20–BOB
Isyonkor Isroil
1 Surgun boʻlgan paytimizning yettinchi yili beshinchi oyining oʻninchi kunida ayrim Isroil oqsoqollari Egamizga maslahat solmoqchi boʻlib, oldimga keldilar. Ular roʻparamga oʻtirdilar. 2 Shunda Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 3 “Ey inson, Isroil oqsoqollariga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar hali Menga maslahat solmoqchi boʻlib keldingizlarmi?! Men barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarga hech qanday maslahat bermayman!»
4 Ey inson, kelgan bu odamlarni sen hukm qilishga tayyormisan? Qani, ularga ota–bobolarining qilgan jirkanch odatlari haqida gapirib ber–chi. 5 Ularga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men Isroil xalqini tanlab, Misrda ularga Oʻzimni tanitgan edim. Oʻshanda Men ularga, Egangiz Xudo boʻlaman, deb ont ichgandim. 6 Ularni Misrdan olib chiqishga, ular uchun tanlab qoʻygan eng ulugʻvor yurtga — sut va asal oqib yotgan yurtga olib borishga ont ichgan edim. 7 Oʻshanda ularga aytgan edim: ‘Har biringiz, koʻzingizni quvontirgan makruh butlaringizni yoʻqotinglar. Misr butlariga sigʻinib oʻzingizni bulgʻamanglar. Egangiz Xudo Menman.’ 8 Ammo ular Menga qarshi isyon koʻtardilar. Gapimga quloq solmadilar. Birontasi ham makruh butini tashlamadi, Misr xudolaridan ular voz kechmadilar.
Shunda Men qahru gʻazabimni Misrdayoq ularning ustiga yogʻdirmoqchi boʻldim. 9 Ammo shaxtimdan qaytdim. Isroil atrofida yashagan xalqlar oldida badnom boʻlishni istamadim. Chunki Men Isroil xalqini Misrdan olib chiqib, oʻsha xalqlar oldida Oʻzimni tanitgan edim. 10 Shuning uchun Men Isroil xalqini Misrdan olib chiqdim, sahroga boshlab bordim. 11 U yerda ularga farmonlarimni berdim, qonun–qoidalarimni bildirdim. Zotan, qonun–qoidalarimga rioya qilgan har qanday kishi yashaydi. 12 Men ularga Shabbat kunlarimni Oʻzim va ular orasidagi alomat qilib berdim. Toki ularni muqaddas qiladigan Egasi Men ekanligimni bilishsin. 13 Ammo ular sahroda ham Menga qarshi isyon koʻtardilar. Farmonlarimni bajarmadilar, qonun–qoidalarimni rad etdilar. Oʻshalarga rioya qilgan kishi yashagan boʻlardi. Ular Shabbat kunlarimni ham bulgʻadilar.
Shunda Men sahroda ularning ustiga gʻazabimni yogʻdirib, yoʻq qilib yubormoqchi boʻldim. 14 Ammo Isroilni Misrdan olib chiqqanimni koʻrgan xalqlar oldida badnom boʻlmasligim uchun shaxtimdan qaytdim. 15 Shunday boʻlsa–da, ularni dunyodagi eng ulugʻvor yurtga, sut va asal oqib yotgan yurtga olib bormayman, deb sahroda ont ichdim. 16 Ular qonun–qoidalarimni rad etgan edilar, farmonlarimni bajarmagan edilar, Shabbat kunlarimni bulgʻagandilar. Qoʻyingki, qalblarini butlarga bagʻishlagan edilar. 17 Shunga qaramay, Men ularga achindim, sahroda qirilib ketishlariga yoʻl qoʻymadim.
18 Men ularning farzandlariga shunday deb uqtirdim: ‘Ota–bobolaringiz yoʻlidan yurmanglar, ularning odatlariga taqlid qilmanglar, butlari bilan oʻzingizni bulgʻamanglar. 19 Men Egangiz Xudoman. Mening farmonlarimga rioya qilinglar, qonun–qoidalarimni bitta qoldirmay bajaringlar. 20 Shabbat kunlarimni muqaddas deb bilinglar, chunki bular oramizdagi alomatdir. Shunda Egangiz Xudo Men ekanligimni bilib olasizlar.’
21 Ammo farzandlari ham Menga qarshi isyon koʻtardilar. Qonunlarimga rioya qilgan kishi yashagan boʻlardi. Ammo ular farmonlarimni bajarmadilar, qonun–qoidalarimga rioya qilmadilar. Shabbat kunlarimni bulgʻadilar. Shunda Men sahroda ularning ustiga gʻazabimni yogʻdirmoqchi boʻldim. 22 Ammo Isroilni Misrdan olib chiqqanimni koʻrgan xalqlar oldida badnom boʻlmasligim uchun Oʻzimni tiydim.
23 Shunday boʻlsa–da, Men sahroda ont ichdim: sizlarni boshqa yurtlarga quvib yuboraman, xalqlar orasiga tarqatib tashlayman, deb aytdim. 24 Chunki ular qonun–qoidalarimni buzdilar, farmonlarimni rad etdilar, Shabbat kunlarimni bulgʻadilar, koʻngillari ota–bobolarining butlarini tusadi. 25 Men ularga yomon qonunlarni, hayot uchun yaroqsiz qoidalarni berdim. 26 Ularni oʻzlari keltirgan nazrlari bilan bulgʻadim. Toʻngʻich bolalarini qurbonlik qilib, olovda kuydirishlariga yoʻl qoʻyib berdim . Ularni xonavayron qilish uchun shunday qildim, toki ular Egasi Men ekanligimni bilib olishsin.»
