37–BOB
Shoh Hizqiyo Ishayodan maslahat soʻraydi
1 Shoh Hizqiyo bularni eshitgach, qaygʻudan liboslarini yirtdi. Qanorga oʻranib , Egamizning uyiga bordi. 2 U bosh vazir Eliyaqimni, kotib Shavnani va oqsoqol ruhoniylarni Omiz oʻgʻli Ishayo paygʻambarning huzuriga yubordi. Hammalari qanorga oʻranib olgan edilar. 3 Ular Ishayoning huzuriga borib, shunday dedilar:
— Hizqiyo aytyaptiki: “Bugun jafo chekyapmiz, jazo olyapmiz, sharmanda boʻlyapmiz. Biz tugʻayotgan, lekin tugʻish uchun madori qolmagan ayolga oʻxshaymiz. 4 Barhayot Xudoni tahqirlash uchun Ossuriya shohi oʻzining mulozimini yuboribdi. Mulozimning soʻzlarini koshkiydi Egangiz Xudo eshitsa–yu, oʻsha soʻzlari uchun ularni jazolasa. Endi shahardagi tirik qolganlar uchun iltijo qiling.”
5 Shohning aytib yuborgan bu xabarini Ishayo eshitgach, 6 Hizqiyoning aʼyonlariga shunday dedi:
— Shohingizga shu gaplarni yetkazinglar: “Egamiz shunday aytmoqda: Ossuriya shohining qullari Meni haqoratlab aytgan soʻzlaridan qoʻrqma. 7 Men Ossuriya shohining yuragiga gʻulgʻula solaman, u bir mish–mishni eshitib, oʻz yurtiga qaytib ketadi. Unga oʻz yurtida ajal keltiraman.”
Ossuriya shohining Hizqiyoga maktubi
8 Ossuriya shohi Sanxarivning Laxish shahridan qaytib ketganini eshitib, shohning mulozimi ham orqasiga qaytdi. Shohni Libna shahriga qarshi urishayotgan yerida topdi. 9-10 Sanxariv: “Habashiston shohi Tirxoqo sen bilan urush qilgani otlandi” degan xabarni eshitdi. U Habashistonga qarshi jang boshlashdan oldin Yahudo shohi Hizqiyoga yana odamlari orqali shu gapni yetkazdi:
“Umid qilgan xudoying seni aldamasin: «Quddus Ossuriya shohiga taslim boʻlmaydi», deb seni laqillatmasin. 11 Axir, oʻzing eshitgansan–ku! Ossuriya shohlari hamma yurtlarni yer bilan yakson qilgan. Endi sen qutulaman, deb oʻylayapsanmi?! 12 Otalarim qancha xalqlarni xonavayron qildi. Ularni xudolari qutqarmadi–ku! Gozan, Xoron, Razaf aholisi, Talassarda yashagan Eden xalqlari qutula oldimi?! 13 Qani, ayt–chi, Xomat shahrining shohi qani endi?! Arpad, Sefarvayim, Xana, Ivvax shaharlarining shohlari qayerda?!”
14 Hizqiyo xabarchilarning qoʻlidan maktubni olib oʻqigach, Egamizning uyiga kirdi. Maktubni Egamizning oldida ochib, yerga yoydi va 15 yolvorib ibodat qildi: 16 “Ey ikki karub orasida taxt qurgan Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam! Butun yer yuzidagi shohliklarning tanho Xudosi Sensan. Osmonni va yerni Sen yaratgansan. 17 Ey Egamiz! Quloq solib, eshit. Ey Egamiz, koʻzlaringni ochib, qara. Sanxarivning hamma aytganlarini, u barhayot Xudoni qanday haqoratlaganini bilib qoʻy. 18 Ey Egamiz! Biz bilamizki, Ossuriya shohlari hamma xalqlarni va ularning yurtlarini vayron qilganlar. 19 Oʻsha xalqlarning xudolarini olovda yoqib, yoʻq qilganlar. Chunki oʻsha narsalar xudolar emas, balki inson qoʻli bilan yogʻochdan, toshdan yasalgan narsalar edi. 20 Ey Egamiz Xudo! Endi Sen bizni Sanxarivning qoʻlidan qutqargin, toki butun yer yuzidagi shohliklar Sening tanho Egamiz ekaningni bilishsin! ”
Ishayo shoh Hizqiyoga Xudoning soʻzini yetkazadi
21 Omiz oʻgʻli Ishayo Hizqiyoga shunday xabar yubordi:
“Isroil xalqining Xudosi — Egamiz aytmoqda: «Ossuriya shohi Sanxariv haqida qilgan iltijolaringni eshitdim.» 22 Egamiz unga qarshi shu soʻzlarni menga ayon qildi:
«Bokira qiz Quddus sendan nafratlanadi,
Ustingdan kuladi.
