13–BOB
Soʻnggi nasihatlar
1 Bir–biringizni birodarlarday yaxshi koʻrishni davom ettiringlar. 2 Mehmondoʻstlikni unutmanglar. Zero, mehmondoʻst boʻlgan baʼzi odamlar oʻzlari bilmagan holda farishtalarni mehmon qilishgan. 3 Qamoqdagi birodarlaringizni unutmanglar, goʻyo oʻzingiz ham ular bilan birga qamoqda oʻtirgandek, ularni yodingizda tutinglar. Xoʻrlanganlarni unutmanglar, oʻzingizni ularning oʻrniga qoʻyib koʻringlar.
4 Nikohni hammangiz eʼzozlanglar. Er–xotinlik munosabatini begʻubor saqlanglar. Fahshu zinoga berilganlarni Xudo hukm qiladi.
5 Pulga koʻngil bogʻlamanglar, bori bilan qanoatlaninglar. Zero, Xudo:

“Sizlarni tashlab ketmayman, sizlarni tark etmayman”,
— deb aytgan . 6 Shuning uchun biz ishonch bilan ayta olamiz:

“Egam Madadkorimdir, shu bois qoʻrqmayman.
Insonlar menga nima qila oladi?!”

7 Xudoning kalomini sizlarga oʻrgatgan ustozlaringizni xotirlanglar. Ularning bosib oʻtgan hayot yoʻli haqida fikr yuritinglar. Imonlariga taqlid qilinglar. 8 Iso Masih kecha, bugun va to abad Oʻshadir, U oʻzgarmaydi.
9 Shunday ekan, turli xil gʻalati taʼlimotlarga berilib, toʻgʻri yoʻldan ogʻib ketmanglar. Qurbonlik marosimlariga doir yegulik–ichgulik qoidalariga rioya qilavermay, yaxshisi, Xudoning inoyati bilan yuragingizni baquvvat qilinglar. Axir, insonlar yaratgan bu qoidalar ularga rioya qiluvchilarga hech qanday foyda keltirmaydi. 10 Esingizda boʻlsin, biz koʻzga koʻrinmaydigan, haqiqiy qurbongoh oldida sajda qilmoqdamiz. Yerdagi qurbongoh oldida sajda qilayotganlar haqiqiy qurbongohda sajda qila olmaydilar. 11 Ilgarilari oliy ruhoniy xalqni gunohlaridan poklash uchun hayvonlarni qurbonlik qilardi. U qurbonliklar qonini Muqaddas xonaga olib kirgandan soʻng, goʻshtini yemasdan, soʻyilgan hayvonlarni qarorgohdan tashqarida kuydirardi . 12 Shu singari, Iso ham shahar darvozasidan tashqarida azob chekib oʻldi. U Oʻz qonini toʻkib, xalqini gunohlardan pokladi. 13 Kelinglar, endi biz ham qarorgoh tashqarisiga — Isoning oldiga chiqaylik. U bilan birga xoʻrliklarga chidaylik. 14 Zero, bizning bu dunyoda doimiy maskanimiz yoʻq, biz boʻlgʻusi shaharga koʻz tikkanmiz. 15 Shunday ekan, Iso orqali Xudoga hamdu sano nazrlarini taqdim qilaveraylik. Isoni Rabbimiz deb eʼtirof etishimiz Xudoga qurbonlikday boʻlsin. 16 Yaxshilik qilishni va bir–birimizga yordam berishni unutmaylik, chunki bunday nazrlar Xudoga manzurdir.
17 Jamoatdagi yoʻlboshchilaringizga quloq solinglar, aytganlarini qilinglar. Axir, ular imon yoʻlida sizlarga posbonlik qiladilar, Xudoning oldida sizlar uchun hisobot beradilar. Ularga itoat qilsangiz, ular oʻz ishini xursandchilik bilan bajaradilar, boʻlmasa, oʻlgan kunidan qiladilar. Bundan sizga nima foyda?!
18 Men uchun ibodat qilinglar. Vijdonim toza ekanligiga aminman. Hurmatga loyiq hayot kechirishga harakat qilyapman. 19 Oʻtinib soʻrayman, men uchun ibodat qilinglar, toki sizlarning oldingizga tezroq qaytib boray.
Soʻnggi duolar
20 Tinchlik beradigan Xudo Rabbimiz Isoni oʻlikdan tiriltirdi. Iso Oʻz qoni bilan abadiy ahdni muhrlagani uchun , Xudo Uni Oʻz xalqining ulugʻ Choʻponi qilib tayinladi. 21 Shu qadar buyuk ishlarni qilgan Xudoning xohish–irodasini bajara olishingiz uchun, U sizlarga har qanday ezgu fazilat va inʼom bersin. U Oʻzining manzur murod–maqsadini Iso Masih orqali sizlarda bajo keltirsin. Iso Masihga abadulabad shon–sharaflar boʻlsin! Omin.
22 Ey birodarlarim, sizlarga qisqagina maktub yozdim. Oʻtinaman, maktubimdagi nasihatlarni sabr–toqat bilan qabul qilinglar.
23 Aytmoqchi, birodarimiz Timoʻtiy qamoqdan chiqdi. Agar bu yerga u vaqtida yetib kelsa, sizlarni koʻrgani borganimda, uni ham olib boraman. 24 Jamoatdagi hamma yoʻlboshchilaringizga va barcha Xudoning azizlariga salom aytinglar. Italiyalik birodarlarimiz sizlarga salom yoʻllayaptilar.
25 Xudoning inoyati hammangizga yor boʻlsin .