26–BOB
Isʼhoq va Filistlar shohi Abumalek
1 Shu orada yurtda qattiq ocharchilik boʻldi, bunday ocharchilik ilgari Ibrohim davrida ham yuz bergan edi . Isʼhoq Garor shahriga koʻchib ketdi. U yerda Filistlar shohi Abumalek yashardi. 2 Egamiz Isʼhoqqa zohir boʻlib, dedi:
— Misrga borma. Men senga koʻrsatadigan yurtda oʻrnashib, 3 oʻsha yerda yashab tur. Agar shunday qilsang, Men sen bilan birga boʻlaman, senga baraka beraman. Mana shu yerlarning hammasini senga va sening naslingga beraman. Otang Ibrohimga bergan vaʼdamda turaman. 4 Men sening naslingni osmondagi yulduzlar kabi son–sanoqsiz qilaman. Mana shu yerlarning hammasini sening naslingga beraman. Sening nasling orqali yer yuzidagi hamma xalqlar baraka topadilar. 5 Ibrohim Mening talablarimga, amrlarimga, farmonlarimga, qonunlarimga itoat etgani uchun senga baraka beraman.
6 Shunday qilib, Isʼhoq Garor shahrida oʻrnashib qoldi. 7 Bu yerdagi odamlar Isʼhoqdan Rivqo toʻgʻrisida soʻraganlarida, “U mening singlim”, deb javob berardi. “U mening xotinim”, deb aytishdan qoʻrqar edi. Rivqo juda chiroyli boʻlgani sababli: “Odamlar uni tortib olish uchun meni oʻldiradilar”, deb oʻylardi.
8 Oradan ancha vaqt oʻtdi. Bir kuni Isʼhoq Rivqoni erkalatayotganda, Filistlar shohi Abumalek derazadan koʻrib qoldi. 9 Abumalek Isʼhoqni chaqirtirdi.
— U sening xotining ekan–ku! Nimaga uni, singlim, deb aytding? — deb soʻradi.
— Agar xotinim deb aytsam, birortasi uni tortib olish uchun meni oʻldiradi, deb qoʻrqdim, — dedi Isʼhoq.
10 — Bu nima qilganing–a?! Axir, odamlarimdan biri xotining bilan osonlikcha birga boʻlishi mumkin edi–ku! Unday holda bizni gunohkor qilib qoʻygan boʻlarding!
Filistlar Isʼhoq bilan quduq uchun tortishadi
11 Shunday qilib, Abumalek: “Kimki bu odamga yoki uning xotiniga ozor yetkazsa, oʻsha odamning jazosi oʻlimdir”, deb farmon berib, hammani ogohlantirdi.
12 Isʼhoq u yerda dalasiga urugʻ sepdi. Egamiz unga marhamat koʻrsatgani uchun ekkan urugʻiga nisbatan yuz barobar koʻp hosil oldi. 13 Isʼhoq boyib ketdi, boyligi tobora koʻpayib boraverdi. 14 Uning qoʻy–echki suruvlari, mol podalari, xizmatkorlari koʻp edi. Shu sababdan Filistlar Isʼhoqqa hasad qilishardi. 15 Ular Isʼhoqning hamma quduqlarini tuproqqa toʻldirib tashlashdi. Ibrohim hayotligida bu quduqlarni oʻzining xizmatkorlariga qazdirgan edi. 16 Abumalek Isʼhoqqa: “Bizning yerimizdan ket, sen bizdan koʻra, juda kuchayib ketding”, dedi.
17 Isʼhoq bu yerdan ketib, Garor soyligida chodir tikib, oʻsha yerda oʻrnashib oldi. 18 Ibrohim bu yerda quduqlar qazdirgan, lekin uning vafotidan keyin Filistlar bu quduqlarni koʻmib yuborgan edilar. Isʼhoq oʻsha quduqlarni qaytadan qazdirdi. Isʼhoq quduqlarga otasi qoʻygan nomlarni berdi. 19 Uning xizmatkorlari suv topish uchun Garor soyligida yerni qaziyotganlarida, buloq otilib chiqdi. 20 Lekin Garorlik choʻponlar kelishib: “Bu buloq bizniki”, deb buloqni talab qildilar. Shunday qilib, ular Isʼhoqning choʻponlari bilan quduq ustida janjallashib qoldilar. Shuning uchun Isʼhoq quduqqa Janjal deb nom berdi. 21 Soʻngra Isʼhoqning odamlari boshqa quduq qazidilar. Lekin bu quduq ustida ham kelishmovchilik yuz berdi. Shuning uchun Isʼhoq bu quduqqa Ziddiyat deb nom berdi. 22 Isʼhoq bu yerdan ham koʻchib, boshqa quduq qazdirdi. Yerli aholi oxiri ularni oʻz holiga qoʻydi. Isʼhoq: “Nihoyat, Egam bu yurtda yashashimiz uchun bizga keng joy berdi, endi biz bu yerda yayrab–yashnab ketamiz”, deya quduqqa Kenglik deb nom berdi.
23 Isʼhoq bu yerdan ham Bershebaga koʻchib ketdi. 24 Oʻsha kuni kechasi Egamiz Isʼhoqqa zohir boʻlib, dedi:
— Men otang Ibrohimning Xudosiman. Qoʻrqma, Men sen bilan birgaman. Oʻz qulim Ibrohimning haqi–hurmati uchun senga baraka beraman, senga son–sanoqsiz nasl ato qilaman.
25 Isʼhoq u yerda qurbongoh qurib, Egamizga sajda qildi, oʻsha yerda chodirini tikdi. Isʼhoqning xizmatkorlari u yerda quduq qazidilar.
Isʼhoq bilan Abumalek oʻrtasidagi ahdlashuv
26 Abumalek maslahatchisi Oxizat va lashkarboshisi Pixol bilan birga Garordan Isʼhoqning oldiga bordi. 27 Isʼhoq ularga dedi:
— Nimaga mening oldimga keldingiz? Menga adovat bilan qarab, yeringizdan chiqarib yuborgan edingiz–ku!
28 — Bizga endi ayon boʻldi: Egang sen bilan birga ekan. Shuning uchun sen bilan biz ont ichib, ahd qilaylik, dedik. 29 Biz senga hech qanday yomonlik qilmagan edik, aksincha, olijanoblik qilib, eson–omon joʻnatib yuborgan edik. Sen ham: “Sizlarga yomonlik qilmayman”, deb qasam ich. Sen Xudoning yorlaqagani ekansan.
30 Isʼhoq ularga ziyofat tayyorladi. Ular yeb–ichdilar. 31 Ertasi kuni ular erta tongda turib, bir–birlariga qasamyod qildilar. Soʻngra Isʼhoq ularni uylariga eson–omon joʻnatib yubordi. 32 Oʻsha kuni Isʼhoqning xizmatkorlari kelib: “Biz suv topdik”, deb unga oʻzlari qazigan quduq toʻgʻrisida aytdilar. 33 Isʼhoq bu quduqqa Qasamyod deb nom qoʻydi. Shuning uchun shaharning nomi bugungacha Bershebadir .
Esovning ajnabiy xotinlari
34 Esov qirq yoshida Xet xalqidan ikkita qizga — Beri degan kishining Yahudit ismli qiziga va Eloʻn degan kishining Bosimat ismli qiziga uylandi. 35 Esovning bu xotinlari Isʼhoq bilan Rivqoning boshiga koʻp qora kunlarni soldilar.