43–BOB
Isroil xalqining qutqaruvchisi Egamizdir
1 Endi, ey Yoqub nasli, seni yaratgan Egamiz gapirmoqda!
Ey Isroil xalqi, seni barpo qilgan
Egamiz shunday aytmoqda:
“Men seni qutqardim,
Sening ismingni aytib chaqirdim,
Sen Menikisan, qoʻrqma!
2 Suvlardan oʻtganingda
Men sen bilan birga boʻlaman.
Daryolardan oʻtganingda
Suvlar seni koʻmmaydi.
Olovdan oʻtganingda
Alanga seni yondirmaydi,
Olov tafti seni kuydirmaydi.
3 Ha, Men Egang Xudodirman,
Isroil xalqining Muqaddas Xudosi — qutqaruvchingman.
Sen uchun toʻlov qilib Misrni berdim,
Habashiston , Savo yurtlarini sening oʻrningga berdim.
4 Koʻz oldimda azizsan, qadrlisan,
Men seni sevaman.
Shu bois sening evazingga odamni,
Joning evaziga xalqlarni beraman.
5 Qoʻrqma, Men sen bilan birgaman,
Naslingni sharqdan olib kelaman,
Sizlarni gʻarbdan yigʻib kelaman.
6 Shimolga: «Ularni ber», deyman.
Janubga: «Ularni ushlab qolma», deb aytaman.
Oʻgʻillarim uzoqlardan,
Qizlarim yerning chetlaridan kelsin.
7 Menga tegishli boʻlganlarni
Oʻz shuhratim haqi yaratdim,
Oʻzim ijod qilib, ularni bino qildim.”
8 Egamiz shunday demoqda:
“Xalqimni yigʻinglar.
Koʻzi bor, ammo koʻr boʻlgan,
Qulogʻi bor, ammo kar boʻlgan xalqimni toʻplanglar.
9 Jamiki elatlar birga yigʻilsin.
Qani, xalqlar kelib qoʻshilsin.
Ularning orasidan kim buni aytib beradi?!
Oʻtib ketgan narsalarni kim bizga bildiradi?!
Guvohlarini chaqirib, haqligini isbotlasin,
Boshqalar eshitib: «Bu toʻgʻri», deb aytsin.”
10 Egamiz shunday aytmoqda:
“Sizlar Mening shohidimsizlar,
Sizlar Mening qulimsizlar.
Meni bilsin, Menga ishonsin, deb
Tanho Xudo Men ekanligimni bilsin, deb
Sizlarni tanladim.
Mendan oldin biron xudo boʻlmagan,
Mendan keyin ham boʻlmaydi.
11 Men Egangizman!
Yolgʻiz Men Egangizman,
Mendan boshqa qutqaruvchi yoʻq.
12 Men Oʻzim aytdim, qutqardim, bildirdim,
Orangizda boshqa biron xudo yoʻq.”
Egamizning kalomi shudir:
“Men Xudoman, sizlar Mening shohidlarimsiz.
13 Ha, azaldan buyon Men Oʻshaman,
Hech kim Mening qoʻlimdan qutula olmaydi.
Men qilganimni kim bekor qila oladi?!”
Egamiz Isroilni Bobilliklardan qutqaradi
14 Isroil xalqining Muqaddas Xudosi, qutqaruvchingiz —
Egamiz shunday demoqda:
“Sizlarni deb Bobil ustiga lashkar yuboraman,
Oʻzlari faxrlangan kemalarda
Bobilliklar qochishga majbur boʻladilar.
15 Men Muqaddas Xudoyingiz — Egangizman,
Isroil xalqining Yaratuvchisi — Shohingiz Menman.”
16 Egamiz shunday demoqda:
“Men dengizni boʻlib, yoʻl ochdim,
Bahaybat suvlar ichra soʻqmoq qildim .
17 Jang aravalariyu otlarni,
Lashkaru jangchilarni olib chiqdim.
Ana ular yotibdilar, turmaydilar.
Pilikday miltirab, oʻchib qolganlar.
18 Oʻtmishdagilarni yodga olmang,
Qadimgilarni oʻylayvermang.
19 Mana, Men yangi bir ish qilyapman.
Shu paytning oʻzidayoq sodir boʻlyapti! Koʻrmayapsizmi?!
Men sahroda yoʻllar ochaman,
Ha, choʻlda daryolar yarataman.
20 Hatto yovvoyi hayvonlar Meni ulugʻlaydi,
Chiyaboʻri, tuyaqushlar ham Meni sharaflaydi.
Zotan, tanlagan xalqimga suv beray deya,
Sahroga suvlar yubordim,
Choʻlda daryolar yaratdim.
21 Bu xalqni Oʻzim uchun yaratganman.
Ular Menga hamdu sano aytsinlar.
Isroil xalqining gunohlari
22 Sen esa, ey Yoqub nasli, Menga sajda qilmading!
Ey Isroil xalqi, sen Mendan bezor boʻlding!
23 Sen Menga qoʻylaringni atamading,
Ularni kuydiriladigan qurbonlik qilmading.
Meni ulugʻlash uchun qurbonliklar keltirmading.
Men nazr–qurbonliklarni sendan
Meʼyoridan koʻp talab qilmadim–ku!
Xushboʻy tutatqilarni sendan
Ortigʻi bilan soʻramadim–ku!
24 Sen Menga xushboʻy qamish sotib olmading.
Qurbonliklar yogʻini keltirmading,
Meni rozi qilmading.
Evoh, gunohlaring bilan Menga yuk boʻlding,
Ayblaring bilan Meni charchatding.
25 Oʻzimning haqi–hurmatim
Ayblaringni kechiradigan Menman.
Gunohlaringni yodga olmayman.
26 Qani, birga daʼvolashaylik.
Gapir! Aybsizligingni isbotla–chi!
Yodimga sol–chi!
27 Axir, eng katta bobong gunoh qilgandi.
Paygʻambaru ruhoniylaring Menga qarshi chiqqandi.
28 Shu bois muqaddas maskanning
Boshliqlarini harom qilaman.
Ha, Yoqub naslini halokatga,
Isroil naslini haqoratga hukm etaman.”
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020