36–BOB
Borux oʻrama qogʻozga yozilgan soʻzlarni Maʼbadda oʻqiydi
1 Yahudo shohi Yoʻshiyo oʻgʻli Yohayiqim hukmronligining toʻrtinchi yilida Yeremiyoga Egamizning shu soʻzi ayon boʻldi: 2 “Oʻrama qogʻoz ol. Isroil, Yahudo va barcha shohliklarga qarshi Men aytgan soʻzlarni yozib qoʻy. Senga ilk bor Yoʻshiyo davrida ayon qilgan soʻzimdan tortib, to bugunga qadar aytgan barcha gaplarimni yoz. 3 Balki Yahudo xalqi Men boshlariga keltirmoqchi boʻlgan falokatlar haqida eshitib, yovuz yoʻllaridan qaytar. Shunda Men ularning aybu gunohlarini kechiraman.”
4 Yeremiyo Neriyo oʻgʻli Boruxni chaqirib, Egamizning aytgan hamma soʻzlarini yozdirdi. 5 Soʻng Yeremiyo Boruxga tayinlab dedi: “Egamizning uyiga kirish menga man etilgan. 6 Shuning uchun roʻza kuni sen oʻzing u yerga borasan. U yerdagi odamlarga men senga yozdirgan Egamizning soʻzlarini oʻrama qogʻozdan oʻqib berasan. Oʻsha kuni Yahudoning turli shaharlaridan kelgan xaloyiq Egamizning uyida boʻladi, ular ham oʻqiganingni eshitib olsin. 7 Balki ular Egamizga yolvorib, yovuz yoʻllaridan qaytishar. Axir, Egamiz qahru gʻazabini ularga sochishini eʼlon qildi!” 8 Neriyo oʻgʻli Borux Yeremiyoning aytganlarini toʻla–toʻkis bajardi. U Egamizning uyiga bordi, oʻrama qogʻozga bitilgan Egamizning soʻzlarini oʻqidi.
9 Bu voqea Yahudo shohi Yoʻshiyo oʻgʻli Yohayiqim hukmronligining beshinchi yili toʻqqizinchi oyida sodir boʻldi. Quddus aholisi bilan Yahudo shaharlaridan kelgan butun xalq Egamizga bagʻishlab roʻza tutgan edi. 10 Shunda Borux Egamiz uyining Yangi darvozasi yonidagi yuqori hovlida joylashgan Shofon oʻgʻli kotib Gamariyoning xonasiga kirdi. U yerdan turib, oʻrama qogʻozga bitilgan Yeremiyoning soʻzlarini butun xalqqa ovoz chiqarib oʻqib berdi.
Borux oʻrama qogʻozni aʼyonlarga oʻqib beradi
11 Gamariyo oʻgʻli Mixiyo oʻrama qogʻozga bitilgan Egamizning soʻzlarini eshitgach, 12 darhol shoh saroyidagi kotibning xonasiga joʻnadi. Barcha aʼyonlar oʻsha yerda jamuljam boʻlib oʻtirgan ekan: ular — kotib Elishama, Shamayo oʻgʻli Daloyo, Axbor oʻgʻli Elnatan, Shofon oʻgʻli Gamariyo, Xanoniyo oʻgʻli Zidqiyo va boshqa aʼyonlar edilar. 13 Borux oʻrama qogʻozdan xalqqa oʻqib bergan barcha soʻzlarni Mixiyo ularga aytib berdi. 14 Aʼyonlar Kushi oʻgʻli Shalamiyo avlodidan boʻlgan Nataniyo oʻgʻli Yohudini Boruxning oldiga joʻnatib, shunday gapni aytib yubordilar: “Xalqqa oʻqib bergan oʻrama qogʻozni olib, huzurimizga kelgin.” Neriyo oʻgʻli Borux oʻrama qogʻozni olib aʼyonlarning oldiga bordi. 15 Aʼyonlar Boruxga:
— Qani, oʻtir, bizga ham oʻrama qogʻozdagi soʻzlarni oʻqib ber, — dedilar. Borux oʻqidi. 16 Aʼyonlar eshitgan soʻzlaridan vahimaga tushib, bir–birlariga qarab qoldilar. Soʻng Boruxga:
— Bu haqda shohni xabardor qilishimiz zarur, — dedilar. 17 Ular Boruxdan soʻradilar:
— Bularni qayerdan olib yozding? Bu soʻzlarni senga aytgan, mabodo, Yeremiyo emasmi?
