9–BOB
1 Koshkiydi, boshim bir buloq boʻlsa,
Koʻzlarim yoshlar chashmasi boʻlsa.
Xalqim halokatga uchragani uchun,
Kechayu kunduz yigʻlagan boʻlar edim!
2 Qaniydi, sahroda bir qoʻnolgʻam boʻlsa,
Men xalqimni tark etgan boʻlardim,
Ularning orasidan chiqib ketardim!
Axir, ularning hammasi zinokor, xoinlar toʻdasidir.

3 Egamiz shunday demoqda:
“Xalqim tillarini kamon kabi qayirib,
Yolgʻon soʻzlarni oʻqdek otishadi.
Xalqim nohaqlik qilib, yurtda kuchayib bormoqda,
Yomonlik ketidan yomonlik qilmoqda,
Ular Meni tan olmaydilar.

4 Qoʻshningizdan ehtiyot boʻling,
Qarindoshingizga ishonmang.
Hamma qarindoshingiz yolgʻonchi ,
Hamma qoʻshningiz tuhmatchi.
5 Qoʻshni qoʻshnisini aldaydi,
Birontasi toʻgʻri gap gapirmaydi.
Tili yolgʻon gapirishga oʻrganib qolgan.
Holdan toyguncha gunoh qilishadi.
6 Ey Yeremiyo, sen yolgʻonchilar orasida yashayapsan,
Ular yolgʻonlari dastidan
Meni tan olishni xohlamayaptilar.”
Egamizning kalomi shudir.

7 Shu sababdan Sarvari Olam demoqda:
“Men xalqimni sinovdan oʻtkazib, poklayman.
Ularni boshqa nima ham qilar edim?!
8 Ularning tili halokat keltiradigan oʻqqa oʻxshaydi,
Ogʻzidan faqat yolgʻon soʻzlar chiqadi.
Qoʻshnilariga shirin gapirishadi,
Ichlarida esa ularni tuzoqqa tushirmoqchi boʻlishadi.
9 Shunday ekan, bu qilmishlari uchun ularni jazolamaymi?!
Shunday bir xalqdan oʻch olmaymi?!”
Egamizning kalomi shudir.

10 Men togʻlar uchun faryod qilib, yigʻlayman,
Dashtdagi yaylovlar uchun marsiya aytaman,
Chunki yaylovlarning hammasi qurib qolgan.
U yerdan hech kim oʻtmaydi,
Sigirlarning maʼrashi eshitilmaydi.
Qushlaru hayvonlar bu yerlarni tark etgan.

11 Egamiz shunday dedi:
“Men Quddusni vayron qilaman,
Bu yerni chiyaboʻrilarning makoniga aylantiraman.
Yahudo shaharlari huvullab qoladi,
U yerda bironta ham odam qolmaydi.”

12 Men Egamizdan soʻradim:
— Ey Egam, nechun bu yurt shu qadar vayron boʻlib ketdi? Nechun sahro kabi huvullab qoldi? U yerda bironta ham sayyoh koʻrinmaydi. Qaysi farosatli odamning bunga aqli yetadi?! Sen bularni kim orqali xalqqa yetkazasan?
13 Egamiz shunday javob berdi:
— Men xalqimga qonunlar bergan edim, lekin ular rad etdilar, Menga itoat etmadilar, qonunlarimga rioya qilmadilar. 14 Aksincha, yuraklarining oʻjarliklariga itoat qildilar, ota–bobolari oʻrgatgandek Baalga sigʻindilar. 15 Shuning uchun Men bu xalqqa achchiq oʻtdan yedirib, zaharli suvdan ichiraman, — deb aytmoqda Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam. 16 — Oʻzlari va ota–bobolari bilmagan xalqlar orasiga Men ularni tarqatib yuboraman. Ularning ketidan qilich joʻnatib, qirdirib tashlayman.
Quddus aholisi aza tutadi
17 Sarvari Olam shunday demoqda:
“Endi quloq soling!
Yigʻichi ayollarni chaqirib keling,
Ularning eng mohirlari kelsin.”

18 Xalq shunday dedi:
“Ularga ayting, tezroq kelsin.
Biz uchun marsiya aytishsin,
Koʻzimizdan yoshlar oqsin,
Kipriklarimizdan suvlar toʻkilsin.
19 Ana, Quddusdan faryod eshitilmoqda:
«Xonavayron boʻldik!
Qanday sharmandagarchilik!
Yurtimizni tark etishga majburmiz,
Uylarimiz vayron boʻldi.»”

20 Ey ayollar, Egamizning soʻzini eshiting,
Uning ogʻzidan chiqqan har bir soʻziga quloq soling.
Qizlaringizga marsiya aytishni oʻrgating,
Bir–biringizga yigʻi qoʻshigʻini yodlating.
21 Ana, derazalardan oʻlim oʻrmaladi,
Qalʼalarimizga kirib oldi.
Koʻchalardagi bolalarni yoʻq qilib tashladi,
Maydonlardagi yoshlarni qirib yubordi.
22 Ey ayollar, sizlar ayting:
“Egamiz shunday demoqda:
«Odamlarning jasadlari yotadi
Daladagi goʻng kabi
Oʻroq solingan bugʻdoy kabi,
Ularni hech kim yigʻishtirib olmaydi.»”

23 Egamiz shunday deb aytmoqda: “Donolar donoligi bilan maqtanmasin. Kuchlilar kuchi bilan maqtanmasin. Boylar boyligi bilan maqtanmasin. 24 Kim maqtanmoqchi boʻlsa, Egamizni bilaman, deb maqtansin, Egamizni tushunaman, deb maqtansin. Men Egangizman. Men mehr–shafqat koʻrsataman, yer yuzida adolatu haqiqat ila ish tutaman. Bunday qilishdan Men zavqlanaman.” Egamizning kalomi shudir.
25 Egamiz demoqda: “Shunday kunlar keladiki, badani sunnat qilingan, ammo yuragi sunnat qilinmagan odamlarning hammasini Men jazolayman. 26 Ha, Men Misrliklarni, Edom naslini, Ommon xalqini, Moʻabliklarni, sochini oldirib yuradigan choʻl qabilalarining hammasini va ular bilan birga Oʻz xalqim Yahudoni jazolayman. Aslida, bu xalqlarning hammasi sunnatsiz, ularning yuragi sunnat qilinmagan.”