43–BOB
Yeremiyoni Misrga olib ketishadi
1 Yeremiyo Egasi Xudo oʻziga ayon qilgan bu soʻzlarning hammasini butun xalqqa aytib boʻlgach, 2 Hoʻshayyo oʻgʻli Ozariyo, Kariyox oʻgʻli Yoʻxanon va boshqa surbetlar Yeremiyoga shunday dedilar:
— Yolgʻon gapiryapsan! Egamiz Xudo senga, Misrga borib yashamanglar, deb aytmagan. 3 Neriyo oʻgʻli Borux seni bizga qarshi gijgijlab yuribdi. U bizni Bobilliklarning qoʻliga tushirib, halok qilmoqchi yoki surgun qilib yubormoqchi.
4 Shunday qilib, Kariyox oʻgʻli Yoʻxanon, lashkarboshilar va butun xalq Egamizning amriga itoat qilmadilar, ular Yahudo yurtida qolishdan bosh tortdilar. 5 Yahudoga turli yurtlardan qaytib kelgan hamma odamlarni Yoʻxanon va lashkarboshilar oʻzlari bilan olib ketdilar. 6 Bulardan tashqari, qoʻriqchilar sardori Nabizaradon Oxixam oʻgʻli Gadaliyo yonida qoldirib ketgan hamma erkagu ayollarni, bola–chaqa, malikalar, Yeremiyo paygʻambar va Neriyo oʻgʻli Boruxni ham ular oʻzlari bilan olib ketdilar. 7 Ular Egamizning amriga itoat qilmay, Misrga joʻnab, Taxpanxas shahriga yetib bordilar.
8 Taxpanxasda Yeremiyoga Egamizning quyidagi soʻzi ayon boʻldi: 9 “Yahudiylarning koʻzi oldida katta toshlarni ol. Bu toshlarni Taxpanxas shahridagi firʼavn saroyining kiraverishiga, hovlidagi gʻisht yoʻlagi ostiga koʻmib qoʻy. 10 Soʻng yahudiylarga shunday deb ayt: «Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam demoqda: Men Bobil shohi qulim Navuxadnazarni bu yerga olib kelaman. U mana shu koʻmilgan toshlarning ustiga taxtini oʻrnatib, shohona chodirini tikadi. 11 U kelganda Misrni vayron qiladi, har bir odam peshanasidagini koʻradi:

Baʼzilar oʻlatga yoʻliqib, nobud boʻladi,
Baʼzilar asirlikka tushib, surgun qilinadi,
Baʼzilar qilichdan oʻtkaziladi.

12 Mening amrim bilan Navuxadnazar Misr xudolarining sajdagohlariga oʻt qoʻyadi. Baʼzi butlarini yondiradi, baʼzilarini oʻzi bilan olib ketadi. Qoʻychivon toʻnini bit–burgadan astoydil tozalaganday, Navuxadnazar ham Misr yurtini qirtishlab tozalaydi. Soʻng sogʻ–salomat oʻz yurtiga qaytib ketadi. 13 U Misrdagi Quyosh sajdagohiga oʻrnatilgan butsimon toshlarni buzib tashlaydi. Misr xudolarining sajdagohlarini yoqib yuboradi.»”