6 Shoh Raxabomning otasi Sulaymon hayotligi davrida oqsoqollar har doim uning oldida hoziru nozir edilar. Shoh oʻsha oqsoqollarga maslahat soldi:
— Sizlar nima deysizlar, bu xalqqa nima deb javob bersam boʻladi?
7 Oqsoqollar shohga shunday deb maslahat berishdi:
— Agar siz bu xalqqa mehr koʻrsatib, ularni mamnun qilsangiz, ulardan yaxshi soʻzingizni ayamasangiz, ular sizga bir umr xizmat qiladilar.
8 Lekin shoh oqsoqollarning maslahatini rad qildi. Birga oʻsgan va oʻziga xizmat qilayotgan yosh yigitlar bilan maslahatlashdi. 9 Shoh oʻsha yigitlarga dedi:
— Bu xalq menga: “Otangiz bizga solgan ogʻir boʻyinturuqdan endi bizni siz xalos qiling”, deyapti. Ularga nima deb javob berayin? Sizlar qanday maslahat berasizlar?
10 Raxabom bilan birga oʻsib–ulgʻaygan yosh yigitlar unga shunday maslahat berishdi:
— Arz qilgan oʻsha xalqqa shunday deb ayt: “Mening jimjilogʻim otamning belidan ham yoʻgʻon. 11 Otam sizlarga ogʻir boʻyinturuq solgan edi, endi men undan ham battarrogʻini qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan jazolagan ekan, men esa chayonlarga chaqtirib, jazolayman.”
12 Raxabom Yeribomga va xalqqa: “Uchinchi kuni huzurimga kelinglar”, deb aytgani uchun xalq aytilgan paytda shoh Raxabomning huzuriga keldi. 13-14 Shoh oqsoqollarning bergan maslahatlarini pisand qilmay, yosh yigitlarning gapiga kirib, xalqqa keskin javob berdi:
— Otam sizlarga ogʻir boʻyinturuq solgan edi, endi men undan ham battarrogʻini qilaman. Otam sizlarni qamchi bilan urib jazolagan ekan, men esa chayonlarga chaqtirib jazolayman.
15 Shunday qilib, shoh xalqqa quloq solmadi. Egamizning Shiloʻlik Oxiyo orqali Nabat oʻgʻli Yeribomga bergan soʻzi bajo boʻlishi uchun Xudo bu voqeani shunday rejalashtirgan edi. 16 Isroil xalqi qarasaki, shoh gapga quloq solmayapti. Shundan keyin xalq unga shunday xitob qildi:
“Essay oʻgʻli Dovudning bizga oʻtkazib qoʻygan joyi yoʻq,
Bizning ham undan qarzimiz yoʻq!
Ey Isroil xalqi, har biringiz oʻz uyingizga qayting!
Ey Dovud, endi oʻz koʻmachingga oʻzing kul tortaver!”
Shunday qilib, Isroil xalqi uylariga tarqalib ketdi. 17 Raxabom faqat Yahudo shaharlarida yashaydigan Isroil xalqi ustidangina hukmronlik qiladigan boʻlib qoldi.
18 Shoh Raxabom qarollar boshligʻi Odoniramni Isroil xalqi oldiga yuborgan edi, Isroil xalqi uni toshboʻron qilib oʻldirdi. Bu xabarni shoh Raxabom eshitdi–yu, shosha–pisha jang aravasiga minib Quddusga qochdi. 19 Isroil xalqi oʻsha kundan boshlab Dovud xonadonidan yuz oʻgirdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020