18 — Ha, Yeremiyoning oʻzi aytib turdi, men esa uning aytganlarini siyoh bilan oʻrama qogʻozga yozdim, — deb javob berdi Borux.
19 — Yeremiyo bilan borib, biron joyga yashirinib olinglar, hech kim bu haqda bilmasin, — deb tayinlashdi aʼyonlar.
Shoh oʻrama qogʻozni yoqib yuboradi
20 Aʼyonlar oʻrama qogʻozni kotib Elishamaning xonasida qoldirdilar, oʻzlari esa shoh huzuriga borib, hamma gapni yetkazdilar. 21 Shoh oʻrama qogʻozni olib kelish uchun Yohudini joʻnatdi. Yohudi kotib Elishama xonasidan oʻrama qogʻozni olib kelib, uni shohga va shoh huzuridagi aʼyonlarga oʻqib berdi.
22 Kech kuz . Shoh qishki saroyida oʻtirar, yonidagi manqalda oʻt yonib turar edi. 23 Yohudi oʻrama qogʻozdan uch–toʻrt ustunni oʻqib boʻlishi bilanoq, shoh Yohayiqim kotibning pichoqchasi bilan oʻramning oʻsha qismini qirqib, manqaldagi olovga tashlayverdi. U oʻrama qogʻozning hammasini olovda yondirib boʻlguncha shunday qilaverdi. 24 Oʻrama qogʻozdagi soʻzlarni eshitgan shoh bilan xizmatkorlar qoʻrquvga tushmadilar, qaygʻudan kiyimlarini yirtmadilar . 25 Elnatan, Daloyo va Gamariyo shohga yolvorib, oʻrama qogʻozni yondirmang, deb iltimos qilgan boʻlsalar ham, shoh ularga quloq solmadi. 26 U shahzoda Yaraxmalga, Ozriyol oʻgʻli Sarayoga va Abdal oʻgʻli Shalamiyoga, Yeremiyo paygʻambarni va kotib Boruxni tutib kelinglar, deb buyurdi. Egamiz esa Yeremiyo bilan Boruxni yashirgan edi.
Yeremiyo Xudoning soʻzlarini boshqatdan yozdiradi
27 Yeremiyo Boruxga yozdirgan oʻrama qogʻozni shoh yoqib yuborgandan keyin, Yeremiyoga Egamizning quyidagi soʻzi ayon boʻldi: 28 “Yeremiyo, boshqa bir oʻrama qogʻoz ol. Unga Yahudo shohi Yohayiqim yondirib yuborgan avvalgi oʻrama qogʻozdagi hamma soʻzlarni yoz. 29 Yahudo shohi Yohayiqimga esa shunday deb ayt: «Egamiz demoqda: oʻrama qogʻozda: ‘Bobil shohi albatta keladi, yurtni vayron qiladi, odamlaru hayvonlarni qirib tashlaydi’, deb yozilgani uchun sen Yeremiyoga doʻq qilibsan, oʻrama qogʻozni yoqib yuborishga jurʼat etibsan. 30 Shuning uchun, ey Yahudo shohi Yohayiqim, Egamiz sen haqingda shunday demoqda: sening avlodingdan birontasi ham Dovud taxtida oʻtirmaydi . Sening jasadingni odamlar uloqtirib yuborishadi, oʻliging kunning jaziramasida, tunning sovugʻida qoladi. 31 Men seni, sening avlodingu aʼyonlaringni qilgan gunohlaringiz uchun jazolayman. Oʻzim aytgan barcha falokatlarni sizlarning boshingizga, Quddus aholisi va Yahudo xalqining boshiga yogʻdiraman, chunki sizlar Menga quloq solmadingizlar.»”
32 Yeremiyo boshqa bir oʻrama qogʻoz olib, Neriyo oʻgʻli kotib Boruxga berdi. Soʻng Yahudo shohi Yohayiqim yondirib yuborgan avvalgi oʻrama qogʻozdagi barcha soʻzlarni unga yozdirdi. Ammo bu safar oʻramga shu mazmundagi koʻp xabarlar qoʻshilgan edi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020