14–BOB
Yahyo choʻmdiruvchining oʻlimi
1 Shu orada viloyat hukmdori Hirod Iso toʻgʻrisidagi xabarlarni eshitib, 2 amaldorlariga dedi: “Bu Yahyo choʻmdiruvchi ekanligi aniq! U tirilib kelgan, shuning uchun moʻjizalar koʻrsatish qudratiga ega.”
3 Uning bu gapni aytishiga sabab shu edi: bundan ancha vaqt oldin Hirod Yahyoni hibsga olgandi. U oʻz ukasi Filipning xotini Hirodiya dastidan Yahyoni kishanlab, zindonga tashlagan edi. 4 Chunki Yahyo unga: “Bu xotin bilan yashashingiz qonunga zid”, deb aytar edi. 5 Hirod Yahyoni oʻldirishni xohlagan boʻlsa–da, xalqdan qoʻrqqan edi. Chunki odamlar Yahyoni paygʻambar deb bilishardi.
6 Hirodning tugʻilgan kuni boʻlganda, Hirodiyaning qizi oʻrtaga chiqib raqsga tushdi. Qizning raqsi Hirodga shunchalik yoqdiki, 7 Hirod unga:
— Ont ichaman, soʻragan narsangni muhayyo qilaman, — deb vaʼda berdi. 8 Qiz esa onasining gapiga kirib:
— Menga Yahyo choʻmdiruvchining boshini laganda keltirib bering! — dedi.
9 Shoh aytgan gapidan afsus chekdi, ammo mehmonlari oldida qasam ichgani uchun qizning iltimosini bajarishni buyurdi. 10 U zindonga odam yuborib, Yahyoning boshini oldirdi. 11 Uning boshini laganda keltirib qizga berdilar, qiz esa onasiga olib borib berdi. 12 Yahyoning shogirdlari kelib, ustozning jasadini oldilar, uni dafn etdilar. Soʻng borib, Isoga xabar berdilar.
Iso 5000 kishini toʻydiradi
13 Yahyo haqidagi xabarni eshitgandan keyin, Iso qayiqqa tushib , yolgʻiz Oʻzi kimsasiz joyga suzib ketdi. Olomon esa bu haqda eshitib, shaharlardan piyoda Uning orqasidan ergashdi. 14 Iso qayiqdan chiqqanda, katta bir olomonni koʻrdi. Ularga achinib ketib, xastalariga shifo berdi.
15 Kech kirganda, shogirdlar Isoning oldiga kelib dedilar:
— Bu joy kimsasiz ekan, buning ustiga, juda kech boʻlib qoldi. Xalqni joʻnatib yuboring, toki ular atrofdagi qishloqlarga borib, oʻzlariga yegulik sotib olishsin.
16 Iso ularga dedi:
— Ketishlariga hojat yoʻq, sizlar ularga ovqat beringlar.
17 — Bizda bor–yoʻgʻi beshta non va ikkita baliq bor, — deb javob berdi shogirdlar.
18 — Oʻsha narsalarni Menga olib kelinglar, — dedi Iso. 19 U odamlarga maysalar ustiga oʻtirishni buyurdi. Soʻng beshta non bilan ikkita baliqni oldi–da, osmonga qarab shukrona duosini oʻqidi. U nonlarni sindirib, shogirdlariga berdi, shogirdlar nonlarni odamlarga tarqatishdi. 20 Hamma yeb toʻydi. Ortib qolgan non burdalarini yigʻib olishganda, toʻla oʻn ikki savat chiqdi. 21 Ayollar va bolalarni hisobga olmaganda, taxminan besh mingga yaqin odam non yegan edi.
Iso suv ustida yuradi
22 Iso vaqt oʻtkazmay, shogirdlarini qayiqqa tushirib, koʻlning narigi tomoniga ketishga majbur qildi. Olomonni esa uylariga qaytarib joʻnatib yubordi. 23 U odamlarni ketkizib yuborgandan keyin, ibodat qilish uchun bir Oʻzi tepalikka chiqdi. Oqshom tushdi, U hamon oʻsha yerda yolgʻiz edi. 24 Qayiq esa qirgʻoqdan ancha uzoqlashib qolgandi. Shamol qayiqqa qarshi esayotgani uchun toʻlqinlar qayiqqa kelib urilardi.
25 Erta saharda Iso koʻl ustida yurib, shogirdlari yoniga keldi. 26 Shogirdlar esa koʻl yuzida yurib kelayotgan Isoni koʻrib, qattiq vahimaga tushishdi. Qoʻrqqanlaridan:
— Bu arvoh–ku! — deb baqirib yuborishdi. 27 Lekin Iso oʻsha zahoti ularga:
— Dadil boʻlinglar! Qoʻrqmanglar, bu Menman! — dedi. 28 Shunda Butrus:
— Hazrat, agar haqiqatan bu Siz boʻlsangiz, amr bering, men suv ustida yurib Sizning oldingizga boray, — dedi. 29 Iso:
— Kel! — dedi. Butrus qayiqdan chiqib, suv ustida yurganicha Iso tomon yoʻl oldi. 30 Ammo shamolning kuchli ekanligidan qoʻrqib ketdi. U suvga choʻka boshlab:
— Hazrat, meni qutqaring! — deb baqirdi. 31 Iso shu zahoti qoʻlini choʻzib, Butrusni ushladi–da:
— Ey imoni sust, nega ikkilanding?! — dedi.
32 Ular qayiqqa tushganlaridan keyin, shamol tindi. 33 Qayiqdagilar Isoga sajda qilib:
— Siz haqiqatan ham Xudoning Oʻgʻlisiz! — dedilar.
34 Ular koʻldan suzib oʻtib , Genisaret oʻlkasiga keldilar. 35 U yerdagi odamlar Isoni tanidilar va atrofga xabar yuborib, hamma xastalarni Isoning oldiga olib keldilar. 36 Xastalar Isodan: “Hech boʻlmasa kiyimingizning etagiga qoʻl tekkizaylik”, deb iltimos qilishardi. Unga qoʻl tekkizganlarning hammasi shifo topishardi.