63–BOB
Xudoning qasosi va najoti
1 Edomdan kelayotgan kim?
Qizil libos kiyib,
Bozrax shahridan kelayotgan kim?
Koʻzni qamashtiruvchi kiyimlar kiyib,
Katta kuch bilan qadam bosgan kim?
Egamiz shunday dedi:
“Bu Men, Egangizman! Qutqarish kuchiga egaman.
Gʻalabani eʼlon qilishga kelmoqdaman.”
2 Ey Egam, nechun kiyimlaring qip–qizil?
Nima uchun chuqurda uzum ezgan odamga oʻxshaysan?
Egamiz javob berdi:
3 “Uzum siqish chuqurida Oʻzim ishladim,
Yonimda xalqlardan birontasi yoʻq edi.
Gʻazab bilan dushmanlarni ezdim,
Qahr bilan ularni oyoq osti qildim.
Ularning qoni kiyimlarimga sachradi,
Butun ust–boshimni iflos qildi.
4 Ha, Men qasos kunini tayinlab qoʻygan edim,
Xalqimni qutqaradigan kun yetib keldi.
5 Qaradim, yordam beradigan biror odam yoʻq edi,
Qoʻllab–quvvatlaydigan hech kimsa yoʻqligidan hayratda qoldim.
Shunda Oʻzimning qoʻlim yordamga keldi,
Oʻz gʻazabim Menga madad boʻldi.
6 Gʻazab bilan xalqlarni tepkiladim,
Jahl bilan ularni ezib tashladim.
Ularning qonini yerga toʻkdim.”
Xudoning Isroil xalqiga qilgan yaxshiligi
7 Egamizning sodiq sevgisi haqida aytaman,
Qilgan ishlari uchun Egamizga hamdlar aytaman.
Oʻzining mehr–shafqati, buyuk sevgisi bilan
Isroil xalqiga qilgan buyuk ezguliklari haqida aytaman.
8 Egamiz shunday dedi:
“Ha, Isroil xalqi Mening xalqimdir,
Xiyonat qilmaydigan farzandlardir.”
Shunday qilib, Xudo ularning najotkori boʻldi.
9 Ular qiynalganlarida, U ham azob chekdi,
Egamizning farishtasi ularni qutqardi.
Sevgisi, shafqati tufayli Uning Oʻzi ularni qutqardi.
Egamiz ularni koʻtarib, azaldan opichlab yurardi.
10 Ammo ular isyon qildilar,
Egamizning Muqaddas Ruhini ranjitdilar.
Shuning uchun Egamiz ularning dushmani boʻldi.
Egamizning Oʻzi ularga qarshi kurashdi.
11 Shunda xalq oʻtgan kunlarni,
Musoning davrini eslab, shunday dedi:
“Ota–bobolarimizni va ularning choʻponlarini dengizdan oʻtkazgan qani?
Oʻz Muqaddas Ruhini ularning orasiga yuborgan qani?
12 Ajoyib qudratli qoʻli bilan
Musoning oʻng qoʻlidan tutgan qani?
Oʻzining nomini sharaflay deb,
Ularning oldidagi suvni ikkiga boʻlgan qani?”
13 Egamiz ularni dengiz tubidan olib oʻtdi.
Tekis joyda yurgan otday
Ular hech qoqilmasdan oʻtdi.
14 Vodiyga yoyilgan podaga oʻxshatib,
Egamizning Ruhi ularga orom berdi.
Oʻzining buyuk nomi ulugʻlansin deya,
Egamiz Oʻz xalqiga yoʻl koʻrsatdi.
Mehr–shafqat va madad uchun ibodat
15 Ey Egamiz, osmondan qara,
Muqaddas, ulugʻvorlikka toʻla
Maskaningdan boq!
Qani endi gʻayrating, qudrating?
Sen mehribonligingni, shafqatingni
Bizdan darigʻ tutding.
16 Axir, Sen bizning otamizsan, ey Egamiz!
Ibrohim bizni bilmaydi,
Yoqub bizni tanimaydi.
Sen bizning otamizsan!
Azaldan noming — “Qutqaruvchimiz.”
17 Ey Egamiz, nega bizni yoʻlingdan adashtirasan?
Nega bizga Sendan qoʻrqmaydigan tosh yurak bergansan?
Biz Sening qullaringmiz.
Bizning haqi–hurmatimiz,
Oʻzingning aziz xalqing haqi–hurmati
Bizga yuz burgin!
18 Sening muqaddas maskaningga
Biz, aziz xalqing, faqat oz vaqt egalik qildik.
Endi esa dushmanlarimiz
U yerni oyoq osti qilib tashladi .
19 Senga tegishli boʻlmagan xalqqa,
Sen ustidan hukmron boʻlmagan elga
Biz allaqachon oʻxshab qoldik.
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020