32–BOB
Firʼavn ajdarho timsolida
1 Surgun boʻlgan paytimizning oʻn ikkinchi yili oʻn ikkinchi oyining birinchi kunida Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 2 “Ey inson, firʼavnga shunday marsiya kuyla:
«Sen oʻzingni xalqlar orasidagi sher deb bilasan.
Ammo sen suvdagi ajdarho kabidirsan!
Sen irmoqlaringdagi suvni koʻpirtirasan,
Oyoqlaring bilan uni loyqalatasan.
3 Egamiz Rabbiy shunday demoqda:
Bir talay xaloyiq yigʻilganda,
Men ustingga toʻr tashlayman.
Ular esa seni qirgʻoqqa tortib chiqarishadi.
4 Men seni yerga uloqtiraman,
Yalanglikka tashlab qoʻyaman.
Osmondagi barcha qushlarni ustingga qoʻndiraman.
Yer yuzidagi hamma yovvoyi hayvonlarga
Seni yem qilib beraman.
5 Ichak–chovoqlaringni qirlarga yoyib tashlayman,
Vodiylarni jasading qoldiqlari bilan qoplayman.
6 Yurtni oqqan qoning bilan sugʻoraman,
Togʻlarni qoningga boʻktiraman.
Jarliklarni qoningga toʻldiraman.
7 Seni daf qilganimda, osmonni toʻsib qoʻyaman,
Yulduzlarni zulmatga choʻktirib yuboraman.
Quyosh yuzini bulut bilan qoplayman,
Oy nurini soʻndiraman.
8 Boshing uzra porlagan
Hamma osmon chiroqlarini oʻchiraman.
Yurtingni zulmat quchogʻiga otaman,
— deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. —
9 Men qulashing haqidagi xabarni xalqlar orasiga yoyaman, sen bilmagan yurtlarga yetkazaman. Shunda koʻp xalqlarning yuraklariga vahima solaman. 10 Boshingga tushiradigan kulfatlar bois koʻp xalqlarning aqlini shoshiraman. Qilichimni oʻynatib, sen tufayli ularning hukmdorlarini titrataman. Boshingga kulfat kelgan kuni, ularning har biri jonini hovuchlab, qaltiraydi.»
11 Firʼavnga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Bobil shohining qilichi boʻgʻzingda boʻladi. 12 Lashkaring oʻtaketgan yovuz xalqning qoʻliga tushadi. Ular qudratli jangchilar tigʻidan oʻladi. Sening gʻururing poymol etiladi, toʻda lashkaring halok boʻladi. 13 Serob suvlar boʻyidagi hamma podalaringni Men qirib tashlayman. Bundan buyon birorta inson oyogʻi bilan suvlarni loyqalatmaydi, birorta hayvon tuyoqlari bilan uni bulgʻamaydi. 14 Men Misr suvlarini tindiraman, irmoqlarini moyday sokin oqadigan qilaman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 15 — Men Misrni tashlandiq qilganimda, u yerdagi hamma narsani yoʻq qilganimda, butun aholisini qirib tashlaganimda, ey firʼavn, sen va xalqing Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 16 Sizlar uchun aytiladigan marsiya shudir. Ajnabiy ayollar bu marsiyani kuylashar. Ha, bu motam sheʼrini Misr va uning toʻdasiga bagʻishlab aytishar. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”
Misrliklar oʻliklar diyoriga tushadi
17 Oʻsha oyning oʻn beshinchi kunida Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 18 “Ey inson, Misr va uning toʻdasi uchun qaygʻurib yigʻla. Ularni boshqa buyuk xalqlar qatorida goʻrdagi marhumlar oldiga joʻnat. 19 Ularga shunday deb ayt: «Sizlar oʻzingizni boshqalardan goʻzal deb bilasizmi? Qani boring, sunnatsizlar bilan bir goʻrda yoting! 20 Sizlar jangda halok boʻlganlar bilan birga jon berasiz. Mana, qilich hozirlandi! U hammalaringizni qirib tashlasin. 21 Oʻliklar diyoridagi buyuk sarkardalar sizlarni va ittifoqchilaringizni qarshilab olishadi. Ular shunday deb hayqirishadi: ‘Bu sunnatsizlar jangda halok boʻldi, yer bagʻriga tushib keldi, endi shu yerda yotibdi!’
22 Ossuriya ham u yerda, sipohlarining qabrlari orasida yotibdi. Ularning hammasi qilichdan halok boʻlishgan. 23 Qabrlari chuqurlikning eng tubidadir. Ossuriyaning qabri sipohlarining qurshovida joylashgan. Ha, tiriklar dunyosiga dahshat solganlarning hammasi qilichdan halok boʻldi.
24 Elam ham oʻsha yerda, bir toʻda sipohlarining qabrlari orasida yotibdi. Ularning hammasi jangda halok boʻlgan. Bu sunnatsizlar narigi dunyoga ketgan. Ular tiriklar dunyosiga dahshat solishgan edi, endi esa goʻrdagi marhumlar singari isnodga qolishdi. 25 Oʻldirilganlar orasida Elam uchun toʻshak hozirlangan. Bir toʻda sipohlari uning atrofiga dafn qilingan. Jangda halok boʻlgan bu sunnatsizlar qachonlardir tiriklar dunyosiga dahshat solishgan edi, endi esa goʻrdagi marhumlar singari isnodga qolishdi. Ha, ular halok boʻlganlar orasida oʻrnashishdi.
26 Meshex bilan Tuval ham oʻsha yerdadir. Ular sipohlarining qabrlari orasida yotishibdi. Bu sunnatsizlarning hammasi jangda halok boʻlishgan. Biroq ular ham qachonlardir tiriklar dunyosiga dahshat solishgan edi. 27 Qadimda qahramonlarni qurol–aslahalari bilan birga dafn qilishar edi . Marhumlarning boshi ostiga qilich qoʻyib, tanasini qalqon bilan yopishar edi . Biroq Meshex bilan Tuval bunday hurmat–ehtiromlarga sazovor boʻlmadi, chunki ular tirikligida butun jahonga dahshat solishgan edi. 28 Ular ham yoʻq qilinadi. Jangda halok boʻlgan sunnatsizlar bilan birga yotadi.
29 Edom ham oʻz shohlariyu rahnamolari bilan oʻsha yerdadir. Ular oʻz qudratiga qaramay, oʻldirilganlar orasiga dafn qilinganlar. Goʻrdagi sunnatsizlar bilan birga yotishibdi.
30 Shimoldagi saltanatlarning hamma shahzodalari va hamma Sidonliklar oʻsha yerdadir. Ular qachonlardir buyuk qudrati bilan butun jahonni dahshatga tushirishgan edi, soʻng sharmandalarcha halok boʻlishdi. Bu sunnatsizlar qilichdan halok boʻlganlar orasida yotishibdi. Ular goʻrdagi marhumlar singari isnodga qolishdi.»
31 Firʼavn va uning toʻdasiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey oʻz toʻdasidan ayrilgan firʼavn, sen bu cheksiz qabristonning manzarasini koʻrib, taskin topasan. 32 Sen orqali butun jahonni dahshatga solgan boʻlsam ham, endi barcha qoʻshinlaring bilan birga jangda halok boʻlgan sunnatsizlar orasida yotasan. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020