Goʻzal Sion orqangdan masxara qiladi,
Boshini chayqaydi.
23 Kimni haqorat qilding oʻzi?
Kimni tahqirlading?
Kimga qoʻrs gapirding?
Kiborlarcha boqding, hey?
Isroil xalqining Muqaddas Xudosiga!
24 Xabarchilaring orqali Men, Rabbiyni haqorat qilding.
Oʻzing haqingda aytdingki:
‘Koʻplab jang aravalarim bilan togʻ choʻqqilarini zabt etdim.
Lubnondagi inson qadami yetmagan joylarga yetib bordim.
Eng baland sadr daraxtlarini,
Eng aʼlo sarv daraxtlarini qoʻpordim.
Lubnonning eng uzoq tepaliklariga,
Hatto eng qalin oʻrmonlariga yetib bordim.
25 Men quduqlar qazib,
Suvlaridan ichdim.
Misrning hamma daryolarini
Oyogʻim kafti bilan quritdim.’
26 Eshitmaganmisan, ey Sanxariv,
Ancha oldin moʻljallab qoʻygan edim,
Buni azaldan reja qilgan edim.
Endi amalga oshirdim.
Qalʼalarni vayronaga aylantirsin deb,
Men senga kuch berdim.
27 Qoʻlu qanoti qirqildi shahar ahlining,
Vahimaga tushib, uyatga qoldilar.
Ular dalada oʻsgan oʻt, yangi maysalar kabidir.
Tomlarda oʻsgan maysalarga oʻxshab,
Yetilmasdan oldin qurib qoldilar .
28 Seni har tomondan bilaman, ey Sanxariv!
Qachon urushga chiqib,
Uyingga qachon qaytishingni ham bilaman.
Bilaman: Mendan gʻazabdasan.
29 Mendan qattiq gʻazabdasan.
Manmanliging qulogʻimga yetib keldi.
Endi Men burningdan halqamni,
Ogʻzingdan suvligʻimni oʻtkazaman .
Kelgan yoʻlingdan seni qaytarib olib ketaman.»
30 Ey Hizqiyo, mana bular sen uchun nishona boʻladi: bu yil oʻz–oʻzidan yerdan oʻsib chiqqanlarni tanovul qilasiz. Ikkinchi yili ham oʻrnidan oʻsib chiqqanini yeysiz. Uchinchi yil esa urugʻ ekib, hosil oʻrasiz. Uzumzorlar barpo qilib, mevasin tanovul qilasiz. 31 Yahudo xalqining qutulib qolganlari yana ildiz otib, meva beradi. 32 Xalqning qolgani Quddusdan, qutulganlari Sion togʻidan keladi. Sarvari Olam Oʻz gʻayrati bilan buni amalga oshiradi.
33 Ossuriya shohi toʻgʻrisida Egamiz shunday aytmoqda: Sanxariv bu shaharga kirolmaydi, oʻqlar otolmaydi. Qalqoni bilan shaharga yaqinlashmaydi, shahar devoriga qiyalatib tuproq uydirmaydi . 34 Kelgan yoʻlidan qaytib ketadi, shaharga kirmaydi, — deb aytmoqda Egamiz. 35 — Oʻzimning haqi–hurmatim, qulim Dovudning haqi–hurmati bu shaharni himoya qilib, saqlayman.”
36 Egamizning farishtasi Ossuriyaliklarning qarorgohiga borib, 185.000 kishini oʻldirdi. Ertasiga uygʻonib qarasalar, qarorgoh jasadga toʻlib ketibdi! 37 Ossuriya shohi Sanxariv qarorgohni tashlab, orqaga qaytdi. Oʻz uyi Naynavoga qaytib, oʻsha yerda yashadi. 38 Sanxariv oʻz xudosi Nisroxning uyida sajda qilayotgan edi, oʻgʻillari Odrammalek bilan Sarizar unga qilich urib oʻldirdi. Ikkovi ham Ararat yurtiga qochib ketdi. Sanxarivning oʻrniga oʻgʻli Isarxaddoʻn shoh boʻldi .
© © Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020