22–BOB
Quddus haqida bashorat
1 Vahiy vodiysi haqida bashorat:
Ey Quddus ahli, nima qilyapsiz?!
Nega tomlarga chiqib , shod–xurram boʻlyapsiz?!
2 Nima uchun butun shahar quvonch sadolariga toʻla?!
Orangizda oʻlganlar urushda nobud boʻlmadi,
Shuni unutdingizmi?!
3 Yoʻlboshchilaringiz jang maydonidan qochdi,
Shuni esdan chiqardingizmi?!
Uzoqqa qochgan boʻlsa–da,
Ularning hammasi dushman qoʻliga tushdi,
Jangsiz, oʻqsiz dushmanga taslim boʻldi.
4 Shunda men dedim:
“Yolgʻiz qoldiring meni,
Achchiq–achchiq yigʻlayin.
Tasalli berishga urinmang menga,
Axir, uchradi xalqim qirgʻinga!”
5 Zotan, Sarvari Olam — Rabbiy bir kunni belgiladi,
U kuni Vahiy vodiysida qiy–chuv boʻladi,
Zulm va sarosima hukm suradi.
Devorlar qulayotir,
Odamlar togʻlarga qarab faryod qilayotir.
6 Elam lashkari oʻqdonlarini tayyorladi,
Jang aravalari, otliqlari bilan keldi,
Xir lashkari qalqonlarini qoʻlga oldi.
7 Mana, goʻzal vodiylaringiz jang aravalari bilan toʻldi,
Otliqlar shahar darvozalari oldiga yigʻildi.
8 Evoh, Yahudo himoyasiz qoldi!
Oʻsha kuni sizlar “Lubnon oʻrmoni” degan uydagi qurollarga ishondingiz. 9 Dovud qalʼasi devorlarining yoriqlari juda koʻp. Buni koʻrib sizlar Quyi hovuzdan suv toʻpladingiz. 10 Quddusdagi uylarni sanab chiqdingiz. Shahar devorlarini mustahkamlash uchun uylarni buzdingiz. 11 Eski hovuz suvlarini toʻplash uchun ikki devor oʻrtasida sardoba qurdingiz. Ammo buni ilgaridan reja qilgan Xudoni yodga olmadingiz. Amalga oshiradigan Xudoni xayolingizga ham keltirmadingiz.
12 Oʻsha kuni Sarvari Olam — Rabbiy:
“Yigʻlang, aza tuting”, deb aytdi.
“Sochlaringizni qirib, qanorga oʻraning ”, dedi U.
13 Ammo buni qarang!
Shodligu kayfu safo!
“Erta–indin oʻlib ketamiz,
Kelinglar, yeb–ichib qolaylik”, deb
Sizlar buqa, qoʻylar soʻydingiz,
Goʻsht yeb, mayxoʻrlik qildingiz.
14 Shunda Sarvari Olamning Oʻzi menga shunday dedi:
“Bu gunohlaringiz kechirilmas oʻlguningizgacha.”
Ha, buni Sarvari Olam — Rabbiy aytmoqda.
Shavna ogohlantiriladi
15 Sarvari Olam — Rabbiy shunday demoqda: “Qani, shohning oʻng qoʻl vaziri, saroy aʼyoni Shavnaning oldiga borib, shunday deb ayt: 16 «Bu yerda nima ishing bor?! Bu yerda sening kiming borki, oʻzingga qabr qazibsan?! Yuksakda oʻzingga qabr qazibsan, qoyada oʻzingga maskan qilibsan?! 17 Mana, Men, Egang, seni uloqtiraman. Ey kuchli inson! Men seni chirpirak qilib shiddat bilan uloqtiraman. 18 Men seni aylantirib–aylantirib, toʻp kabi, keng bir yurtga uchirib yuboraman. Sen oʻsha yurtda oʻlib ketasan. Ulugʻvor jang aravalaring oʻsha yerda qolib ketadi. Xoʻjayining xonadoniga sen sharmandalik keltirasan! 19 Men seni oʻz joyingdan qoʻzgʻataman. Sen oʻz lavozimingdan olinasan.
20 Oʻsha kuni Xilqiyoning oʻgʻli qulim Eliyaqimni chaqiraman. 21 Sening liboslaringni unga kiydiraman. Kamaringni unga bogʻlab, sening butun hukmronligingni unga beraman. U Quddus aholisiga, Yahudo xalqiga ota boʻladi. 22 Dovud xonadonining kalitini unga beraman. U ochganda, hech kim berkitolmaydi. U berkitganda, hech kim ocholmaydi. 23 Men uni devorga mustahkam qoqilgan qoziqday qilaman, u oʻz urugʻiga shuhratu sharaf keltiradi. 24 Hamma urugʻ–aymoqlarini qoʻllab–quvvatlaydi, ularning ogʻirini yengil qiladi. Ular qoziqqa osilgan idishlar kabi Eliyaqimga osilib oladi. 25 Ammo bir kun kelib, mustahkam qoqilgan bu qoziq joyidan chiqib, yerga tushadi, — demoqda Sarvari Olam. — Unga osilgan yuk chilparchin boʻladi.»” Egamiz shunday deb aytdi.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020