27 Shuning uchun, ey inson, Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy demoqda: sizlarning ota–bobolaringiz Menga xiyonat qilib, shak keltirar edilar. 28 Men, beraman, deb ont ichgan yurtga ularni olib kirganimdan soʻng, ular koʻziga koʻringan har bir baland tepalik ustida, har bir yashil daraxt ostida oʻz xudolariga qurbonliklar keltirar edilar. Meni qattiq gʻazablantirar edilar! Oʻsha xudolariga xushboʻy tutatqilar tutatib, sharobni nazr qilardilar. 29 Men ulardan: ‘Sizlar oʻsha xudolarga sajda qilish uchun qayerga borasizlar?’ deb soʻradim. Ular menga: ‘Sajdagohlarga boramiz’, deb javob berdilar. Shu sababdan oʻsha joylar bugungi kungacha Bamax deb atalmoqda.»
Xudoning jazosi va kechirimi
30 Shunday ekan, Isroil xalqiga ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: sizlar ham, ota–bobolaringiz singari, oʻzlaringizni bulgʻamoqchimisizlar?! Menga bevafolik qilib, makruh butlarga sigʻinmoqchimisizlar?! 31 Sizlar butlarga nazrlar keltiryapsizlar. Bolalaringizni qurbonlik qilib, olovda kuydiryapsizlar. Bunday jirkanch qilmishlar bilan bugunga qadar bulgʻanib kelyapsizlar. Shunday ekan, qanday qilib Mendan maslahat soʻrashga jurʼat etdingiz?! Men, Egangiz Rabbiy, barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, sizlarga hech qanday maslahat bermayman.
32 Sizlar ichingizda: ‘Boshqa xalqlarga oʻxshasak edi, yogʻoch va toshga sigʻinadigan ellarday boʻlsak edi’, deb niyat qilasizlar. Ammo bu niyatingiz amalga oshmaydi. 33 Men barhayot Xudo boʻlganim haqi ont ichib aytamanki, cheksiz qudratim, ajoyibotlarim va alangali gʻazabim bilan sizlarga hukmronlik qilaman. 34 Sizlar begona xalqlar orasiga tarqalib ketdingiz, Men sizlarni oʻsha yurtlardan olib chiqaman. Qudratim, ajoyibotlarim va alangali gʻazabim bilan sizlarni yigʻib olaman. 35 Sizlarni xalqlardan uzoqqa, sahroga olib boraman. U yerda hammangizni yuzma–yuz hukm qilaman. 36 Ota–bobolaringizni Misr sahrosida qanday hukm qilgan boʻlsam, sizlarni ham xuddi shunday hukm qilaman, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 37 — Sizlarni choʻponning tayogʻi bilan saralayman, ahdimga boʻysunishga majbur qilaman. 38 Menga qarshi gunoh qilgan isyonkor odamlarni orangizdan yoʻq qilaman. Sizlar musofir boʻlib yurgan yurtdan oʻsha isyonkorlarni chiqarib yuboraman. Ammo Isroil yurtiga ular kirmaydilar. Oʻshanda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar.
39 Ey Isroil xalqi, Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Menga quloq solishni xohlamasangiz, yoʻqolinglar! Har biringiz butlaringizga sigʻinib yuraveringlar! Ammo nazrlaru butlaringiz bilan Meni badnom qila koʻrmanglar. 40 Zero, ey Isroil, butun xonadoning faqat Mening muqaddas togʻimda, Isroilning baland togʻida , oʻsha yurtda Menga sajda qiladi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. — Oʻsha yerda sizlarni qabul qilaman. Hadyalaru aʼlo inʼomlaringizni, muqaddas tortiqlaringizni keltirishni buyuraman. 41 Sizlar boshqa yurtlarga tarqalib ketgan boʻlsangiz–da, Men sizlarni yigʻib olaman, xalqlar orasidan olib chiqaman. Xushboʻy tutatqining muattar hididan mamnun boʻlganday, sizlardan mamnun boʻlaman. Barcha xalqlarning koʻzi oldida Oʻz muqaddasligimni orangizda namoyon qilaman. 42 Ota–bobolaringizga ont ichib vaʼda qilgan Isroil yurtiga sizlarni olib kirganimda, Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. 43 Shunda sizni bulgʻagan qabih ishlaringizni, tutgan yoʻllaringizni eslab, oʻzingizdan oʻzingiz hazar qilasizlar. 44 Men sizning egri yoʻllaringizga, qabih ishlaringizga koʻra, ish tutmayman. Oʻz nomim haqi, sizlarga yaxshilik qilaman. Shunda Egangiz Men ekanligimni bilib olasizlar. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»”
Janubdagi yongʻin
45 Egamiz menga Oʻz soʻzini ayon qildi: 46 “Ey inson, janubga yuzlanib, Nagavdagi oʻrmonga qarshi bashorat qilgin. 47 Janubdagi bu oʻrmonga ayt: «Egamizning soʻzini eshit! Egamiz Rabbiy shunday demoqda: Men sening har bir daraxtingni, koʻkarganini ham, quriganini ham yondirib yoʻq qilaman. Avj olgan alangani hech kim oʻchira olmaydi. Bu alanga janubdan shimolgacha boʻlgan yer yuzini kuydirib tashlaydi. 48 Bu olovni Men, Egang, yondirganimni butun dunyo koʻradi. Hech kim uni oʻchira olmaydi.»”
49 Shunda men yolvorib, dedim: “Yo Egam Rabbiy, bu odamlar menga: «Hadeb matallar bilan gapiraverasanmi?» deb aytishmoqda.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020